Savob chirog'i

“1991 yil 25 dekabr kuni otam olamdan o'tib qoldi. Kafanlik olish uchun ariza yozib rayon matlubot jamiyati raisining oldiga bordim…”
(Yangiyo'llik Alisher YO'LDOShEV
hikoyasidan).
O'tgan hafta notanish raqamdan qo'ng'iroq bo'lib qoldi.
— Assalomu alaykum, men Yangiyo'ldan Alisherman, Prezident akademiyasida birga o'qigan kursdoshingizman.
— Va alaykum assalom, e, bormisiz, qadrdon, nega kamnamo bo'lib ketdingiz?
— “Facebook”da o'qib esimga tushib qoldingiz, tug'ilgan kuningiz bilan tabriklayman.
— Rahmat, ovozingizni eshitib xursand bo'ldim. Allohning mehribonchiligini qarang, shu kunlarda Yangiyo'lga borib, rahmatli O'lmas Masharipov haqida bir narsa yozmoqchi bo'lib turgandim.
— Ie, bobom qishloq sovetiga raislik qilgan paytda O'lmas aka kotib bo'lib ishlagan, shogirdi bo'ladi, savob ish boshlabsiz. Yangiyo'lga qachon kelasiz? O'lmas Masharipovni yaxshi bilgan shogirdlari oldiga olib boraman…
Xullas, shu qo'ng'iroq sabab bo'lib, o'tgan haftaning payshanba kuni ertalab Alisher do'stimiz Yangiyo'lning Qovunchi mahallasida O'lmas akaning shogirdlaridan biri Rustam Hamrobekov bilan uchrashtirdi. Yetmish yoshlar chamasidagi Rustam aka bilan suhbatlashib shu narsa ayon bo'ldiki, u ota-onasining, ustozlarining duosini olgan inson ekan.
— Esimni tanibmanki, har kuni ishga ketishimdan avval otamning duosini olib ketardim, — dedi u. — Bir kuni yoniga kirsam, tahorat olayotgan ekan, hadeganda chiqavermadi. Imtihondan kechikmay deb shoshilib duo olmay ketdim. Yo'lda avariya qilib, o'sha kuni hamma ishim chappasiga ketdi…
Ko'pning xizmatini qilib martabaga erishgan keksa savdo xodimi Rustam Hamrobekov bilan O'lmas Masharipovning ibratli xislatlarini yodga oldik.
— O'lmas aka madaniyatli va hurmatli inson edi, — deb esladi u. — Rahbarmi, oddiy ishchimi, boymi, gadomi — hammani birdek hurmat qilardi, hammaga birdek muomalada bo'lardi. To'ymi, azami, aytilgan joyga, albatta, borib yo'qlar edi. Izdihomlarga hech qachon quruq bormagan, qo'li ochiq, saxovatli inson edi.
Hayotiy va ijodiy tajribamda ko'rganlarimdan shunday xulosaga keldimki, kishi qanchalik yo'qchilikni ko'rgan, qo'li kaltalik azoblarini tortgan bo'lsa, shunchalik kambag'allarga mehribon, ularga infoq-ehsonli bo'lib qolar ekan. 1999 yili bo'lsa kerak, O'lmas Masharipov tabarruk yoshga to'lganida respublika nashrlarining birida “Ota” degan ocherkim bosilgan edi. Unda O'lmas akaning hayot yo'llari, bolaligidagi qiyinchiliklar, mushtipar onasi chekkan azob-uqubatlar haqida ham yozgandim.
Butun umrini ilmga bag'ishlagan, o'zbek tilshunosligi ustunlaridan biri, navoiyshunos olim, akademik Alibek Rustamov “Adiblar adab haqida” kitobida ana shu “Ota” ocherkim haqida ham eslab, qahramonim O'lmas Masharipovni “valine'matim” deb atagan edi.
Darvoqe, u professor Alibek Rustamov bilan juda yaqin do'st bo'lishgan. O'lmas aka ahli ilmlarni, ayniqsa, yorqin iste'dod va tafakkur egalari bo'lgan olimlarni qadrlaydigan xislatli kishi edi. U rahmatli Alibek Rustamov boshida qora bulutlar suzib yurgan paytlarda ham do'stiga sadoqat ko'rsatib, har tomonlama madadkor bo'lgan edi…
Alisher Yo'ldoshev o'ylaganimdan ham ko'ra zehnli va xotirasi o'tkir ekan. U bilan tuman markazi bo'lgan Gulbahor shaharchasi tomon borar ekanmiz, O'lmas akaning odamiyliklari haqida eslashdik.
