Beruniy va Al-Xorazmiyning ulkan kashfiyotlari

Donishmand va olimlarning

xulqlaridan o'rnak olish yaxshi

xulqlarni yaratadi, yomonlarini

yo'qotadi.

Abu Rayhon Beruniy

Abu Rayhon Beruniy bobomizning ijodiy faoliyatiga nazar tashlasak, u o'zidan oldingi allomalar erishgan ilmiy yutuqlarni chuqur o'rgangan, ularning rivojiga o'z hissasini qo'shgan holda kelajak avlodlarga taqdim etgan. Quyida Xorazm elining ikki buyuk allomasi — al-Xorazmiy va al-Beruniy asarlaridagi fikr-mulohazalarga e'tibor qaratishni lozim topdik.

Bu allomalarning ikkalasi ham Xorazm tuprog'ida tug'ilib o'sgan. Ularni 190 yillik davr ajratib turadi. Zamonning zayli bilan biri Bag'dodda, ikkinchisi esa Gurganchda va G'aznada ijod qilib, yirik asarlar yaratib, mashhur olimlar sifatida dong taratgan.

Manbalarga ko'ra, Beruniy o'z vatandoshi Xorazmiyning ilmiy merosi bilan juda qiziqqan, uni o'rganib chiqqan, o'z davriga xos yangi ma'lumotlar bilan boyitgan. Beruniy o'z asarlarida Xorazmiy nomini qayd etadi, uning asarlari haqida ma'lumotlar beradi. Masalan, Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida Xorazmiyning “Kitob at-tarix” asarini tilga olgan va uning astronomik kuzatishlar olib borgani haqida fikr bildiradi. “Hindiston” asarida hindlardagi astronomik zijlar bilan Xorazmiy zijini qiyosiy o'rganib, ilmiy baho beradi.

Alloma “Geodeziya” asarida esa Xorazmiyning astronomik faoliyati haqida fikr yuritadi. Beruniyning yozishicha, Xorazmiy o'sha davrda Bag'dodda olib borilgan astronomik kuzatishlarga rahbarlik qilgan. Beruniy Xorazmiy tuzgan astronomik jadvallar bilan ham tanish bo'lgan. “Geodeziya”da shaharlarning geografik uzunliklarini aniqlash usuli va hindlarning “Sindhind” kitobida bu masala qanday yoritilganligi haqida Xorazmiyning “Kichik Sindhind” asarida keng ilmiy mulohazalar bayon etilganini ham ta'kidlab o'tadi.

Buyuk olim o'z tadqiqotlarida Abul Hasan al-Ahvoziyning (ІX asr) kitobida Xorazmiyning astronomik jadvallari to'g'ri tahlil qilinmaganligini aniqladi va shu mavzuda asar yozib, unda o'z xulosalarini yetarli dalillar bilan isbotlab berdi. “Qonuni Mas'udiy” asarida oddiy yillar, quyosh va qamariy yillarini hisoblash haqida yozganida Xorazmiy tuzgan “Ma'mun ziji”dan ham misol keltirib o'tadi.

Ma'lumki, Yer meridiani aylanasining bir gradusini dastlab Eratosfen (miloddan avvalgi 276-194 yillar) hisoblagan. Beruniyning xabar berishiga ko'ra, Eratosfen ma'lumoti Galen (taxminan 131-201 yillar; u Sharqda Jolinus hakim nomi bilan mashhur bo'lgan) asarida bir xil va Klavdiy Ptolemey kitoblarida boshqacha yozilganligi sababli xalifa Ma'mun amalda yana bir bor o'lchab chiqishni Xorazmiyga buyurgan. Beruniy mavjud o'lchovlar natijasidan qanoat hosil qilmay, Yer meridiani yoyi uzunligini shaxsan o'zi hisoblab chiqishga ahd qiladi. Bu ishni avval Jurjon (Gurgon)da amalga oshirmoqchi bo'ladi. Biroq shart-sharoit bo'lmagani sababli, keyinchalik Hindistonda Yer meridiani yoyi uzunligini o'lchab hisoblab chiqadi va xalifa Ma'mun davrida al-Xorazmiy tomonidan bajarilgan o'lchovlar natijasiga ijobiy baho beradi.

Beruniyning yozishicha, Xorazmiy asarlarida o'sha davr Bag'dod astronomlarining ilmiy faoliyati haqida ham ma'lumotlar bo'lgan.

