Tarixning sirli dunyosi
yoxud joy nomlari va urug'-aymoqlar mushtarakligi xususida
Joylar – shaharlar, qishloqlar, ko'chalar nomlari ko'pincha kishini o'ylantiradi. Ayniqsa, manzildan manzilga eltuvchi yo'llar bo'yida tiklangan ustunda yozib qo'yilgan joy otlari sal masofadan so'ng ustiga chiziq tortilgan holda ko'rinadi. Shu hudud tugadi degani bu. O'ylanib qoladi odam. Bu nomlar qachondan beri atalib kelinadi.
Joy nomlarining aksariyati o'zbek urug'lari nomi bilan ataladi. “Kenagas”, “Nayman”, “Barlos”, “Arg'un”, “Boltali”, “Arlot”, “Katman”… qadimiy boy tilimizga ishora qiladi bu so'zlar. Ular bizga o'zlikdan so'zlaydi. Joy nomlari o'zida yurtimiz tarixiga oid ko'plab atamalarni va shu so'zlar bilan bog'liq ma'nolarni tashiydi.
“O'zbek tilining izohli lug'ati”ga murojaat qilamiz. Lekin lug'atga keng iste'molda bo'lgan joy nomlari kiritilmagan.
Dunyo miqyosida qadimda kishilarning ijtimoiy-ma'naviy uyushgan jamoalari bo'lgan urug' va qabilalari nomi bugun yirik kishilik jamiyati, tuman, shahar va davlatlar nomiga aylangan. Buni o'zimizning o'lkamiz misolida ko'rib chiqishimiz mumkin.
XII asr tarixchisi Abdulkarim ibn Muhammad al-Sam'oniyning (1113-1167, Marv. O'rta Osiyo shaharlari bo'ylab sayohat qilgan. Fiqh, hadis, arab tili tilshunosligi, grammatikasi, adabiyotiga doir 50 dan ziyod asar yozgan) tarixiy manbalardan biri bo'lgan “Nasabnoma” (“Kitob al-ansob”) nomli asarida bizning diyorimizda 92 urug' mavjud bo'lgani haqida yoziladi. Bugungi kunda yurtimizning har bir viloyatida ushbu qabila va urug'ga mansub avlodlar borligi boshqa ko'plab manbalarda ham ta'kidlanadi. Ba'zi urug' va qabila nomlari esa bir necha yuz yillar avvaldanoq joy nomlariga aylangan. Kichik-kichik qishloq va ovullar nomlarida urug'-qabila nomlari juda ko'p saqlanib qolgan.
Xalq iste'molida tumanlar nomi keng qo'llanishini hisobga olgan holda, tumanlar nomida qolgan urug' nomlari, aniqrog'i, qadimgi urug'-qabila nomi bilan haligacha atab kelinayotgan ayrim hududlar nomiga to'xtalib o'tmoqchimiz.
Hozirgi kunda O'zbekistonning barcha hududlarida 170 dan ortiq tuman mavjud. Quyida qabila va urug' nomidan olingan ba'zi tumanlar, ularning kelib chiqishi va ma'nolari joy olgan.
Boyovut – Sirdaryoning alohida e'tiborga molik tumanlaridan biri. Bu tumanning toponimiga etnik kelib chiqish asos bo'lgan. Boyovut o'zbek urug'laridan biri bo'lib, qadimgi Boyovut avlodlari hozirgi Guliston shahri va atroflarida istiqomat qilishadi. So'zning ma'nosi “boy” so'zi bilan izohlanib, -ovut, -vut qadimgi o'zbek tilidagi ko'plik qo'shimchalari sanaladi. Boyovut “boylar” degan ma'noni anglatadi. Rashididdin Hamadoniyning yozishicha, qadimgi vaqtda boyovut ancha katta qabilalardan biri bo'lib, tarmoqlarga bo'lingan. Qo'lyozmalarda qadimiy 92 o'zbek urug'ining biri sifatida ko'rsatiladi.
Bo'ka – Toshkent viloyatidagi tuman. Toponimning kelib chiqish turkiy xalqlarning Bo'ka (Bo'ke) urug'ining nomi asos bo'lgan deb taxmin qilinadi. Mutaxassislar O'zbek-qang'lilar va Qatag'anlar tarkibida Qo'ka-qang'li, Bo'ka-qatag'an urug'lari borligini qayd etadi. Taniqli olim Suyun Qorayevning yozishicha qadimgi turkiy tilda bo'ka so'zining “kuchli, qudratli, pahlavon” kabi ma'nolari bor. So'g'dda eng kuchli bo'ka sharafiga yiliga bir marta nishonlanadigan bayram ham bo'lgan. Ushbu so'zning mozor, ibodatxona, mamlakat, joy, pastlik degan ma'nolari ham mavjud.
