Boshqalarni bilmadim…

yoki Gruziyaning chekka bir qishlog'ida ko'rganlarim…

Sarpi qishlog'i — Gruziyaning Turkiya davlati bilan qo'shni joylaridan biri. Qizig'i, chegaraning narigi tomonidagi Turkiya qishlog'i ham Sarpi deb atalarkan. Buning sababi, bir paytlar katta boyning mulki bo'lgan bu hududni uning ikki o'g'li bo'lib olgan, keyinchalik o'rtaga davlatlarning chegarasi tortilgan ekan. Ammo aytmoqchi bo'lganlarim — boshqa gaplar.

Biz shu kunlarda dam olish niyatida Gruziya­ning Sarpisidamiz. Toshkent shahrining eng kichik tumanidan ham kamroq maydonni egallagan bu qishloqning tekislikdagi etagini Qora dengiz yuvib turadi; shu joyning o'zidanoq ko'tarilib borib toqqa tutashib ketgan yerlardan boshlab, huv, balandliklardagi yam-yashilliklar orasidan ko'rinib turadigan ikki-uch qavatli chiroyli, pishiq imoratlarni kuzatarkan, beixtiyor o'ylaysiz: “Ba'zida tep-tekis joylardagi imoratlarniyam quruvchilikning oddiy talablariga javob bermaydigan qilib tiklaydiganlar oz emas. Bular tog'lik joyga shuncha qurilish anjomlarini qanday olib chiqqan ekan? Yil bo'yi qattiq yog'ingarchiliklar oddiy holat bo'lgan ayni hududning sharoitiga chidamli bunday pishiq uy-joy qurganlardan ko'p narsa o'rgansa bo'larkan”. Hatto mahalliy aholi vakillaridan so'radim: “Bu yo'llardan shuncha og'ir, katta qurilish materiallarini tog'ning tepasigacha olib chiqish osonmasdir?” Javob lo'nda bo'ldi: “Olib chiqiladi”. Baribir, tasavvur qilolmadim. Chunki deyarli har o'n-o'n besh metrda o'ngga, chapga keskin burilish­lari bo'lgan tosh yo'llarga bittagina mashina sig'adi, xolos. Uyam bo'lsa, yengil ulovlar yoki maxsus yo'lovchi tashuvchi kichkina avtobuslar. Odamlar, aniqrog'i, haydovchilarning ana shu yo'llardagi o'zaro munosabatlari diqqatimni tortdi.

Bu yerga kelganimizga uch haftadan ortibdi. Dengiz va tog' oralig'idagi ayni qishloqda hozir sayohatchilar ko'p bo'lgani uchun, pastlik bilan yuksaklikni bog'laydigan ilon iziga o'xshash bu tor, ilang-bilang yo'llardan tinmay yengil mashinalar qatnaydi. O'ylab ko'rsam, o'tgan muddatda biror marta mahalliy haydovchilarning yo yo'l talashib, yo nojo'ya harakat bilan tortishib, bahslashib qolganini ko'rmadim, o'zimizga o'xshagan mehmonlardan ham bu haqda eshitmadim. Tor yo'llarning u yer-bu yeriga bitta mashina juda ehtiyotkorona harakat bilan kirib turishi mumkin bo'lgan “cho'ntakcha”lar qilib qo'yilgan. Qarama-qarshi chiqib qolgan haydovchilarning biri so'zsiz mashinasini orqaga tisarib “cho'ntakcha”ga kiradi, hamkasbiga yo'l bo'shatadi. Pastdan tepaga zo'riqib chiqib borayotgan mashinaning haydovchisi ham, tepadan ehtiyotkorlik bilan tushib kelayotgan hamkasbi ham “Sen menga yo'l ber!” degan ma'noda tikilishib, o'ylanishib turmaydilar. Ular bir-biriga ro'baro' kelganda, nimadir deyishadi, yuzlarining ifodasidan hazilnamo lutf bo'lsa kerak, deb o'ylayman.

Deyarli hamma xonadonning eskimi-yangimi yengil mashinasi bor. Eski mashinalarning urilgan, qirilgan joylari ko'p. Buniyam o'zimcha tushundim: ikki mashina ilojsiz bir-biriga juda yaqinlashib o'tishi kerak bo'lganda, haydovchidan zargarona mahorat talab qilinishi turgan gap, hammayam har doim ham ulovni shunday boshqarolmasligi mumkin. Xullas, tog' tosh­larini yo'nib solingan kengligi besh metr kelar-kelmas (qadamlab o'lchadim) mana shu yo'llarda o'zimizning birvarakayiga olti, sakkiz, o'ntalab mashinalar sig'adigan yo'llarimizni o'yladim: onasining tor qorniga siqqan yurtdoshlarimizning keng, tep-tekis ko'chalarda yo'l talashib, bir-biridan oldinroqda yurish uchun izzattalablik bilan so'kishib, vaqti kelsa yoqalashib, bir-birlarini chekkaga sud­rashib, guruh-guruh bo'lib urishib, sudlashib yurishlarini o'ylaganim sayin… muhim bilan nomuhimning farqiga yetmaslikning mohiyati, hikmati, oqibatlari bilan bog'liq hayotiy voqealar dilimdan o'tdi.

