Shoirning qalb sadolari

Tesha SAYDALIYEV

DARAK BO'LMAY JAVOBINGDAN

Kunim tundir, dilim xundir,

Darak bo'lmay javobingdan

Yo o'rtash zavqi avlomi bu shaydoi

kavobingdan?

Holimdan gullarim yig'lar,

Kuyib bulbullarim yig'lar,

Bu-ku men, tog' cho'kib ketgay ravo ko'rgan

azobingdan.

Xating malham bu xastangga,

Hamon ko'ngli shikastangga,

Jonimga jon qo'shilmay ishq atalmish ul

kitobingdan.

Xating olgach, olib borsam,

Xatingdan o'rgilib borsam,

Judo bo'lmasmi bu ko'ngil: “Keling!” degan

xitobingdan.

“Keling!” desang, g'amim ketgay,

Quyoshga qo'llarim yetgay,

Poyimda lola ungay bir tabassum,

ming savobingdan.

 

ALANGA

Ishqim avval bo'lsa ham uchqun,

Harorati jon edi tanga.

Sirlashdimu sen-la o'sha kun,

Bu uchqundan yondi alanga.

Alangaki, tolmas qo'l bilan

Senga bog'lab qo'ydi dilimni.

Uni ming yil lovullatgayman,

Yoritsin deb hayot yo'limni.

 

TO'RTLIK

Ko'zim der, dilbaring ko'rgan o'zimman,

Yo'lingni ul tomon burgan o'zimman.

Bu yo'ldan qaytmagin, aslo, adashma,

Shudir baxting, ko'rib turgan o'zimman.

 

INTIZORDIR QALBIMDA O'YIM

Derazam ortidan oy qarar yovvosh,

Senmisan deb, boqaman unga?

Tun pardasin yirtib, jilmayar quyosh,

Senmisan deb, boqaman unga?

 

Gullarning atrini purkar shabboda,

Deyman, sochi silkinar chog'i.

Sen – menga quyoshsan, oysan dunyoda,

Sen – umrimning gullagan bog'i.

 

Shuning-chun ham tezroq kelgin,

sevgilim,

Gar kelmasang to'lmaydi uyim.

Senga intizordir ko'zlarim, dilim,

Intizordir qalbimda o'yim.

 

BU QO'LLAR

Yo'q, ipakday emasdir yumshoq,

Qadoqlidir sening qo'llaring.

Qachon,

Qayda bo'lmasin,

Har choq

Saboqlidir sening qo'llaring.

 

Ularda yo'q

Manikyur,

Uzuk,

Jozibasi – mehnat qadog'i.

Do'stlar derkan:

“Bu qo'llar tuzuk!” –

Bu ta'rifning bormi adog'i?

 

Ochilsin deb, keng, yangi yo'llar,

Shod etay deb, Vatan, xalqimni,

Baxt yaratar,

Qurar bu qo'llar,

Shu qo'llarga beray qalbimni.

 

JO'Sh URDI ZAVQIM

Qarashimda bobomlar o'tqazgan chinor,

Yana bo'ydor bo'pti, yana ham serbarg.

Adashdimmi deya, boqaman takror,

Tug'ilgan uyimdan ko'rinmas asar.

 

Borgandim qalbimni etib xumori,

Onam allasining rohatbaxsh kuyi.

Kimni ham qo'msatmas umr bahori,

Kimni rom etmagay tug'ilgan uyi?

 

Tug'ilgan uyimda xayollar surib,

Suhbat qurolmadim,

Yo'qdir o'kinchim.

O'sha uy o'rnida bir anhor ko'rib,

Anhorday jo'sh urdi zavqim, sevinchim.

 

O'tgan 2024 yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot”  nashriyoti tomonidan shoir Tesha Saydaliyevning “Mangu uyg'oq qalb” kitobi chop etildi.

Tesha Saydaliyev… Bu nom beixtiyor o'quvchilik yillarimizni, qadrdon maktab quchog'ini, tuman, viloyat gazetalari tahririyatlariga mashqlar qoralab borgan paytlarimizni, yozuv mashinkasi chiqillab turgan xonalarda ijod yo'lida uch-to'rt ko'ylakni bizdan oldin to'zitgan shoir, adib akalarimizning haroratli suhbatlarini, shu suhbatlarda mazkur ismni bot-bot eshitganlarimizni yodga soladi.

Shoirning nomi doim chuqur hurmat, sog'inch bilan tilga olinardi. Bir qadar sirli, uchqur orzu va mahzun armon mujassamdek tuyular edi bu nomda. Maktab, adabiyot xonasi… Devorga ilingan keng stenddagi “Viloyat ijodkorlari” plakatida shoirning kichik surati va u haqda muxtasar ma'lumot… Uni qayta-qayta o'qirdik…

Tesha Saydaliyevning nomida, she'rlarida, u olamdan o'tganidan keyin ham  havaskor qalamkashni, havasmand yosh ijodkorni ruhlantiradigan, oldinga intiltiradigan ma'naviy kuch, kishini ilgariga undovchi ko'rinmas quvvat mavjud edi va hozirgacha shunday. Ha, ko'plab shoir, yozuvchi, jurnalist va  rassomlarning ijodiy kamolotida Tesha Saydaliyev nomi, so'zi, she'rlarining g'aybona kuchi, sehrli, maftunkor va jozibali ta'siri bor, deyilsa, xato bo'lmaydi.

Tesha Saydaliyev 1933 yilda Termizda tug'ilib, 1973 yil 22 iyulda – qirchillama qirq yoshida (ayrim manbalarda 1972 yil) vafot etgan. Surxon daryosi bo'yidagi yaqin joyda oqava suvlar yig'indisidan tashkil topgan sun'iy ko'lda ikki farzandi bilan birga cho'kib ketgan. O'shanda kun juda issiq, yakshanba kuni ekan…

Uning tarjimai holini kuzatib, she'rlarini o'qib, u yoshligidanoq jo'shqin, qaynoq hayot quchog'ida toblanib ulg'ayishga, ijtimoiy faol bo'lishga intilgan, degan xulosaga kelish mumkin. 1951-56 yillarda Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. Shundan so'ng Samarqand viloyat gazetasida muxbir, bo'lim mudiri vazifalarida, 1959 yildan Surxondaryo viloyat gazetasida mehnat qilgan. Viloyat gazetasi bosh muharriri o'rinbosari vazifasida ishlash bilan birga, 1961-73 yillarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Surxondaryo viloyat bo'limi rahbari lavozimida faoliyat olib borgan.

Hayot paytida shoirning “Tuhfa” (1961), “Surxon sadolari” (1966), vafotidan keyin “Ko'ngil gavhari” (1974), “Hayot ishqi” (1993) kitoblari nashr etilgan. Yaqinda yana bir kitobi – “Mangu uyg'oq qalb” o'quvchilar qo'liga yetib bordi. Kitobga shoirning she'rlari tanlab-saralab kiritilgan. O'ziga xos ijodiy uslubga ega shoirning she'rlarini qayta nashr etish, bugungi kitobxon hukmiga yana bir bor havola qilishga ehtiyoj bor, albatta. Negaki, Tesha Saydaliyevning g'oyaviy va badiiy jihatdan pishiq, serqirra ijodidan bahramandlik bugungi kitobxon uchun boy ma'naviy ozuqa beradi, ko'ngillarga pok va beg'ubor kayfiyat bag'ishlaydi, hayot va zamon haqiqatlarini anglashda qo'l keladi. Ayniqsa, yosh havaskor-ijodkorlarning badiiy didi, adabiyot, she'riyat haqidagi tasavvurlari shakllanishi va o'sishiga ta'sir qiladi, bu borada o'ziga xos tajriba, tahlil va tadqiq manbai bo'la oladi. Shu bilan birga, milliy she'riyatimizning taraqqiyot tadrijini belgilashda, o'sha davr she'riyati manzarasini, adiblarning qiyofasini to'la tasavvur etishda muhim manba bo'lib xizmat qiladi. O'tgan asrning yetmishinchi yillari she'riyati to'g'risidagi tasavvurni boyitadi. Haqiqat shuki, badiiy asar aniq bir davrda odamlarni qiynagan qiyinchiliklar va quvontirgan quvonchlar haqida, ular qanday tuyg'ular, kechinmalar bilan yashagani, ularning orzu-armonlari haqida kelajaka axborot beradi. Shuni ham unutmaslik kerakki, Tesha Saydaliyev XX asrning ikkinchi yarmida jahonda “kosmik qo'riq”lar o'zlashtirilayotgan chog'larda, “beshyillik”larning ko'tarinki kayfiyati qaynab toshgan sovet tuzumi davrida yashadi, ijod qildi. Davrning ilg'or, faol kishisi sifatida dolg'ali ijtimoiy jarayonlarni ijodida yorqin aks ettirishga o'zini mas'ul sezdi. Davr bilan darddosh, hamfikr, el-yurt, xalq dardi ila dardmand bo'ldi. Lekin hech qachon vijdoniga qarshi bormadi, millatga qarshi so'z aytmadi. Sevgi, muhabbat, vatan, millat kabi mangu mavzularda toshib, jo'shib yozdi.

