Navoiy haykali qoshida

Ibrohim ChORI

(Erkin Vohidov ijodining eng gullagan davrlarida “Fuzuliy haykali qoshida” nomli mashhur she'rini yozgan. Men esa ushbu she'rni buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy haykali  poyida bitdim).

 

Hali tevarakda qishning havosi,

Uyg'onmagan hali gulu og'ochlar.

Hali eshitilmas bulbul navosi,

Taralmabdi hali tolbargak-sochlar.

 

Favvora mudraydi, hovuz muzlagan,

Sovuq yomg'ir tomchisi inar kiprikka.

Oq kapalak kabi qor uchar ba'zan,

Hali-hamon oftob kelolmas tikka.

 

Ammo to'xtatarmi meni bu holat?

Marmar zinalarga oyoq qo'yaman…

Shu onda tark etar borki jaholat,

Bor g'ubor ketganin shu dam tuyaman.

 

Tomirlarim bo'ylab qon oqar toza,

Ruhim va jismimdan soflik ufurar.

Mana, kimdan olsa bo'lur andoza,

Mana, ul zot nechun bu yerda turar!

 

Qarshimdagi haykal jonlidek go'yo,

Qadam tashlashlari mardona, dadil.

Bosgan har bir izi ko'zga to'tiyo,

Aytgan har bir so'zi tub-tubida dil.

 

Nurdek yorug' chehra ko'chmishdir toshga,

Labda nim tabassum, ko'zlarda kulgu.

Chimrilmoq yarashmish bunchalar qoshga,

Bari bizga o'rnak, barchasi ulgi.

 

Shoshgancha kelibdi, ilkida aso,

Shuncha yo'lni bosib horimagandek.

Qarashlari tetik, qad-bo'yi raso,

Keksalik unga hali dorimagandek.

 

“G'urbatda g'arib shodumon bo'lmas emish,

El anga shafiqu mehribon bo'lmas emish.

Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa,

Bulbulga tikondek

oshiyon bo'lmas emish…”

 

Kim yurt qadrin buncha ko'targan yuksak?

Kim unga deb bitgan buncha to'kis bayt?

Arziydi har safar o'qib yosh to'ksak,

Yoki shior qilib olsak ayni payt…

 

Birgina she'rda jo shuncha g'am-g'ussa,

Shunchalar cheki yo'q Vatan sog'inchi.

Qanday ko'tardi bu dard, alamni jussa,

Bir umr bo'lmagach halovat, tinchi?

 

“Esiz, taqdir ekan, qaydin bilibmiz,

Azizam, dunyoga bevaqt kelibmiz…”

 

Alam-la o'ylayman — tug'ilsa bu kun,

Go'zal Guli bilan qovusharmidi?

Iqbollari baland, baxtlari butun,

Shu bog'da quvlashib-chovusharmidi!

 

Shu aziz tuproqda topsaydi orom,

Turmasmidik qabri tepasida jim.

Bo'lmasmidi qalbda nadomat mudom,

Va og'riq sezmasdik yurakda sim-sim…

 

“Turk nazmida chu men tortib alam,

Ayladim ul mamlakatni yakqalam”

 

Bunchalar yuksak u, bunchalar baland!

Quchsak tizzasini arang quchamiz.

Nazm gulshanida yo'q unga monand,

Uchsak ham boshmog'i tengi uchamiz.

 

Besh asr o'tsa-da o'rganib har kun,

Har on duch kelamiz yangi bir so'zga.

Buyuklik belgisi shundoq, inchunin —

Har harfi, satrida ma'no bor o'zga.

 

Bobur nomasida etgan e'tirof,

Turkda undek hech kim yozmagandir ko'p.

Navoiyning tili nuqsonsizdir — sof,

Shu tilda so'zlashsak bo'larmidi xo'p…

 

“Odami ersang demagil odami

Anikim yo'q xalq g'amidin g'ami”.

 

Go'yokim bugunni so'ylaydi tili,

Go'yokim biz bilan hamdam, hamnafas.

(Bizning asrdadek tug'ilgan yili!)

Garchi olislardan kelar ushbu sas.

 

Derlar kelajakni ko'rar avliyo…

Davronlar kelishin bilganmidi u?

Zulmat tugashini, chiqishin ziyo,

Bugunni bashorat qilganmidi u?

 

“Daholar har ishda daho”, degan kim?

Ko'zda tutganmi u Mir Alisherni?

Buni bilgim kelar tirikman tokim,

Bilgandek u yozgan har g'azal, she'rni.

 

Do'st bo'ldi podshoga, do'stkim benazir,

So'ngra bosh vazir u — o'ngu so'l qo'li.

Eng og'ir damlarda ko'makka hozir,

Hech xato ketmagan tanlagan yo'li.

 

Mustaqildir Vatan, ozod dinimiz,

Xo'ja Ahror kabi pirlar qaytmoqda.

Necha yillab kutgan og'a, inimiz,

Buyuk bobomizdek mirlar qaytmoqda.

 

Milliy bog' aslida o'zbekning yuzi,

O'zni anglay desang kezib tur bunda.

Navoiy aytar so'z millatning so'zi,

Qaynoq nafasini sezib tur bunda.

 

Navoiy tilini bilmaslik gunoh,

Gunohkim — sen millat g'amin yemassan.

Turli bahonalar bo'lolmas panoh,

Gar uni bilmasang o'zbek emassan!

 

* * *

Ta'zim-la gul qo'yib xoki poyiga,

Qancha alqamayin baribir ham oz.

Qancha yozmay ko'nglim tushmas joyiga,

Siyoh ham yetmagay, yetmagay qog'oz!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =