Bokudan Bokugacha
Mamatqul HAZRATQULOV
O'shanda ham iyun edi. O'shanda ham havo issiq, osmon tip-tiniq edi.
Taqvimda 1979 yil edi.
Men yosh, g'ayratli, cheksiz orzu-xayollar og'ushida sarmast edim. Adabiyotini, san'atini sevadiganim Ozarbayjonga borayotganimdan mamnun edim. Ozarbayjonlik do'stlarim ko'p edi, ular bilan Toshkentda, Pisunda va boshqa joylarda tanishgan edim.
Samolyot Kaspiy dengizi ustidan pastlab o'ta boshladi. Yonimda o'tirgan kishi hayajon, biroz xavotir ila dedi:
— Ie, dengizga qo'nadimi, nima balo, uka?!
Kulgim qistadi.
— Yo'g'-e, – dedim. – Aeroport dengizga yaqin bo'lsa kerak-da.
“TU-154” shuvillab pastlab borayotir. Sezib turibman, samolyot pastlagani sari qo'shnimning xavotiri oshib, besaranjom bo'la boshladi.
— Suvga ikki qadam qoldi-ku, uka…
Ochig'i, o'zimni ham biroz hayajon chulg'adi.
— Xavotir olmang, amaki, — dedim iloji boricha vazminlik bilan. — Dengizga qo'nmaydi.
Negadir har gal Bokuga borganimda shu voqea esimga tushadi.
Bugun ham iyun. Bugun ham havo issiq, osmon tip-tiniq.
Taqvimda 2023 yil.
Bugun shirin orzu-xayollar bilan emas, o'tmish, xotiralar, shukurki, eslasa eslagudek, hayajonli, yuraklarni entiktiradigan, har biri ne-ne voqealaru do'sti-qadrdonlarni yodga soladigan shirin xotiralar og'ushida bormoqdaman.
“A-320 aerobus” bahri Hazar ustidan uchib bormoqda. Beixtiyor ikki samolyotni, ularning o'tirg'ichlari, ichidagi sharoitlar, hatto bezaklarigacha taqqoslay boshladim. Detallashtirib o'tirmayman: yer bilan osmoncha farq qiladi.
…Bokuga bir necha marta borganman. Oxirgi marta qachon borganimni esladim. 1988 yil may oyi ekan. O'ttiz besh yil bo'libdi.
Bu orada sobiq sovet respublikalari mustaqillikka erishdi. Mustaqil davlat tuzumining o'ziga yarasha afzalliklari bilan bir qatorda murakkabliklari ham bor… Baribir, har qanday davlatning, xalqning, millatning mustaqil bo'lgani yaxshi: birovning izmida yurishdan, boyliklarini o'zi tasarruf eta olmaslikdan ko'ra yomonroq, ayanchliroq narsa yo'q bu olamda. Yaxshimi-yomonmi o'z kunini o'zi ko'rganiga nima yetsin! Qolaversa, biron-bir davlat qaysidir davlatning zulmidan ozod bo'lganidan keyin zulm paytidagiga nisbatan yomon yashamagan. Buni sobiq sovet respublikalari, jumladan, jonajon O'zbekistonimiz misolida ham ko'rib turibmiz. Nafaqat poytaxtimiz Toshkentni, boshqa katta-kichik shaharlarimiz, hattoki, qishloqlarimizning bugungi jamolini sho'ro davridagisi bilan taqqoslagan kishi istiqlol sharofatini yaqqol sezadi, ko'radi.
Samolyot Bokuga yaqinlashgani sayin o'y-xayollarim chuqurlashib bormoqda: Ozarbayjon, xususan, Bokuda istiqlol yillarida qanday o'zgarishlar bo'ldi ekan? Kavkazning bu qadimiy shahariga so'nggi yillarda borgan do'stlarimiz, hamkasblarimiz Bokuning nihoyatda o'zgarib ketganini og'zidan bol tomib maqtagani, Yevropa shaharlariga o'xshab ketibdi, deganlari esimda. Rostdan ham shundaymikan? Bizda g'alati bir odat bor: o'zgalarning kichkina bir yutug'i ham ko'zimizga olovday ko'rinadi, o'zimiznikini esa nazarga ilmaymiz ko'pincha. Bu fe'limizni oqlash uchun maqol ham to'qib qo'yganmiz: oldingdan oqqan suvning qadri yo'q! Nega shunday? Bunday qarash qachongacha davom etadi?
