Yorug'lik yo'lidagi umrlar

Bir tomchi suv oyna ustida qalqib turibdi. U tiniq, shaffof. Kimyogar ko'rib, shu bir tomchi suvda qancha element borligini o'ylaydi. Og'ir bemor uchun lablarini namlashga yetgudek. Qush ko'rib, chanqog'ini bosishga chog'lanadi. Oynaning o'zi esa “qaniydi, bag'rimga yoyilsa, yanada yaltirar edim” deyayotgandek. Suvning tilini bilguvchi, qadriga yetguvchi olim esa uning qudratini shunday ifodalagan.
Tomchi suv deb g'ofil bo'lma,
toshni teshadi,
Tomchilardan daryo hosil bo'lib toshadi.
Tomchilarda dengiz aksi, hayot ramzi bor,
Qadrlasang, qut-baraka, rizqing oshadi.
Ushbu to'rtlik suv xo'jaligi bo'yicha olim Abror Qodirov qalamiga mansub. U butun umrini xalqning suvga bo'lgan ehtiyojini to'la qondirish, buning uchun suvdan asrab-avaylab foydalanish, qadriga yetishdek sharafli ishga bag'ishlagan inson. Qaniydi, bugun har birimiz olimga o'xshab tomchi suvda hayot deb atalmish ulug'likni, muqaddaslikni ko'ra olganimizda edi.
Abror Qodirov 1930 yilda o'qituvchi oilasida tavallud topgan edi. Toshkentdagi 11-maktabni oltin medal bilan tugatdi. So'ng O'rta Osiyo politexnika institutida o'qishni davom ettirdi. Yoshligidan suvning mehriga maftun bo'lgan. O'sha paytlarda ariqlarda sharqirab oqayotgan, dov-daraxt, ekinlarga jon ato qilayotgan “obi hayot” yonidan shunchaki o'tib ketolmasdi. Uning tovushi qo'shiq bo'lib eshitilardi go'yo. Bo'lg'usi olim shu sehrni anglagani sayin kasbiga mehri ortib bordi. U 1953 yili oliy ta'lim maskanini tugatib, gidrotexnik muhandis mutaxassisligiga ega bo'ldi. Mehnat faoliyatini gidroenergiya loyiha birlashmasida boshladi. Ko'p o'tmay, har sohada o'zini ko'rsatgan iqtidorli muhandisni institutning gidrotexnik qurilish kafedrasiga ishga taklif qilishdi. Bu yosh mutaxassisdagi ishonchni, kasbiga mehrini, suvning sehrini bilishga qiziqishini kuchaytirdi. O'qidi, o'rgandi, izlandi. nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Avval kichik, keyin katta ilmiy xodim bo'ldi. “Suv — yorug'lik”, – deyishgan ota-bobolarimiz. Ilmda ham, hayotda ham yo'li yorug' bo'lib bordi. Ko'ngliga muhabbat indi, oila qurdi.
Rafiqasi To'lqinoyning qadami ham qutlug' keldi. O'zi arxitektor bo'lishiga qaramay, odob-axloqli, imonli qizga uylanishdan baxtiyor edi. “Uyida baxti borlar har yerda baxtiyordir”, deydilar. 1963 yili olimni suv muammolari va gidrotexnika institutining gidravlika laboratoriyasiga mudir qilib tayinlashdi. Abror aka katta ilm maskanida o'z vazifasini davom ettirdi.
Olim o'zidagi mas'uliyatni yanada kuchliroq his qildi, chunki oila deb atalmish muqaddas qo'rg'oni, duogo'y onajoni, har lahzada yutuq va ezgulik sari ilhomlantiruvchi rafiqasi bor. Onasining har kuni qiladigan duolari Abror akani yana va yana izlanishga, suv sohasini o'rganishga, irrigatsiya tizimlarini rivojlantirishga undardi. To'lqinoy o'z loyihalari bilan shahar ko'rkiga hissa qo'shib, ilmiy ishi, izlanishlariga maslakdosh bo'lishga urinardi. Oila, ro'zg'or, rahbarlik bilan birga o'z ustida izlanishdan, ilm konidan dur terishdan charchamasdi.
