Birida quvonasiz, birida…

O'tgan oy edi, shekilli, oila a'zolarimiz bilan dasturxon tevaragida edik. Xususiy telekanallarning birida fermer ayolning issiqxona xo'jaligida yetishtirayotgan va gurkirab o'sayotgan sabzavotlari, ko'zni quvontiradigan qip-qizil pomidorlaru, bodring, garmdori, sarimsoq, piyoz va boshqa ekinlar tasviri namoyish etilayotgandi. Tashqarida qor bo'ralab yog'ardi. Qishning ayni sovuq davrlari, faslning so'nggi kunlarini kutayotgan insonlar uchun bu juda maroqli manzaralari edi. Issiqxona ichi xuddi yozning chillasidek — ekinlar ko'zni yashnatardi.
— Bobo, mengayam issiqxona qurdirib bersangiz, men ham hamma havas qiladigan fermer bo'laman, qishloq xo'jaligi bo'yicha oliy o'quv yurtida sirtdan o'qiyman, — dedi endi o'ninchi sinfda o'qiyotgan nevaram.
— Xo'p, juda yaxshi, orzuing ro'yobga chiqsin! — dedim. Shu payt ikkinchi nevaram dasturxonga osh qo'ydi. Oila a'zolarimiz ko'rsatuvniyam ko'zdan qochirmasdan, palovxonto'rani tanovul qila boshladik.
Shu vaqt qiziq holat ro'y berdi. Ko'rsatuv gap-so'zsiz to'satdan to'xtadi-yu, ekranda qora ko'ylakli, qora qosh, qora ko'z, yuzlariyam shunga mos, nevaram tengi bir qiz paydo bo'ldi va odam organizmida uchraydigan gijjalar va yirik qurtlar haqida so'z boshlab, ularni odam ichaklari va organizmidagi harakat faoliyatini ekranda ko'rsatib tushuntira boshladi. Kelinning yuragi ko'tarildi, shekilli, og'zidagi luqmani yuta olmay, vannaxonaga kirib ketdi. Ko'pchiligimizda ishtaha buzildi. Kanalning ijodkorlariga “rahmat” aytib, boshqa kanallarga o'tdik. Yanglishmasam, “TTV” kanali edi, shekilli, katta zalda Boburbek Arabbekov degan yangi xonanda 20-30 nafar ijrochilarga bosh bo'lib, ham o'ynab, ham ashula aytayapti. Uning o'yiniyam, ashulasiyam g'alati, boshqalarnikiga o'xshamaydi. Xuddi futboldagi darvozabonga o'xshab turli tomonlardan xuruj qilayotgan to'pni to'xtatmoqchidek, beto'xtov ikki tomonga qarab yugurib turadi. Masofasiyam 6-7 metrdan kam emas. Tevaragidagi o'nlab raqqosa yigit-qizlar ham Xorazm lazgisining eng qizg'in avji bo'lgan “Qora ko'z, bo'y-bo'y” ashulasiga berilib o'ynayapti. Ular o'yinga shunaqayam berilib ketganki, hayratdan yoqangni ushlaysan! Bir-biriga qarashmaydi, bir-birlari bilan ishi yo'q. Boburbek va 40 yoshdan oshgan yana bir raqqos kishi musiqaning avji zarbiga chidayolmay, cho'kka tushgan holda sahna polini mushtlay boshladilar. Ular kuyning sehridan mast bo'lib, talvasada edilar. Uning tevaragidagilarniyam holati shunday. Endi bu holat zalda o'tirgan bir guruh yoshlargayam yuqdi, shekilli, yugurib sahnaga chiqishdi. Yer mushtlayotgan Arslonbek degan xonanda o'rnidan turib, “Bo'y-bo'y”ni davom ettirgan holda ularni quchib, ham kalla, ham qo'l bilan ko'risha boshladi, lekin “Ey qora ko'z, bo'y-bo'y”ni to'xtatmadi. Qo'lidagi mikrofonni sahnaga chiquvchilarning og'ziga tutib, ularniyam “bo'y-bo'y”ni aytishga undadi.
O'g'lim kulib: “Ashulaning bir qatorini Arslonbek 76 marta takrorladi”, — dedi. Yana bir qiziq tomoni, Arslonbek darvozabon singari u yoq-bu yoqqa yugurib ashula aytgan paytda qandaydir bir katta cho'g'irma topib kiyib, “bo'y-bo'y”ni aytgancha masxarabozlikni davom ettirardi. Bunga o'xshash bir xil so'zlarni takror-takror aytayotgan boshqa xonandalar ko'payib borardi.
Aslida, lazgining bu ashulasini ilk bor ustoz hofiz Komiljon Otaniyozov ham aytgan. Buyuk hofiz aytganidayam takrorlash bo'lgan, lekin me'yorida. Tinglovchining g'ashiga tegmagan. Chiday olmay yugurib emas, bir joyda turib aytgan.
Xususiy televidenielarga xos yana bir kamchilikni aytib o'tishni joiz deb bildim. Dori-darmon reklamalari nihoyatda ko'payib ketgan. Eng yomoni, tinglovchilarni aldashga urinish kuchli. Hatto dorilarni o'likni tiriltiradigan darajada maqtashadi. Yana qayta-qayta bir xil dorilar maqtalavergani odamning asabiga tegadi.
