Okean ortiga sayr
yoki AQShdagi shamol tegirmonlari necha yoshda?
O'tgan yilning oxirlarida AQShning O'zbekistondagi elchixonasi hamda Vashingtondagi Meridian Xalqaro markazi tomonidan o'zbekistonlik jurnalistlar uchun Kaliforniya shtatiga sayohat— ijodiy mediadastur tashkil etildi. Ushbu o'n bir kunlik “Media Co-op – 2022” dasturida qatnashgan jurnalistlar Amerikaning ekologiya, qishloq xo'jaligi, shamol energetikasidan samarali foydalanish jabhalaridagi ilg'or tajribalari bilan tanishdilar. Unda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Ulug'bek Jumayev ham ishtirok etdi. Quyida AQSh safaridan olingan taassurotlar, asosan, u yerdagi muqobil energiya ishlab chiqarishga oid tajribalar xususida so'z yuritiladi.
Amerika Qo'shma Shtatlarini hali ko'rmagan odam dabdurustdan sehrli diyorga borib qolganida ko'ngilni orziqtiradigan orzu-umidlarga berilishi turgan gap. Ko'p qavatli osmono'par binolar, yovvoyilik hidlarini ufurayotgan xiyobonlar, qo'l uzatsa yetgudek mahobatli tog'lar kinolarda ko'rganimiz – ertakmonand manzaralarni esga tushiraveradi. Okean orti diyorida o'tkazgan o'n bir kunimiz zavqu shukuhi o'nlab yillarga tatiydi, desak mubolag'a bo'lmasa kerak. Chunki, biz jahon xalqlari orzu qilayotgan voqeliklarni o'z ko'zlarimiz bilan ko'rib, hayajonlandik. Jumladan, Kaliforniya shtati manzaralari bizda yorqin taassurotlar uyg'otdi.
Shamol uvvilar, qirchilagan sovuq edi. Uzun kulrang soyalar Kaliforniya shtatidagi Dungo Gooniya dovoni pastidan shamol tegirmoni qaqqayib yotgan yerga ko'chib o'tdi. Ular bahaybat qal'aga o'xshasa ham go'zal, hammasi juda bo'ychan, devkor, bahaybat dinozavrlarday bo'lib ko'rinar edi. Tashqari biroz sovuq va rutubatli bo'lgani uchun kiyimning issiqligi tanaga rohat va huzur baxsh etar va iliqlik bag'ishlardi. Qorli tog'lardan, gul vodiylardan ko'z uzmay uzoq qolib ketdik. Shu joydan shamol deb atalmish uzundan-uzoq, ko'zga ko'rinmas turfa havo oqimini diqqat bilan kuzatdik. Bu yer shamol esishi uchun qulay. Sababi chor-atrofi ulkan qal'ani eslatuvchi, qorayib yotgan dovonga tutashib ketgan. Shunday qilib, dovonga yaqin kelishim bilanoq shamol tegirmonlari varragi aylanishida to'la kuzatish nasib etdi. Aslida bu taraflarga boshqa yumush bo'lmasayam birgina shu elektr quvvati ishlab chiqarayotgan ulkan va mahobatli generatorlarni ko'rish uchun, zavqlanish uchun kelish mumkin edi. Kuzatuvchi xonimning uqtirishicha, ularni uchratgan joy, ularni kuzatish uchun unchalik emas emish. U bizga maxsus mashinachaga o'tirib, shamol tegirmonlari muzeyini ochiq osmon ostida ko'rishimizni maslahat berdi. Aytishlaricha, bu yerda istagancha shamol tegirmonlarini kuzatish, ular haqida keragidan ortiq bilib olish mumkin ekan.
