Parijdagi vazifa aniq edi!

Olimpiyachilarimiz vazifani sharaf bilan bajarishdi!
Hammamizga ma'lumki, kuni kecha Parij olimpiadasida yurtimiz dong'ini dunyoga taratgan sport delegasiyamiz Toshkent xalqaro aeroportida keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.
Tantanali marosimda O'zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash va sport turlarida salohiyatini namoyish etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganini ta'kidlab, olimpiyachilarimizni unutilmas g'alabalari bilan tabrikladi. Olimpiyachilar nomidan so'zga chiqqan ikki karra Olimpiya chempioni Hasanboy Do'stmatov, Parij olimpiadasi g'olibi Diyora Keldiyorova sportchilarimizni qo'llab-quvvatlab turgan Prezidentimizga minnatdorlik bildirib, kelgusi musobaqalarda yuksak g'alabalarga erishishga va'da berdi.
Olimpiyachilarimiz ota-onalari nomidan so'zga chiqqan ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolovning onasi Sabohat Yoqubova, Parij olimpiadasi g'olibi Ulug'bek Rashitovning onasi Oksana Danilenko farzandlarini, sportchilarimizni qo'llab-quvvatlagan Prezidentimizga, xalqimizga samimiy dil so'zlarini izhor etdi. Boks jamoamiz bosh murabbiyi To'lqin Qilichev olimpiyachilarimiz erishgan olamshumul g'alabalarga to'xtalib, “Bizni shunday tantanalar bilan kutib olganingizdan xursandmiz. Bunday e'tibor va g'amxo'rlik kelajakda yanada yuksak g'alabalarga erishishimizga quvvat bo'ladi”, – deya dil so'zlarini yakunladi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid g'oliblarga bag'ishlangan she'rini o'qidi. Tadbir so'ngida Vatanni, mardlikni madh etuvchi qo'shiqlar yangradi.
Olimpiada g'oliblari va sovrindorlariga Prezidentimiz sovg'alari – avtomobil, xonadon kalitlari, pul mukofotlari topshirildi.
Darhaqiqat, Parij olimpiadasida sportchilarimiz 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo'lga kiritishib, umumjamoa hisobida 206 davlat vakillari o'rtasida 13-o'rinni egalladi. Yurtimiz tarixida yangi zarhal sahifani ochgan olimpiadada vakillarimiz birinchi marta umumjamoa hisobida 13-o'ringa ko'tarildi, birinchi marta o'zbek qizi Olimpiya chempioni bo'ldi, birinchi marta o'zbegimning uch nafar farzandi ikki karra Olimpiya chempioni degan unvon bilan sharaflandi.
Biz olimpiadaning murosasiz kechgan musobaqalarida xalqimizga olam-olam zavq-shavq bag'ishlagan barcha sportchilarimizni, ularni tayyorlagan murabbiylarni, shu sohaga mas'ul mutasaddilarni zalvorli g'alabalari bilan chin dildan tabriklaymiz, dunyo miqyosida O'zbekistonimiz sharafini ulug'laganlari uchun ularga samimiy minnatdorligimizni izhor etsak arziydi. Zalvorli g'alaba barchamizga muborak bo'lsin!
Dunyo miqyosida davlatning salohiyati sportchilarining har to'rt yillikning nufuzli musobaqasi hisoblanmish olimpiadada qo'lga kiritgan medallari soni va salmog'iga qarab belgilanadi. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Tokio-2019 olimpiadasida ishtirok etgan sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda so'zlagan nutqida kelgusi olimpiadada erishilishi lozim bo'lgan marrani aniq belgilab bergan edilar: “Parijda bo'lib o'tadigan navbatdagi yozgi olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qo'lga kiritish va medallar bo'yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor”.
Albatta, olimpiada litsenziyalarini qo'lga kiritish oson emas. Uch yil davom etgan keskin kurashlardan so'ng sportchilarimiz 75 ta litsenziyaga ega bo'lishdi. Gap sonda emas, sifatda. Olimpiyachilarimiz murosasiz kurashlarda Prezidentimiz tomonidan oldilariga qo'yilgan vazifani oshig'i bilan bajarishdi, medallar bo'yicha jahonda yetakchi 13 mamlakat qatoridan joy olishdi. Sobiq ittifoq mamlakatlari bo'yicha esa birinchi o'rinni qayd etdi.
O'zbek qizi — olimpiya chempioni!