Samolyot belgilangan joyda to'xtadi. Eshik ochilib, aeroport binosiga boradigan yo'lakka kirdik. (Toshkentga qaytayotganda ham aeroport binosidan to'g'ri samolyotga chiqdik). Aslida bugungi kunda bu juda katta yangilik emas, rivojlangan davlatlar aeroportlarida bunday usul ishga tushganiga ancha bo'ldi. (Ba'zi aeroportlarda hamon samolyotga va samolyotdan tushib, maxsus avtobuslarda aeroport binosiga boriladi). Aeroportga kirib hayratlanganimni yashirolmayman. Zamonaviy aeroportda eskalatorlar, liftlar ishlab turibdi. Xizmat ko'rsatish oliy darajada. Pasport nazorat punktidagi yigirmaga yaqin kabinalarda xodimlar yo'lovchilarni xushmuomala bilan kutib, xizmat ko'rsatmoqda. Haydar Aliyev nomidagi bu xalqaro aeroport mustaqillik yillarida bunyod etilgan ekan.
Aeroport hududiga kirgan avtomobil pul to'laydi. (Bizda ham shunday). Buning uchun bir nechta moslamalar qo'yilgan. Haydovchi o'sha apparatga pul kiritib, chek oladi-da, keyingi hududga o'tadi, u yerdagi apparatga chekini tekkizadi (mashinadan tushmaydi), yo'lni to'sib turgan g'ov ko'tariladi. Inson omili yo'q, hammasi raqamlashtirilgan. Shaharga eltadigan yo'l to'rt qatorli (shahardan keladigani ham), har bir qatorning tepasida necha kilometr tezlikda yurish mumkinligi yozilgan: o'ng tomondagi birinchi qatorga 70, keyingisiga 80, qolgan ikkitasiga 90 yozilgan. Haydovchilar shunga qarab yo'l tanlaydi.
Aeroport hududidan chiqib, shahar sari yo'lga tushganimizda soat tonggi 3:30 (Toshkent vaqti bilan 4:30) edi. Shahargacha yarim soatdan sal ko'proq yuriladi.
SALOM, BOKU!
Shaharga yaqinlashganimiz sari yuragim gupillab uradi. Yaqin kishisini uzoq yillar ko'rmagan odam uning huzuriga borayotganda qanday hayajonlansa, quvonsa menda hozir ana shunday tuyg'u jo'sh urardi. Zotan, menga bu shahar eng qadrdon do'stimday ardoqlidir. Dunyoning qirqdan ziyod shaharini ko'rganman. Ular orasida Parij, Vashington, Nyu-York, London, Berlin, Istanbul, Bryussel, Jeneva, Qohira, Pekin, Kuala-Lumpur, Moskva, Tehron singari megapolislar bor. Ularning har biri o'ziga xos go'zal, o'ziga yarasha tarixiy ahamiyatga ega. Bu shaharlar ichida mehrimni qozongan, yuragimga yaqinlari bor, shulardan biri — Boku. Buning sababi, avvalo, shahar dengiz bo'yida, baland-pastliklarda joylashganidir. Boku azaldan yirik madaniyat markazi bo'lib kelgan. Bu kentda ko'plab dunyoga mashhur kishilar tug'ilgan M.Rostrapovich, Ye.Primakov, M.Magomayev, G.Kasparov va boshqalar. XX asrning 20-yillarida bir nechta o'zbek yosh san'atkorlari, olimlari, jumladan, mashhur aktrisa va xonanda Halima Nosirova, akademik Vohid Zohidov Bokuda tahsil olganlar.
Ozarbayjonlik do'stu qadrdonlarim avvalida mashhur yozuvchi Anar muallim turadi. Bugun bu buyuk yozuvchi nainki Ozarbayjon, balki butun turk dunyosi adiblarining oqsoqoli. Binobarin, u TURKSOY Yozarlar birligining faxriy raisi, Ozarbayjon Yozuvchilar birligining raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi. Bu shaharda Mirza Ibrohimov, Sulaymon Rustam, Imron Qosimov, Nabi Hazriy, Yusuf Samad o'g'li, Narimon Hasanzoda, Abbos Abdulla, Mamed Ismoil, Xalil Rizo, Jalol Bargushad singari shoir va yozuvchilar, mashhur xonanda Zaynab Xonlarova, atoqli rassom Mikoil Abdullayev suhbatidan bahramand bo'lganman. Jurnalist-yozuvchilar Ashraf Ibrohimov, Fozil Rahmonzoda bilan juda qadrdon edik. Ular Toshkentda, jumladan, bizning xonadonimizda bir necha marta mehmon bo'lgan. Ashraf bilan oilaviy bordi-keldimiz bor edi. Ashraf bu dunyoni tark etganiga ancha bo'ldi. Millat uchun jonini