Jurnalistlar ham Vatan himoyachilari

Har birimiz o'z oilamiz, tug'ilib o'sgan qishlog'imiz, shahrimiz, bir so'z bilan aytganda, Vatanimiz haqida gap ketsa, bee'tibor bo'lolmaymiz, negaki, kindik qonimiz to'kilgan go'sha – ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulug'lash tabiatimizda mujassam. Vatanni asrab-avaylash, sevish, uni himoya qilish shu aziz makon har bir farzandining, jumladan, jurnalistlarning ham muqaddas burchi.

To'g'ri, jurnalist harbiylar kabi qo'liga qurol olib Vatanni qo'riqlamaydi. Ammo qo'lidagi qalami bilan yurtini himoya qiladi. Shu bois aytish mumkin, jurnalistlar ham Vatan himoyachilaridir. Dunyoda yuzaga kelgan notinchliklar, avj olayotgan qarama-qarshiliklar ana shu muqaddas burchga sadoqat mas'uliyatini oshirish barobarida har birimizni, ayniqsa, media soha vakillarini axborot xurujlari katta tahdidlardan biriga aylanib borayotgan bugungi kunda yanada ogoh va hushyor bo'lishga undaydi.

Poytaxtimizdagi “Turkiston” san'at saroyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o'tkazilgan navbatdagi “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma'rifiy kecha namoyishiga mamlakatimiz markaziy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan bir yuz ellik nafarga yaqin jurnalistlar ham taklif etildi.

San'at saroyi foyesida tartib bilan joylashtirilgan harbiylarning mashq maydonlarida olingan suratlar, “Turkiy adabiyot durdonalari” turkumidan kitoblar ko'rgazmasi, sport miltiq va modelchilik jihozlari e'tiborni tortadi.

Bir yarim soat davom etgan kecha das­turidan o'rin olgan rang-barang chiqishlar – el suygan  san'atkorlarning Vatanni, onani, ayolni, do'stlikni, tabiatni madh etuvchi kuy-qo'shiqlari, ustoz va navqiron shoir va shoiralarning oila, elu yurt, tinchlik, sevgi-muhabbatga oid odamni o'yga toldiradigan chuqur ma'noli, qalblarni junbishga keltiradigan she'rlari, harbiylarimiz faoliyatiga doir mazmunli,  ko'tarinkilik, faxr-iftixor baxsh etuvchi lavhalar – barcha-barchasi kishiga zavq-shavq berish barobarida chuqur o'yga toldiradi, fikrlashga, mushohada  qilishga undaydi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik o'z-o'zidan ta'minlanmayotgani, uni qadrlash, saqlash har qachongidan ham ustuvor ahamiyat kasb etayotganini yanada teran anglaydi kishi.

Tadbirda qadim o'tmishda elu yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun kurashgan To'maris kabi jasur momolarimiz, yaqin tariximizda mohir mergan sifatida nom qozongan  Zebo G'aniyeva singari xotin-qizlarga bag'ish­langan she'rlar yangradi. Bugun ham milliy armiyamiz tizimida ularning yuzlab izdoshlari Vatanimiz xavfsizligini ta'minlash yo'lida yigitlar bilan yonma-yon xizmat qilayotgani ta'kidlandi.

Mudofaa va Madaniyat vazirlik­lari, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan adabiy-ma'rifiy kechada, ayniqsa, o'z xizmat vazifasini o'tash chog'ida halok bo'lgan Vatan himoyachilarining farzandlari – otalari kasbini tanlagan yigit-qizlarning chiqishlari, dil so'zlari barchani ta'sirlantirdi.

Davlatimiz rahbarining “Barchamiz, eng avvalo, Vatan himoyachisi, tinch­lik posboni bo'lishimiz zarur!” degan chuqur ma'noli so'zlari sahnada namoyish etilgan badiiy-musiqiy chiqishlarning bosh g'oyasi bo'ldi.

— “Vatan manzumasi” tadbiri menga mamlakatimiz ahlining kuchli insoniy tuyg'ulari namoyishidek taassurot berdi. Bu tuyg'ular doimo uyg'oq bo'lishi kerak, – dedi “Qishloq hayo­­ti” gazetasi bosh muharriri Chori Latipov. — Shuni nazarda tutganda ma'rifiy uyg'onishlar yuz berayotgandek. Bu tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan ziyolilar, xususan, jurnalistlar taklif etilganligi, shuningdek, zalda Vatan hi­moyasida bo'lgan harbiy libosli yigitlarimizni ko'rib, tadbirning mo­hiyati yuksak ekanligini chuqurroq his qilasan. Zotan, bunday tadbirlar ishtirokchilarda Vatan muqaddasligi hissini yanada mustahkamlaydi.

Ushbu tadbir shu nom ostida o'tgan yili bo'lib o'tgan kechaga monand tarzda tashkillashtirilgan bo'lsa-da, bu yilgi namoyishlar  o'ziga xos jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Ta'kidlash joiz,  bunday ma'rifiy tadbirlarga zarurat va ehtiyoj borligi, bu singari kechalarni doimiy o'tkazib borish lozimligi ravshanlashmoqda.

Xolmurod SALIMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.,

Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + two =