Jomboy – Samarqand viloyatidagi tuman. Toponimning “jom” yoki “yom” “bekat”, “istehkom” so'zlariga aloqasi yo'q, deya ta'kidlanadi manbalarda. Jomboy nomli toponim Ye.Koychubayev aytishiga ko'ra, Qozog'istonning Gurev tumanida ham mavjud bo'lib, etnik asosda paydo bo'lgan. Jomboy qozoqlarning bir urug'i nomi hisoblanadi.
Nukus – Qoraqalpog'istonning markaziy tumani. Bu respublikaning poytaxti nomi hamdir. Nukus aslida urug' nomi hisoblanadi. “Nekuz”, “nekus” – qo'ng'irotlar hamda qoraqalpoqlarning kenagas qabilalari tarkibidagi urug'lardan biri, deyiladi manbalarda. Shuningdek, u mo'g'ul qabilalardan birining nomi hamdir. Ma'lumotlarga ko'ra, XIII asrda mo'g'ullar istilosi davrida nukuslarning bir qismi Dashti qipchoqqa, keyinchalik Movrounnahrga kelib joylashishgan.
Olot – Buxoro tumanlaridan biri. Olot – orlot so'zining fonetik o'zgarishga uchragan turi bo'lib, o'zbek urug'laridan birining nomidir. Bu so'z haqida Abdulg'ozi Baxodirxon “Shajarai turk” kitobining “mo'g'ul avlodlari” qismida yozib qoldirgan. Asarda “orlot” so'zining asl ma'nosi “onasining sevgan o'g'li” demakdir”, tarzida izoh keltiriladi.
Urgut – Samarqand viloyatidagi tumanlardan biri. Tarixiy manbalarda “arkut” shaklida uchraydi. Mahmud Koshg'ariyda “arg'u”ni turk qabilasi nomi deya ta'kidlanadi. Qadimgi manbalarga ko'ra, “arkut” “arg'u” so'ziga “t” (qadimgi turkiy va mo'g'ul tillaridagi ko'plik hosil qiluvchi qo'shimcha) qo'shilishidan hosil bo'lib, keyinchalik tovush o'zgarishlariga uchragan. Urgut – argutlar yoki arg'ular yashaydigan joy ma'nosini bildiradi.
Andijon – Bu joy haqida afsonalarga qorishgan turli ma'lumotlar mavjud. Afrosiyob hokimi qizining ismi “Andijon” bo'lib, ushbu nom shu qabila nomiga qo'yilgan joy bo'lishi mumkinligi haqida qarashlar bor. Mutaxassislar ko'p ham yoqlamaydigan yana bir rivoyatda bu hududda hindlar yashagan Hindukon – “hindular makoni” nomidan kelib chiqqan degan qarashlar ham mavjud. O'rta Osiyoga oid tarixiy ma'lumotlarda esa bu toponim o'zbeklarning andi qabila nomiga bog'lanadi. Andijon andi – qabila nomi va kan “qishloq, “andular qishlog'i” deyilgan.
Bektemir – Toshkent shahridagi tuman. Bektemir – atoqli ot yoki etnonim. Lekin turkman qabilasida bektemir urug'i bor. Shunga ko'ra, ushbu tuman nomi ham o'zbek urug'lari tarmoqlaridan biri nomini o'zida saqlab kelayotgan bo'lishi mumkin.
Mirishkor – Qashqadaryo viloyati tarkibidagi tuman. Mirishkor so'zi “o'z ishining mohir ustasi, “omilkor” degan ma'noni anglatadi. Biroq manbalar bu nomning ham qadimiy o'zbek urug'laridan biri nomiga qo'yilganini ko'rsatadi. O'zbekning mirishkor (merishkor) deb atalgan qabila nomi ham mavjud bo'lgan.
Qamashi – Qashqadaryo viloyati tarkibidagi tuman. Qamashi nomi o'zbek-qo'ng'irot qabilasi tarkibidagi qamaychi urug'i nomidan olingan. Nomshunos To'ra Nafasovning yozishicha, “qamay” – qadimiy turkiy etnonim. Bu turkiy qabila hayvon oti asosida nomlangan. Etnik guruh vakillari uchun lochinsimonlar, qarchig'aylar muqaddas ko'rilib, qushlarning shu oilasiga mansub bo'lgan qumay (hozirda qumoy) nom sifatida qabul qilingan. Rivoyatlarga ko'ra, qush uchganda soyasi kimning boshiga tushsa, u davlat, saltanat baxtga erishgan. Qush nomi keyinchalik urug' nomi, shahar, tuman nomiga aylangan.