berishga tayyor bo'lgan fidoyi shoir va olim Xalil Rizo qani? To'g'riso'z, adabiyot jonkuyari, bir necha yil “Ulduz” jurnaliga rahbarlik qilgan Abbos Abdullaning otashin so'zlarini endi eshitolmaymiz. Mashhur shoir Samad Vurg'unning ikki o'g'li – Yusuf va Vagif bugun oramizda yo'q. Darvoqe, Ozarbayjonda ikki oila bor, ularning har biridan uchtadan xalq yozuvchisi chiqqan. Biri Samad Vurg'un oilasi – uning o'zi va kichik o'g'li Vagif Ozarbayjon xalq shoiri, katta o'g'li Yusuf xalq yozuvchisi unvoniga sazovor bo'lgan. Ikkinchisi Rasul Rizo oilasi – uning o'zi va umr yo'ldoshi Nigor Rafibeyli xalq shoiri, o'g'li Anar xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlangan…
Ana shu xayollar bilan shaharga kirib bordik. Tong yorishmagan, ammo shahar kunduzday charog'on. O'ngda, so'lda bir-biridan go'zal, salobatli, osmono'par, purviqor binolar. Mehmonxonaga borguncha atrofga havasla qarayman, biri ikkinchisiga o'xshamagan binolarni suratga olishga harakat qilaman. Ayni chog'da mashinani epchillik bilan boshqarib borayotgan Radikdan uyalaman: “Shuncha yoshga kirgan bu odam umrida bunaqa binolarni ko'rmaganmikin?” deb o'ylamaydimi. Shukurlar bo'lsin, bular kabi, bulardan-da baland, chiroyli binolarni ko'p ko'rganmiz. Lekin bunday hayratomuz binolarni Bokuda ko'rish ham quvonarli, ham hayratlanarli. Chunki sovet davridagi Bokuni ham ko'rganman. U ko'z o'ngimda. Bugun o'sha Bokuga emas, mutlaqo boshqa shaharga kelib qolganday bo'ldim. Ilgari aksariyat ko'chalar tor, baland-past, ba'zilariga tosh yotqizilgan edi. Kommunikatsiya tizimi yaxshi emasdi. Bugungi Boku dunyoning manaman degan shaharlaridan qolishmaydi. Bir qarasang Dubayni, boshqa tomondan Jenevami, ishqilib qaysidir Yevropa shaharini eslatadi. Bir necha yo'l o'tkazuvchi tunellar, ko'priklar qurilgan.
Bokuda e'tiborimni tortgan narsa – bir-biriga o'xshash, ya'ni “egizak” binolar aytarli yo'q, har bir binoning, u turar-joymi, ma'muriy binomi, arxitekturasi o'ziga xos, takrorlanmas. Bunday uslubni Anqarada ko'rgan edim. Toshkent sitida kuzatish mumkin. Eski imoratlar bilan yangi bunyod etilgan binolarning o'zaro uyg'unligi ta'minlangan, ularning tashqi ko'rinishi umumiy ansamblga moslashtirilgan. Arxitektorlarning didiga, mahoratiga tasanno.
Shaharning landshaft dizayni alohida diqqatga molik. Yo'l chetlari, oralari, aylanma yo'llar orasidagi tepaliklar, ko'yingki, har qarich yer yuksak did bilan bezatilgan. Noyob gullar, daraxtlar, manzarali butalar ko'zingizni quvnatadi. Hammayoq ko'm-ko'k.
Alisher Navoiy haykalini ziyorat qildik. Nihoyatda ko'rkam, shinam xiyobon. Haykal atrofi, butun xiyobon chinniday top-toza, xarraklar qo'yilgan. Odamlar dam olib o'tirishibdi. Ulug' bobomiz haykali go'zal shaharga ko'rk bag'ishlab turganidan faxrlandik, suyundik.
Bokuning eng gavjum joylaridan biri Kaspiy sohili. Bu yerda ilgari bir choyxona bo'lardi. Ijodkorlar – shoir va yozuvchilar, rassomlar, bastakorlar tez-tez yig'ilib turar, ijodiy suhbatlar qurar edilar. Bugun bu yerda to'rt qavatli nihoyatda hashamatli, o'ta zamonaviy savdo-ko'ngilochar majmua qurilipti. Bu yerga kirsangiz, Yevropaning eng zamonaviy shaharlarida yurganday his etasiz o'zingizni.
Bularni nega batafsil yozyapman? Agar Ozarbayjon mustaqil davlat bo'lmaganida bu darajada rivojlanarmidi? Aslo! Axir sobiq ittifoq tarkibida ozmuncha vaqt bo'lmadi-ku! Necha o'n yillar mobaynida qanday yutuqlarga erishdi-yu, o'ttiz yil ichida qanaqa betimsol marralarni egalladi! Bugun nafaqat Boku, butun Ozarbayjon tamoman o'zgarib ketgan.
