Ko'lga qo'l bergan qo'rg'on

Bu joylar bilan batafsil tanishishga ilmiy-amaliy safar davomida vaqt yetmadi, uni faqat uzoqdan kuzatish mumkin bo'ldi: yotiq qiyalikdan tepaga ketgan (aniqrog'i, tushgan) iz xas-xashaklar qoplab olgan bo'lsa ham aniq bilinib turardi. Dunyo kezgan, shoh va shoir Bobur izidan yurib, ko'p safarlarda ishtirok etgan tajribali jurnalist Farrux Rasulov ham gap nimadaligini his etgach: “Bunda nimadir bor…” dedi tagdor qilib. Diqqatni tortadigan jihat shundaki, baland tepalikdan quyiga “ariq” tushgan, ammo tap-taqir do'nglik (xalq tilida u “Qo'rg'on” deb yuritilgan) dan quyiga ariq tushirishda mantiq yo'q. Pastdagi Ko'l (haqiqatan, uning o'rni bilinib turibdi, ikki gektarcha yerni egallagan, palaxsa-palaxsa yorilib yotibdi) dan yuqoriga suv chiqmasligi ham aniq. Demak, Qo'rg'on va Ko'lni bog'lovchi sirli yo'l bo'lgan. Agar izning o'rni hozir ham 2,5-3 metrlar chamasi ekanligini hisobga olsak, yer ostida kattagina inshoot qurilgani ma'lum bo'ladi. Bu nima bo'lishi mumkin?
Mabodo u yer osti yo'li (tim) bo'lmaganmikan?! Yillar o'tgan va cho'kkan, undan sirtda shu iz paydo bo'lgan! Biz ham hozircha shu to'xtamga keldik. Agar bu faraz rost bo'lsa, ushbu manzilda katta sinoat yashirinib yotibdi. Avvalo, xilvat tog'lar qurshovida bunday qurilmaning yaratilishi ajablanarli. Oddiy mantiq shuki, Qo'rg'ondan quyiga — Ko'lga yer osti yo'li tushirish faqat suv ta'minoti uchun zarur. Agar chamasi bir chaqirimlar lahim qazib, uning ustini yopib, zinalar bilan ta'minlashni hisobga olsak, bu anchagina katta yumush hisoblanadi, uni qurishga yillar ketgan. Demak, bu maskanda uzoq vaqt (o'n yillar) davomida yashash ko'zda tutilgan bo'lib chiqadi.
Maskan va uning strategik maqsadlarini to'la tasavvur qilish uchun Qo'rg'on hamda Ko'lning joylashish manzarasiga e'tibor qarataylik. Quyosh sharqdan, ko'p marta ta'riflaganimiz Amir Temur g'ori joylashgan Sherlar qal'asi darasini o'rab turgan cho'qqilar ortidan yuz ko'rsatadi. Tog' 20-30 chaqirimlar pastlab boradi, shimoldan kelgan Qizildaryo va sharqdan kelgan Qal'a suvi bir nuqtada tutashadi. Xuddi shu o'rinda, daryoning bu betida yarim chaqirimlar yuksaklikda go'yo ulkan kema yastanib yotibdi. Uning dum qismida, qiyalikda Toshqo'rg'on qishlog'i joylashgan (edi). Kemaning bosh qismida esa tepasida 2-3 futbol maydoni kengligida tekisligi bo'lgan Qo'rg'on. Kemaning o'rtasida — Ko'l. Bizni qiziqtirayotgan sinoat ana shu joyda mavjuddir.