Xalqimiz bu tarixiy g'alabani uzoq yillar kutdi. Bilamizki, qadimiy olimpiada eramizdan avvalgi 776 yildan to milodiy 394 yilgacha har to'rt yilda Gretsiyaning Olimpiya shahrida o'tkazilgan. Zamonaviy olimpiada esa 1896 yildan har to'rt yilda o'tkazib kelinmoqda. Yurtimiz sportchilari mustaqil jamoa sifatida 1996 yilgi Atlanta olimpiadasidan qatnasha boshladi. O'tgan olimpiadalarda o'zbek qizi medal olish tugul, hatto ko'pchiligida qatnashmadi.
Mustabid tuzum davrida o'zbek qizini mamlakat terma jamoasiga chaqirishmasdi, sport maydonlariga shug'ullanishga kelsalar, chiqishtirishmasdi. O'zbekistonimiz mustaqillikka erishgandan keyingina o'zbek qizlarining sport bilan shug'ullanishlari va xalqaro musobaqalarda qatnashishlari uchun keng imkoniyat eshiklari ochildi. To'maris, Barchinoy momolarimiz avlodi bo'lgan qizlarimiz nufuzli musobaqalarda ham g'alaba qozonishga qodir ekanliklarini isbotlay boshlashdi. Nihoyat, Parij olimpiadasining dzyudo bo'yicha 52 kg vazn toifasida o'zbek qizi Diyora Keldiyorova Olimpiya chempioni bo'ldi va o'z nomini, mamlakatimiz nomini olimpiada tarixiga zarhal harflar bilan yozdirib qo'ydi. Bu g'alaba qizlarimizga Mustaqillik bergan ne'matlar tantanasidir! Shukurki, endi yurtimizda o'zbek qizlarining kamolga yetishiga, shonli g'alabalarga erishishiga jon koyitadigan fidoyi bor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Diyorani olamshumul g'alabasi bilan kurash tugaganidayoq telefon orqali tabriklagani, ezgu tilaklarini bildirganlari buning yorqin isbotidir!
Chorak asr ilgari birov 1998 yil 13 iyul kuni Samarqand viloyatining Pastdarg'om tumani Po'latchi mahallasidagi oddiy o'zbek oilasida tug'ilgan Diyora (otasi Baxtiyor aka paxta tozalash zavodida ishchi, onasi Dilorom opa bog'chada tarbiyachi) kelajakda Olimpiya chempioni bo'ladi, desa, hech kim ishonmasdi. Hatto ozg'ingina qizaloqning sportchi bo'lishini ko'z oldiga keltira olmasdi.
Biroq bunga buvisi Gulsara momo ishondi. O'zi nabirasini tarbiyaladi, sport o'yinlariga qiziqtirdi, shug'ullantirdi (shuning uchun Diyora “Buvisining qizi” nomini olgan). Olti yoshida Jumadagi bolalar va o'smirlar maktabiga yetaklab bordi, dzyudo to'garagi murabbiyi Xurshida Xoliqovaga topshirdi. Murabbiyga Diyoraning mashg'ulotlar paytidagi tirishqoqligi yoqdi va musobaqalarga qatnashtira boshladi. 2015 yili Diyora yoshlar o'rtasida O'zbekiston birinchiligida g'olib chiqqanini buvisi ko'rmadi…
Diyora buvisining ruhini shod qilish uchun dzyudo bilan yanada qattiqroq shug'ullandi, kattalar o'rtasida O'zbekiston, Osiyo chempioni bo'ldi, Osiyo o'yinlarida g'olib chiqdi, jahon chempionati, “Ulkan toj” musobaqalarida sovrinli o'rinlarni egalladi. Dzyudochilar orzusi bo'lgan “Ulkan toj”ni ham qo'lga kiritdi. Uning sportda erishayotgan muvaffaqiyatlari munosib baholandi: “Kelajak bunyodkori” medali, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlandi.
G'alabaning g'alabadan farqi bor. Diyoraning Parij olimpiadasidagi raqiblari Olimpiya chempionlari, olimpiada va jahon chempionati sovrindorlari edi. Ya'ni shu vaznda ulardan boshqa zo'ri dunyoda yo'q. Keskin o'tgan janglarda Diyora ajoyib usullar ishlatib barcha raqiblaridan ustun keldi, milliy kurashimizdan oziq olgan o'zbek dzyudo maktabi jahonda o'z o'rniga ega ekanligini isbotladi. Shu bois Diyoraning g'alabasi dunyo ahlida hayrat uyg'otdi. Barcha Diyorani samimiy qutladi. Birinchilardan bo'lib xorijliklardan tabriklaganlar orasida Yaponiyadagi shahar hokimi (holbuki, uning nomdor yurtdoshi ham Diyoraga yutqazgandi), Angliya elchisi va boshqa arboblar ham bor. Xalqaro Olimpiya qo'mitasi rasmiylari esa Lozannadagi Olimpiya muzeyiga qo'yish uchun Diyoraning finalda kiygan kimonosini olishdi. Hurmat-ehtiromlar davom etadi, maqolalar yoziladi, asarlar yaratiladi. Diyora Keldiyorovaning g'alabasi ana shunday e'zozlarga, ardoqlarga arziydigan BUYuK G'ALABA!