Biz jonajon O'zbekistonimiz bilan, yurtimizda amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samaralari bilan faxrlanamiz va to'g'ri qilamiz. Ammo qaysi sobiq sovet respublikasi istiqlol yillarida qanaqa yutuqlarga erishdi-yu, biz qanday marralarni zabt etdik? Ularni o'rganish, tahlil qilish, taqqoslash, boshqacha aytganda, boshqalar bizdan nimalarni o'rganishi mumkinu biz ulardan nimalarni o'rganishimiz zarurligi juda muhim. Binobarin, hamma narsa taqqosda yaqqol namoyon bo'ladi. Poytaxtimizda ko'plab osmono'par binolar qad rostlagani va bu xayrli ish davom etayotgani sababini yanada teranroq anglaganday bo'laman va bundan mamnunlik his etaman. To'g'ri-da, biz kimdan kammiz?! Jonajon Vatanimizda so'nggi besh-olti yilda bunyodkorlik, qishloq xo'jaligi, sanoat sohalarida amalga oshirilgan ishlar ko'plab xorijiy davlatlar e'tiborini tortayotgani bor gap. Adabiyot, san'at, umuman, madaniyat sohasiga ko'rsatilayotgan e'tibor samarasiga havasi kelayotganlar oz emas. Jumladan, Ozarbayjon adiblari buni alohida ta'kidladilar. Anarday dunyoga mashhur yozuvchi bir necha marta qayd etdi, maqola yozdi. Bu galgi suhbatimizda ham keyingi yillarda Toshkent tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketganini havas bilan aytdi. Mamlakatimizda kitobat san'ati, gazeta-jurnallar nashr etish jahon andazalariga mos ravishda, yuksak poligrafiya usullarida bajarilmoqda.
ADABIYoT VA KITOB FESTIVALI
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY turkiy tilli davlatlar madaniyatini targ'ib qilish, o'zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida ibratli ishlar qilmoqda. Jumladan, 2023 yil mart oyida Navoiy shahrida “Mumtoz she'riyat” festivali, turkiy tilli davlatlar Yozarlar birligining birinchi yig'ilishini o'tkazdi.
2023 yil 5-11 iyun kunlari Boku shahrida Turk dunyosi II adabiyot va kitob festivali bo'ldi. Bu yetti kunning har kuni bir davlat adabiyotiga bag'ishlandi. 10 iyun O'zbekiston kuni bo'ldi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi bo'lim mudiri, professor Olmos Ulvi Binnatova tadbirni kirish so'z bilan ochdi. Boku davlat universiteti professori, O'zbekistonning “Do'stlik” ordeni sohibi, o'zbek adabiyoti va tarixi targ'ibotchisi Ramiz Askerov, filologiya fanlari doktori Yashar Qosimov ma'ruza qildi.
Shundan keyin kamina so'zga chiqdi.
— Jahon adabiyotida turk dunyosi adabiyotining salmoqli o'rni bor. Nizomiy Ganjaviy dunyo adabiyotida birinchi bo'lib “Xamsa” yaratgan. Ammo u “Xamsa”ni fors tilida bitgan. Birinchi turkiy “Xamsa”ni Alisher Navoiy yaratgan. Bundan butun turk dunyosi faxrlanishi lozim, – dedim. – Xalqlarimizning do'stligi o'sha zamonlardan boshlangan. Bu do'stlik qanaqa tuzum, qanaqa siyosat bo'lmasin, goho muayyan uzilishlar bilan bo'lsa-da, muntazam davom etgan. Hatto xalqlarimizni bir-biridan ajratib tashlashga harakat qilgan va bunga ma'lum darajada erishgan sovet tuzumi davrida ham qardoshligimiz, hamkorligimiz iplari uzilmagan. Bunda o'zbek va ozarbayjon xalqlarining buyuk farzandlari Sharof Rashidov va Haydar Aliyevning xizmati benihoya katta. Ozarbayjonda O'zbekiston adabiyoti va san'ati o'n kunligi, O'zbekistonda Ozarbayjon adabiyoti va san'ati o'n kunligi kabi tadbirlar ko'tarinki ruhda o'tgani esimizda.
O'zbekiston va Ozarbayjon mustaqillikka erishganidan keyin bu do'stlik va hamkorlik yangicha ruhda davom etdi. So'nggi yillarda davlatlarimiz rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev bu hamkorlikni mutlaqo yangi yo'lda, yangi ohangda davom ettirmoqdalar. Oliy darajadagi tashriflar muntazamlik kasb etdi. O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo bo'ldi. O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan turkiy tilli mamlakatlar adiblari asarlaridan iborat yuz jildlik kitob o'zbek tilida nashr etildi. Uning o'n olti jildi ozarbayjon adabiyotiga bag'ishlandi.
