Nigoh va iqtidor jozibasi

yoki tasvirlarda hayot nafasi

Rustam Sharipov,

“O'zbekiston matbuoti” jurnali fotomuxbiri:

“Suratkash muxbirda uch xislat yaqqol namoyon bo'lishi kerak. Bu — shoirlik tabiati, rassom nigohi va jurnalist iqtidori. Ana shunda olgan tasvirlaringiz jozibali bo'ladi”.

Hech narsa surat kabi qisqa muddatda juda katta ma'lumotni bera olmaydi.

Elyor NE'MATOV,

hujjatli fotografiya ustasi

Jamiyatning eng muhim voqealarini tasvirlar orqali aks ettiruvchi san'at va ommaviy axborot vositasi fotojurnalistika hisoblanadi. Har bir tasvirning o'zida tarix, ijtimoiy o'zgarishlar va insoniyatning turmush tarziga oid bir parcha mavjud. O'zbekiston tarixida fotojurnalistika o'ziga xos o'rin tutadi, chunki u nafaqat voqealarni hujjatlashtirish, balki jamiyatdagi o'zgarishlarni kuzatish va ko'rsatish imkonini beradi.

Hozirga kelib o'zbek fotojurnalistikasi yangi imkoniyatlarga ega bo'lib, zamonaviy texnologiyalar, yangi ifoda vositalari va vizual san'atning o'ziga xos yo'nalishlarini o'zlashtira boshladi. Keling, o'zbek fotojurnalistikasining rivojlanish tarixiga, uning jamiyatdagi roliga va kelajakdagi istiqboliga nazar tashlaylik.

Sobiq Ittifoq davrida o'zbek fotojurnalistikasi markazlashtirilgan siyosiy tizimning qat'iy nazorati ostida edi. Ushbu davrda boshqa mafkura vositalari singari fotojurnalistika ham asosan davlat siyosatini va ideologiyasini targ'ib qilish vositasi sifatida ishlatilgan. Sovet davrida jurnalistika va fotojurnalistika o'rtasidagi chegaralar aniq belgilangan edi. Fotojurnalistlar tasvir orqali jamiyatdagi voqealarni ko'rsatish imkoniyatiga ega bo'lishgan bo'lsa-da, ular ko'pincha rasmiy siyosat va ideologiyaga bo'ysunishga majbur edi. Bu davrda fotojurnalistlar o'z ishlarini sovet mafkurasini ilgari surishga bag'ishlagan. Tasvirlar orqali aks ettirgan, ular orqali sovet tuzumining muvaffaqiyatlari, ishchilar harakati va qishloq xo'jaligidagi yutuqlar ko'rsatgan. Rasmiy matbuotda ko'p hollarda o'zgartirilgan va ideallashtirilgan tasvirlar mavjud bo'lib, ularda davr g'alabalarini, kollektiv xo'jaliklaridagi yutuqlarni va ishchilar sinfini ko'rsatish asosiy maqsad edi. Tasvirlar ko'pincha siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan muhim voqealarni yoritish uchun ishlatilgan, biroq bu voqealar ko'pincha faqat rasmiy axborotdan iborat bo'lgan.

Mustaqillik fotojurnalistikaga yangi erkinlik va imkoniyatlar berdi. Albatta, o'zbek fotojurnalistikasida sezilarli o'zgarishlar bo'ldi. Endi fotojurnalistlar faqat davlat siyosatini yoritish bilan cheklanib qolmadi, balki mustaqil jurnalistika va tasvir san'atining yangi yo'nalishlarini yaratishga kirishdilar. Fotojurnalistlar endi faqat rasmiy siyosatni emas, balki jamiyatdagi barcha sohalarni, shu jumladan ijtimoiy muammolarni, korrupsiya va siyosiy hayotni yoritish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Raqamli texnologiyalar va kompyuter tahriri fotojurnalistikaning yangi bosqichga olib keldi. Fotojurnalistlar mobil telefonlar, raqamli kameralar va tezkor vositalardan foydalangan holda tezkor axborot uzatish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan fotojurnalistikaning yangi yo'nalishlari paydo bo'ldi. Fotojurnalistlar o'z ishlarini internet orqali ommalashtira boshladilar. Ta'kidlash kerakki, mustaqillik davrida O'zbekistonda fotojurnalistika nafaqat davlat siyosatini yoritish, balki inson huquqlari, ekologiya, jamiyatdagi nohaqliklar, siyosiy norozilik va boshqa ko'plab masalalarga qaratilgan yangi mavzularda ham faoliyat yuritdi. Fotojurnalistlar zamonaviy uslublar, kreativ yondashuvlar va turli tarmoqlarni birlashtirgan holda, jamiyatni har tomonlama tasvirlashga muvaffaq bo'ldi. Sobiq Ittifoq davrida fotojurnalistikaning asosiy vazifasi davlat ideologiyasini ilgari surish bo'lsa, mustaqillik davrida esa bu soha erkinlashib, kengroq ijtimoiy va siyosiy mavzularni yoritishga qaratildi.