Poydevori mehr-muhabbatdan, sevgi-sadoqatdan iborat oila qo'rg'oni mustahkam bo'ldi. Ahil va ibratli oilaga omad va barakot suvdek yorug'lik bilan oqib kelaverdi. O'g'il va qiz dunyoga keldi. Yaxshilarga yo'ldosh bo'lish, oilani muqaddas bilib e'zozlash, onani qadrlash, kasbu korga mehr qo'yish baxt-saodat keltirdi.
Fidoyi inson yana institut kafedra mudiri, direktor o'rinbosari, direktor lavozimlarida sidqidildan mehnat qildi. Institut qoshida ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil qilingach, fan sohasi bo'yicha shu birlashma direktori o'rinbosari bo'lib ishladi. Ko'p o'tmay, gidromeliorativ tizimdan foydalanish bo'limini boshqardi.
Abror Qodirov mehnat faoliyati davomida yuzlab ilmiy maqolalar yozdi. S.Tohirov, Sh.Bobojonov, M.Muxtorov, B.To'lapova kabi o'nga yaqin shogirdlariga ilmiy rahbarlik qildi. Olim tomonidan yaratilgan “O'zbekiston irrigatsiya tarixidan ocherklar”, “Suv va etika” kabi qator kitoblarida suvni isrof qilmaslik, uni asrab-avaylash har bir insonning burchi ekanligini targ'ib qildi. Amu-Buxoro kanali inshootlari qurilishida ham olimning ixtirolari muhim o'rin egalladi. Ayniqsa, uning “Islomda suv va suvdan foydalanishga munosabat” kitobi o'quvchilar tomonidan iliq kutib olingan.
Abror aka kamtar, do'stparvar, oilaparvar odam edi. Bu xislatlar To'lqinoy opada ham mujassam. Go'yo ular oltin uzukka yoqut ko'z qo'ygandek edilar. Alloh tomonidan berilgan vazminlik, chuqur mushohadalilik va donolik ne'mati bu insonlarga bo'lgan hurmatni yana ham oshiradi. U drenaj va irrigatsiya bo'yicha xalqaro komissiyada faoliyat ko'rsatdi, respublika hududlari uchun sug'orish suvini taqsimlash va boshqarish bilan bog'liq masalalar yechimini topishda bilimdonligini namoyon etdi.
Bularga erishishda Abror akaga oiladagi tinchlik-xotirjamlik, ayniqsa, To'lqinoy opaning (katta lavozimda — O'zbekiston arxitektorlar uyushmasi raisi bo'lib ishlasa-da) ko'nglidagi sadoqati, oilaga mehri, saranjom-sarishtaligi yordam berardi.
Qo'shni yashaganimiz bois bu voqealarning guvohi bo'lganman. Ularning kechki payt birgalashib aylanib yurishi, chehralaridagi samimiyat, “sen” emas, bir-birlarini sizlab gapirish, bir so'z bilan aytganda, baxtiyorlikdan dalolat edi. Qo'ni-qo'shnilar ham ulardagi iroda va bardosh naqadar kuchli bo'lganligini havas bilan eslashadi. Abror aka yiqilib oyog'i singanda shifoxonada olti oy davolash jarayonida opa yonlarida bo'lib, parvarish qildi. Chinakam vafoli ayol sifatida ibrat bo'ldi.
“Ko'ngil bog'i suv qadar tiniq bo'lgan odamlar ko'paysin, — degan edi Abror Qodirov. — Chunki ular suv kabi yorug'lik baxsh etadi”.
“Yaxshidan nom qoladi”, deydi xalqimiz. Chindan-da, ular o'tib ketishgan bo'lsalar ham, qo'ni-qo'shnilar bu oila, ahil eru xotin nomlarini, ibratomuz fazilatlarini tez-tez tilga olishadi. Biz yashayotgan uy loyihasini ham To'lqinoy Qodirova yaratgan ekan. Demak, ular — yaxshi odamlar biz bilan yashamoqda.
Muqaddas ABDUSAMATOVA,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.