“Men – sendamen, sen – mendasen”

yoxud qo'lqop tikkan jadid kim edi?
1901 yilda birinchilar qatorida Toshkentda ilk jadid maktabini ochdi, o'quvchilarning sof o'zbek tilida bilim olishlari va fikrlashlari uchun ilk alifbolardan bo'lgan “Adibi avval” darsligini yozdi va shu asosda 17 yil ta'lim berdi, muallimlik qildi.
1912 yilda ijtimoiy fanlar o'qitiladigan “Namuna” maktabini tashkil etdi. U ochgan maktablarida bepul darslik va ta'lim joriy qildi.
Jadidlar osmonni yoritgan yulduzlar kabidir. Yo'lini yo'qotgan yo'lovchi yulduzdan yo'l so'raganidek, xalq ozodlik, saodat, taraqqiy yo'lini tutishida jadidlar mayoq bo'ldilar. Ma'rifat osmonining yo'lchilaridan biri Munavvar qori Abdurashidxonovdir. U bor umrini, bilimini va butun salohiyatini xalqini savodli, ma'rifatli va madaniyatli qilishga bag'ishladi, ilm-fan taraqqiysi yo'lida jasorat bilan maqolalar yozdi, maktab va gazeta ochdi.
Munavvar qori Abdurashidxonovning faoliyati va ijodiga bo'lgan qiziqish, undan bugungi o'zbek jamiyati va ma'rifatini rivojlantirish yo'lida samarali foydalanish g'oyat dolzarbdir. 2023 yili Toshkentda “Men sendamen” nomli kitob nashr etildi. Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev muharrirligida nashr etilgan ushbu kitob-jamlanmadan Munavvar qori Abdurashidxonovning she'r va hikoyalari, ayrim darsliklari, safar xotiralari, risola va maqolalari, turli minbarlarda so'zlagan nutqlari, yozishmalari, maktublari va shogirdlarining xotiralari keltirilgan.
“Men – sendamen, sen – mendasen”. Bu so'zlar erk va hurlik kuychisi Munavvar qori Abdurashidxonovning dasturilamali, millatni uyg'otuvchi “xarita”si bo'lgan. “Men sendamen” kitobini mutolaa qilish bilan o'zining hayotini yurt hayotida, borligini elining borligida, ko'zining nurini millatning uyg'oqligida, yo'lining charog'onligini millat hayotining munavvarligida ko'rgan mayoqdor ma'rifatparvarning bor ruhiy va ma'naviy olami, murakkab hayot yo'lini his etish mumkin.
Asarning kirish qismida uning xalq oldidagi obro'-e'tibori benihoya yuksak bo'lgani haqida ma'lumotlar keltiradi. U shu qadar hurmat va obro'ga ega ediki, 1921 yilda qamalganida Toshkentning eski shahar xalqi norozilik bildirib bosh ko'targan, miting o'tkazgan. Vafotidan so'ng Italiyaning beshta gazetasi ta'ziya xabarlarini bosadi, Parijda turkistonlik muhojir kurashchilar Mustafo Cho'qay boshchiligida Munavvar qorini eslash, xotirlash kechasini o'tkazadilar.
Kitobning ma'rifatparvar faoliyatiga bag'ishlangan “Millatpanoh” qismida maorif tizimini isloh qilish yo'lidagi mehnatlari tilga olinadi. 1901 yilda birinchilar qatorida Toshkentda ilk jadid maktabini ochdi, o'quvchilarning sof o'zbek tilida bilim olishlari va fikrlashlari uchun ilk alifbolardan bo'lgan “Adibi avval” darsligini yozdi va shu asosda 17 yil ta'lim berdi, muallimlik qildi. 1912 yilda ijtimoiy fanlar o'qitiladigan “Namuna” maktabini tashkil etdi. U ochgan maktablarida bepul darslik va ta'lim joriy qildi.
Kitobda Munavvar qori Abdurashidxonov maorif tizimidagi faoliyatini yuqori darajada olib borgani ta'kidlanadi. U Turor Risqulov, Fayzulla Xo'jayev, Ubaydulla Xo'jayev, Abdurauf Fitrat singari fidoyilar bilan xalqni qoloqlik botqog'idan qutqarish yo'lida milliy kadrlar tayyorlashga e'tibor qaratdi. Bir qator yoshlarni Germaniya, Turkiya, Bokuga ta'lim, yangi bilimlar olishlari uchun jo'natishda bosh-qosh bo'ldi. Bundan tashqari o'zbek xalqi uchun “Musulmon xalq dorilfununi” tashkil etishda uning alohida va ulkan mehnatlari bo'lgan.
Davr matbuotini esa Munavvar qori Abdurashidxonovsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Xalqning ilm-savodi, ma'naviy qiyofasi, dunyoviy tafakkuri uchun kurash olib borar ekan, millat kelajagini belgilovchi yoshlarning fikrini kengaytiruvchi, tiniqlashtiruvchi omil sifatida gazetalarni ko'radi. 1906 yilda Xudoyorxonning o'g'li shoir Xisrav yordamida “Xurshid” gazetasini tashkil etadi. Keyinchalik “Najot”, “Shuhrat” gazetalari ham ochiladi. Hamma ma'rifatparvarlar qatorida u ham ta'qiblarga uchraydi, gazetalar yopiladi. Shunga qaramay, ma'rifatparvar jadid bobomiz faoliyatdan to'xtab qolmaydi.
Odamlar dunyoqarashiga ta'sir ko'rsatishning yana bir ulkan maydoni mavjud edi. Bu – teatr sahnasi. Buni chuqur his qilgan Munavvar qori millatdoshlariga teatr orqali ta'sir ko'rsatishga ahamiyat qaratadi va “Turon” teatr truppasining tashkilotchilaridan biri sifatida faoliyat yuritadi, hatto o'zi ko'plab rollar ijro etadi.
