Zamonaviy adabiyotda Bobur siymosi

Bugungi va kelgusi avlod buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur siymosini ulug' shoir va davlat arbobi, qomusiy asar muallifining “Boburnoma” kitobi bilan bir qatorda atoqli adiblar Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” ma'rifiy romani kabi qator badiiy, ilmiy-ommabop asarlar orqali yorqin tasavvur etadilar. Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti tadqiqotchisi, filolog olima Yulduz Karimovaning “Bobur obrazining liro-epik va epik talqini” deb nomlangan monografiyasini mutolaa qilgan o'quvchi buyuk ajdodimizning o'ziga xos yangi qirralarini kashf etadi.
Monografiyada qayd etilganidek, jahon adabiy-nazariy tafakkurida yakdil e'tirof etilgan badiiy adabiyotning ommaviylik xarakteri har bir millat tarixini badiiy ifoda etish asnosida o'tmishda yashab o'tgan buyuk insonlarning hayotini kitobxonlarning katta auditoriyasiga yaqinlashtirmoqda, yorqinroq tanishtirmoqda. Dunyo adabiyotshunosligida buyuk tarixiy siymolar hayoti va faoliyati aks etgan badiiy asarlarda ustuvor mezon sifatida ilmiy-estetik konsepsiya va umumbashariy qadriyatlar talqini poetik aspektda o'rganilmoqda. Yurtimiz mustaqillikka erishgan dastlabki damlaridan Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy-ijodiy merosini, davlatchilik va sarkardalik faoliyatini keng o'rganishga alohida e'tibor qaratildi. Zotan, noyob iste'dod sohibi bo'lgan, mumtoz tarixiy siymo sifatida umumjahon e'tirofiga sazovor bo'lgan Bobur mirzo obrazini badiiy talqin etish, bu dilbar shaxs badiiy obrazining davrlar, adabiy janrlar kesimida ilmiy tahlil etilishi e'tiborga molikdir. Zero, o'tgan asr adabiyotiga nazar tashlasak, Bobur mirzo adabiy merosiga, shaxsiyatiga murojaat qilish jadid bobolardan Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho'lpon, Abdurauf Fitrat ijodida ham kuzatiladi. XX asrning ikkinchi yarmida atoqli adiblar Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani va Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” ma'rifiy romani, “Saodat sohili” qissasi ulkan voqelik bo'lganini keng kitobxonlar ommasi birdek e'tirof etmoqdalar.
Mazkur ilmiy tadqiqotning maqsadi — o'zbek adabiyotida Bobur mirzo obrazi badiiy talqinini tadrijiy izchillikda ochib berish, davrlar silsilasida shoh va shoir Bobur mirzo shaxsiga yondashuvdagi yetakchi tendensiyalarni aniqlash hamda ularning talqinga ta'sirini ko'rsatib berishga qaratilgan.
Adabiyot ixlosmandlariga yaxshi ma'lumki, taniqli adib Xayriddin Sultonning “Saodat sohili” qissasida tragik mohiyat asar badiiyatini, obraz haqqoniyatini ta'minlagani sezilib turibdi. Tadqiqotchi o'z ilmiy ishida muallif tanlagan yo'lni teran ilmiy tahlil etishga harakat qiladi. Shu asnoda ilmiy ishda biografik, qiyosiy-tarixiy, sotsiologik, psixologik tahlil usullaridan yetarli darajada foydalanilgan.
Monografiyada “Saodat sohili” qissasi badiiy tragizm muammosi nuqtai nazaridan tahlil qilinadi. Unda qahramon, davr, muallif tragizmi qatorida “tragik resepsiya” nazariy tushunchasiga ilmiy nuqtai nazardan teran va xolis baho beriladi. Bobur mirzoning tragik qahramon sifatidagi ma'naviy-ruhoniy qiyofasi aniqlangani e'tirof etiladi. Unda Bobur mirzo obrazi yaratilgan asarlarda har bir davrga xos tamoyillar teran tahlil etilgan. “Boburnoma”da muallif obrazi hamda uning zohiriy va botiniy qatlamlarining asoslanishi ilmiy ishning o'ziga xos yutug'i hisoblanadi.
Muallif Bobur mirzoning “Boburnoma” asarida avtobiografik memuar talqin qay darajada namoyon bo'lganiga alohida e'tibor qaratadi. Unda tarixiy faktlar poetik ruh ila tasvirlangani tahlil etiladi. Bobur mirzo siymosining epik tasvirini o'rganishda “Boburnoma” va “Yulduzli tunlar” asarlari qiyos va talqin etilib, “Xayriddin Sultonning “Saodat sohili” qissasida tragik qahramon — Bobur mirzo ruhiyati tadqiq qilinadi.