Tesha Saydaliyev ijod yo'li avvalida yozilgan “Senga, ilhom parisi” she'rida hayotini, orzu-maqsadlarini “ilhom parisi”ga ishongan:

Senga jonim, ilhom parisi,

O'smirlikdan edim-ku shaydo…

deb ko'ngil yoradi u ilhom parisiga va va ilhom parisidan ko'p tuhfa va ilhomlar kutadi. Yana shu she'rda:

Kunduzlarga ulab tunlarni

Tong nuriday oqar satrlar…

Ushbu satrlar qatidagi ma'no-mazmundan ma'lum bo'ladiki, yosh shoir she'riyat olamiga shunchaki yengil sayr uchun emas, balki qat'iy maqsad va maslak bilan, taqdir a'moli, vijdon amri bilan qadam qo'ygan.

U tong, nur, yorug'lik haqida ko'p yozdi. Dunyoni beg'ubor, oydin ranglarda ko'rishni istadi. “Onamga xat” nomli she'rida “Yangi baxt keltirar har yangi tongim…” deb yozishi ham shu istak tufayli bo'lsa, ajabmas.

Nekbin niyat bilan bitilgan “Baxt” she'rida adabiyot olami ostonasidan endi o'tgan yosh ijodkor o'z ijodiy-ma'naviy prinsipini shunday ifodaladi:

Baxt shudirki,

Yurtning mehri singsa qoningga.

Baxt shudirki,

Barq urdirsang elning orzusin.

“Qarzim va arzim” she'rida “Ona yerdan qarzim juda ko'p…” der ekan,  birgina shu misra shoir o'zini Vatan, xalq, go'zallik, ezgulik, yaxshilik oldida g'oyatda burchli, qarzdor hisoblaganini, kelajak oldida mas'ul bilganini anglatadi.

Shubhasiz, u o'z davrining bedor va hozirjavob shoiri, zimmasidagi mas'uliyat va burchni, ijodkorlik qarzini chuqur his etadigan fuqarosi, tom ma'noda madaniyatli, ziyoli inson edi. Shu sabab asarlarida o'sha zamonning sobit mezon va o'lchovlari bo'y ko'rsatganini inkor etib bo'lmaydi. Bitiklarida tarixga evrilgan zamonning ruhiyati va kayfiyati seziladi. Masalan, shoir “Paxtakor o'lka” she'rida shunday yozgan edi:

O'zbek shoni,

                    o'zbek faxri,

                        o'zbek shuhrati

Paxtamizning mazmunida

 bo'lgan mujassam…

Ushbu misralardan ayon bo'lmoqdaki, hassos shoir ayni paytda O'zbekistonning, o'zbek xalqining sodiq farzandi, asl shoiri.

Sirasini aytganda, u paytda paxta mavzusi milliy adabiyotimizning eng ko'p qalamga olingan, adiblar tomonidan eng ko'p murojaat qilingan, ko'pchilikka unvon, mukofotlar olib bergan asosiy mavzularidan biri edi. Buning sababi bor. U ham bo'lsa, u og'ir yillarda jafokash xalqimizning asosiy mehnat, mashg'uloti, respublikaning asosiy boyligi, daromadi paxta xomashyosidan iborat bo'lgan.

