O'rozboy og'aning sovg'asi

Yoshi ulug'lar boshdan kechirganlarini gapirib berishni xush ko'rishadi. Shu bahona ular o'z umrini sarhisob qilganday bo'lishsa, ne ajab. Onajonim ham menga ko'rgan-kechirganlari haqida ko'p hikoya qilardi. Ulardan biri qoraqalpoq adibi O'rozboy og'a Abdurahmonov haqida edi. Taniqli adib Xayriddin Sultonning “Odamlardan tinglab hikoya” asarini o'qib onamning hikoyasi yodimga tushdi.

Onamning asl kasbi boshqa bo'lsa ham, 1982 yil — yoshlik davrlarida uyga yaqin deb, hozirgi kundagi “Do'rmon” ijod uyiga kir yuvuvchi bo'lib ishga kiradi. Ishlab yurgan kunlarning birida ishga kelmagan farrosh opaning o'rniga xona tozalashga boradi. Onam orasta qilgan xonalarning bittasida qoraqalpoq yozuvchisi O'rozboy Abdurahmonov dam olib, ijod qilayotgan ekan. Onam xonani tozalab bo'lgach, to'satdan O'rozboy og'a uni savolga tutadi:

— Hoy, sen kimsan o'zi?

— Jumagul, — deydi onam xavotirlanib.

— Xo'p, oting Jumagul ekan. O'zing kimsan?

— Qaysi ma'noda kimman?

— Kasb ma'nosida, — deydilar O'rozboy og'a.

— Kir yuvuvchiman. Nega so'rayapsiz, xonangizni yaxshi tozalay olmadimmi? — onam qo'rqib ketadi.

— Yo'q, xonani juda yaxshi tozalading, rahmat. Lekin o'zingni tutishing, muomalangdan ko'rinib turibdi, kasbing boshqa bo'lsa kerak seni.

— Shunday demaysizmi? Sal bo'lmasa yig'lab yuboray dedim-ku, — bu gapdan keyin onam xotirjam tortadi. — To'g'ri, asl kasbim hamshira. Oldingi ishim shahar markazida bo'lganligi sabab, harna uyga yaqin bo'lsin deb, shu yerga ishga kirdim. Yosh bolalarim bor…

— Ha, aytdim-ku, ziyoli ekaning bilinib turgandi. Adabiyotga yaqin ko'rinasan?

— To'g'ri aytasiz, kitob o'qishni yaxshi ko'raman, adabiyotga juda qiziqaman, og'a.

— Juda soz, kel, senga kitob sovg'a qilaman, — deya ustoz adib dastxat yozib, onamga bir kitoblarini sovg'a qiladilar.

— Menga umrimda birinchi marotaba kitob sovg'a qilgan odam siz bo'ldingiz, og'a, katta rahmat, men uchun bu sovg'a juda aziz bo'lib qoladi, — minnatdorchilik bildiradilar onam.

Shunda O'rozboy og'a:

— Sen, Jumagul, ortiq bunday yurma. Qo'lingda hunaring bor ekan, bundan foydalanib, o'z kasbingda ishla. Yaxshi ishlab, odamlarda o'zing va kasbingga nisbatan hurmat uyg'otsang, hali ko'p kitoblar sovg'a qilishadi. Bilsang, har bandaning kasbi odamlar orasida e'zoz topishiga bir imkon, — deb maslahat beradi yozuvchi.

Onam O'rozboy og'aning gapini “Do'rmon” ijod uyining rahbariga yetkazib, u kishi sovg'a qilgan kitob va unga yozilgan dastxatni ko'rsatadi. So'ngra hamshiralikka ishga o'tadi va shu ishda o'ttiz yilga yaqin vaqt ishlab, nafaqaga chiqadilar. “O'ttiz yil ishlab, qanchadan-qancha yozuvchilar bilan ko'rishdim, ularni davoladim. Haqiqatan ham, bu yozuvchilar menga ko'plab kitoblar sovg'a qilishdi. Ammo O'rozboy og'a sovg'a qilgan kitob olgan sovg'alarimning ichida eng qadrlisi bo'lib qolaverdi. Chunki u menga kim ekanimni, aniqrog'i, hayotdagi vazifam nima ekanini eslatgan, yashash borasida to'g'ri yo'lga yetaklagan edi. Aslida, yaxshi yozuvchilar shunaqa bo'ladi. Qanday inson ekaningni darrov taniydi. Nafaqat yozgan asarlari, balki aytgan ikki og'iz gaplari bilan ham sening hayotingni o'zgartira oladi”, deb aytardilar onam. U kishi biz farzandlarini ham ziyolilarga hurmat ruhida, qalbimizni adabiyotga, ilmga moyil qilib tarbiyaladilar.

Onamdan eshitganim ushbu voqea esimga tushsa, har safar O'rozboy Abdurahmonovdan cheksiz minnatdor bo'laman. Axir o'ylab qarasam, u kishi bergan sovg'a nafaqat onamning hayotini o'zgartirgan, balki biz farzandlarining ham qalbimizda ziyo chirog'ini yoqqan ekan…

Elmira IMANQULOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 10 =