Xorazmdagi xususiy televidenielarning ayrimlari bir kunda mahoratli suxandon Sarvarbekning qaysidir bir olim bilan prostatit kasalligi to'g'risidagi suhbatini 2-3 marta takroriy bergan paytlari bo'lgan. Achinarlisi, televideniening boshqa kanallariyam shu e'lonni takroriy ko'rsatishni davom ettiraveradi. Ayrimlari tinglovchilarni firibgarlik bilan aldayotgani sezilib qoladi. Ko'pchilik e'lonlarda bahosi aytilmaydi. Olmoqchi bo'lib aniqlasangiz, ilon po'st tashlaydi. Oddiyroq dorilarning narxi oxirida esa 99 yoki 90 raqamlari bo'lishi kishida shubha uyg'otadi. Yana aytadiki: “Olib borib berish bepul”. Oddiy dorigayam otasining narxini qo'ygandan keyin bepulligi qayda qoladi, deging keladi. Yaqindagina Xitoyning bir klinikasi Urganchda faoliyat ko'rsatib, 30 so'mlik dorini 300 ming so'mga sotib, odamlarni chuv tushirib ketayotgani dars bo'lmayaptimi?
Boltaboy Matqurbonov degan qo'shko'pirlik hamkasbimiz yaxshigina yurgan edi, arzimagan bir kasallik deb, xususiy klinikaga kirib, pul to'lab, o'tidagi toshni oldirib, endi sog'aydim deb quvonib uyiga borgach, bir yarim kundan keyin vafot etib qoldi. Boltaboy ayni paytda barakali ijod qilayotgan ijodkor edi. Hech kasal bo'lganini eshitmagandik. “Qishloq hayoti”gazetasining Xorazmdagi muxbiri, elektron ro'znoma va nashriyot tashkil qilib, kitoblar chiqarib, el-yurtga nafi tegayotgandi. Boltaboy Matqurbonov fojiasidan nega xulosa chiqarmayapmiz?! Aksincha, taniqli jurnalist qaytish bo'lgan kunlari shu klinika bosh shifokori televizor orqali chiqish qilib, klinikasini maqtab, bemorlarni taklif qilganiga nima deysiz?
Chetdan kelib odamlarni davolayotgan ayrim klinikalardayam aldovga o'xshash harakatlar sezilib tursayam, hech kim pinagini buzmaydi. “Faqat o'sha kunlari shifokor qabuli bepul”, — deydi. Lekin boshqa xarajatlari filniyam hurkitadi. Masalan, navbatda turish va apparatga tushish, giyohlarning narxlari va tabibga ikkinchi kirish uchun to'lovlarini eshitib, nima deyishni bilmaysan! Lekin bular haqida reklamada lom-mim deyilmaydi, hatto televideniedagi jurnalistlarning ham bu bilan ishi yo'q, ularni ust-ustiga maqtashyapti. To'g'ri, o'tgan asrning 70-, 80-yillaridagi jurnalistlar jangovar ruhda edi. Bozor iqtisodi ularniyam yo'ldan urdi, shekilli! Dori-darmonlarning narxi osmonda! Shunda o'ylanib qolasan: shu dorilar yaxshi ekan, dorixonadagilar yomonmi? Bu klinikalar yaxshi ekan, nega davlat shifoxonalariga odam sig'mayapti? Xususiylarning xonalari ko'pi bo'sh. Nega qimmat dorilar televizorda maqtalib, “bepul yetkazib berilyapti”-yu, u dorilar dorixonalarda sotilmayapti? Bularning barchasi uchun Sog'liqni saqlash vazirligi va og'iz ko'pirtirib maqtayotgan televidenie rahbarlari javob berishi kerak emasmi? Yoki ularga pul to'lashsa, bo'ldimi? Sog'liqni saqlash vazirligiga litsenziya uchun, TVlarga reklama uchun mo'maygina mablag' tushishi sir emas. Lekin xalqning salomatligi nima bo'ladi? Buni kim o'ylaydi?!
Bu bilan barcha xususiy shifoxonalarda ahvol yaxshi emas, demoqchi emasmiz. Bemorlarning dardiga darmon bo'lib, hayotga qaytarayotganlari ham bordir, lekin guruch kurmaksiz bo'lmas ekan-da. Birida quvonasiz, birida ajablanasiz… Inson sog'lig'ini saqlashda o'shanaqa kurmaklar bo'lmasligini istardik. Xorazmliklar mehnatkash va sodda odamlar. Pul dardida izg'iyotganlar ularni chuv tushirmasin.
Eng yomoni, bu soha nazoratdan chetda qolayotgani ajablanarli. Bu sohaga mutasaddilar nazorati kuchaytirilishi kerak.
Qiziq, kecha otarchilik qilib yoki ustachilik qilib yuradigan ayrim kimsalar bugun qanday qilib bir yumalab mashhur “tabib”ga aylanib qolyapti? Bittasi odamlarni tepib, boshqasi tupurib, yana boshqasi urib davolar ekan. G'irt tovlamachilik, aldoqchilik-ku! Yana deng, qalloblarda tabiblar uyushmasidan guvohnomalari ham bor emish! Ular g'irrom, faqat pulni o'ylagan kunduzgi o'g'rilardir. Bunaqa lo'ttibozliklarga chek qo'yishning vaqti kelmadimi?
Uzr, mavzudan sal chetga chiqqandek bo'ldik. Xullas, xalq salomatligi bilan bog'liq reklamalarni TV va boshqa OAV pul to'lasa bo'ldi, deb e'lon qilaverishi kerak emas! Birinchi navbatda matbuotni tushumlar emas, odamlar manfaati, sog'ligi qiziqtirishi shart!
Erkin ERMATOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.