O'tgan yili… ko'p qavatli yyimizning oldi tomoniga qo'yiladigan mashinalar ko'payib ketgani, joy qolmagani uchun orqa tomondagi kenglikning bir chekkasiga mashina qo'ydik. Ertasiga ertalab orqa tomondan bizga ro'baro' uyning birinchi qavatida yashovchilar yugurib chiqishdi, “Bu yer bizga tegishli, mashina qo'ymanglar”, — deb janjal boshlashdi. Qonun bo'yicha ko'p qavatli uy atrofidagi joylardan shu hududdagi uylar aholisi birdek foydalanish huquqiga ega ekanini hech tushuntirib bo'lmadi. Ota-ona, o'g'ilu kelin bir bo'lib Allohning, jamoatchilikning yeriga egaliklarini da'vo qildilar. Ularga hech kim teng kelolmadi.

Hududga mas'ul bo'lgan ichki ishlar xodimi ortiq boshini og'ritgisi kelmadi… Mashina qo'ygani-ku joy topilmay qolmadi. Ammo qonun bilan kafolatlangan, ko'p qavatli binolar atrofidagi bo'sh joylardan shu uyda yashovchilarning hammasi birdek foydalanish xuquqiga ega ekanligi haqidagi oddiy tartib-qoidaniyam joriy eta olmaganimiz alam qiladi. Hozir o'sha yer hech kimga foydasi tegmay yotibdi…

Bu yerda, Sarpi qishlog'ida, uylar sahnidagi kichkina joylarga ham, agar bo'sh bo'lsa, qo'shnimi, boshqami, vaqtincha mashinasini qo'yib turishi oddiy holat ekan. Yana xayolimdan ko'p qavatli uy atrofidagi (kattami, kichikmi) ochiq maydonlarning atrofini pastki qavatda yashovchilar o'rab olishlari, imkon bo'lsa, yo'lak­lardan ham chegirib “o'z ogorodlari”ga qo'shib olishlari o'tdi. Undaylardan birontasi buning uchun yuqori qavatdagilardan ruxsat so'raganlarini, o'zlariga qay bir jihatlari bilan yoqib turgan mana shu joydan foydalanishga boshqalarning ham ehtiyoji bor yoki yo'qligini so'raganini eshitmadim, ko'rmadim. Yil sayin shaxsiy mashinalar ko'paymoqda, ularni qo'yishga joy muammosi ortmoqda. Lekin yuzlab yashovchilarning haqi bo'lgan yerlarni o'rab olganlardan xolis bir tashabbuskor chiqib: “Mana shu joydan endi hamma foydalansin”, — deb panjarasini olib tashlaganiga guvoh bo'lgan odam topilarmikin? Mundoq o'ylab qarasang, bir oilaning hammaga daxldor joyga chodir tikib olib, faqat o'z oilasi bilan foydalangani qayda-yu, jamoatning yeridan jamoat foydalanishi kerakligini tan olib, davlat va insoniylik qonuniga hurmatu amal bilan yashashning hikmati, savobu ajri qayda?!

Ayni borada na huquqshunoslar, na diniy ulamolar tuzuk-quruq so'z demaydilar, bilib-bilmay noto'g'ri ish qilayotganlarni qonunbuzarlikdan, gunohdan qaytarmaydilar.

…Bolalarimiz yoshligida ularni ko'p qavatli uylar orasidan o'tadigan yo'ldan bog'chaga olib borardik. Ulg'ayishdi, maktab, oliygoh ko'chalari boshqa tomonda edi. Besh yillar muqaddam o'sha bog'cha yo'li tarafga ishim tushdi. Borsam, “dom”ning birinchi qavatida yashaydigan bir xonadon atrofni panjaralab, yo'lniyam qo'shib olibdi, narigi tomonga o'tib bo'lmaydi. Xullas, ilgari ikki uy orasidan hamma o'tib-ketib yurgan, narigi ko'cha bilan bog'laydigan yuz metrcha keladigan yo'l yo'q, endi qo'shni ko'chaga o'ng tomondan ham, chap tomondan ham kamida bir kilometrcha masofani bosib, aylanib borish kerak edi. Ësh bola o'ynab yurgan ekan, uyda kattalar bor-yo'qligini so'radim. Ichkaridan katta yoshli erkak chiqdi. Men bu ikki uy orasidan o'tgan yo'lni to'sib, odamlarga noqulaylik yaratilgani yaxshi emasligini, bu ishning hisob-kitobi borligini, qonunga ham to'g'ri kelmasligini gapirdim. Lekin, bilasizmi, haligi odam qariyb besh yil davomida hafta, oy, yillab shu oraliq ko'chadan qatnagan odamni — meni yolg'onchiga chiqardi. Shunday gapirdiki, ko'p qavatli uyning atrofi azaldan shu kishiga xatlab berilgandek!

