Bugenvilliya

Antaliya sayyohlar uchun sevimli bo'lgan dunyodagi eng go'zal shaharlardan biri. Sohillari shaharga tutashgan O'rta Yer dengizi (mahalliy aholi bu dengizni Oq dengiz deb ham ataydi) dam olish uchun tashrif buyurganlarni qanday zavqlantirsa, tabiat manzaralari go'zalligi qarshisida ular hayratini yashira olmaydi. Bu shaharning nafaqat bog'lari, ko'chalari ham gullarga ko'milgan.

Antaliyada boshqa yurtlarda kam uchraydigan manzarali va mevali daraxtlar shaharni yana ham fayzli qilib turibdi. Binolaridan baland palmalari-yu va boshqa ko'plab daraxtlar nomlarini sanab adog'iga yeta olmaysan, kishi. Shunday diltortar manzaralar og'ushida xuddi oltin uzukka yoqut ko'z qo'yganday bugenvilliya guli ajralib turadi. Bu gul yaproqlari ayol qalbi kabi nozik. Mayin shabbodada titrab turgan gul yaproqlari go'zalligi qarshisida lol qolmay ilojingiz yo'q. Yaproqlar mayda gulchasini go'yo farzandidek erkalab-quchoqlab olgan. Ko'z o'ngimda bu nafis va latofat ufurib turgan gul yaproqchalari o'z farzandini zurriyotlariga bezavol asrayotganday gavdalanadi. Bu tabiatning bir misqol mo''jizasidir.

Bu gulning asl vatani Janubiy Amerika. Bugenvilliyani O'rta Yer dengizi afsonasi deb atagim keldi. Uning nozik xususiyatlaridan biri — dengiz ob-havosini yoqtiradi, qattiq shamolga bardoshsiz, gullari to'kilib ketadi. To'kilganda ham bir o'zakka birlashgan gul yaproqlari ajralib ketmaydi. Shabbodada yer yuzasida u yoqdan bu yoqqa yengilgina hilpirab borib kelishi ham zavq beradi.

Bugenvilliya binafsha, oq, pushti va qizil ranglarda uchraydi. Binafsha rangli bugenvilliyaga tikilsangiz, ilhom beradi, xayollarga botasiz, ruhiy tetiklik olasiz. Oq ranglisi pokizalik, yaxshilik va adolat ramzidek bo'lib tuyuladi. Bir qarashda diqqatingizni o'g'irlab qo'yadigan pushti ranglisi esa kishini orzular og'ushiga yetaklab ketadi. Tuyg'ularni junbishga keltiruvchi qizil rangli gullar qalblarni o'ziga rom etadi. Turfa xil rangli bu gullar inson vujudiga va ruhiga quvvat beradi.

Antaliyaning quyoshli, nam va musaffo havosini yaxshi ko'ruvchi bugenvilliyaga shaharning har joyida nigohingiz tushadi. Mo''jizaviy gulchambarlar inson bahri-dilini shunchalar yayratib yuboradiki, bu gullarni parvarish qilayotganlarga tasanno aytgingiz keladi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 5 =