Beruniy Xorazmiyning faqatgina astronomiya yoki geografiyagina emas, balki matematikaga oid asarlari bilan ham tanish bo'lgan, bu asarlarni o'rganib, o'zi ham shu sohada asarlar yozgan. Biroq Xorazmiy va Beruniy geografik merosi o'rtasidagi bog'liqlik, asosan, ularning asarlarida berilgan shaharlar jadvalida ko'rinadi. Bu jadvallarni har ikkala alloma o'z davri ma'lumotlariga moslab tuzgan.

Al-Xorazmiyning “Yerning qiyofasi”, “Surat al-arz” asarida shaharlar iqlimlarga bo'lib yozilgan, ularning geografik uzunligi va kengligi gradus va minutlarda ko'rsatilgan. Beruniy tuzgan shaharlar jadvalida ham bu tartib saqlangan, ammo unga viloyatlar (oblastlar) ham ilova qilingan. Masalan Janpa, Apsur, Banovas, Panjyovar, Romisher kabi nomlar ketiga “Hindiston” deb yozib qo'yilgan. Bu esa ana shu shaharlar Hindiston mamlakatida joylashganligini ko'rsatadi.

Umuman, bilod (viloyat) larga bo'lish “Surat al-arz”da ham bor. Lekin Beruniy asaridagidek shaharlar jadvalida emas, balki alohida ro'yxat tarzida berilgan. Xorazmiy asarida viloyatlar ro'yxati dunyo xaritasini izohlab, asosan, g'arbdan sharqqa yo'nalishida va iqlimlar tartibida tuzilgan. Xorazmiyning viloyatlar uchun yozgan koordinatalari yordamida faqat shu viloyat nomining xaritadagi o'rnini belgilash mumkin.

Xorazmiy va Beruniy viloyatlar ro'yxatidagi yana bir farq o'z davrining ta'siridir. Xorazmiyda berilgan ba'zi viloyatlar nomi Beruniy ro'yxatida ko'rsatilmagan. Buning sababi Beruniy shaharlar jadvalini o'z davriga moslab tuzgan, o'zgarishlarni hisobga olib, yangi ma'lumotlar qo'shgan. Jumladan, Xorazmiyda shaharlar qatorida ko'rsatilgan ayrim punktlar Beruniy jadvalida viloyat deb nomlangan. Masalan, Xorazmiy ro'yxatida “Xorazm shahri” Xorazm (viloyatining) poytaxti sifatida keladi. Daryolar qismida esa Xorazm shahri bilan bir qatorda, Eli Xorazm (Xorazm eli) ham eslatib o'tilgan.

Demak, davr o'tishi bilan ijtimoiy taraqqiyot jarayonida yer yuzida yangi ma'muriy birliklar tarkib topgan, ularning chegaralarida, nomlarida o'zgarishlar sodir bo'lgan. Shu sababdan Beruniyning shaharlar jadvalida viloyatlar soni ko'p, nomlari ham aksar holda yangi. Masalan, ma'muradagi viloyatlar soni Xorazmiy asarida 56 ta, Beruniy shaharlar jadvalida 80 ta va Ulug'bek “Ziji Ko'ragoniy”sidagi shaharlar jadvalida esa 61 tadir.

Xorazmiyning ma'murani viloyatlarga ajratishi sharq kartografiyasida Yerni ma'muriy birliklarga ajratishning o'ziga xos yangi usuli edi. Bu an'ana keyinchalik Abu Rayhon Beruniy tomonidan rivojlantirilib, yangi pog'onaga ko'tarildi. Ikkala muallif shaharlar jadvalidagi boshqa xususiyatlarni qiyoslaganda ana shunday holat ko'zga tashlanadi. Masalan, Xorazmiy ham, Beruniy ham o'z jadvallarida shaharlarning koordinatalarini ko'rsatish bilan bir qatorda, ularga qisqacha izoh berishgan. Xorazmiyda: “Qulzum, dengiz bo'yida, uzunligi 56°30′, kengligi 28°20′”. Beruniyda: “Qulzum shahri, bu Qizil dengiz nihoyatida bo'lib, u Suf dengizi deb mashhurdir. Uzunligi 56°30′, kengligi 28°20′”. Demak, Beruniy batafsilroq izohlashga harakat qilgan. Bu izohlarning xususiyati ham har xil. Xorazmiy o'z izohlarini, asosan, xaritadan olgan va uning mazmuni ma'lum punktning kartadagi o'rnini belgilab beradi. Beruniy, asosan, shu tamoyilga amal qilgan bo'lsa-da, qo'shimcha yana turli manbalardan to'plagan xabarlarni ham keltirgan. Masalan:

Xorazmiyda:

JANNOBA — dengiz bo'yida, uzunligi 77°20′, kengligi 30°.

