Gap faqat chiziqlar haqida emas!
Yoki jarimalar xalqchilmi?
Bu dunyoda hammamiz ham yo'lovchimiz. Piyodami, jamoat transportidami, avtoulovni boshqargan holdami, ishqilib, yo'lda yuramiz. Ana shu yo'llar, yo'llarda yurishning, albatta, o'z madaniyati, qonun-qoidasi bor. Bo'lishi ham kerak!
Yurtimizda yo'l harakati xavfsizligini nazorat qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, yo'l harakati qoidalari va ayrim qonunlarga kiritilgan o'zgarishlardan kelib chiqib, shu muborak Ramazon oyida bo'lsa ham bir-ikki og'iz mulohazalarni o'rtaga tashlashni lozim deb topdik.
Yaqinda O'zbekiston Respublikasining “Yo'l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining jinoyat, jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritish haqida”gi PQ–1033-son qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash va yo'l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan, shu jumladan, qo'pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta'minlash, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs tomonidan transport vositalarini takroran boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilash, yo'l harakati qoidabuzarliklari bo'yicha hisoblanadigan jarima ballari belgilangan miqdordan oshganligi uchun ma'muriy jazo qo'llash, shuningdek, siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida ishlaydigan transport vositalari ishtirokidagi hodisalar bo'yicha alohida moddalarda ma'muriy va jinoiy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.
Unga ko'ra qayta-qayta qonunbuzarlik qilish natijasida to'plangan jarima ballari bir yil ichida 12 ballga yetgan haydovchilar kamida 6 oyga, ko'pi bilan 3 yilgacha haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladigan bo'ldi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs o'zboshimchalik bilan yana rulga o'tirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Tegishli qonun Senatda ma'qullangan.
12 ball. Bitta qoidabuzarlikka 2 ballgacha jarima hisoblanishi mumkin. Demak, bir yil davomida 6 marta qoida buzilsa, haydovchi “pravasi”dan mahrum bo'ladimi? O'ylab ko'ring, bu qanchalik adolatli?
Endi ana shu masalaga hukumat qanday qaraydi? Axir 30-40 yillik tajribaga ega haydovchi ham yil davomida besh-olti marta yo'l qoidasini buzmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi-ku. To'g'ri, qonun — hammaga barobar. Lekin bosh maqsad — odamlarni jazolash emas, yo'l qoidalari madaniyatini mustahkamlash emasmi? Shu bois, ko'pchilik haydovchilarning fikricha, jarima ballari bitta qoidabuzarlikka 0,5 ballgacha hisoblanishi maqsadga molik hisoblanadi. Yana yo'l qoidalariga amal qilish bo'yicha: aytaylik, svetoforning chirog'i lipillab yonib turgan paytda “sariq”da o'tgan haydovchi yoki taqiqlovchi belgi bo'lishiga qaramay, zarurat tufayli to'xtagan, yoxud yo'l chizig'ini bosgan haydovchini qattiq jazoga tortish holatlari qanchalik to'g'ri?
Albatta, transport vositasini mast holda boshqargan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lmay turib rulga o'tirgan, yo'lning qarama-qarshi tarafidan mashina haydash singari qo'pol qoidabuzarliklarga jiddiy chora belgilanganiga hech qanday e'tiroz bo'lishi mumkin emas.
Haydovchi hech qanday avariya holatlarini keltirib chiqarmasa yoki svetoforning qizil belgisida to'xtash chizig'ini ozgina bosib to'xtagan bo'lsa, nega unga jarima jazosi belgilanishi kerak? Axir bu qoidalar ko'pgina davlatlarda, misol uchun, rivojlangan Turkiya, Hindiston singari mamlakatlarda ham yo'q-ku?! Qolaversa, chiziqni bossa nima qiladi?!
Yaqinda “Madaniyat va ma'rifat” telekanalida shu mavzuda yaxshi bir suhbat-ko'rsatuv bo'ldi. Unda bir qator YHXB vakillari zo'r berib yangi qonun-qoidalarni ma'qullab chiqishdi. O'rtaga tashlangan ayrim savollarga “og'rinib” javob qaytarishdi. Go'yo faqat ular haq, haydovchilar, yo'lovchilar baribir nohaq.
Adolatli fikr, munosabat bunday bo'lmaydi! Sir emas, hamon esimizda: bir necha yillar avval kunduz kunlari ham avtomobillarning chiroqlarini yoqib yurish tartibi qattiq himoya qilingan edi. Ana shunda ko'plab yurtdoshlarimiz bu qoida umuman bizga to'g'ri kelmasligi, iqlimimizning tumanli emasligi, ayniqsa, yoz paytlari 40-50 daraja issiq bo'lishi haqida kuyunib e'tiroz bildirishganda ham birorta YPX xodimi xalqning fikrini “to'g'ri” demadi. Xuddi shuningdek, avtomobillarning oynalarini qoraytirishga ham zo'r berib qarshi munosabatda bo'lishgan. Hatto qaysidir bir kimsaning “oynasi qoraytirilgan mashinada farzandingizni olib yursangiz, hammayoq qorong'i, qo'rqinchli bo'ladi” degan tuturuqsiz gapini ko'pchilik xali-hanuz istehzo bilan eslasa kerak. Lekin katta miqdorda pul to'lansa, oynasi qoraytirilgan avtomashinada yurish mumkin ekan. Xayriyat, bu masalani keyinchalik hukumat ijobiy hal qildi.
Hayron qoladi kishi. Dunyoning eng katta shaharlari yo'llarida ham bizning poytaxtimizdagidek taqiqlovchi belgilar ko'p qo'yilmagan bo'lsa kerak. Katta do'konlar, bozorlar, o'quv dargohlari, umuman, bironta ko'cha chetiga avtomobilingizni qo'yib ketishingiz mumkin emas. “Parkovka”lar esa deyarli yo'q. Xo'sh, haydovchilar avtoulovlarini qaerga qo'ysin? Hatto taksi xizmatlaridan foydalanilganda ham haydovchilar dod deyishadi. Aytaylik, Alisher Navoiy ko'chasiga “Yandeks” xizmatidan foydalanib mashina chaqirsangiz, avtoulovning kutib turishiga joy yo'q. Bu muammo ham adolatli hal qilinishi kerak. Yo'l chetidagi sariq chiziqlarni hech bo'lmasa teng yarmiga kamaytirish, kerak-nokerak joylardagi taqiqlovchi belgilarni olib tashlashning payti kelmadimi?
Yo'llarning nosozligi, ayniqsa, bahor oylaridagi o'ydim-chuqurlarning ko'pligi hatto avariya holatiga olib kelayotir. Bu ham jiddiy masala. Avvalo, yo'llar talab darajasida bo'lishi, keyin qoidabuzarlarni jazoga tortish adolatdan bo'lmaydimi? Nima emish, yo'llardagi nosozliklar yoki boshqa sabablar tufayli jarimaga tortilganda fuqarolar sudga murojaat qilishi kerak ekan. Bitta jarima deb sudma-sud yurishga vaqtni odamlar qaerdan olsin?!
E'tirozlar juda ko'p. Ularning ko'pini esa noo'rin deb bo'lmaydi. Hukumatimiz yo'l harakati xavfsizligiga doir ko'plab qoidalarning amalda xalqchilligini ta'minlashga yanada jiddiy e'tibor qaratadi degan o'ydamiz.
Qolaversa, odamlarni rozi qilish, ularning manfaatini hamisha qo'llab-quvvatlash Prezidentimizning doimiy siyosati, talabidir.
Muhammadsodiq TO'RAYEV,
jurnalist.