Qaldirg'ochlar ham vidolashgan edi

O'zbekistoni xalq shoiri Muhammad Yusufni yod etib

Ming to'qqiz yuz sakson to'rtinchi yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'ZMU)ning jurnalistika fakulteti beshinchi kursida o'qiyotgan paytimdayoq “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida ish boshladim. Matbuotchilar ko'chasi (avvalgi Leningrad ko'chasi)ning 32-uyida respublika markaziy gazetalari bilan birga “Toshkent oqshomi” tahririyati ham joylashgan edi. Bu gazetada aravonlik hamyurtim, rahmatli Mamatursun Otaxonov ham ishlardi. Uning oldiga tez-tez tushib turardim. “Toshkent oqshomi” gazetasida ishlayotgan Muhammad Yusuf bilan ham shu paytda tanishganman. Muhammad Yusuf tug'ilgan Marhamatning Qovunchi qishlog'i bizning Aravon tumanidagi Nurobod qishlog'i bilan yonma-yon joylashgan. U paytlar Qirg'iziston bilan O'zbekiston o'rtasida chegara yo'q edi. Ikki qishloq aholisi bir-birlarinikiga piyoda ham borib kelishaverardi.

Muhammad Yusuf tanishgan kunimiz: “Sen bilan hali qarindosh chiqib qolsak kerak”, deb meni o'ziga yaqin olgandi. U aytganidek, qarindoshday bo'lib ketdik. O'sha chog'lari “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasi salkam bir million nusxada chop etilardi. Gazetada musahhih bo'lib ishlaganim sababli bir kun ishlab, ertasi kuni dam olardim. Dam olish kunlari Muhammad akaning tavsiyasi bilan Toshkent shahridagi korxonalardan maqolalar yozib topshirardim. Gazetaning deyarli har sonida maqolam chiqardi. U paytlari qalam haqi barakali bo'lardi. O'tkir Hoshimov, Sirojiddin Sayyid, Abduqodir Niyozov, Solih Yoqubov kabi taniqli ijodkorlar ham “Toshkent oqshomi”da ishlardilar.

Muhammad Yusuf “Tanish teraklar” nomli birinchi she'riy to'plamini menga sovg'a qildi. U juda ko'ngli oq inson edi. Bora-bora ish kunlari birga tushlikka chiqadigan bo'ldik.

Shoirning she'rlari bilan aytiladigan qo'shiqlar ommalashib ketdi. Uni qidirib keladigan qo'shiqchilar ko'paydi. Bir kuni Obid Rahmonov degan qo'shiqchi shahrixonlik do'stlarim orqali meni yo'qlab Toshkentga keldi. Uning “Oshiqman yuzda xolingga, bugun yetdim visolingga” degan misralar bilan boshlanuvchi qo'shig'i yoshlar orasida judayam mashhur bo'lib ketgandi. Muhammad Yusufdan bir-ikkita she'r olish ilinjida ekan. O'sha kuni Muhammad aka bizlarni o'zi yashab turgan qaynotasi G'aybulla As-Salomning hovlisiga taklif qildi. Devziradan andijoncha osh damladi. Shoir she'rlar o'qidi, hofiz qo'shiqlar aytdi. Yayrab hordiq chiqardik.

Qo'shiqchining samimiyligi va kamtarinligi, ovozining shirasi yoqib ma'qul keldi chog'i, Muhammad aka menga: “Obid Rahmon haqida maqola yoz, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga beramiz”, dedi. Yozgan maqolamni o'qib, oz-moz tahrir qilib, sarlavhasini “Shahrixondan taralgan sado” deb o'zgartirdi. Maqola gazetada bosilib chiqdi…

