Mahmudxo'ja Behbudiy – millat fidoyisi

Davlatimiz rahbarining kuni kecha e'lon qilingan “Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo'ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori ajdodlarimiz merosini o'rganish va ulardan xalq ma'naviyatini yuksaltirish maqsadida foydalanish borasida boshlangan savobli ishlarning davomidir.

Darhaqiqat, Mahmudxo'ja Behbudiy o'z davrining haqiqiy ziyolisi, millatning chinakam fidoyisi edi. U o'ziga to'q va ilmli oilada tug'ilib o'sdi. Shu sababli ham butun umrini ma'rifatga bag'ishlay oldi, o'ziga qarashli shirkat va yerlardan olinadigan daromadlarni ham xalq manfaati yo'lida sarfladi. Natijada el orasida yuksak salohiyatga ega bo'ldi.

Xalq xonliklarning o'zaro urushlaridan, rus imperiyasi zug'umlaridan charchaganligini hisobga olib, u eng avvalo millatni, uning farzandlarini savodli, ilmli qilish kerakligini tushunib yetdi. Ana shu g'oyasi bilan atrofiga o'ziga o'xshagan elsevar ziyolilarni to'play oldi. Tariximizda jadidchilik nomi bilan atalgan bu harakat o'sha davrda mintaqamizda chinakam uyg'onish davri edi.

Mahmudxo'ja Behbudiyning siyosiy qarashlari o'z zamonida nafaqat mamlakat, balki tashqi dunyoda ham e'tiborga molik bo'lgan. Xususan, “Haq berilmas, olinur” shiori millat fidoyilarini chinakam hushyorlikka chorladi. O'tgan asrning boshidayoq ma'rifatparvar bu inson Turkiston o'lkasining ma'rifiy konsepsiyasini yaratishga va uni imperatorga havola qilishga muvaffaq bo'ldi. Bundan tashqari, “Turkiston muxtoriyati” harakatining yetakchilaridan bo'ldi. O'zi ta'kidlaganidek, xalq ozodligi yo'lida agar lozim bo'lsa, jonini berishga ham tayyor edi.

Bu insonning yana bir buyuk xizmati shundan iboratki, u o'z hisobidan maktablar ochdi, alifbo va boshqa darsliklar chiqardi, bu harakati orqali xalq ma'rifatiga sarmoya kiritdi. Eng muhimi, Samarqandda aynan yangi qarashdagi ziyolilar hamkorligida milliy matbuot tamal toshini qo'ydi. Bu tahririyat atrofida Markaziy Osiyoning turli mintaqalaridan ijodkorlar kelib faoliyat ko'rsatdilar. “Hurriyat”, “Kambag'allar tovushi”, “Mehnatkashlar o'qi” kabi ko'plab nomlarda gazetalar chop etildi.

Mahmudxo'ja Behbudiy Turkistonda birinchi bo'lib “Padarkush” dramasini yozdi va bu asarning ommalashuvi orqali xalqqa teatr – ibratxona ekanligini tushuntira oldi. Tahririyatdagi va umuman, atrofidagi barcha iqtidorli ijodkorlarni qo'llab-quvvatladi, ularning boshini biriktirdi. Bundan tashqari, musulmon davlatlari ziyolilarini bir-birini qo'llab-quvvatlashga chorladi. Binobarin, “Qozoq qardoshlarimga maktub” nomli essesi mintaqada o'sha davrning chinakam da'vatiga aylandi. Shuningdek, u xalqimizning ilmga intilmaydigan, to'y va ma'rakalardan bo'shamaydigan toifasini keskin tanqid qildi.