O'zbek fotomuxbirlari Ravil Albekov, Rustam Jumaniyozov, No''mon Muhammadjonov, Komil Romeev, Sodiq Mahkamov, Rustam Sharipov, Vladimir Molgachyov, Ravil Shamsutdinov, Abdug'ani Jumayev kabi fotomuxbirlar o'z faoliyati davomida katta ijodiy maktab qoldirgan deyish mumkin.

Ravil Albekov “Tong yulduzi” gazetasida salkam 45 yil faoliyat yuritgan. Undan fotomuxbirlik mas'uliyati haqida so'ralganda, quyidagicha fikr bildirgan edi:

“Suratkashning ijodi haqida yozish oson emas. Chunki suratni so'zda tasvirlash qiyin. Uni ko'rish kerak, xolos”.

“O'zbekiston ovozi” gazetasi fotomuxbiri Vladimir Molgachyov o'z ishiga ijodiy yondashishi, izlanuvchanligi hamda ijodida hamisha inson va uning mehnatini tasvirlashni birinchi o'ringa qo'yganligi bilan zamondosh hamkasblari tomonidan e'tirof etilgan.

“Ijodkor bo'lishning o'zi suratkashga kamlik qiladi. U o'ziga nisbatan talabchan bo'lishi kerak. Shundagina surat yaxshi chiqaveradi”, — degan u.

O'zbek fotomuxbirlari qatorida yana bir mohir ijodkor Rustam Sharipovning ham o'rni beqiyos. Rustam Sharipov “O'zbekiston matbuoti” jurnali fotomuxbiri sifatida uzoq yillar samarali mehnat qildi. Uning quyidagi so'zlari har qanday zamon uchun ham ahamiyatlidir:

“Suratkash muxbirda uch xislat yaqqol namoyon bo'lishi kerak. Bu — shoirlik tabiati, rassom nigohi va jurnalist iqtidori. Ana shunda olgan tasvirlaringiz jozibali bo'ladi”.

Bugungi kunga kelib fotojurnalistika jurnalistikaning bir ko'rinishi sifatida OAVning asosiy ifoda vositasiga aylandi. So'nggi yillarda fotojurnalistikada tasvirlarni yaratishda o'ziga xos uslub talab etilmoqda. Fotojurnalistlar tomonidan tijorat uchun tasvirga olingan suratlardan farqli ravishda, holat va vaziyatlardan birgina fototasvir yordamida ma'lumot beruvchi, noodatiy va betakror yondashuv ommalashmoqda. Bu kabi yondashuvni “Cameralabs”, “The National Geographic”, “Fullpicture”, “Canstockphoto” singari dunyoga mashhur manbalardan joy olgan fotosuratlarda ko'rish mumkin. Fotojurnalistlar  ijtimoiy masalalarga, ayniqsa, inson huquqlari, gender tenglik, ekologiya, korrupsiya, siyrak aholi yashaydigan hududlar va boshqa ijtimoiy muammolarga katta e'tibor qaratmoqda, jamiyatdagi adolatsizlik va nohaqliklarni ochib berish orqali ijtimoiy o'zgarishlarga yordam bermoqda.