Festivalning O'zbekiston adabiyotiga bag'ishlangan kuniga Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi asosiy mavzu qilib olinganida ham teran ramziy ma'no mujassam. Ushbu qutlug' sanani keng nishonlash to'g'risida O'zbekiston Prezidentining maxsus qarori e'lon qilindi. Zero, Bobur nafaqat o'zbek adabiyoti, o'zbek xalqi tarixida, balki butun turk dunyosida noyob shaxsdir, u butun turk xalqlarining faxri hisoblanadi. Boburning g'azallari, ilmiy asarlaridan tashqari birgina “Boburnoma”sini qancha-qancha millatlarning qomusi deyish mumkin. Shunday ekan, Bobur ijodiy merosini to'la o'rganish uchun hali juda ko'p ish qilinishi kerak.
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti professori Ma'rufjon Yo'ldoshev, yosh yozuvchi Shavkat Do'stmuhammad so'zga chiqdi. Ozarbayjon shoiri Akif Azalp (Bag'irov) o'zbek millati haqidagi she'rini o'qidi.
Ozarbayjon va O'zbekiston xalq artisti Gulyanoq Mammadova ozarbayjon va o'zbek ashulalarini kuylab, festival ishtirokchilariga xush kayfiyat bag'ishladi.
Festivalning yopilish marosimida ishtirokchilardan bir guruhi TURKSOY va turli tashkilotlarning mukofotlari bilan taqdirlandi. Kamina xodimingiz va Ma'rufjon Yo'ldoshev TURKSOYning “Nizomiy Ganjaviy” medaliga loyiq ko'rildik.
Bundan qirq to'rt yil avval Ganja shahri yaqinida Nizomiy maqbarasini ziyorat qilgan edim. O'shanda buyuk bobomiz Alisher Navoiy qabrini ham ziyorat qilish nasib etsa edi, deb orzu qilgandim. Afsuski, bu orzuim hamon amalga oshmadi. Ammo bir kuni kelib Nizomiy Ganjaviy nomi bilan ataluvchi medal bilan taqdirlanishim xayolimga ham kelgani yo'q. Binobarin, u paytda bunday medalning bo'lishi ham tasavvurga sig'maydigan gap edi-da… Shu kunlarga yetkazgan Ollohimga beadad shukurlar bo'lsin…
Shu o'rinda Yashar Qosimov va Akif Bag'irov haqida ikki og'iz so'z. Ular o'tgan asrning 70-yillarida Toshkent davlat universitetida (hozirgi O'zMU) o'qigan. Universitetni bitirgach, O'zFAning Til va adabiyot institutida, turli gazetalar tahririyatlarida ishladi. O'zbek adabiyotidan ilmiy ish yozishdi, tarjimalar qilishdi. Ya.Qosimov bugun filologiya fanlari doktori, Akif Bag'irov yaxshi shoir, uning ko'plab she'rlari ozarbayjon xonandalari tomonidan ashula qilingan.
O'sha yillar Toshkent davlat universiteti bilan Boku davlat universiteti o'rtasida talaba almashish tajribasi bor edi. Bunday tajriba Gruziya bilan ham yo'lga qo'yilgan edi. Men bu o'rinda jurnalistika fakultetlarini nazarda tutyapman. Ushbu xayrli tajriba bugun ham davom ettirilsa ko'p ulug' ish bo'lar edi.
ANAR MUALLIMNING KULGUSI
Ha, shunday, aziz o'quvchi! Anar muallimning kulishi ham bir voqea! Nega deysizmi? Bu haqda sal keyinroq…
Ozarbayjonda 2023 yil Haydar Aliyev yili, deb e'lon qilingan. Sababi bu yil Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi nishonlanmoqda. Boku ko'chalarida uning ulkan portretini tez-tez uchratasiz. Har qanday tadbir avvalida shu insonning nomi tilga olinadi.
Anar muallim 12 iyun kuni kaminani Sumgait shahriga taklif qildi.
Sumgaitni eshitib, o'tgan asrning 80-yillarida bo'lgan bir voqea esimga tushdi. Mening sinfdosh do'stim, yozuvchi Asad Dilmurod o'sha paytlar “Sovet O'zbekistoni” gazetasi (hozirgi “O'zbekiston ovozi”)ning Samarqand viloyati bo'yicha muxbiri bo'lib ishlardi. U vaqtda ushbu gazeta O'zkompartiya Markaziy qo'mitasining organi bo'lib, respublikaning bosh nashri hisoblanardi. Samarqandda muzlatgich ishlab chiqaradigan zavod bo'lardi. Muzlatgichlarning qaysi bir detali Sumgaitdan olib borilar ekan. Sovet tuzumining ustakorligini qarang – ittifoqdosh respublikalarni bir-biri bilan ko'rinmas zanjir ila bog'lab tashlagan. Bo'lmasa, butun boshli zavodda shu kichik detalni ishlab chiqarish mumkin emasmidi?!