SIROF — dengiz bo'yida, uzunligi 79°30′, kengligi 29°30′.

TIZ — dengiz bo'yida, uzunligi 82°40′, kengligi 26°.

Beruniyda:

JANNOBA — Forsda kemalar to'xtaydigan joy, uzunligi 77°20′, kengligi 30°0′.

SIROF — Sifning markaziy shahri. Sif — Jannoba bilan Najiram orasida, uzunligi 79°30′, kengligi 29°30′.

TIZ — Makronning markaziy shahri, uzunligi 83°0′, kengligi 26°15′.

Xorazmiy ba'zi shaharlarga umuman izoh bermagan, Beruniyda esa uning izohi berilgan. Masalan, Xorazmiyda: Al-Qayruvon, Hims Bag'dod, Axsikat izohsiz yozilgan. Beruniyda Al-Qayruvon — Afriqiya markaziy shahri, Hims Finikiya zaminida, Bag'dod — Dajlaning ikkala tomonida, Tinchlik shahri (ham deyiladi); Axsikat — Farg'onaning markazi. Ayrim hollarda esa aksincha, Xorazmiy izoh bergan, biroq Beruniy jadvalida izohsiz punktlar ham uchraydi. Masalan, Xorazmiyda: “Hadisa shahar”, “Jurjon — dengiz yaqinida”, “At-Taroz — uni savdogarlar shahri ham deyishadi” deb izoh bilan yozilgan.

Beruniy shaharlar jadvalining afzallik tomoni shundaki, Xorazmiy jadvalida eslatilgan nomga qo'shimcha ana shu nomning boshqa variantlarini ham keltiradi. Masalan, Xorazmiyda Al-Mansura, Sindda, Taroblas, At-Toif, Al-Yamoma, Mosul yozilgan bo'lsa, Beruniyda “Baxmanvo — bu Katta Munxa Mansura deb atalgan”, “Ilion — bu Taroblus Shomdir”, “Toif — qadimgi ismi Vajj”, “Yamoma — buning qadimgi ismi Javdir”, deb izohlangan.

Umuman, geografik kenglikni o'lchash uchun qadimdanoq maxsus asboblar bo'lgan va ular yordamida joy kengligi ancha aniq hisoblangan. Bunday o'lchovlar Xorazmiy davrida ham bajarilganligini yuqorida aytib o'tgan edik. Beruniy ham joylarning geografik kengliklarini ko'pincha o'zi hisoblab topgan. Masalan, Beruniy “Hindiston” nomli mashhur asarida o'zi olib borgan geodezik kuzatishlari to'g'risida quyidagilarni yozadi: “Lohur qal'asining kengligi 34°10′ ekanini o'zim hisoblab topdim. Kuzatishlar natijasida mana bu joylarning kengliklarini aniqladim: G'azni 33°35′, Kobul 33°47′, Gandiamir 33°55′, Dunpur 34°20′; Lamg'on 34°43′, Pishavur 34°44′, Vayxand 34°30′, Jaylam 33°20′, Nandna qal'asi 32°, Siyolkut 32°58′, Mandakkapur 31°50′, Multon 29°40′”.

Qadimgi kitoblar va zijlarda yozilgan joylarning geografik uzunliklari haqida fikr yuritganda, eng avvalo, ularda ko'rsatilgan boshlang'ich meridianni aniqlash zarur.

Biz o'z maqolamizda jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan xissa qo'shgan, umrboqiy asarlar yaratgan ikkita buyuk Xorazmiylar — al-Xorazmiy va al-Beruniy asarlaridagi ulkan kashfiyotlarga e'tibor qaratdik.

Asosiy vazifamiz ikki buyuk alloma asarlarini yanada chuqur o'rganish, ulardan bahra olishdan iborat.

Baxtiyar RUZMETOV,

Urganch davlat universiteti

professori,

iqtisodiyot fanlari doktori,

Nyu-York Fanlar akademiyasi

haqiqiy a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 16 =