Munavvar qori turli jamg'arma, tashkilotlar asoschisi ham bo'lgan. Jumladan, “Turon”, “Xayriya jamiyati” kabi jamg'armalar faoliyati yo'lga qo'yilib, o'z vaqtida katta ahamiyat kasb etgan.
Munavvar qori “Ovrupo va Omriqo xalqlari havoda uchar, dengiz ostida suzar, dunyoning eng narigi burchaklari bilan bevosita xabarlashar bir holga, bir madaniyatga erishtirdilar”, – deganda bizning xalqimizni istiqlolga, Vatanimizni jahon mezonidagi davlatga aylantirishni orzu qildi. Zero, u istibdodning umri qisqaligini yaxshi bilardi. Shu bois so'roqlardan birida sho'ro hukumati, firqa ham vaqti kelib ichidan yemirilib, parchalanishini bashorat qilgan. Uning bashorati to'liq amalga oshdi”, deb yozadi “Men – sendamen” kitobi so'zboshisida tarixchi olim Sirojiddin Ahmad.
Manbalarda Munavvar qorining Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriylarga ham ustozlik qilgani, Qodiriyning, Mannon Uyg'urning Moskvadagi o'qishida ham yordam bergani to'g'risida ma'lumotlar mavjud..
Millat himoyachisi tuhmatga uchrab, Moskvaga ketadi. Bu haqda “Xotiralar”ida shunday degan: “Mani millatchilik, vatanchilik ila muttaham qilg'on shu millat va vatandan butun aloqamni uzdim, qolg'an umrimni sho'rolar markazida kuchim yetganicha ilm ila mashg'ul bo'lib o'tkazaman”. Ammo ko'p o'tmay u Akmal Ikromov tomonidan yurtiga qaytariladi. Bir muddat o'qituvchilik qiladi, yana qo'lqop tikib sotish bilan shug'ullanadi. Biroq 1929 yilda qamoqqa olinadi, uzoq qiynoqlar jarayonida so'roq varaqalariga qo'l qo'ydirib olinadi. Munavvar qorini olib ketishayotganda “agar e'tiqodingdan voz kechsang, sharoitingni yengillatamiz” deyishgan. U esa hech qachon qaytmasligini aytgan”, deb yozgan sharqshunos Laziz Azizzoda.
Munavvar qorini nafaqat ma'rifatparvar, balki chinakam adib ham deyish mumkin. Chunki u hikoya va she'rlar yozgan, ularning ayrimlarida “Muharram” taxallusini qo'llagan. Masalan, “Sadoyi Turkiston” gazetasida ziyoli millatning qanday bo'lishi haqida “Bizda jamiyat” hikoyasi chop etiladi. Bundan tashqari “Qullikka qanday tushdi?”, “Tug'ishganlik sevgisi”, “Devpechak” kabi hikoyalar, “O'zi ham tor edi”, “Yalqovlik yovimizdir”, “Har kim ekkanini o'radi” singari she'rlar yozgan.
Munavvar qori o'zbek jamiyatida oila munosabatlari uyg'un va mukammal bo'lishini istaydi. Bu borada kuyunchaklik bilan yozilgan ko'plab maqolalari o'sha davr matbuotida yoritildi. Jumladan, “Nikoh to'g'risida” nomli maqolasida odamlarning to'y-tomoshaga o'ch ekanligi qoralanib, “Zakot bermoq bo'lg'on holda bir boy zakot bermasa, hech kimning ishi yo'q, ammo o'g'lini uylantirib, bazm bermasa. avomlar o'rtasida malomatga mustahiq bo'lur”, deydi. Bu so'zlar bizning hanuz ana shu kabi qarashlardan qutula olmayotganimizni yodga keltirib, yuragimizni tirnaydi. Jadidlar o'ylagan mustaqil jamiyat, davlat qurildi, lekin biz hali ham istaklarimiz va ortiqcha manfaatlarga qullikdan qutula olmadik.
“Maqbul qurbonlar” maqolasida esa “Hurriyat berilmas, olinur. Hech narsa ila olub bo'lmas, faqat qon va qurbon ila olib bo'lur”, dedi Munavvar qori. 145 yil davomida oddiy xalqdan tortib, ilmli kishilargacha “hurriyat” bayrog'ini ko'targanki bor, qurbonga aylanaverdi. Umri davomida o'z e'tiqodi va qarashlariga sodiq qolgan, xalq manfaatini o'z hayotidan ustun bilgan Munavvar qori Abdurashidxonov ham hurriyat qurboni bo'ldi.
Munavvar qori Abdurashidxonov, avvalo, ma'rifatparvar, muallim, jurnalist, adib, san'at vakili, shogirdi Laziz Azizzoda ta'rifi bilan aytganda, “teran mafkurachi, diplomat” edi.
Xullas, jadid bobomiz Munavvar qori Abdurashidxonovning “Men sendamen…” kitobi bu ulug' ma'rifat kuychisi haqida so'zlaydi, nainki so'zlaydi, faryod chekadi, bong uradi, uyg'otadi, o'qishga, ilmli bo'lishga, millatga xizmat qilishga undaydi. Istardikki, ushbu kitob mamlakatimizdagi barcha oliy ta'lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari kutubxona javonida mavjud bo'lsa va mutolaa qilinsa. Shoyad bor quvvatimiz va qudratimizni shu bobolarga munosib bo'lish va shu millat ravnaqiga xizmat qilishga yo'naltirsak.
Gulnora ShERMATOVA