Tabiiyki, har bir adib ijodiga munosabat bildirilayotganda davrdan, mavjud ijtimoiy-ma'naviy muhitdan kelib chiqilsa, davriylik qoidasiga amal qilingan bo'ladi. Ana shu qoidaga amal qilingandagina adib ijodiga xolis va adolatli baho berish mumkin. Shu mezondan yondashib aytish mumkinki, Tesha Saydaliyev o'zi mansub el-xalq uchun, o'zi suyub ardoqlagan yurt – Vatan uchun vijdonga xiyonat qilmasdan, haq va haqiqatga zid yo'l tutmasdan ijod qilish zaruriyatini chuqur anglagan. Ana shu anglam tufayli “Samarqand” she'rida o'zi tahsil olgan Samarqand davlat universiteti – SamDUni nazarda tutib, quyidagi satrlarni bitgan:

Go'zal Parij, dabdabali Nyu-Yorkiga

Alishmasman SamDUmizning bir xonasini,

Axir, farzand alisharmi o'z onasini?!.

“Axir, farzand alisharmi o'z onasini?!.” – Bu o'zbek shoirining vatanparvar, elparvar insonning shekspirona qalb hayqirig'idir! Shubhasiz, shoir SamDU timsolida ona Vatanni nazarda tutadi.

Darhaqiqat, otashqalb shoir asarlarida go'zal insoniy tuyg'ularni, tiriklikning ezgu ma'nosini aks ettirgan, hayotni yanada go'zal va obod etish ishqi bilan yongan zamondoshning ma'naviy olamini tasvirlagan. Shu ma'noda, uning ijodida atoqli shoirlar Abdulla Oripov, Erkin Vohidov hamda o'sha avlod vakillari bilan adabiy hamnafaslik, darddoshlik va ohangdoshlikni ko'rish, payqash qiyin emas.

Shoir qalamga olgan har bir mavzuda o'z nuqtai nazarini, o'z yondashuvini qat'iy bildiradi. Uning o'zi uchun belgilab olgan yo'l-yo'riqlari, ijodiy qoida va prinsiplari bor. Shu ma'noda ko'pgina she'rlarida lirik qahramon qiyofasida shoirning shaxsi, o'zligi namoyon bo'lib, bu ko'zguda uning vijdoni, e'tiqodi bor ma'no-mazmuni bilan ravshan aks etadi. Masalan, “Mangu o'chmas alanga” she'rida u vatanparvarlik tuyg'usi uzoq ajdodlardan – ota-bobolarimizdan meros ekanini, yana ma'naviy meros sifatida avloddan avlodga o'tishini yorqin ifodalaydi:

Umrimni ardoqlab so'nmas nurida,

Mangulik tabassum yoygan yuzimga.

Bu – Vatan ishqidir!

Qalbim to'rida,

Qalb tinsa,

Merosdir o'g'il-qizimga.

Bu sobit to'xtam shoirning vijdon xulosasi bo'lib, u she'r muallifining ma'naviy, insoniy qiyofasini, ona Vatanga bo'lgan cheksiz muhabbatini aks ettiradi.

Kitobdagi she'rlarda poyonsiz kengliklarni, olis ufqlarni ilg'aysiz, quyoshdan-da issiq otash taft qalbingizni kuydiradi. Ko'ksingizdan lovullab o't chiqadi. So'zlarda janub yurt – Surxondaryoning issiq harorati seziladi. Masalan, Termiz shahri haqidagi “Sen va men” she'ri ona O'zbekiston, aziz Vatan haqidagi ana shunday salmoqli she'rlardan biridir:

Bog'ingda yashnagan har gul, har yaproq

Bahoriy toshqinlar berar zavqimga.

Ko'ksingda porlasa yangi bir chiroq,

Quyosh ko'chgan kabi bo'lar qalbimga.

She'rda, o'sha yillarda keng tarqalgani va urfda bo'lgani kabi, Vatan mavhum, olisdagi noayon bo'shliq emas, balki aniq, muayyan manzara va qiyofaga ega tushuncha sifatida ta'riflanadi. Bu sifatlar ota yurtning qadrdon suratlaridan iborat ekani anglashiladi. She'rning so'nggi bandida go'yo shoir allaqachon o'zi, jo'shqin hayoti, ehtirosli ijodi haqida nimalardir degandek tuyuladi o'quvchiga:

Sensiz hech narsadir mening menligim,

Na shuhrat, na oltin menga havasdir,

She'riy bazmlarda eslashib nomim,

“Termizlik shoir bu”, desalar, basdir!