Shamol esa boshladi. Ulkan tegirmon varraklari bir maromda, ohista shovvulay boshladi. Hatto bu holat tabiat simfoniyasi yangrayotgandagi voqeani esga soladi. Sinchiklab qarasak, guvvilab, charxpalak bo'lib aylanayotgan, chayqalayotgan kema yelkanini eslatishiga guvoh bo'lasiz. Xayoldan hayrat og'ushidagi o'ynoqi va jilvagar raqsning aynan o'zginasi-ku degan o'y o'tdi. Shunday qilib, beqaror shamolning, dovulning bu harakatini olqishlarga ko'madi. Shamolning ajib, tarovatli kuyi tinmaydi. Shamol tegirmonini o'yindan bir daqqiqa bo'lsada, to'xtash xayoliga keltirmaydi. Uzun varraklar uzun kipriklarni eslatadilar. Dovon pastidagi ulkan shamol tegirmonlari biz bolaligimizda o'qigan, eshitgan ertaklarimizdagi maxluqlarday salobatli va maftunkor edi.
Ha, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishga urinishlar bugungi kunda keng quloch yoymoqda. Dungo Goonya shamollar vodiysida “Wind power” kompaniyasi hududidagi shamol generatorlari qo'nim topgan manzilda aytilganidek, shamol energitekasi bo'yicha dunyoda keng ko'lamli tadqiqot ishlari olib borilayotgan bo'lib, yuzdan ortiq davlatda shamoldan energiya olish yo'lga qo'yilgan. Elektr toki ishlab chiqarishga mo'ljallangan shamol elektr stansiyalari birinchi marta bir ming sakkiz yuz to'qsoninchi yil Daniyada barpo etilgan. Garchand bu davlat kichik bo'lsada, o'z aholisi uchun o'ttiz to'qqiz foiz energiyani shamol generatorlaridan olmoqda. Rivojlangan davlatlarda bu ulush haqida so'z yuritilganda, yil davomida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining Portugaliya davlatida o'n sakkiz, yigirma foiz, Irlandiyada o'n olti, o'n yetti foiz, Ispaniyada o'n besh foiz, Germaniyada yigirma foizi shamol energiyasi hisobiga to'g'ri kelar ekan. Shunga qaramay bu borada Xitoy va AQSh yetakchilik qilayapti. Umuman olganda, Xalqaro energetika agentligi taxminiga ko'ra, 2030 yilga borib sayyoramizda shamol energiyasiga bo'lgan ehtiyoj qariyb 5000 GVni tashkil etadi. Qolaversa, mazkur muqobil energiya turi mavjud tabiiy resurslarni tejashdan tashqari, ekologiya musaffoligi bilan ham ahamiyatlidir. Masalan, 1 MVT quvvatli shamol elektr stansiyasi o'n yil davomida o'n besh ming tonna ko'mir, qirq besh ming barrel neftni tejashi mumkin. Bundan tashqari atmosferaga korbonat angidrid, sulfat oksidi, ozot oksidlarini umuman chiqarmaydi. Shamol energiyasining potensial quvvati dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr energiya miqdoridan o'ttiz baravar ortiqligi aniqlangan. Shamol generatorlari shamol tezligi 5-10 m/sek.dan boshlab elektr tokini bera boshlaydi. Shamol tezligi 5 m/sek. dan 10 m/sek. oralig'ida elektr ishlab chiqarish quvvati sakkiz martagacha oshadi. AQShning Kaliforniya shtatidagi Palm Springs shahri yaqinidagi Dungo Goonya vodiysi tog'lar orasida joylashgan bo'lib, ko'plab shamol generatorlari o'rnatilgan. Vodiy tekisliklari kompaniyalar tomonidan bo'lib olingan bo'lib, jami 1130 ta shamol generatorlari o'rnatilgan ekan. Bundan tashqari, o'nlab kompaniyalar Quyosh panellari o'rnatib, olingan energiyani turli aholi manzillariga yo'naltirmoqda. Kelajakda vodiy atrofidagi barcha aholi punktlari bilan birga ishlab chiqarish korxonalarini ham to'liq qayta tiklanuvchi energiyaga o'tkazish ko'zda tutilgan.
