Bo'ston “lochin”lari

(“Uch avlod ibrati” turkumidan lavhalar)
Bir paytlar cho'l tumanga hayot bag'ishlagan mirishkorlar “Bo'zni Bo'ston qilganlar” deb e'zozlanar edilar. Bobodehqonlarga atalgan bu ta'rifdan g'ururlanishardi. Paxtakorlaru g'allakorlar, bog'bonlaru chorvadorlar halol va soddadil edilar. Tongdan to shomgacha qilgan mehnatidan zavq olishardi. Dalada hayot jo'shqinroq, shiyponlar fayzliroq, dehqonlar ham baxtiyorroq edilar. Nazarimizda, odamlarda yerga mehr boshqacha edi. Jurnalistlik faoliyatimda mamlakatimizning turli mintaqalarida bo'lib, qishloq xo'jaligi sohasida dolzarb mavzularni matbuotga olib chiqqanman.
Xorazmlik Marks Jumaniyozov, qoraqalpog'istonlik Olimboy Primov, qashqadaryolik Zarif Burhonov, jizzaxlik Mo'min Qahhorov, namanganlik Nosir Otaxonov, sirdaryolik Abdullajon Turdiqulov, andijonlik Siyosatxon Abdullayeva, farg'onalik No''monjon Omonov va boshqa qishloq xo'jaligi sohasi bilimdonlari haqida ocherk va esselar yozdim. Negaki, bir marta suhbatlashgan ijodkor ularning ohanrabosi tufayli huzurlariga talpinadigan bo'lib qolardi.
Esingizda bo'lsa, gazetamizning 2024 yil 13 noyabr sonida Bo'ston tumani markazidagi qarovsiz xiyobon haqida maqola chop etilgandi. Tanqidiy maqolada o'ndan ortiq adiblarga o'rnatilgan yodgorliklarning e'tiborsizlikdan ayanchli ahvolga kelib qolgani yozilgandi. Tuman hokimi Sanobar Nosirova yodgorliklar va xiyobon tartibga keltirilgani haqida ma'lumot berar ekan, “tumandagi “Mamirali orzusi” fermer xo'jaligi haqida maqola yozsangiz yaxshi bo'lardi”, dedi.
“Mamirali orzusi” fermer xo'jaligi rahbari Iqboljon Mamiraliyev bilan xo'jalik garajida uchrashdik. U ochiqko'ngil va samimiy inson ekan. Suhbatimiz eski qadrdonlardek tez cho'g' oldi.
— Bir yuz yigirma bir gektar maydonda paxta, g'alla, poliz va sabzavot ekinlari yetishtiramiz, — dedi Iqboljon. — O'tgan yil qishloq xo'jaligida qanchalik og'ir kelgan bo'lsa-da, hamma sohada rejalarini ortig'i bilan bajardik. Prezidentimizning kambag'allikka qarshi kurashish, ishsizlikni imkon qadar qisqartirish bo'yicha olib borayotgan siyosatiga javoban rejali ishlarni amalga oshiryapmiz. Kambag'allik va ishsizlik insonni naqadar og'ir ahvolga solib qo'yishini qishloqdagilar yaxshi bilishadi. Bunday savobli harakatning qanchalik muhim ekanini, ayniqsa, biz fermerlar tanamizdan his qilamiz. Xo'jaligimizda ellik nafar ayolni, yigirma besh nafar erkakni ish bilan ta'minlaganmiz. Ularga yil davomida qishin-yozin oylik berib borilmoqda. Xo'jalik a'zolarimizning ichida kambag'ali yo'q, ularning issiq-sovug'idan doimo xabar olib turamiz. Nima yetishmovchiligi bo'lsa, kelishadi, baholi qudrat yordam beramiz.
Iqboljon Mamiraliyev ochiq chehrali, ko'nglidagini yashirmaydigan dilkash fermer ekan.
— Fermerlik bizga ota meros, xo'jaligimizni rahmatli Mamirali otamiz nomi bilan ataganmiz, — deya u hikoyasini davom ettirdi. — Oilamiz juda katta, olti qiz, besh o'g'ilmiz. O'n bir farzandni oq yuvib, oq tarash, tarbiya berish, o'qitish, kasal bo'lganida qo'shilib dard chekish, to'ylarini o'tkazib, uyli-joyli qilish, bularning barchasi bir ota, bir onaning yoshligini, belidagi quvvatini, ko'z nurini oladi, sochlariga oq, yuzlariga ajin tushiradi. Bola-chaqam, uyim-joyim deydigan, iymoni baquvvat ota-ona farzandi bo'lishning o'zi ham ne'mat!
Ijodkor sifatida shunday fikrga kelganmanki, qaysiki farzand ota-onasi, ustozi hayotligida xizmatlarini qilib, duolarini olsagina, ularning farzandlari ham shunday saodatga erishar ekan. Bugun shunday baxtu shodonlikka erishgan Mamiraliyevlar oilasi haqida ham havas bilan yozayapman.
Iqboljon o'tib ketgan ota-onasi ruhini shod etay, ularni ko'rib turganday bo'lay deb o'g'liga otasining Abdumutalib ismini, nabirasiga onasining Maxfirat ismini qo'yibdi.
O'g'li Abdumutalib ham bobosining izidan borib, otasiga har ishda qanot ekan.