Qibray – Toshkent viloyatidagi tuman nomi. Mahalliy rivoyatlarga ko'ra, Qibray nomi turkiy urug' nomidan kelib chiqqan. Suyun Qorayevning yozishicha, turkiy xalqlarning dug'lat qabilasining bir urug'i qibray deb atalgan. Bu urug' vakillari afsonaviy Qibiray botirdan tarqalgan degan rivoyat bor. Dug'lat – qadimiy turkiy qabilalardan biri. Ular XIII asrda Chig'atoy ulusining sharqiy mintaqasida yashagan. Dug'latlar Sharqiy Turkiston, Issiqko'lning janubida, Farg'ona vodiysining shimoliy hududlarida ko'chib yurgan. Asosiy mashg'uloti chorvachilik bo'lgan. Zahiriddin Muhammad Boburning onasi Qutlug' Nigorxonim va “Tarixi Rashidiy” asari muallifi Mirzo Muhammad Haydar ham dug'latlardan bo'lgan. Qibray so'zining ma'nosi biz kuzatgan manbalarda uchramaydi.
Quva – Farg'ona viloyatidagi tuman. Ilk bor “quba” shaklida uchragan. Cherik qirg'iz qabilasi orasida kuba nomli katta urug' bo'lgan. O'zbek-qo'ng'irotlar orasida “kuva” etnonimi tilga olinadi. Ma'lumotlarga ko'ra, o'rta asrlarda qipchoqlar tarkibda kuba (kuva) qabilasi mavjud bo'lgan.
Toyloq – Samarqand viloyatidagi tuman. Tayloq (Toyloq) – urug' nomi. Bu ham ham hayvon nomi bilan bog'liqdir. Toyloq deb bir yoshdan oshgan tuya bolasiga aytiladi. Shu asosda urug' nomi, so'ng tuman nomi yuzaga kelgan.
Uzun – Surxondaryo viloyatidagi tuman. Mutaxassislar tomonidan Qashqadaryo qo'ng'irotlari, Farg'ona, Zarafshon qipchoqlari tarkibida uzun degan urug' aniqlangan. “Uzun” – etnik guruh nomi shahar va tumanga nom bo'lib o'tgan. Uzun aslida chorvadorlar tamg'asining nomidir. Urug' va uning bo'limlari tamg'asining shakli, ko'rinishi, bosish o'rni, miqdoriga ko'ra bir-biridan farq qilgan.
G'uzor – Qashqadaryo viloyatidagi tuman. Qadimgi toshbitiklarda Xuzor (Xuzar yoki Xazar) tarzida uchrasa-da, qaysi tilga mansubligi haqida aniq ma'lumot yo'q. Xazar (hazar) qadimgi turkiy qabila, xalq nomi. Bu nomdagi qabilalar yaqin o'tmishda Afg'onistonda yashaganligi ma'lum.
Chinoz – Toshkent viloyatidagi tuman. U o'zbek qabilalaridan biri bo'lib Rashididdin Hamadoniyning “Jome-at-tavorix” asarida mo'g'ullarning “tayjuit” qabilasi tarkibida chinoz degan urug' mavjud bo'lgan. Chinoz mo'g'ulcha “bo'ri” degan ma'noni bildiradi va bu ham totemizmga asoslangan nom hisoblanadi. Keyinchalik chinozlar tayjuitlardan ajralib mustaqil qabilaga aylangan. XVII asrda ularning bir qismi Qarshi cho'li va Toshkent vohasiga ko'chib kelib, o'troqlashgan.
Mamlakatimizdagi katta-kichik qishloqlar, ovullar, hatto mahallalar nomida ham qadimiy urug'lar, qabilalar nomlari juda ko'p uchraydi. Ularni o'rganish bizni tarixning sirli dunyosiga olib kiradi. Ma'lumotlarni bir-biriga ulash, tarix haqiqatlarini o'rganishda yordam beradi. Xalqimizda “Har bir inson yetti avlodini bilishi kerak”, degan gap bor. Biroq bu ishni aksariyatimiz uddalay olmaymiz. Shunday ekan, o'zimiz kelib chiqqan urug'ning nomini, shu nomning ma'nosini iloji boricha bilishga intilganimiz xayrli bo'ladi. Ehtimol, shu tariqa ajdodimiz shajarasidagi nomlari unutilgan bobolarni yod etgan bo'larmiz.
(Maqoladagi ma'lumotlar joy nomlariga oid turli manbalar, lug'atlardan foydalangan holda tayyorlandi)
Gulnora ShERMATOVA,
jurnalist.