She'rda ham hikmat bo'ladi

Samarqandlik Abdusalom Rajabov degan qadrdonimiz Muhammad Yusuf bilan yaqinligimizni bilib: “Shoirni biz tomonlarga olib kelasiz-a?” deb iltimos qilib yurardi. Toyloq tumani tashkil etilib, tumanga Abdusalom Rajabov ichki ishlar bo'limi boshlig'i bo'lib tayinlandi. Samarqandliklar Navro'z bayramini judayam boshqacha nishonlashadi. Abdusalom akaning taklifi amalga oshib, 1993 yili Toyloqqa Navro'z bayramiga Muhammad Yusuf bilan birga bordik. Tuman markazidagi bog'da shoir she'rlar o'qidi. Tadbirda o'sha paytdagi viloyat hokimi Po'lat Abdurahmonov shoirga zar chopon kiydirdi. Menga ham so'z berishdi. Muhammad aka samarqandlik taniqli olim G'aybulla As-Salomning kuyovi ekanini aytganimda, gulduros qarsaklar bo'lib ketdi. Po'lat Abdurahmonov tuman hokimi Mo'min Sherqulovga qarata: “Muhammad Yusuf Samarqandga kuyov ekan-ku, unga yana bitta to'n kiydiramiz”, dedi. Olqishlar ostida shoirga yana zar chopon kiydirildi. Bizni bir piyola choyga taklif qilishdi. Muhammad akaga so'z berilganda, u bog'da ustozining akasini ko'rganini aytib, “Uni ham taklif qilaylik”, dedi. Samarqanddagi oliy bilimgohda ishlaydigan Abdurazzoq Oripov ham bayram tadbiriga kelgan ekan. Muhammad Yusufning ustozga bo'lgan hurmati meni hayratlantirgan edi…

Bayram tadbirlari tugagach, bizni Abdusalom aka qo'yardan-qo'ymay Samarqand shahridagi hovlisiga olib bordi. Shoirning oyog'i tagiga so'yish uchun ot yetaklab kelishganida, Muhammad Yusuf: “Otni yaxshi ko'raman, so'ymanglar”, deb turib oldi. Ot o'rniga qo'chqor so'yildi. Mehmondorchilik ayni avjiga chiqqanida, Abdusalom aka ko'zida nam bilan shoirni mahkam quchoqlab: “Butun qarindosh-urug'larim bir umr sizdan qarzdormiz, — deb qoldi. — Fayzullo boboga bag'ishlab yozgan she'ringiz (Muhammad Yusufning “Fayzulla Xo'jayev marsiyasi” — D.Q.) bilan tog'amizning ruhini shod etdingiz, qaddimizni she'ringiz bilan tikladingiz. Rahmat sizga!”

O'sha kuni tong otguncha ikkovlari rosa dardlashdi.

2001 yilning 30 iyul kuni Aravonga borgandim. Toshkentga qaytishda qadrdon hamkasbim Abdug'ulom Sultonovni ko'rish uchun Andijon viloyati hokimiyatiga kirdim. Uni avvallari bu qadar xafa holatda ko'rmagandim. Salom-alikdan so'ng: “Tinchlikmi, aka, kayfiyatingiz yo'q?” deb so'radim. Abdug'ulom akaning aytishicha, Qoraqalpog'istonning Ellikqal'a tumanida ijodkor yoshlarning uchrashuvi paytida Muhammad Yusuf olamdan o'tibdi. Ertaga Marhamatda dafn etilar ekan. Muhammad akaning to'satdan o'limi haqidagi bu og'ir xabar meni karaxt qilib qo'ydi…

Ertasi kuni Marhamatning Qovunchi qishlog'idagi Muhammad Yusufning bolaligi o'tgan xonadonda tumonat odam yig'ildi. Marhumni – ulug' shoir Muhammad Yusufni so'nggi yo'lga kuzatish uchun Ahmadjon Meliboyev, Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid va boshqa taniqli adiblar hamda Qoraqalpog'istonning Ellikqal'asidan vakillar kelishdi.