Xullas, pichadan so'ng, mashinaga o'tirib, saksovul va yo'lg'inzorlar bilan qoplangan biydek dalani oralab, shamol tegirmoni vodiysiga qarab yo'l oldik, kelib, butazorlarga tutash manzilda o'nlab eski rusumdagi shamol tegirmonlarini “biqinib” olganiga guvoh bo'ldik. Xayriyat, uzoq kutishga to'g'ri kelmadi. Kuzatuvchi xonim Lesli Nor shoshilmasdan bizga shamol tegirmoning vazifasi haqida gapira boshladi, bir daqqiqayam undan ko'zini uzmagan jurnalistlarning o'tkir, ziyrak nigohi ostida uning hikoyasi davom etar, voqealar miridan-sirigacha, ikir-chikirigacha bayon qilingani sari u boshidan kechirgan tafsilotlarni tasvirlash kerakli, zarur so'zlarni izlab topardi. Nazarimda shamol tegirmoni bilan bog'liq xotiralar uning xotirasida qayta jonlandi. Shamol generatorlari muzeyini aylanar ekanmiz, ilk generator bu yerda 1906 yilda o'rnatilgani, yillar davomida generatorlarning hajmi, ko'rinishi hamda samaradorligi turlicha bo'lganiga guvoh bo'ldik. Ikki parrakli, uch parrakli, vertikal va gorizontal aylanishli uskunalarga ega generatorlar bugun ulkan ko'rinishga ega. Jumladan, Palm Sprigs vodiysidagi eng ulkan generatorlar balandligi 40 qavatli binodan yuqori bo'lib, qariyb 140 metrni tashkil etadi. Bittasining narxi 6 million AQSh dollaridan oshiq bo'lib, 6 yilda o'z xarajatini to'la qoplarkan. Bu generatorlarning foydalanish muddatini kamida yigirma besh yil deyishdi. Lekin hozirda 30 yilga yaqin vaqt davomida ishlayotgan generatorlar ham bor ekan. Men bir qaraganda bahaybat va vajohatli ulkan hayvonlarni eslatuvchi shamol tegirmonlaridan ko'z uzmay kuzatdim, ularning tuzilishiga, holatiga razm soldim. Men tezda kuzatuv nuqtasi sifatida tanlangan joy judayam yaxshi ekaniga amin bo'ldim, chunki, bu yerda dovondan pastdagi vodiyda, kengliklar bag'rida bor-bo'yicha yastanib yotardi. Yaqin atrofda panalay desang, bekinay desang hech boshpana yo'q. Faqatgina yo'l chetidagi vagon uyni hisobga olmaganda.
Aholi soni ko'payib, boz ustiga elektr quvvatiga bo'lgan talab, ehtiyoj g'alvasi juda ham avjiga chiqqan mahalda tinib-tinchimas amerikaliklar shamol tegirmonini ishlab chiqarishga ahd qildi. Negaki, ular AQShning Kaliforniya shtatida bo'lib, qorli tog'larni kezganida odamlarning shamol kuchidan foydalanib elektr quvvati olib, turmushlarini binoyidek yurgizib turganligini, ya'ni hayot tafsilotlaridan bir talayini miridan-sirigacha, ipidan-ignasigacha bilib olgandi. Qolaversa, bu yangilik, kashfiyot mintaqaning olis-olislarida istiqomat qilayotgan aholining qulog'iga shamol tegirmonining butun tarixi, ovozasi yoniga qo'shib-chatilgan holda yetgan, Chikago va Oyova shtatidagi qator gazetalardagi hikoyalardan ham, bu yumushga hatto xorijliklar qiziqayotgani haqidagi aniq ma'lumotlardan xabari bor edi. Bu ajoyib qurilma ehtimol shu sababdan ham odamlarni qiziqishini battar olovlantirar edi. Balki xuddi ana shu narsa mutaxassislarni shamol ko'magida harakatga keladigan shamol tegirmonini yasashga turtki bergandir? To'g'ri, dastlabki kezlari qo'l urilgan ish muvaffaqiyat qozonmagan ekan. Ammo odamlar, yaratuvchilar bu yangi zarbadan butunlay umudsizlikka tushmabdi. Qo'lga tegadigan arzimas daromadni hisobga olmaganda, katta miqdordagi mablag'ning ustiga tuproq tortilgandi. Bundan buyog'iga soliq to'lash, ta'mir qilish va boshqa zarur xarajatlarga tayyor turish lozim edi. Shunda ham ixtirochilar umid uzmabdilar. Negaki, u bunga qadar ular ikki uch bora shunaqa chatoq ahvolga tushib, shumshayib qolgan ekanlar-da.