Yaqin o'tmish manzaralari shuni tasdiqlaydiki, Qo'rg'onning tepasidagi keng maydonda binolarning poydevorlari saqlanib turardi. Ular toshlar taxlanib ko'tarilgani aniq edi. Qishloq odamlari toshlarni quyiga dumalatib, qurilishga ishlatganlar. Hatto maktab poydevori, atrofidagi devor va hovlidagi yo'laklar shu Qo'rg'onning o'quvchilar yelkasida ko'tarib kelgan toshlaridan tiklangan edi. Toshlar kavlab olinar (ularning tagida ilonlar ko'p bo'lgan), yerda esa omoch bilan dehqonchilik qilinardi. Ba'zan yer haydayotganda ul-bul ashyolar ham chiqib qolgan, tabiiyki, ular “eskilik sarqiti” bo'lganidan, odamlar qo'rqib ketganidan og'iz ochmagan. Lekin aniq eslayman, bir gal yaqin hamsoyamiz usta G'afforning oldidan metal kosa chiqib qolgani gap bo'lgan, ammo tezda “isi” yo'qotilgan. Xullas, bu maskanda odamlar muqim yashagani, Qo'rg'on ustida esa sun'iy ravishda qo'l kuchi bilan qal'a ko'tarilgani aniq. Endi navbatdagi savol tug'iladi: xo'sh, bu yerda kimlar yashagan? Quyidagi Ko'ldan tepadagi Qo'rg'onga yer osti yo'li (agar u tasdiqlansa) chiqarishning qanday zarurati bo'lgan (yovgarchilik, qorli-qirovli kunlar…) va bunday katta hajmli qurilish qay yo'sinda amalga oshirilgan? Savollar ko'p.
Qo'rg'on qurilishi haqida bir hikoyatni eshitganman. Menga uni mulla Rahmatulla (Xudo rahmat qilsin) aytib bergan: “Moshinchi momam bir qo'shiqni xirgoyi qilardi. Qiziqib so'raganimda, uni qishloq xotinlari to'qigan, deb aytardi. Tarixi ham qiziq edi: bir hukmdor qo'rg'on (qal'a) qurmoqchi bo'lib, jami yigitlarni yaqin-atrofdan tosh tashishga jalb qilibdi. Juda qiynab, kechayu kunduz ishlatibdi. Hatto uylariga ruxsat ham bermabdi (sababi, xotinlarini ko'rsa, kuchi ketib qoladi, degan ekan). Bir kun hukmdor ishning borishini kuzatgani keladigan bo'libdi. Buni eshitgan xotinlar jam bo'lib, daf chalib qo'shiq bilan unga peshvoz chiqishibdi. Qo'shiqda hukmdor, uning bunyodkorligi ta'riflanib, oxirida “Zulmingizning zo'ridan… to'shaklarimiz ro'za tutdi (undan ham ochiq)”, deb, o'z ahvollarini bayon etishibdi. Shunda hukmdor xatosini tushunib, yigitlarni vaqti-vaqti bilan uyiga qo'yadigan bo'libdi”. “Moshinchi momo” — qishloqda yagona “Zinger” tikuv mashinasiga ega bo'lgan Bibisora aya (joyi jannatda bo'lsin!) bu qo'shiqni necha avlodidan yaqin kunlargacha yetkazgan — bunisi Yaratganga ayon, ammo mulla o'sha qo'shiqni yozib olmaganidan juda afsuslangan edi (ha, ko'p narsalar boy berilganidan keyin qadri bilinadi). Shu kichkina dalilning o'zi Qo'rg'on bilan bog'liq ko'p narsalarga oydinlik kiritadi, uning Ko'lga nega “qo'l bergani” esa jiddiy tadqiqotlarni talab etadi. Shunday emasmi?
Olis tarix haqiqatlari qanchalab dalillar, taxminlar, farazlar qobig'iga o'ranib yotibdi! Ularni bir-bir yechib, yadrodagi moyani kashf etish nechog'lik yuksak iste'dod, mashaqqatli mehnatni talab etadi! Faqat oyoq bosib turganimiz shu zaminni muqaddas bilib, uning tuprog'ini to'tiyo qilibgina, otashin mehr bilan zargarona nazar tashlabgina uning mag'ziga yetish mumkin. Bizning bayon qiladigan ba'zi mulohazalarimiz aslo tayyor haqiqatlikni da'vo qilmaydi, balki shunday sa'y-harakatga turtki bo'lishi mumkin. Davrlar o'tdi, zamonlar o'zgardi, qancha hukmdor kelib ketdi, ammo mo''tabar manbalarda qayd etilgan tuproq joyida sobit turibdi-ku axir! Uning “tarjimai holi”ni tiklash borasidagi harakatlar ham ezgu bir amal, yaxshilik yo'lidagi urinish deb qabul qilinmog'i lozim.