Xullas, Asad (Olloh rahmat qilsin) shu zavod haqida tanqidiy-tahliliy maqola yozadi. Zavod ishlab chiqarayotgan muzlatgichlarning sifatsizligi haqida yozib, misollar orasida Sumgaitdan keltiriladigan detalni ham tilga olgan ekan. Maqola shov-shuv bo'ladi. Gazetaning o'sha paytdagi bosh muharriri Asadni chaqirib, rosa “tuzlaydi”, siyosiy savodsizlikda ayblaydi. Shu darajaga boradiki, meni Haydar Aliyev oldida mulzam qilib qo'yding, deydi. (O'sha zamonda H.Aliyev Moskvada juda yuqori lavozimda ishlar, KPSS MK Siyosiy byurosining a'zosi edi). Asad ko'zlarini pirillatib, rahbarining tanbehlarini indamay eshitadi. Lekin bu maqolaga, Samarqand muzlatgich, ya'ni xolodilnik zavodiga Haydar Aliyevning nima aloqasi borligini tushunib yetmaydi. Bosh muharrir Asadga siyosiy saboq beradi: “Sumgait qaerda? Ozarbayjonda, Aliyev qaerdan? Ozarbayjondan! Endi tushundingmi, galvars?!”. Asad bechora na kulishni biladi, na yig'lashni…
Anar muallim, Ozarbayjon Yozuvchilar birligi kotibi Elchin Husainbeyli uchalamiz Sumgaitga otlandik. Yo'l-yo'lakay Ozarbayjon qishloqlaridagi o'zgarishlarni kuzatdim. O'ttiz besh yil oldingi qishloqlar bilan bugungi qishloqlarni solishtirib bo'lmaydi, albatta.
“Yangi Ozarbayjon” partiyasining Sumgait shahar tashkiloti binosi oldida to'xtadik. Uch qavatli oq bino. Ichkariga kirdik. Keng xoll. Bir tomonda Haydar Aliyev, boshqa tomonda Ilhom Aliyev portreti. Uchinchi qavatga ko'tarildik. Partiya tashkiloti rahbarining kabinetiga kirdik. Keng qabulxona, salobatli kabinet. Bu yerda hamma narsa – bino devorlari, mebellar, barcha jihozlar oppoq rangda.
Majlislar zaliga o'tdik. G'oyat shinam, ozoda zal. Haydar Aliyevning yuz yilligiga bag'ishlab “Abadiy umrning yuz yili” degan kitob chiqarishibdi. U Turkiyada nashr etilgan. Shu kitobning taqdimoti bo'ldi. Mahalliy rahbarlar, Anar muallim, Elchin Husanbeyli so'zga chiqdi. Anar muallim kaminani tanishtirdi. Menga ham so'z berishdi. Haydar Aliyev bilan Sharof Rashidovning do'stligi, o'zbek-ozarbayjon xalqlarining hamkorligi, bugun ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev bu do'stlik va hamkorlikni yangi ruhda davom ettirayotgani, uning samaralari haqida muxtasar so'zladim.
Tadbirdan so'ng mezbonlarning qistoviga qaramay yo'lga tushdik. Mashina qo'zg'algach, Anar muallim Elchinga dedi:
— Hozir bu yerda qolsak, odam yig'ilib ketadi, suhbatlashib bo'lmaydi. Shahardan chiqqandan keyin dengiz bo'yida xoliroq joyda to'xta. O'zimiz biroz istirohat qilaylik.
Sumgaitdan Bokuga qarab yurganda dengiz sohilida qator tamaddixonalar qurilgan. Shulardan biriga kirdik. Juda ozoda, fayzli joy ekan. Besh qadam narida bahri Hazar chayqalib yotipti. G'oyat sokin, orombaxsh.
— Mamatqul, – dedi Anar muallim o'tirganimizdan keyin. – Man sizni O'zbekistonda yo'q narsa bilan mehmon qilmoqchiman. Bu osetrin balig'i. Bilasiz, bu baliqdan qizil ikra olinadi. Buning ikrasi dona-donador, yirik-yirik bo'ladi.
— Tashakkur, muallim, – dedim. – Rahmatli otam yoshligimda nasihat qilgan: qulog'ingda tursin, mehmonga borganingda uyingda yo'q narsani yegin. Shuning uchun Sizning taklifingiz juda o'rinli. Cho'x tashakkur Sizga, muallim.
Anar muallim kuldi. Ha, rostakam, ovoz chiqarib kuldi.
— Otangiz ko'p aqlli odam bo'lgan ekan, – dedi.