Davlatimiz rahbari ushbu qaror orqali bugungi davr uchun Behbudiy g'oyalari, bu allomaga o'xshash fidoyi ziyolilar nechog'liq zarur ekanligiga ishora qilmoqda. Negaki, millat ma'rifatiga sarmoya kiritish, uni qo'llab-quvvatlash zamonamizning eng savobli ishlaridan biridir. Mahmudxo'ja Behbudiy ijodi, hayot yo'lini puxta o'rgangan professor Begali Qosimov (joyi jannatdan bo'lsin!), bugungi kunda jadidlar faoliyatini keng tadqiq qilayotgan olimlar Halim Sayid, Qahramon Rajabov, Bahrom Irzayev va boshqa ziyolilar ham bu jadid bobomiz millat yo'lida nechog'li ulug' ishlarni qilganligini ta'kidlamoqdalar.

Kamina Mahmudxo'ja Behbudiy tashkil etgan gazetada bosh muharrir bo'lib ishlayotganimdan faxrlanaman va bu yukning nechog'liq vazmin ekanligini his qilaman. Nasib etsa, Samarqand viloyat musiqali drama teatri uchun bu ulug' alloma haqidagi sahna asarimni yaqin kunlarda taqdim etish niyatidaman.

Farmon TOShEV,

Samarqand viloyat “Zarafshon” va

“Samarkandskiy vestnik” gazetalari

bosh muharriri,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

ILM, MA'RIFAT, HURLIK KUYChISI

Millat hurligi, yurt istiqloli, ma'rifati yo'lida jonini fido qilgan jadidlar nomi mudom har bir inson qalbida mangu yashaydi. Ularning faoliyati va ijodiga qiziqish, undan bugungi o'zbek jamiyati va ma'rifatini rivojlantirish yo'lida samarali foydalanish g'oyat dolzarbdir. Shunday ma'rifat himoyachilaridan biri Turkiston xalqining milliy qahramoni, milliy uyg'onish davri adabiyotining taniqli namoyandasi, adib,publitsist, noshir, muharrir,jamoat arbobi Mahmudxo'ja Behbudiydir.

Butun umrini xalqni savodli va madaniyatli qilishga sarf etgan ma'rifatparvar haqida ko'plab manbalar mavjud. O'tgan 2024 yilda Mahmudxo'ja Behbudiy ijodini kengroq targ'ib qilish, jadid haqida batafsilroq ma'lumotlarni kitobxonlarga yetkazish maqsadida “Mahmudxo'ja Behbudiy” nomidagi to'plam nashr etildi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, san'atshunoslik fanlari nomzodi Sirojiddin Ahmad tomonidan to'plangan jamlanmada Behbudiyninng “Vaqt”, “Ulfat”, “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Samarqand”, “Siroti mustaqim” nashrlarida bosilgan va avvalgi ikki jildlik saylanmalarga kiritilmagan maqolalari kiritilgan. Bundan tashqari, ilk bor adib asarlarining faxristi ilova qilingan.

“Haq olinur, berilmas!”. Bu — erk va hurlik kuychisi Mahmudxo'ja Behbudiyning dasturilamali, millatni uyg'otguvchi so'zlari edi. Kitobda Mahmudxo'ja Behbudiy to'g'risida deyarli barcha ma'lumotlar mavjud bo'lib, uni mutolaa qilish orqali adibning shaxsiyati va maorif yo'lidagi mardonavor harakatlari bilan tanishish mumkin.

Mahmudxo'ja Behbudiy, avvalo, ma'rifatparvar, muallim, dramaturg, milliy teatr muassisi, jurnalist, san'at vakili, tarjimon bo'lgan. Ushbu to'plam nafaqat ma'rifat kuychisi haqida kuylaydi, balki far­yod chekadi, o'qishga, ilmli bo'lishga undaydi. Shoyad mazkur kitob barcha oliy ta'lim muassasalarida, ilmiy tadqiqot institutlari kutubxonalaridan joy olsa, bor kuch-quvvatimizni ularga munosib izdosh bo'lishga va millat ravnaqiga xizmat qilishga sarflashga yo'naltirsak.

M.TO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + eighteen =