Hurmatli ustozimiz, yirik tadqiqotchi olim Poyon Ravshanov “Qashqadaryo tarixi” (“Fan” nashriyoti, 1995 yil) deb nomlangan monografiyasida shunday qaydlarni keltirgan ekanlar: “Iskandar Boxtar Zaminning o'sha vaqtdagi eng mustahkam qo'rg'onlaridan biri Toshqo'rg'onni ham zabt etishga muvaffaq bo'ldi. O'sha paytda bu qal'a yunon tarixchisi (Arrian)ga Aori degan nomda ma'lum bo'lgan” (30-bet). Kitobning boshqa bir joyida shunday ma'lumotlar bayon etiladi: “Hisor tog'i etaklarida ham bir qancha kishilik manzillari kashf etilgan. Bu, shubhasiz, Sug'd va Boxtarni bog'laydigan yo'llarning Toshqo'rg'on va Oqrabot orqali o'tishi bilan ham uzviy bog'liqligi vajidan vujudga kelgan qishloq va qasabalar bo'lsa kerak… Kursiy Ruf va Arrian Aleksandr Makedonskiyning Navtakaga Gabaz (Toshqo'rg'on) orqali o'tib kelganligini yozib qoldirganlar” (114-bet).
E'tibor bering, gap bundan 2,5-3 ming yillar oldingi voqealar haqida ketayapti. Bu orada dunyo necha alvon aylangan, sivilizatsiyalar yangilangan, shaharlar paydo bo'lib, o'rni yana tap-taqir bo'lgan, ammo voqealar sharhi bizgacha yetib kelgan, uning guvohlari — salobatli tog'lar sobit, lekin, afsuski, ular gapira olmaydi. Albatta, tarixning bu suronlari ro'y berganidan keyingi yillar davomida vaqt shamoli, bo'ronlari qancha narsani yo'qotib yubordi, ammo ulardan chumolining izicha nimadir qolgan-ku! Endi mantiq o'sha unsurlarga zarrabin bilan boqib o'tmish haqiqatini kashf etishdir. Ko'lga yer osti yo'li — bu, balki Oksiartning qizi Ruxshona uchun qurilgan qasrga xizmat qilgandir, balki bu qasr Vaxshivordadir. Ammo uning shu zaminda — Turonda barpo etilgani aniq. Lekin qaerda, qani?
Biz aslo hali o'rni hech kimga ma'lum emas, ammo tarixiy manbalarda batafsil ta'riflangan malikaning qasri aynan shu joyda, degan fikrdan yiroqmiz. Ammo Aleksadr Makedonskiyning tarixchilari qayd etgan manzillar ayni shu o'ramda bo'lsa (olim Poyon Ravshanov bu ma'lumotlarni “Istoriya Uzbekistana v istochnikax”, T., 1984 yil”, kitobidan keltirgan), demak, bu hududlar yillar davomida o'ziga xos karvon yo'llari o'tadigan va tutashadigan markazga aylangan hamda vaziyat talabi bilan yirik inshootlar, binolar qurilgan. Shunga ko'ra Qo'rg'on ustida aholi manzilgohi barpo etilgani ham mantiqqa to'g'ri keladi. Bu joyni biladigan odamlar tasdiqlashi mumkinki, manzil chindan ham jo'g'rofiy qulay o'rinda, u atrofdan ancha baland va unda tevarakni bemalol kuzatish mumkin. Albatta, yunonlardan keyin ham taraqqiyot davom etdi, keyingi hukmdorlar zamonida ham bu manzillar qandaydir maqsadlarga xizmat qilgani tayin.