Qadrli o'quvchi, e'tibor berayapsizmi, men Anar muallimning kulgisini ta'kidlayotirman. Bu buyuk yozuvchi bilan tanishganimga qirq to'rt yil bo'ldi. Shu yillar davomida Bokuda, Toshkentda, Samarqand va Navoiyda bir necha bor suhbatlashganmiz, ammo biron marta kulganini ko'rmaganman. Doimo o'ychan, xayol bilan yuradi. Deyarli gapirmaydi. Biron narsa so'rasa ham, savolga javob berganda ham nihoyatda qisqa, lo'nda gapiradi. Bu fe'li asarlarida ham aks etgan. E'tibor bering-a, Anarning aksar asarlari hajman juda ixcham. Eng katta asari – “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani ham hajm jihatdan o'rtacha qissaday keladi (250 sahifa). Qahramonlari ham kamgap, uzundan-uzoq monologlar yo'q.
Shuncha yillar ichida o'zaro suhbatda bo'lsin, tadbirlarda bo'lsin – o'sha vazminlik, o'sha kamgaplik. Bir necha marta mashinada, poezdda, teploxodda birga yurdik, hamisha o'sha holat. Bir-ikki ovoz chiqarmay jilmaygani esimda.
Bu gal ancha ochilib o'tirdi, yoyilib kuldi. “Bu odam ham kulishni bilarkan-ku”, deb o'yladim. Anar muallimni shunday xush kayfiyatda ko'rganimdan o'zim ham rosa zavqlandim. Hatto, latifalar aytishdik.
To'rt soatlar o'tirdik chamamda, ammo vaqt qanday o'tganini sezmay qoldik…
“MADE IN UZBEKISTAN”
Bu dunyoda g'alati-g'alati ishlar bo'ladi-da. Keyin eslab kulib yurasiz…
O'tgan asrning 80-yillarida turmush o'rtog'im bilan Sochi shahriga dam olishga borgan edik. Bir kuni avtobus kutib turganimizda sheriklarimizdan birining qo'lida chiroyli sopli egovga o'xshagan narsani ko'rib qoldik. Bu nima, deb so'rasak, pichoq charxlaydigan, dedi. Bu xotinimni qiziqtirib qo'ydi. Shundan biz ham olaylik, dedi. Toshkentda ham bordir shu matoh, desam, siz oshxonaga kirmaysiz-da, qiynalganda men qiynalaman, deb ranjidi. Sherigimizdan qaysi do'kondan olganini so'radim. Taksiga o'tirib, o'sha do'konga bordik va uch so'mga o'shandan oldik. Xotinimning og'zi qulog'ida, go'yo katta bir muammoni hal qilganday.
U vaqtda Sergeli-2 mavzesida yashardik. Ko'chaning narigi betida yarmarka bo'lardi, hozir ham bor. Bir kuni turmush o'rtog'im bilan bozor-o'char qilib, yarmarkadagi xo'jalik mollari magaziniga kirdik. Bunday qarasam peshtaxtada biz Sochidan uch so'mga olgan matoh turibdi, chang bosib yotibdi. Sotuvchidan narxini so'rasam, ikki yarim so'm, dedi. Xotinimga ko'rsatdim…
Bokuda yurganimda yetti yashar nevaram Umar video qo'ng'iroq qildi. Hol-ahvol so'rab, menga Ozarbayjondan shokoladlar olib keling, dedi. Xo'p, albatta olib boraman, dedim. Vaqt topib Yashar hamrohligida ikki-uch xil shokoladu shirinlik oldik. Nevaraning “zakazi”ni bajardik, deb xursand bo'ldim.
Uyga kelgach, Umarga shirinliklarni berdim.
— Faqat sizning “zakaz”ingizni bajardik, taqsir, — dedim hazillashib.
— Rahmat, bobojon, – deb u yuzlarimdan o'pib qo'ydi. Konfetlarni birin-ketin ko'ra boshladi. Birdan avzoyi buzildi. Hayron bo'ldik. – Meni aldabsiz-ku, – desa bo'ladimi.
— Nega aldayman, erkatoyim. Mana har xil shokoladlar, shirinliklar olib keldim-ku.
— Men sizga Ozarbayjon shirinligidan olib keling degandim, siz O'zbekistonnikidan olib kelibsiz, – dedi-da, chiroyli qog'ozga chiroyli qilib o'ralgan bir shirinlikni ko'rsatdi.
— Yo'q, aldaganim yo'q. Bokuning qoq markazidagi supermarketdan oldim.
Umar bo'sh kelmadi.
— Mana “Made in Uzbekistan” deb yozib qo'yibdi-ku.
Olib o'qib ko'rsam, Umarning gapi to'g'ri, Toshkentimizning Yangi hayot tumanida ishlab chiqarilgan ekan.
