“O'tkan kunlar”ni tinch qo'ying…

Yaqinda televizordagi har daqiqada uzatiladigan reklamalarning biri e'tiborimni tortdi. Unda ulug' adibimiz Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani asosida “Zaynab bilan qoling begim” kinokartinasi suratga olinayotganligi e'lon qilindi. Bu xabar mashhur adib asarlarining muxlisi sifatida meni ham befarq qoldirmadi va ushbu mulohazalarni bitishga undadi.
O'tgan asrning 70-yillari edi. Chekka qishloqdagi maktabning sakkizinchi sinfida o'qir va sentyabr oyi kelar-kelmas bepoyon paxta dalalarida “javlon” urishga majbur edik. Bu ham yetmagandek, noyabr oyining o'rtalariga kelib biz o'quvchilar, Shahrisabzdagi jamoa xo'jaligining biriga yana terimga safarbar etildik.
Dalalar huvillab qolgan, ship-shiydon bo'lgan paxta maydonlarida yakkam-dukkam ochilgan ko'raklardan boshqa hech vaqo qolmagandi. Bizlar ikkita shiyponga joylashdik va ertasiga terimga tushdik. Oradan o'n kunlar o'tgach, ertalab guruh rahbarimiz “bugun sizlarni kinoga olib boramiz” degan yoqimli xabarni e'lon qildi. Shubhasizki, bu xabar hammamizni quvontirdi, o'sha kuni eng dangasa bolalar ham terim rejasini bajardi. Kechki ovqat bir soat avval yeb bo'lingach, bizlar saf tortib qo'shni qishloqqa yo'l oldik. O'sha yillarda biz dashtlik bolalar kinoteatr deganda usti ochiq, to'rt tarafi devor bilan o'ralgan va uzun yog'och o'rindiqlar amal-taqal qilib qoqilgan klubni tassavur qilardik, xolos. Usti yopiq, derazalariga chiroyli darpardalar tutilgan yumshoq o'rindiqli katta zalga kirib, ko'pchiligimiz hayratga tushganmiz.
Nihoyat, ekran yorishib, tomosha boshlandi va bu film bizlar shu paytgacha ko'rishga ulgurgan “oqlar” va “qizil”lar urushi voqealari tasvirlangan Chapayev yoki hindlarning mashhur “Fillar mening do'stim”, “Changda qolgan gul”, o'zimizning “Yor-yor”, “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman” kabi kinolarga o'xshamasligi bilan darrov e'tiborimizni tortgandi. Shunday qilib, bir soatdan ko'proq vaqt mobaynida biz o'yinqaroq bolalarni cheksiz hayajonga solgan film tugab, (ko'ngli bo'shroq qizlarning Kumushning o'limi tufayli piq-piq yig'lagani, ba'zilarining Zaynabni qarg'aganini hisobga olmasak), bu ajoyib san'at asari ta'sirida tinchgina qadrdon shiyponimizga qaytdik.
* * *
Mening esa xotiramda “film Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romani asosida suratga olindi” degan yozuv muhrlanib qolgani bois, maktabda o'qish boshlangach, adabiyot fani o'qituvchimiz Abdujabbor muallimdan:
— Domla, nega Abdulla Qodiriy degan yozuvchi kitobimizda yo'q? – deb savol berishga jar'at etganim va muallimning keskin ohangdagi:
— Bu savolni menga aytding, lekin boshqa birovga aytib yurma, nasib bo'lsa maktabni bitirib o'qishga kirsang, tushunib olasan”, – deya javob bergani bilan yodimda bir umrga muhrlanib qoldi.
Lekin meni ulug' adibning kitobini topib o'qishga bo'lgan ishtiyoq tinch qo'ymasdi. Kunlarning birida qishloqdagi kutubxonadan uning “Obid ketmon”i, so'ngra yana kimningdir uyidan “Mehrobdan chayon” va nihoyat, “O'tkan kunlar”ni ham topib o'qib chiqdim.
Aytmoqchi, gapimiz kino haqida edi. Shu o'rinda ushbu film ijodkori mashhur kinorejissyor Yo'ldosh A'zamovning mahoratiga, ayniqsa, Otabekning hijron azobida qiynalib mayxonada bo'lishi va Mashrab g'azali bilan aytiluvchi “O'rtar” ashulasini tinglashi epizodini yaratishiga tasannolar aytmasdan iloj yo'q. Shu o'rinda bu o'lmas ashulani ijro etgan mashhur hofiz Murodjon Ahmedovning dardchil nolasi tufayli film el orasida mashhur bo'lgani ham hammaga ayon bo'lsa kerak. Albatta, bu kinokartinaning tomoshabinlar qalbini zabt etishida atoqli san'atkorlar Abbos Bakirov, Razzoq Hamroyev, Maryam Yoqubova, Nabi Rahimov, Hamza Umarov va o'sha yillarda endigina san'at ostonasiga qadam qo'ygan yosh aktyorlar O'lmas Alixo'jayev, Gulchehra Jamilova va Gulchehra Sa'dullayevalar mahoratiga qoyil qolmasdan bo'lmaydi. Mashhur film sabab el orasida farzandlariga Otabek va Kumush ismlarini qo'yish keng ommalashgan edi.
Aytishlaricha, yana 1969 yilda suratga olingan filmning to'liq qismi Moskvaga olib ketilib, obdan qaychilangach, qaytarib berilgan ekan. Biz ko'rgan va hamon necha bor namoyish etilsa-da, hayajonsiz tomosha qilib bo'lmaydigan bu kinoning qaychilanmagan holati aslida qanday bo'lgan ekan, shunga qiziqaman…
* * *
Yillar o'tdi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, 1997 yilda bir qancha tomoshabop kino asarlari bilan tanilgan kinorejissyor Melis Abzalov “O'tkan kunlar”ni qaytadan kino qilishga jazm etdi. U ko'plab nomdor va iqtidorli yosh aktyorlarni bu o'ta mas'uliyatli jarayonga jalb etgan bo'lsa-da, film mahorat bilan tasvirga olingan, ancha tuzuk ishlanganiga qaramay, ming afsuslarkim, baribir tomoshabinlar qalbidan birinchisi kabi munosib joy topa olmadi…
Endi maqolamiz boshidagi “Zaynab bilan qoling begim” deb nomlangan reklamaga kelsak, “Youtube” kanalida uzuq-yuliq bir nechta roliklarga ko'zim tushdi-yu, hatto ochib tomosha qilishga xafsalam yetmadi. Ochig'ini aytsam, olislarda qolgan beg'ubor bolalik xotiralarimga soya tushishini istamadim…
Xalqimizda “Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin” degan maqol bor. Bu ayniqsa, o'zlarini “yulduz” sanaydigan va o'nlab xususiy telekanallarni maza-matrasiz seriallari bilan to'ldirayotgan soxta kinochilarga qarata aytilganga o'xshaydi. Shu o'rinda yurakdan bir so'z otilib chiqmoqda: “Hay, baraka topkurlar, mayli, istagan kinongizni suratga olavering, faqat hech bo'lmasa, Abdulla Qodiriyni va “O'tkan kunlar”ni tinch qo'ying!”
Xullas, gapning po'stkallasini aytsak, “O'tkan kunlar” asosida uchinchi bor kino ishlashni bas qilish kerak. Milliy kino san'atimizning javohiriga aylangan shunday ulug' asarni ham bir ahvolga solmaylik!
O'rolboy QOBIL,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.