Shunday muhokamalar o'ramida fikr bir joyda to'xtaydi: xo'sh, tevarakda Amir Temur nomi bilan bog'liq joylar ko'p uchrar ekan, bu maskanning Sohibqironga daxli yo'qmikan? Axir “Zafar yo'li” (1992) kitobida “Yigirma ikki yoshimda… Arrafot tog'ida askar to'plamoqchiligimni aytdim” (39-bet) tarzidagi gaplar bor va Bovurchi (hozir unga “Titanik” deb nom qo'yib olishibdi) cho'qqisidan shimolda arraning tishlaridek saf tortgan cho'qqilar ko'rinib turibdi-ku! Bundan oldin ham bu joylar Temurbekning otasiga tegishli mulk bo'lgandir.
Mazkur farazlarda qanchalik haqiqat bor, bilmadik, lekin bitta katta savol aylanaveradi: Temurbek hayotini garovga tikib, bosqinchilarga qarshi kurash maydoniga chiqdi. Uni goh Samarqand, goh Buxoro atroflarida, goh Muborak cho'llarida-yu qoraqalpoq dashtlarida, hatto Amudaryoning narigi sohilida ko'ramiz. Ana shunday suronli va taloto'p kunlarda uning ahli oilasi qaerda jon saqlagan va mulki qanday muhofaza qilingan? (Ta'kid bizniki. H. S.) Holbuki, 1360 yilgacha, ya'ni Movarounnahr taxtini egallashga kirishguncha uning ikki nafar o'g'li, otasidan qolgan mol-mulki, shunga yarasha xizmatkorlari-yu boshqa a'yonlari bo'lgan. Albatta, dushman o'lja ilinjida izg'ib yurgan tekisliklarda kun ko'rish juda katta qiyinchiliklar tug'dirardi. Mo'g'ullar asosiy dushmani sifatida maydonga chiqqan Temurbekning xonadonini yo'q qilishi aniq edi, balki bunday harakatlar ham bo'lgandir. Ana shunday tahlikali vaziyatda, mabodo Temurbekning oilasi cho'qqilar qurshovidagi shu hududlardan panoh topmaganmikan? Qo'rg'on ham yetarlicha muhofaza qilingan, hatto yer osti yo'li barpo etilgan, tirikchilikning uzoq davriga munosib sharoit ta'minlanmaganmikan? Axir Amir Temur Turon mulkining sultoni deb e'lon qilinguncha o'n yillar (1370 yilgacha) o'tib ketdi-ku!
Qo'rg'on janubga tomon quyilab ketadi. Ancha pastda Toshmalang, Katta G'alang, Kichik G'alang (bu so'zlarni biror ma'no tashirmikan, deb keltirayapman) degan tepachalar bor. Odamlar bu joylar qabriston bo'lganini bot-bot eslatar, lekin undan biror asar qolmagan, tosh bo'laklari bilan qoplanib yotardi. Balki yer qa'rida nimadir bordir, ammo bu joylarning bir metri ham o'rganilmagan, ko'zdan pana joylar. Mutaxassislarning aytishicha, tekislikda yumushlar tiqilib yotibdi, tog' arxeologiyasini o'rganishga hali navbat kelmabdi. Nima deymiz, hammasini kelajakka qoldirib, yana yozma manbalarga murojaat qilamiz.
Tarix sinoatlari va ularning badiiy (tarixiy) talqini bo'yicha yo'lda davom etamiz. Yana hazrat Alisher Navoiyning shoh asarlaridan birini qo'lga olaylik. Zero, oldin qayd etganimizdek (“G'orda ajib voqe durur” essesi), buyuk shoir “Sab'ai sayyor” dostonida shu hududlarga muborak nazarlarini solganlar. Dostonning 25-bobida Faylaqus hakim va shahzoda Sa'dning g'or ayvonidagi suhbati jarayonida Kash (Shahrisabz) yo'lidagi bir qasrni obdan ta'riflaydilar. Shahrisabz shohining qizini shavq bilan tasvirlab:
Ul erur shohi sabzpo'sh qizi,
Ki quyosh ko'hlidur oyog'in izi… —
deya ul pari bir qal'ada yashashini ma'lum qiladilar va qal'ani batafsil vasf etadilar:
Shohg'a qal'ai durur oliy,
Rif'at ichra sipehr timsoli.
