Begona o'tdan qutulish yo'li

Aslida ushbu maqola begona o't haqida emas, reklama faoliyati, aniqrog'i, bu faoliyatdagi qonunbuzarlik holatini bartaraf etish haqida.
Begona o'tni misol qilganimiz sababi esa uning ildizi quritilmasa, yana o'sib chiqaveradi. Xuddi shu kabi, noto'g'ri reklama tayyorlashning oldi olinmasa, reklama faoliyatidagi qoidabuzarliklarni bartaraf etish qiyin.
“Reklama to'g'risida”gi qonun bo'yicha yurtimizda reklama davlat tilida berilishi shart. Reklamani boshqa tilda qayd etish zarurati bo'lsa, mazkur qonunning 6-moddasida “tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O'zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshib ketmasligi” belgilangan.
Ammo ko'chalardagi reklamalarga e'tibor bersak, ba'zilarida davlat tili umuman ishlatilmagan. Boshqa tilda berilgan yozuv reklama maydonini to'liq egallaganini esa qonunning namoyishkorona buzilishi deyish mumkin. Reklama bo'yicha qonunchilik ijrosini ta'minlash “Reklama to'g'risida”gi qonunda respublika Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga yuklatilgan bo'lib, u reklama to'g'risidagi qonunchilikni qo'llash masalalari bo'yicha tushuntirishlar berishi kerak. Xo'sh, bu vazifa qanday bajarilyapti? Joylarda agentlikning vakillari reklama tarqatuvchi bo'lgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan ma'lum vaqtlarda ish olib boryapti, desak to'g'ri bo'ladi. Qonun buzilishiga asosiy sababchi bo'lgan, ya'ni reklamani qonun talablariga rioya etmay tayyorlayotgan xo'jalik sub'yektlari nazoratdan chetda qolmoqda. Agar reklama faoliyatida, asosan, uch tomon – reklama tayyorlovchi, teklama tarqatuvchi va reklamadan foydalanuvchi ishtirok etishini nazarda tutsak, reklama tayyorlagan chetda qolib, zararni reklama tarqatuvchi bilan reklamadan foydalanuvchi ko'rmoqda. Chunki reklama talabi buzilgani uchun reklama tarqatuvchi javobgarlikka tortilmoqda. Ayni vaqtda davlat tili qonuni buzilgani uchun jamiyat va davlatga ma'naviy zarar yetkazilmoqda.
Yaqinda Samarqand viloyat hokimligi yig'ilishida “Reklama to'g'risida”gi qonun ijrosi haqidagi masala ko'rib chiqilib, bu boradagi ahvolga tanqidiy baho berildi va Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining viloyat bo'limiga mavjud qonunbuzilish holatlariga barham berish topshirig'i berildi. Agar agentlikning viloyat bo'limida yigirmaga yaqin xodim ishlashini e'tiborga olsak, viloyatdagi o'n mingdan ziyod tadbirkorning reklamalarini nazorat qilib borishi qiyin ekani ma'lum bo'ladi. Chunki, birgina Samarqand shahrida mingga yaqin katta ko'cha bor va hatto, shoh ko'chalarda joylashgan binolardagi reklamalarni tartibga keltirish ham oson bo'lmaydi.
Ammo oson bo'lmasa ham bu ahvolda davom etish ham mumkin emas. Qat'iy chora-tadbirlar quruq gapda emas, amalda bo'lishi lozim. Qolaversa, hech kechiktirmay, reklama tayyorlovchilarga reklama to'g'risidagi qonunchilikni qo'llash bo'yicha tushuntirish berish kerak. Toki ular reklama davlat tilida bo'lishi shart degan talabni anglab yetishmas ekan, bu borada javobgarlik mas'uliyatini his qilmasliklari aniq.
Reklamada davlat tili haqidagi qonunning bajarilishi, avvalo, reklama tayyorlanishi jarayonida boshlanishi kerak. Aks holda bu muammo davom etaveradi. Xuddi ildizi yulinmay qolgan begona o't yana o'sib chiqqani kabi.
Xurshid NURULLAYEV.
Samarqand shahar