Mushtaraklik

yoki Cho'lpon va Ozod Sharafiddinov ijodi haqida ayrim qaydlar
Cho'lpon va Ozod Sharafiddinov — ikki davr odami. Lekin ulardagi ruhiy yaqinlik asarlarini mutolaa qilish davomida yaqqol sezilib turadi. Bu uyg'unlik faqatgina ma'rifatparvarlikda emas, balki ayni misollarda ham o'z aksini topgan. Ozod Sharafiddinovni nafaqat tanqidchi va tarjimon, qolaversa, buyuk Cho'lponshunos desak ham hech mubolag'a bo'lmaydi. O.Sharafiddinov boshchiligida Cho'lponning 3 jildlik asarlari va “Adabiyot nadir?” to'plami tayyorlandi. 2 ta risola yaratdi, “Cho'lponni anglash” asarini yozdi. O'sha davrlarda hatto Cho'lponning nomini tilga olish tahlikali bo'lgan paytda ulug' olim ana shunday jasoratli ishlarni amalga oshirdi.
Cho'lpon ham 1924 yilda yozilgan “500 yil” nomli maqolasida birinchi bo'lib Navoiyning 500 yilligini o'tkazish to'g'risida fikr bilan chiqqan. “Mirzo Ulug'bek” maqolasida tubjoy xalqi bunday ulug' siymolarni yetarli ardoqlamasligi to'g'risida yozadi.
Ozod Sharafiddinov ham Cho'lpon, Hamza, Fitratlarning asarlarini tahlil qilar ekan, bugungi “tubjoy” kitobxon uchun asarlar mazmunini maydalab tushuntirayotgandek tuyiladi. Nafaqat bugungi, balki o'tmishdayoq jadidlar ijodi mohiyatini anglamay, ularga behuda tosh otgan kimsalarning fikrlari xato ekanligini ilmiy jihatdan asoslab beradi.
Misol uchun, 1967 yilda Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida uch jildlik “O'zbek sovet adabiyoti” bosmadan chiqadi. Kitobning birinchi jildida Cho'lponning millatchiligi, sovet tuzumini ko'rolmagani haqida ko'p martalab gapiriladi-da, keyin bir fikrni dalillashga harakat qilishadi. Shu maqsadda shoirning “Bahorni sog'indim” degan she'ridan parcha berishadi:
Tala-tuz
Ekin-tekin
So'la boshladi.
Sarg'ayib yaproq.
Bo'yanib tuproq
O'la boshladi, o'la boshladi.
Bu parcha quyidagicha sharhlanadi: “U dalani tuz, achchiq, zahar deb hayotda faqat yo'qotishni ko'radi”.
Ozod Sharafiddinov bunga qarata quyidagicha javob beradi: “Muallifning “fosh qilish jazavasi” shu qadar jo'sh urib ketganki, she'rdagi “tuz” ovqatga ishlatiladigan “namak” emas, “yalanglik, kenglik” degan ma'noda ekanini xayollariga ham keltirmaydilar. Boringki, “tuz” ular aytganidek, “namak” ham bo'la-qolsin. Nega endi ovqatga ta'm kiritadigan namak “achchiq” yoxud “zahar”ni anglatishi kerak?
Ikkinchidan, mualliflar shu she'rning davomini o'qishga erinmasalar amin bo'ladilarki, shoir “hayotda faqat yo'qolishni ko'rayotgani yo'q. Mana, o'sha she'rning davomi:
Yo'q… o'lim yo'qdur!
Yolg'iz bir ochib, bir so'nish bordir.
Bir o'chib… so'nib, yana yonish bor.
Yana bahorlar,
Yana lolalar,
Yana siz, oy… erkin tilaklar!”