Nima deyishimni bilmay qoldim. O'zimni oqlash yo'lini qidirdim.
— Hechqisi yo'q, mana bulari Ozarbayjonniki-yu, – dedim.
Hammamiz kuldik… Agar ayang hayot bo'lganida Sochi voqeasini eslatib, rossa ustimdan kulardi-da, deb o'yladim, ammo Umarga aytmadim.
Oziq-ovqat mahsulotlarimiz ham eksport qilinayotganidan xursand bo'ldim.
Yasharga qo'ng'iroq qilib aytdim. U ham miriqib kuldi. Ko'rdingizmi, nevarangiz sizu bizdan ko'ra sinchkovroq ekan, dedi.
Uchburchak shaklda chiroyli qilib o'ralgan shirinlikka qarab o'yga toldim. “Bundan o'zimizning do'konlarda ham bormikan?”
Bolalik yillarimizdagi voqea esimga tushdi.
Kattagina bog'imiz bo'lar, unda bir necha xil olma, o'rik, shaftoli va boshqa mevali daraxtlar bor edi. Ularning mevasini qoqqanimizda olmani ham, o'rikni ham xil-xiliga ajratar edik: yaxshilari, katta-kattalari bozorga, mayda-chuydalari, qurt yegan, ezilganlari ro'zg'orga bo'lardi.
Shu an'ana hozir ham bormikin, deyman-da… Yanayam bilmadim…
XAYR, BOKU!
Yurgan daryo, o'tirgan bo'yra, deb bejiz aytmagan xalqimiz. Qardosh Ozarbayjonda, qadrdon Bokuda besh kun davomida qanchadan-qancha yangi joylarni ko'rdim, Turkiya, Mojariston, Qirg'iziston, tabiiyki, ozarbayjonlik hamkasblar bilan muloqot qildik, fikr almashdik, ko'zimiz quvnadi, dilimiz yayradi. Rang-baranglik qanday yaxshi, turfa fikrlarni eshitish naqadar maroqli, yoqimli. Birxillik odamni zeriktiradi, fikrini qashshoqlashtiradi. Bir joyda tursa temir ham zanglaydi, so'ng chiriydi, suv ayniydi. Odam ham shunday.
Bugungi Bokuni kezish, u yerdagi o'zgarishlarni ko'rish, anglash uchun besh kun oz, juda oz. Chunki uning har bir go'shasida o'zgarish, yangilik barq urib turibdi. Naqadar hayratlanarli, havas qilgulik.
Shu qisqa safarim davomida o'zligini yo'qotmagan yangi Bokuni kashf etdim. Shu bois, o'ttiz besh yil oldingi Bokudan bugungi Bokuga kelganday sezdim o'zimni.
Bokuga erta tongda kirib borgan edim, yarim tunda tark etmoqdaman. Xuddi ertalab borib, oqshom qaytayotganday edim. Qadrdon kishilar uzoq yillardan so'ng ko'rishsa ajralishi qiyin kechadi, bir birining diydoriga to'ymaydi, xayrlashgisi kelmaydi. Hozir menda ham shu tuyg'u hukmron edi. Tun bo'lishiga qaramay chor tarafi kunduzday charog'on Bokudan chiqib ketyapmanu atrofga suq bilan boqaman. Go'yo uni tashlab ketgim kelmayotganday. Haydovchiga sekinroq yuring, degim keladi. Ammo samolyotga yetib borishni, jonajon Vatanimga uchishni o'ylab bu fikrimdan qaytaman. O'zga yurt har qancha go'zal bo'lmasin, ota yurtingga, ona Vataningga teng kelmaydi, uning o'rnini bosa olmaydi…
Va beixtiyor mashhur ozarbayjon shoiri Samad Vurg'unning mashhur g'azalidagi ushbu satrlar yodimga keladi:
Qo'y, ey bulbul, tin, ey dovul,
ki xohish istirohatdir,
Bu yerlarda ilinjim yo'q, yupanchim –
bir sayohatdir…
…Samolyot Toshkentimizga yaqinlashganda illyuminatordan pastga qarayman: osmondagi sonsiz yulduzlar kabi yarqirab turgan shahri azim – Sharq darvozasi Toshkentimga havas va hayrat ila termulaman. Samolyot pastlab borgan sari yuragim hapriqadi. Havo kemasining oyoqlari yurtimiz, poytaxtimiz zaminiga tekkanda bir yengil tortdim, bir yengil tortdim… Ollohga shukrlar bo'lsin…
Vatan sog'inchi, Vatan mehri hamma narsadan totli, hamma narsadan ustun! Boringga shukur, jonajon Vatanim – jannatmonand O'zbekistonim!
17.06.2023 yil.