… Darvoqe, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o'tgan yil oxirida Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerakligi, bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkinligi alohida uqtirib o'tildi. Shu bois, so'nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jalb qilingani aytilmoqda. Jumladan, Murojaatnomada ta'kidlanganidek, Buxoro, Namangan va Xorazmda quvvati 500 megavatli yana 3 ta quyosh stansiyasini qurish bo'yicha tanlov yakunlandi. Deputat va senatorlar tomonidan qabul qilingan yangi qonunlar buning uchun qonuniy asos bo'ldi. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg'ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqariladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr quvvati 50 foizga ko'payadi. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari e'tirof qilganidek, shamol elektr stansiyalarini barpo etish har jihatdan qulay va foydalidir. Qolaversa, Toshkent, Surxondaryo, Sirdaryo, Navoiy va Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarida shamol doimiy esib turadigan manzillar serob, bisyor. Shu ma'noda, O'zbekistonda ochiq tekis hududlarda, tog'lar orasidagi vodiylarda, suv havzalariga yaqin joylarda shamolning o'rtacha yillik tezligi 3,5-6,5 m/sek.ni tashkil qilishini e'tiborga olsak, mamlakatimizda ham bu sohaga e'tibor qaratish kerakligi namoyon bo'ladi. O'tgan asrning 80-yillarida Navoiy va Buxoro viloyatlarida bir qancha shamol energiyasi bilan ishlovchi generatorlar ishlatilib, bu borada yetarlicha tajriba to'plangan. Hozirda shu yo'nalishda Toshkent, Navoiy viloyatlarida, Qoraqalpog'iston Respublikasida bir necha yangi loyihalar amalga oshirilyapti. Masalan, Koreyaning “Doojin So” kompaniyasi bilan hamkorlikda Chorvoq suv ombori hududida qurilgan 40 metrga teng anemometrik machta yiliga qo'shimcha 2,3 million kilovatt-soat hajmda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Bu yiliga 700 ming kub metr tabiiy gaz tejab qolinayapti deganidir.
Sirasini aytganda, shamol elektr stansiyalari (tegirmonlari) mo''tadil shamol esuvchi joylarga qurilib, asosan shamol kuchi yordamida mexanik energiya elektr energiyasiga aylantiriladi. Bu o'z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari hajmining ortishiga muhim zamin yaratadi. Bas shunday bo'lgach, yurtimizda shamol generatorlarini (stansiyalarini) qurilishini jadallashtirish zarurligini ko'rsatyapti.
Xullas, AQShga qilgan ijodiy safarimiz davomida shu narsaga amin bo'ldikki, bu yurt muqobil energiya ishlab chiqarishga bundan qariyb 100 yildan ko'proq vaqt sarflashgan ekan. Bizda esa endi-endi qo'l urilmoqda. Anglaganimiz, boshqa sohalarni bilmadigu, shamol tegirmonlarini yo'lga qo'yish masalasida yurtimiz hali kamida yuz yil, ya'ni bir asr orqada ekan.
Ammo yaxshi niyat — yarim davlat. Endi yana bir asr kutib o'tirish shart emas. Yetib olishdan o'zga chora yo'q. Shunda aholi bu yilgi qishdagidek elektr energiya ta'minotisiz qolib ketmasmidi?
Ulug'bek JUMAYEV,
jurnalist