— Otam rahmatli birovga hecham qattiq gapirmagan, odamlarga faqat yaxshilikni ravo ko'rgan kishi edi, — deya Iqboljon xotiralaridan so'zladi. — Odamlar haqiga xiyonat qilmanglar deb qattiq uqtirardi. Bitta ukam huquqshunos, ayniqsa, unga: “Aslo pora olmagin, pul kerak bo'lsa, menga aytgin, o'zim beraman”, deb tayinlardi. Otamizning hayoti bizlarga ibrat maktabi bo'ldi. Yaratganga shukr, ularning pandu nasihatlariga amal qilib, el ichida boshimizni baland ko'tarib yuribmiz.
— O'g'il farzandlaridan yuz tuzilishi otangizga o'xshaydigani kim? — deb so'radim. Tasodifni qarangki, savol berishimdan bir necha daqiqa o'tmay, biz suhbatlashib o'tirgan xona ro'parasiga oq rangli “Damas” avtomashinasi kelib to'xtadi.
— Mana, Baxtiyor akam ham kelib qoldi, shu akam otamga juda o'xshaydi.
Baxtiyor aka bilan “assalomu alaykum, vaalaykum assalom”dan boshlangan suhbatimiz qizib ketdi. Baxtiyor Mamirovga “Lochin” fermer xo'jaligi otasidan meros ekan.
— Otamiz Andijon qishloq xo'jaligi institutini bitirgan agronom bo'lgan, — dedi Baxtiyor aka. — Aytgan so'zida turadigan subutli inson edi. Juda sahar uyg'onardilar. Bizlar ham yoshligimizdan shunga ko'nikkanmiz. Birovning dilini hech og'ritmas edi. Hammaga o'zining tug'ishganidek muomala qilardi. “Odamlarning haqiga xiyonat qilma”, deb tarbiya bergan. Dehqonchilik ilmini yaxshi bilardi. Ayniqsa, mol-qo'y boqishning hadisini olgani uchun qo'lidagi chorva hayvonlar tez ko'payar, tezda semirib ketardi. Alloh yuqtirgan qo'li barakali inson edilarda.
Bir odatlari dalaga borganda bir siqim tuproqni qo'liga olib uqalab, sinchiklab qarardilar. Go'yo gaplashardi. Haydalgan yerga qushni ham qo'ndirmas edi. “Yer dam olishi kerak”, derdi. Odamning ko'nglini olishni bilardi. Xotirasi judayam kuchli edi…
— Farzand-nabiralaridan xotirasi kuchlilik jihati bilan kim otangizga o'xshagan? — deb so'radim.
— Mana bu nabirasida shu xislat bor, — deb Baxtiyor aka Azamat bilan tanishtirdi.
— Katta otamiz bir marta ko'rgan kishini, bir eshitgan voqeani esidan chiqarmaydigan, sinchkov va nazarkarda kishi edi, — deya Azamat suhbatimizga qo'shildi.
— Ko'cha-ko'yda: “Kimning bolasisan?” deb so'rashsa, “Mamiraliyev Abdumutalib akaning nevarasiman”, deyman. Odamlar boshqatdan ko'rishishib, bobomizning yaxshiliklarini, insoniylik xislatlarini eslashadi. Quvonib ketaman. Bobomga o'xshayin deb yaxshi niyat qilaman.
…Garajdagi mo''jazgina xonada temir pechkada olov gurillab yonib turibdi. Pechka ustidagi qaynayotgan chovgunni ko'rib, bolaligim yodimga tushdi. Onam rahmatli shunday pechkaning bir ko'zida ovqat pishirardi, bir ko'zida choy qaynatardi. Uyimiz ham issiq bo'lardi. Pechka cho'g'idan sandalga solib turardi…
Iqboljonning taklifi bilan garajni aylandik.
— Bundan olti yil avval g'alla o'radigan uchta kombayn olgandik. O'rim paytida juda asqotdi. O'tgan yili Amerika Qo'shma Shtatlarida ishlab chiqarilgan paxta teradigan kombaynlardan lizing orqali o'n yil muddatda qiymatini to'lash sharti bilan oldik. Mashinada paxta terishni yo'lga qo'yish, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan rejalarni bajarish uchun harakat qilyapmiz.
Fermer xo'jaligimizda qirq bosh qo'y boqyapmiz. Bostirma tagidagi qo'rada qo'y-qo'chqorlar yem yeyish bilan ovora. O'n, o'n besh kunlik qo'zichoqlar ona ko'ylar atrofida parvona. Endi qoramol ham boqamiz deb turibmiz, — dedi Iqboljon Mamiraliyev bo'sh turgan bostirmaga ishora qilib.
Nariroqda ishchilar fermer xo'jaligi dalalarida yetishtirilgan qoplardagi sabzini kichik yuk avtomashinasiga ortishmoqda. Yana bir kishi texnika qismini ta'mirlayotir. Qish bo'lsa-da, xo'jalik a'zolari ish bilan band.
Fermer xo'jaligidan qaytar chog'imiz Azamatning bir so'zi yodimda qoldi.
— Mamiraliyevning farzandlari bir-biri bilan juda ham inoq, ahil, iltimos, maqolangizda shu haqda ham yozib ketsangiz!
Albatta, yozaman, ayniqsa, bugun hayotda taboro sustlashib borayotgan mehr-oqibat, odamgarchiliq, muruvvat, yaxshilik kabi qadriyatlarni ulug'lab kelayotgan bu oila haqida nasib bo'lsa, hali ko'p yoziladi…
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.