— 1991 yil 25 yanvar kuni otam olamdan o'tib qoldi, — deya Alisher g'amgin hikoyasini boshladi. — Kafanlik olish uchun ariza yozib Yangiyo'l matlubot jamiyati raisi O'lmas Masharipovning qabuliga kirdim. U meni bag'riga bosib: “Otang elning xizmatini qilgan aziz ustozim edi, — deb hamdardlik bildirdi. — Sen tezda uyingga borib, ta'ziyaga kelganlarni kutib olgin, zarur narsalarni o'zim yetkazaman”, deb meni tashqarigacha kuzatib qo'ydi. O'sha kuni ta'ziya marosimiga nimaiki zarur bo'lsa, hammasini olib bordi. Yonimda turib, keldi-ketdini tug'ishgan akadek kuzatdi. Oradan uch kun o'tgach, onam olib kelingan narsalarni hisob-kitob qilib, qog'ozga bir dasta pulni o'rab, O'lmas akaga berib kelishimni buyurdi. Idorasiga borib pulni uzatsam, O'lmas aka: “Bu nima?” deb so'radi. “Olib borgan narsalaringiz uchun onam berib yubordi”, deganimni eshitib, jahli chiqib ketdi. “Bobong meni och-nahor kunlarimda, kambag'alligimda boshimni silab ishga olib, o'g'liday mehribonchilik qilgan edi. Otang menga xuddi tug'ishgan akamdek edi. Qaysi uka akasi uchun pul oladi? Buni onangga oborib ber. Nima kamchilik bo'lsa, tortinmay kelaver, o'g'lim” dedilar. Yig'lab-yig'lab uyimga ketgandim…
Bu hayotiy hikoyadan men ham ta'sirlanib ketdim…
To'g'risi, boshimga tushmaganligi uchun sobiq sho'rolar davrida hatto kafanlik ham ariza orqali berilishini bilmagan ekanman. Alisherning aytganlarini eshitib, bugungi kunimizning qadri naqadar baland ekaniga yana bir marta iymon keltirdim. O'lmas Masharipov Alisherlar oilasiga qilgan shunday muruvvatni Yangiyo'ldagi juda ko'p kambag'al oilalar boshiga musibat tushganida ham ko'rsatib kelgan ekan.
Xolis insonning do'stligi ham samimiy bo'lar ekan-da. O'zbekiston xalq hofizi, o'ta nozik va mayin ovoz sohibi Ochilxon Otaxonov bilan O'lmas Masharipov qalin do'st bo'lishgan. Keksaygan chog'larida ham ko'p gapirmas, gapirsalar ham hikmatli hikoyalardan so'zlashardi. Kamtarona, lekin toza-ozoda kiyinib yurishardi. Qarigan chog'larimizda bizga ham shunday do'stlar nasib etsin deb niyat qilganman…
Hayotining so'nggi yillarida O'lmas aka Xalqobod qo'rg'onidagi non zavodida rahbar bo'lib ishladi. Avtomashinamda voha tomonlarga xizmat safariga ketayotib, Xalqobodga kirib, u kishidan duo olib ketishga odatlangan edim. Doimo qo'yarda-qo'ymay o'n dona buxanka non berib yuborardi. “Yo'lchilarga, musofirlarga, avtomashinasi buzilib qolganlarga, cho'ponlarga berib ketarsiz, savob bo'ladi”, deb aytardi. Alloh O'lmas akaning nonlariga nasibasi qo'shilgan kishilarni, albatta, yo'limda ro'para qilar edi…
Bir safar u kishi bilan uzoq suhbatlashdik. Taqdir taqozosi bilan o'n to'qqizinchi asrning boshlarida ota-onasi quloq bo'lishdan qochib, vodiy tomonlardan Yangiyo'lga kelib qolishgan ekan. Qamishzorlar ichida yerto'lalarda yashashgan ekan. Och-nahorlikda, turli kasalliklar tufayli o'n ikki nafar norasida farzandi go'dakligidayoq olamdan o'tib qon qaqshagan onasiga Alloh o'g'il farzand beribdi. Farzandiga Muhammadali deb nom qo'yishadi. Bu o'g'li ham kasal bo'lavergach, irim qilishib, otini O'lmas deb atashgan ekan.
O'sha suhbatimizda O'lmas aka: “Mening asl ismim Muhammadali. Familiyam Muhammadsharipov. Bir kun kelib men haqimda yozganingizda, shu haqiqatlarni eslab o'tarsiz”, degan edi.
Oradan ko'pam vaqt o'tmay, O'lmas aka haj amalini bajarib qaytgach, birdaniga dardga chalinib yotib qoldi. Hayot ustozlarimdan biri deb yuradiganim, odamiylik bobida ibratli maktab yaratgan qadrdonim kutilmaganda olamdan o'tib qoldi.
“Hurriyat” gazetasining 2024 yil 13 noyabrdagi sonida “Alijon Payg'amov kim bo'lgan? Yoki domlaning omonat gapi” sarlavhali xotira maqolamizda Alijon Payg'amovning omonat gapi — “Zamonlar kelib mening haqiqiy ismi sharifim qanday bo'lganini yozarsiz” degan iltimosini bajargan edim. U kishining asli ismi sharifi Muhammadali Payg'ambarqulov bo'lgani, sho'rolar zamonida o'zbekcha otlarni, ayniqsa, Allohning va Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning nomlari hujjatlarda o'rischalashtirilib yoki qo'pol xatolar bilan qisqartirilib, noto'g'ri qayd etilganligi haqida edi. Maqola so'ngida yana bir uzoq yillik qadrdonim, rahmatli O'lmas Masharipovning ham omonati haqida yozish niyatimni bildirgan edim. Do'stimiz Alisher Yo'ldoshevning tasodifiy qo'ng'irog'i sharofati bilan savobli ishimiz tezlashib ketdi.
Ortidan rahmatlar kelib turadigan solih amallar qilib o'tgan Muhammadali Muhammadsharipovning ruhlari shod bo'lsin.
Muhammad KENJAYEV,
jurnalist