Yosh fotojurnalistlar ayollar huquqlarini, ularning jamiyatdagi roli va kundalik hayotidagi qiyinchiliklarni ko'rsatadigan turkum fotolarni yaratdilar. Bu tasvirlar nafaqat ayollarni qo'llab-quvvatlash, balki ijtimoiy tengsizlik va stereotiplarga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Misol tariqasida “Gazeta.uz” sayti fotomuxbiri Xolida Musurmonovaning bir nechta fotohikoyalarini keltirish mumkin. U Qashqadaryoning G'elon qishlog'i aholisi qishni qanday o'tkazishi haqida fotohikoya tayyorlagan. G'elonlik yoshlarning ingliz tiliga qiziqishi balandligi, qishloq kutubxonasida inglizcha adabiyotlar yo'qligi, ularni shu jihatdan qo'llab-quvvatlash mumkinligini bildirib, materialda kutubxona manzili va telefon raqamini qoldirgan. Ushbu fotohikoyadan so'ng ko'ngillilar tomonidan qishloq kutubxonasi va maktablariga kitoblar va sport jihozlari yetkazilgan.

Aytish kerakki, zamonaviy o'zbek fotojurnalistikasining rivojlanishida fotorassom Husniddin Atoning ham hissasi katta bo'lmoqda. Husniddin Ato fotograf, dokumentalist, fotojurnalistikaga ixtisoslashgan O'zbekistondagi ilk nodavlat agentlik — “PressPhoto.uz” asoschisi bo'lib, uning havaskor, yosh jurnalistlar hamda jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun fotografiya bo'yicha o'quv kurslari, ko'rgazmalar tashkil etayotganini alohida ta'kidlash kerak. U ilk bor eshitishda nuqsoni bo'lgan yoshlar uchun mo'ljallangan maxsus fotografiya kursini ochgandi. O'shanda 10 ga yaqin yoshlar 1,5 yil mobaynida Husniddin Atodan o'rganib, suratlari kurs oxirida Toshkent Fotosuratlar uyida ko'rgazmaga ham qo'yilgan. Husniddin Ato yosh ijodkorlarga o'zining bilim va tajribasini o'rgatish, ularni qo'llab-quvvatlash va yangi uslublar bilan tanishtirish uchun ko'plab ijtimoiy loyihalarni amalga oshirmoqda. Uning tashabbusi bilan tashkil etilgan kurslar va treninglar, ayniqsa, fotojurnalistikaga qiziqqan yoshlar uchun muhim o'quv maydoniga aylangan.

Shu bilan birga, bugungi kunda Umida Ahmedova, Viktor An, Anvar Ilyosov, Elyor Ne'mat, Behzod Boltayev va Muhiddin Ali, Yevgeniy Sorochin, Madina A'zam kabi fotojurnalistlarni o'zbek fotojurnalistikasining yorqin namoyandalari sifatida tilga olish mumkin. Aytaylik, nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonlarda faoliyat yuritayotgan Madina A'zam o'zining ijtimoiy, madaniy va tabiatga oid fotosuratlari bilan tanilgan. Uning ishi ko'pincha insoniy tajribalar, hayotdagi kichik voqealar va jamiyatdagi muhim masalalarni tasvirlashga qaratiladi. Madina A'zamning suratlarida ko'pincha odamlar va ularning hissiy holati aks etadi. Shuningdek, uning ishlarida vizual hikoyalar yaratish, voqealarni tasvir orqali izohlashga qaratilgan yondashuv yaqqol seziladi. Shu bois, uning fotosuratlari ko'pincha ranglar, kompozitsiya va detalga bo'lgan katta e'tibor bilan ajralib turadi.

Yosh fotojurnalistlarning ishida nafaqat ma'lumot, balki san'at va jamiyatdagi o'zgarishlarni aks ettirishga intilishni, texnologik taraqqiyot, kreativ yondashuvlar, ijtimoiy masalalarga e'tibor va siyosiy ishonchni shakllantirishni kuzatish mumkin. Ular o'z tasvirlari bilan nafaqat jamiyatni hujjatlashtirish, balki global tendensiyalarga javob berish va yangi fikrlarni ilgari surishga harakat qilmoqdalar.

Dilobar YO'LDOShEVA,

tadqiqotchi.

Suratlar “O'zarxiv” agentligining rasmiy telegram kanalidan, shuningdek, fotomuxbirlar Rustam Sharipov, Xolida Musulmonova va Madina A'zamning  shaxsiy tele­gram kanalidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 15 =