Sarpida dengiz bo'yida bolalari bilan dam olayotgan, cho'milayotgan mahalliy aholi vakillari ko'p. Ammo ko'chalarda, uylardan bolalarning yig'isi, kattalarning baqir-chaqir ovozini biror marta eshitmadik. Kiyimlariyam soddayu sipo. Gullar chaman bo'lib ochilgan, to'rt faslda ham apelsin, mandarin, limon mevalari shoxlaridan arimaydigan daraxtlarga serob ko'chalarda, dengiz sohilida, sabzavotu ho'l mevalarning turlari biznikiga qaraganda ancha kamroq bo'lgan bozorlardagi qisqa muloqotlarda mahalliy aholi vakillaridan “Ërdam kerak bo'lsa, tortinmay so'rayver” degan gapni ko'p eshitdim. Insonni o'rab turgan tabiiy sharoit uning fe'lu atvoriga ham ta'sir qiladi, deyishadi. Mamlakatlar iqtisodi, madaniyatini bog'lab turgan xalqaro yo'l bo'yida yashasalar-da, hayot tarzi, yurish-turishlarida milliy qadriyatlari aks etib turgan bu maskanliklar qalbida qirg'oqlariga to'lqinlari urilib turgan moviydan-moviy dengizdek bag'rikenglikni, to'rt fasl yashillikka burkangan tog'larning chiroyini his etasan. Biz qadrdon bo'lib qolgan xonadonning ayvoni shiftiga qaldirg'ochlar qurgan in nimadir sabab bilan tushib ketgan ekan, uy bekasi inni yana joyiga mahkamlab, pastiga uni himoya­laydigan quticha ham o'rnashtirarkan, dedi: “Yana qulab, bolasi yerga tushib ketmasin. Men u dunyoda bularning uvoli uchun javob berishdan qo'rqaman”.

Dunyo tamadduniga oltin g'ishtlar qo'ygan ulug' ajdodlarning avlodimiz, Yangi O'zbekis­tonni qurish yo'lida katta ishlarga bel bog'laganimiz haqida ishonch bilan gapiryapmiz, xayr­­li maqsadlarimizga mos qadamlarimizni dunyo ahli kuzatib, ko'rib turibdi. Yuqoridagi mulohazalar kimlarningdir nazdida mayda, arzimas, hattoki kulgili tuyulishi mumkin.

Ulug' ulamoning davlat xizmatidagi vaqti tugashi bilan, shaxsiy ishlariga o'tishdan oldin xizmatxonasining shamini o'chirib, o'z puliga sotib olgan shamni yoqib olgani yodingizdami? Ha, bitta ninami yoki katta boylikmi — ko'pchilikning haqi hech kimga buyurmaydi. Agar hozircha buyurib turgan bo'lsa, demak, bu sinovning kundan-kunga og'irlashib borayotganidan darak, muqarrar hisob-kitobi oldinda. O'zaro munosabatlardagi kengfe'llik yoki badfe'llik, dilovarlik yoki dilozorlik, rozi-rizolik yoki norozilik, tushunuvchanlik yoki johillik, kamtarlik yoki manmanlikning hisob-kitobi ham xuddi shunday shubhasizdir. Bir ishimiz bitganiga, qandaydir maqsadimiz amalga oshganiga quvonmoqdan oldin bu muvaffaqiyat, yutuq, daromad, omad kimningdir haqini poymol qilish, xafa qilish evaziga kelmadimi — toki mana shu savol oldida qalbimizu yuzimiz yorug' emas ekan, xalqning ulug' niyatlar yo'lidagi mard yo'ldoshi bo'lolmaymiz. Ezgulikning, xayrning, savobning, yaxshilikning ko'lami, salmog'i qalbdagi ixlosning nechog'liq samimiy, chin ekanligi hamda uning amaldagi ro'yobi bilan o'lchanadi va kattayu kichik ishlarning barchasida birdek namoyon bo'ladi. Shoiri zamon Ogahiy yozganidek:

Kim mehr nurin teng solur

                                     vayronu obod ustina.

Boshqalarni bilmadim, ammo men elning haqini xurmat qilmagan, odamlar haqidan qo'rqmagan, o'ziga loyiq deb bilgan afzallik­lar, qulayliklar, yaxshiliklarga boshqalar ham xuddi o'zi kabi munosib, haqdorligini tan olmaganlarning Vatan taqdiriga doxil ulug'vor ishlarga sidqidildan hissa qo'shganini ko'rmadim, eshitmadim.

Muhtarama ULUG'OVA.

2024 yil 18 iyul,

Gruziyaning Sarpi qishlog'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 17 =