Bir biyik qulla uzra ul qo'rg'on,
Burji ko'k qal'asig'a ta'n urg'on.
Shoh qo'rg'on aro yasab bir qasr,
Anda sokindurur ul ofati asr.
Qasr davrida uch hisor durur,
Burjlari anda charxvor qurur.
Har hisorida bir biyik darband,
Rif'at ichra kelib falak payvand.
Lek darbandlar ochilmay hech,
Haddin ortuq yo'lida tob ila pech…
Faylaqus hakim Sa'dga juda mustahkam qo'riqlanayotgan ana shu qal'a ichidagi uch hisorni qanday fath etish yo'llarini miridan-sirigacha tushuntiradi, yo'l-yo'riq ko'rsatib, olg'a chorlaydi. Dostonning davomida shahzodaning o'z maqsadiga yetish yo'lidagi tadbirlari, uni sehr-jodu, devlar, “zangi”larni bartaraf etib, hisorni musaxxar qilgani barobarida qal'aning go'zalliklari ham vasf etiladi. Sa'd maqsadga yetgach, bu haqda Shahrisabzga xabar yetadi…
Botiniy ma'nolarga to'yingan bu satrlarda qanday hikmat yashirin? Rostdan, Shahrisabz bilan bog'liq hikoyatni dostonga kiritish fikri buyuk shoirda qanday paydo bo'lgan va ul zoti kirom bu joylar haqida tasavvurga ega edimi? Yoki ma'lumotlarni qaysi manbalardan o'qiganlar, kimlarning suhbatidan bahramand bo'lganlar? Biz uchun eng sharaflisi esa zarrin qalam bilan shunday shoh satrlarning bitilgani!..
Ko'rinib turibdiki, mo''tabar manbalarda qayd qilingan va ta'riflangan joylar ayni paytda ham tuproqlar ostida, yillar g'ubori qurshovida boqiy turibdi va olis moziydan bizgacha yetib kelgan xabarlarni tasdiqlamoqda. Necha yillardan beri savlat to'kib turgan tepalik, undan quyiga tushgan iz… ammo uning sirini ochishga navbat yetmagan. Agar odamzod tarixining 99 foizi arxeologik tadqiqotlar bilan o'rganilganini qayd etsak, undagi kichkina artefakt yoki unsur juda katta haqiqatlarga yo'l ochadi. Bu borada dunyo arxeologiya fani yetarlicha tajriba to'plagan.
Oddiygina Troyaning ochilish tarixini eslaylik. Uning asoschisi Genrix Shliman (1822-1890)ga kichkinagina unsur dastak bo'lgandi. Holbuki, shungacha ko'p tadqiqotchilar tarixiy shaharning o'rnini boshqa joydan belgilab kelganlar. Katta kommersant, dunyo kezgan olim Shliman masalaga amaliy yondashadi va maqsadiga erishadi.
Qashqadaryoning chekka bir tog' qishlog'ida esa tarix sinoati o'ziga yo'l ochib turibdi, uning belgilari manaman deb, tadqiqotchilarni chorlamoqda. Bilganlar bu sinoatni bilayapti, bilmaganlar esa oldidan g'ofil o'tib ketayapti, gohida uning atrofida turli mantiqli farazlar e'lon qilinmoqda. Umid shuldirki, soha mutasaddilari bu masalaga o'z munosabatlarini bildiradilar. Mabodo barcha farazlar inkor etilganda ham bir yirik tadqiqot fanda qoladi. Zero, bu joylar dunyo nigohida turganligi sir emas. Albatta, milliy mutaxassislarimiz ularga ish qoldirmaydilar.
Hakim SATTORIY.