Qolaversa, ikki ijodkorning tarjimonlik faoliyatida asar tanlashdagi didi ham bir-biriga juda yaqin. Cho'lpon o'z tarjima faoliyatida Gorkiyning “Ona” romani, “Egor Bulichev” pyesasi, Pushkinning “Dubrovskiy” va “Boris Godunov” va yana 25 ta she'rini, Loxutiyning “Evropa safari”ni tarjima qilgan. Ozod Sharafiddinov ham faoliyati davomida jahonga mashhur yuzlab durdona asarlarni tarjima qilgan. Masalan, Ahmad Abbosning “Hindiston farzandi”, E.Kazakevichning “Ko'k daftar”, V.Katayevning “Devordagi kichkina temir eshik”, “Ichak uzar hangomalar”, A.Ribakovning “Arbat bolalari”, Genlinning “Stalin va Bulgakov”, L.Tolstoyning “Iqrornoma”si, Efraim Savelaning “To'xtating samolyotni, tushib qolaman”, Onore de Balzakning “XIX asr fransuz yozuvchilariga maktub”, Aflotun, V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, Laroshfuko, J.J.Russo, O.Uayld, Xose Ortega, Z.Freyd, Fransuaza Sagan, Herman Vamberi, “Shaxmat hangomalari”, V. Bikov, P. Koelo, J.Golsuorsi, Kobo Abe, Herman Hesse, N.Gogol, Z.Bzejinskiy, Yu.Borgen, V.Voynovich, A.Morua asarlari va boshqalar. Ular qariyb, 150 ta deb sarhisob qilingan bo'lsa-da, lekin aslida bundan ham ko'p bo'lsa kerak. Chunki O.Sharafiddinovning vafotidan so'ng ham bir necha tarjimalari “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur” va “Saodat” jurnallarida e'lon qilingan.
Bu ikki ijodkorning ham eng ulug' maqsadi — o'zbek kitobxoni ham dunyo o'qiydigan asarlardan xabardor bo'lishi kerakligi bo'lgan!
Cho'lponda atrofdagi ijodkorlarning asarlariga nisbatan qandaydir qoniqmaslik hissi paydo bo'ladi. Hamza, Siddiqiy yoxud Avloniy asarlarida, hatto jadidchilikning mashhur siymosi Mahmudxo'ja Behbudiy ijodida ham shu hisni tuyadi. Uning ayrim asarlari bunday asarlarni “o'qimayman” deya zorlanadi ham. Lekin bu aslo yengil fikrlilik va shartakilikdan emas. Cho'lpon bunda, yuqoridagi jadidlar faoliyatida ko'proq g'oyalar targ'ibotiga urg'u berilib, badiiyat masalalari keyingi o'rinlarga tushib qolganini nazarda tutayotgan edi. Ozod Sharafiddinov ham o'zining tanqidchilik faoliyatida har bir asarni vijdonan tanqid qilgan. U nojo'ya kamsitishlar orqali ijodkorlar va ijodga endi qadam qo'yayotgan nihollarni “boltalab” tashlamadi. Ularni keskin tanqid qilib, ijoddan ko'nglini sovitmagan. O'zining maslahatlari, to'g'ri yo'lga dasturilamallarini ulashib, ushbu nihollarning keraksiz shoxlarini “gulqaychi” bilan kesgan, xolos… Hech kim ijodkorga nisbatan “siz noto'g'ri tanqid qilgansiz” degan qarshilik bilan chiqa olmagan. Hatto mashhur yozuvchi Said Ahmad kitoblariga faqatgina O.Sharafiddinov taqriz yozishini xohlagan.
Shu o'rinda, Ozod Sharafiddinov Cho'lpon ijodi haqidagi aytgan muhim bir gapni sal o'zgartirib, munaqqidning o'ziga nisbatan qo'llashni istardik: O'zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov biron boshqa janrda ijod qilmaganida ham, tarjimalarining o'ziyoq, bizningcha, uning nomini o'zbek adabiyoti tarixining eng mo''tabar o'rniga yozib qo'yish uchun kifoya qilardi. Negaki, u yaratgan tarjimalar o'zbek xalqining madaniyati rivojiga katta hissa qo'shdi va allaqachon xalqimizning ma'naviy boyligiga aylanib ketdi.
Dildora DO'SMATOVA