Shu o'rinda aytish joizki, “Yulduzli tunlar” va “Boburnoma” asarlari qiyosiy tahliliga oid ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar ko'p yoritilgan. Yulduz Karimova bu mavzuni ancha chuqur va teran ochib bergani e'tiborga molikdir. Muallif adib Xayriddin Sulton ijodida Bobur mirzo obrazi muhim o'rin tutishiga alohida e'tibor qaratar ekan, taniqli adibning “Yo'lbarsning tug'ilishi”, “Oy botgan pallada”, “Panoh”, “Tavba” kabi hikoyalari, “Boburning tushlari” badihasi, “Saodat sohili” qissasi, “Boburiynoma” ma'rifiy tarixiy-biografik romani Bobur mirzo mavzusi yozuvchi ijodida g'oyat muhim o'rin tutishini ko'rsatib beradi. “Saodat sohili” qissasida Bobur mirzo umrining so'nggi yillari qalamga olinganligi uchun ham tragik mohiyat asar badiiyligini, obraz haqqoniyligini ta'minlaydigan maqbul yo'l ekanligini bilgan muallif adashmagan, degan xulosaga kelinadi. Darhaqiqat, “Saodat sohili” qissasida Bobur mirzo obrazi muvaffaqiyatini ta'minlagan jihat — bu tragik pafosdir. Ushbu qissada o'zining badiiy salmog'iga ko'ra Bobur mirzo obrazi bilan teng turadigan Hofiz Ko'ykiy obrazi bor. Oy Quyoshdan nur olib, ravshan tortib tiniqlashgandek, Hofiz Ko'ykiy Mirzo Bobur ko'ngil olami, insoniy va ijodiy dahosiga mos tushadigan tafakkuri, fahmi bilan unga shu'la tashlaydi, boshdan-oyoq yoritadi, deya purma'no xulosa qiladi tadqiqotchi. Uning fikricha, qissadagi peyzaj tasviri, tabiat manzarasi, psixologik portret ham qahramon tragizmi ifodasiga, tragik tasvirga xizmat qilgan: “tuyqus shivirladi”, “parishon o'ltirardi”, “og'ir tin oldi”, “hasratli tovush bilan so'zlardi” kabi qahramonning o'ta dramatik holatini ifodalovchi so'zlar Bobur mirzoning ruhoniyatida kechayotgan ziddiyatli og'riqlar, so'ngsiz iztiroblar, kurashlarning siyratdan suratga ko'chgan ifodasidir. Ilmiy tadqiqotda yozuvchi Xayriddin Sultonning asar tili borasidagi mahoratiga ham alohida e'tibor qaratiladi. Monografiyada e'tirof etilishicha, “matndagi har bir so'z va so'z birikmasi bir-biriga mohirona payvandlangan. Muxtasarligi, mo''tabarligi, martabasiga ko'ra o'z o'rnida ishlatilgan bu so'z va so'z birikmalarini matndan ajratib olsak, ular shu turishda ham Bobur mirzo ruhoniyatiga va yozuvchining badiiy niyatiga ochqich vazifasini o'tashiga guvoh bo'lamiz”.
Monografiyada qayd etilganidek, “Saodat sohili”da tragik qahramon — Bobur mirzo ruhoniyatining inkishofi quyidagi muhim xulosalarga tayanadi: “Saodat sohili”da istifoda etilgan “besh kunlik gunohkor umr” iborasi yozuvchining shunchaki badiiy topilmasi emas, balki bu ibora Bobur mirzoning hayotiy qarashlari, umr falsafasining talqinidir.
Tadqiqotchi o'z ilmiy tahlilida adib Xayriddin Sultonning “Saodat sohili” asarida nafs, kibr, munofiqlikni insoniy kamolotning zalolati, “Tengri qoshida osiy” qolishning sababi deb bilgan Bobur mirzoning botiniy dunyosini o'quvchiga yorqinroq ko'rsatish uchun Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asaridan foydalanganini teran ifodalab beradi. Inchunin, “Saodat sohili” qissasida Bobur mirzo fojeiyligini ichdan yoritib turgan yana bir siymo Boboqul — Baxshiturk obrazi ekanligi tahlil etilib, adib asarda Boboqul — Baxshiturkning ruhiy holatini, g'ayrishuuriy xatti-harakatlarini ham Hofiz Ko'ykiy nazaridan o'tkazib, uning aql-tafakkur tarozisiga qo'yib, o'quvchiga taqdim qiladi, degan xulosaga kelinadi.
Muallif tahliliga ko'ra, adib Xayriddin Sultonning “Saodat sohili” qissasida Bobur mirzo umrining so'nggi yillari qalamga olinganligi uchun ham tragik pafos asar badiiyligini, obraz haqqoniyligini ta'minlashga to'liq xizmat qilgan. Qissa badiiy konsepsiyasi, asosan, Bobur mirzo va Hofiz Ko'ykiyning odam va olam haqidagi falsafiy, ma'naviy, diniy va dunyoviy suhbatlari mag'zida ochiladi. Bobur mirzo shaxsining fojeligi va ayni paytda ulug'vorligi ham aksariyat shu suhbatlar fonida namoyon bo'ladi.
“Bobur obrazining liro-epik va epik talqini” monografiyasida qayd etilganidek, besh asrdan ziyod vaqt o'tibdiki, ma'rifatli dunyo Bobur mirzoni bir zum bo'lsa ham unutgani yo'q, aksincha, uni bilib, o'rganib, anglab, kalomidan kamol topib, ma'naviyat pillapoyalaridan yuqorilab bormoqda.
To'lqin EShBEK,
Mirzo Ulug'bek nomidagi
O'zbekiston Milliy universiteti
jurnalistika va o'zbek filologiyasi fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.