Qo'sh g'oliblik quvonchi
Amerikalik suzuvchi Maykl Felps 23 karra Olimpiya chempioni hisoblanadi, yana uning 3 ta kumush, 2 ta bronza medali ham bor. Sanayversak, nomdor olimpiyachilar ko'p. Parij olimpiadasida fransiyalik suzuvchi Leon Marshan 4 karra Olimpiya chempioni bo'lgan, qo'shimchasiga bitta bronza medalini ham qo'lga kiritgan. Biz o'zbek farzandining ikki karra Olimpiya chempioni bo'lishini 24 yil kutdik. Xalqimizning bu orzusi shu yili Parij olimpiadasida ushaldi.
(Kimdir Dog'istondan kelgan legioner sportchi Artur Taymazov erkin kurash bo'yicha mamlakatimiz nomidan uch karra Olimpiya chempioni bo'lgan deya luqma tashlar. Xalqaro Olimpiya qo'mitasi qayta tekshiruvda Taymazov tahlil uchun topshirgan qonida taqiqlangan moddalar bo'lgani (ya'ni doping qoidalarini buzgani) uchun 2008 va 2012 yilgi olimpiadalardagi chempionligini bekor qildi va undan olimpiada oltin medallarini qaytarib oldi. Taymazovda faqat 2004 yilgi Afina olimpiadasidagi chempionligi qolgan).
Barchamiz O'zbekiston farzandining Parij olimpiadasida ikki karra Olimpiya chempioni bo'lishini ishonch bilan kuta boshladik. Tokio olimpiadasida chempion bo'lgan Ulug'bek Rashitov taekvondoning 68 kg vaznida dayanga ko'tarildi. Raqiblarini birin-ketin mag'lubiyatga uchratdi va Ulug'bek Rashitov Parij olimpiadasi chempioni — ikki karra Olimpiya chempioni bo'ldi!
Ko'pchilik boks muxlislari 51 kg vaznda ringga ko'tarilgan Hasanboy Do'stmatovning har bir jangini hayajon bilan kuzatib borishdi. Hasanboy 2016 yilgi Rio olimpiadasida chempion bo'lgandi. Oradan sakkiz yil o'tgan bo'lishiga qaramay, u ringda jangovar harakat qildi va raqiblarini katta ustunlik bilan yengdi. Hasanboy Do'stmatov ham Parij olimpiadasi chempioni — ikki karra Olimpiya chempionligini qo'lga kiritdi.
Hech birimiz og'ir vaznli bokschimiz Bahodir Jalolovning g'alabasiga shubha qilmagandik. U Tokio olimpiadasida chempion bo'lganidan keyin o'tgan yillar davomida qatnashgan barcha musobaqalarida g'olib chiqqandi. Bu shonli an'anani Parijda ham davom ettirdi. Bahodir Jalolov ham Parij olimpiadasi chempioni — ikki karra Olimpiya chempioni bo'ldi!
Prezidentimiz ikki karra Olimpiya chempioni bo'lgan bu sportchilarimizni ham telefon orqali tabrikladi va ularga bundan keyingi nufuzli musobaqalarda ham g'alabali an'analarini davom ettirishlarini tiladi. Ishonchimiz komil, bu unutilmas g'alabalar o'zbek farzandlari erishadigan katta muvaffaqiyatlarning boshlanishi. Uch karra, besh karra Olimpiya chempionligi nima bo'pti, hali o'zbek farzandlari dunyo ahlini lol qoldirib, ko'p bora Olimpiya chempionlari bo'lajak!
Olimpiada sovrindorlari elda aziz!
Har to'rt yillikning nufuzli musobaqasi hisoblanadigan olimpiadada dunyodagi zo'rlarning zo'ri, kuchlilarning kuchlisi, epchillarning epchili bo'lgan irodasi mustahkam sportchilar medallar uchun kurashadi. Murosasiz kurashlarda olimpiada medalini olish oson emas. To'g'ri, har bir olimpiada medali umrga tatiydigan quvonchli lahzalarni hadya etadi. Lekin har bir medal ortida sportchining uzoq yillik mashaqqatli mehnatlari, hayajon-iztiroblari bor. Shu bois olimpiada sovrindorlari elda aziz. Keling, hurmat-ehtirom bilan Parij olimpiadasida sovrindor bo'lgan sportchilarimizni nomma-nom eslaylik.