“Borlig'im senga” she'rida esa Vatan mehriga qonib, to'yib bo'lmasligini, Vatanga bo'lgan muhabbat va sadoqatini quyidagicha ifodalaydi:

Cho'llaringda daryo bo'lib oqqim keladi.

Odatimmi

Yo mehringga to'ymagandanmi,

Jamolingga quyosh bo'lib boqqim keladi.

She'r va so'z manzarasi va tabiati bepoyon. U shoirning ruhiyat, qalb, kayfiyat manzaralarini qamrab oladi. Shoirning badiiy mahorati obrazlar va  ramzlarda, metaforalar va o'xshatishlarda yaqqol ko'rinadi. Masalan, “Abdulla va Abdullalar” she'rida “Keksa cho'l”, “Oydin tun” she'rida “Oydin tun… Hovlimiz dokaday oppoq…”, “Sherobodlik lo'li qiz” she'rida “Qoshlari qora to'lqin…”, “Nega seni sevmay?!.” she'rida “She'rimdagi har bitta so'zim, Senga bergan qalbim parchasi…”,  “Do'stlarim” she'rida “Yuzlarida sevinchlarning raqsin ko'raman…”, “Yoshliging” she'rida shoir Samarqand shahrini yoshlik, navqironlik, baxt va muhabbat shahri sifatida ta'riflar ekan:  “Quyosh agar mingta bo'lganda Senga bari bo'lardi oshiq”, “Yoshlikning har nafasi qo'shiq…”, “Samarqand” she'rida “Har minorang san'atingga buyuk undovday!..”, “Sen yurtimga ajib xolday yarashgan shahrim…”, “Onamga xat she'rida” “Vatan chiroqlari misoli oftob…” kabi misralar shoirning o'zi tahsil olgan, yoshlik, navqironlik yillari kechgan qadim va navqiron shaharga, qadrdon yurtga bo'lgan katta muhabbatini aks ettirishi bilan birga, uning badiiy olami naqadar keng bo'lganini ham ko'rsatadi.

Tesha Saydaliyev oqibatli farzand, ma'rifatli va ziyoli inson sifatida o'zi tug'ilib kamolga yetgan Surxon vohasini ayricha mehr-muhabbat bilan baland pardalarda tarannum etadi. “Surxondaryo” she'rida:

Surxondaryo, Surxondaryo, mehrigiyosan,

Ko'zlarimda porlab turgan nuri ziyosan. 

deya shoir Vatanni ota-ona, ota-onani Vatan maqomida ulug'lar ekan, “Qarzim va arzim” she'rida  ular oldidagi mas'uliyat va burchni:

Ey, shoir do'stlarim,

Qalblarning sirin

Sizning she'ringizdan biladi olam.

Ulug'lagan chog'da onalar mehrin

Unutmang otalar muhabbatin ham

deb bayon etadi.

Tesha Saydaliyev hayotining so'nggi davrlarida katta adabiy janrlarga qo'l urib, “Mehrga zor” nomli drama yozishga kirishgan. Afsuski, bu asarni tugata olmagan.

Aytish joizki, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Mangu uyg'oq qalb” to'plamiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Surxondaryo viloyat bo'limi rahbari Mengnor Ollomurod mas'ul muharrirlik qilgan. Kitobga filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos olim Bolta Yoriyevning shoirning ijodi va faoliyati haqidagi salmoqli maqolasi, shuningdek, O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Tesha aka Saydaliyev xotirasiga” deb nomlangan she'ri, publitsist va jurnalist Mahmud Abulfayz, shoir Narzulla So'fizoda, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Bobonazar Murtazayevning shoir xotirasi va ijodiga bag'ishlangan xotiralari, tadqiqotlari kiritilgan.

Ayrim juz'iy xato va kamchiliklarga qaramasdan, “Mangu uyg'oq qalb” kitobi shoir Tesha Saydaliyev ijodini o'rganish va targ'ib etish, uni adabiyot muxlislarining yangi avlodiga yetkazishda muhim qadam bo'lganini ta'kidlash lozim.

Salim AShUR,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 14 =