Bokschilarimizdan Abdumalik Xalokov (57 kg vazn toifasida), Asadxo'ja Mo'ydinxo'jayev (71 kg) va Lazizbek Mullajonov (92 kg) Parijda Olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo'lishdi. Yurtimiz sha'nini, o'zbek boks maktabi nomini ulug'lagan chempionlarimizga Hasanboy Do'stmatov, Bahodir Jalolovning g'alabali yo'lini davom ettirishiga tilakdoshmiz. Erkin kurashning 74 kg vazn toifasida Razambek Jamolov (asli dog'istonlik) medallar jamg'armamizga olimpiada oltin medali bilan hissasini qo'shdi. Bu oltin medal jamg'armamizda hech qachon jamolini yo'qotmaydi, degan umiddamiz.
Og'ir atletikaning 102 kg vazn toifasida Akbar Jo'rayev va taekvondoning 67 kg vazn toifasida Svetlana Osipova Parij olimpiadasi kumush medali sovrindorlari! Biz Tokio olimpiadasi chempioni Akbar Jo'rayevdan faqat g'alaba kutgandik. Unga biroz omad yetishmadi. Ammo Akbarning kelgusi olimpiadada ikki karra Olimpiya chempionlari qatoridan o'rin olishiga ishonamiz. Svetlananing har bir jangini hayajon bilan kuzatdik, qo'llab-quvvatlab turdik deyishimiz kam, go'yo u bilan birga jang qildik. Biroq, kumush bilan qanoatlandik. Istagimiz, kelgusi musobaqalarda Svetlananing kumushi oltinga aylansin, dillarimizga yanada oydin nurlar taratsin.
Dzyudoning 100 kg vazn toifasida Muzaffarbek To'raboyev, eng og'ir vaznida Alisher Yusupov va erkin kurashning 57 kg vazn toifasida G'ulomjon Abdullayev, olimpiada medalini olish uchun oxirigacha kurashganingiz uchun tashakkur! Asabiy kechgan kurashlarda irodangizga tayandingiz va haqli ravishda bronza medali sovrindori bo'ldingiz. Sizning olimpiada bronza medali uchun jon-jahdingiz bilan kurashganingiz hamon ko'z oldimizda. Ayniqsa, Alisherning yaponiyalik basavlat Tasuri Saitoni tatamiga qanday ag'darganini unutib bo'ladimi?!
Muhtaram olimpiada sovrindorlari! Olimpiada tugadi, vaqti kelib hammasi unutiladi, deya o'ylamang. Siz qo'lga kiritgan olimpiada medallari yurtimiz, sportimiz tarixidan, xalqimiz qalbidan abadiy joy oldi. Endi bu medallar sizni xalqimizga eslatib turaveradi.
Kim yurt uchun medal olsa — mendurman o'shal!
Hozir olimpiada havosi bilan nafas olayotganimiz uchun atoqli shoirimiz Maqsud Shayxzodaning mashhur misrasini biroz o'zgartirdik. Chunki sportchi olimpiadada, avvalo, yurti sha'ni, o'zining sportchilik ori uchun maydonga tushadi. Bunday ezgu e'tiqodga sodiq sportchilar esa, albatta, olimpiada medaliga sazovor bo'ladilar.
…Olimpiada bahslarida jamoaviy sport turlari ko'p. Aytaylik, futbol, voleybol, basketbol, gandbol, suv polosi… Plyaj voleyboli uchun ikki nafar mahoratli voleybolchini topish osonroq. Stritbol (basketbol 3x3) uchun uch nafar epchil basketbolchini jalb etish kifoya. O'ylaymizki, kelgusi olimpiada bahslarida ona Vatanimiz vakillari ana shunday jamoaviy sport turlarida ham yuksak natijalarga erisha oladilar. Buning uchun esa O'zbekistonda iqtidorli yoshlar kam emas. Faqat ularni tayyorlash, tarbiyalashga yanada e'tibor qaratish zarur bo'ladi.
Parij olimpiadasi ham tarix sahifasidan joy oldi. Endi olimpiadaga tayyorgarlik ishlarini, erishilgan natijalarni xolis tahlil qilish, kelajak rejalarini yanada balandroq olishimizga shubha yo'q.
Endigi vazifa — “Los-Anjeles-2028” olimpiadasiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirishdir. Negaki, bo'lg'usi olimpiadada Parij olimpiadasidan quyiroq natija ko'rsata olmaymiz, to'g'rirog'i, bunga haqqimiz yo'q. Hozirdan jamoaviy sport turlarida ham ko'proq olimpiada litsenziyalari olishga e'tiborimizni qarataylik. Chunki olimpiada yurtimizga qo'sha-qo'sha medallar taqdim qilib, O'zbekistonimizning salohiyatini dunyoga namoyish etadigan har to'rt yillikning eng nufuzli musobaqasidir!
Asror MO'MIN,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.