O'sha kuni so'zga chiqqan Ahmadjon Meliboyev: “Yaxshi insonning tug'ilmog'i baxt bo'lsa, uning o'lmog'i saodatdir”, dedi. Sirojiddin Sayyid marsiya o'qidi. Abdulla Oripov so'zlab, o'zi ham yig'ladi, boshqalarni ham yig'latdi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining otasi Yusuf hoji esa: “Muhammad Yusuf — she'riyat ilmining bulbuli edi”, — deb shoirga yuksak baho berdi. Ha, shoir she'rlari bulbul navosi kabi qalblarimizga yaqin edi.

…Eshigi oldidan to'lib oqayotgan ariq bo'ylab tobutni ko'tarib boryapmiz. Uch-to'rt yuz qadam yurganimizdan so'ng yo'lning o'ng tomonidagi “G'ishtmozor” qabristoniga burildik. Shoir sulolasining xilxonasi qabristonning etak tomonida ekan. Mayit qabrga qo'yildi. Qori domla tilovat qilmoqda. Hamrohim Nazirjon Saidov (u kishi ham yaqinda olamdan o'tdi, iloho, joylari jannatda bo'lsin) bilan yonma-yon o'tiribmiz. Shu lahzalarda go'yo mo''jiza ro'y bergandek bo'lib, osmonda chirillab u yoqdan bu yoqqa uchib, bezovta bo'layotgan qaldirg'ochlar galasi paydo bo'ldi. Nazirjon akaga ishora qilib, qaldirg'ochlarni ko'rsatdim. Nazirjon aka osmonga qarab: “Bugun qaldirg'ochlar ham shoir bilan vidolashgani kelganga o'xshaydi”, deb ko'ziga yosh oldi. Ikkimiz ham unsiz yig'lar edik.

Ajabo, qabristondan dilimiz vayron bo'lib qaytayotganimizda shoirning yaqin do'stlaridan biri Kamoliddin Otaxonov bir gapni aytib qoldi. Muhammad Yusuf u bilan birmuncha avval uchrashganida, gap-gapga ulanib, qarangki, “men Rashidov o'lgan joyda o'laman”, degan ekan. Alloh ko'ngliga solgan ekanmi, shunday bo'ldi…

 

Gul o'pib, gul yopinib,

Har dilda mozorim qolur,

Men ketarman bir kuni,

Navolarim, zorim qolur…

 

“Akangni ehtiyot qil”

…Shoirning otasi Yusuf tog'a rahmatli bilan ko'p ko'rishganmiz. Meni hurmat qilardi. Har gal borganimizda suhbatlashardik. U paytlari odamgarchilik boshqacha bo'lardimi, bilmadim, bir necha kunlab bir-birovimiznikida yotib yuraverardik.

Yusuf tog'a Ikkinchi jahon urushida qatnashgan tabarruk inson edilar. U bilan oxirgi marta ko'rishganimizda, “Dilmurodjon, Muhammad akangizni ehtiyot qiling”, deb tayinladi. Muhammad akaning aytishicha, otasi rahmatli o'limidan oldin: “Dilmurodjon bilan inoq bo'lgin”, deb aytgan ekan… Bu gap men uchun qanchalar qadrli, qimmatli ekanini so'z bilan ta'riflay olmayman…

Muhammad Yusuf bizning Aravondagi uyimizda bir necha marta bo'lgan edi. Kenjaboy otamizni hurmat qilar edi. Bir gal: “O'g'lingiz osmondagi qushni benarvon uradigan jurnalist”, deb meni maqtadi. Shoirning bu so'zi mehribon otamning ko'nglini tog'dek ko'targan edi.

Hovlimizda bir tup sadaqayrag'och bo'lardi. Yozning jaziramasida tagidan g'ir-g'ir shabada esib turardi. Bir safar Muhammad aka qayrag'och tagidagi temir karavotda yotib dam oldi. O'rinlaridan juda xursand bo'lib uyg'ondi. Kechagidek esimda, “juda yaxshi, xayrli tush ko'rdim” degandilar…

Muhammad aka bilan vodiyga, ayniqsa, Andijonga birga ko'p borardik. U tufayli she'riyat muxlislaridan men ham  do'stlar orttirganman. Muhammad Yusufning odamiylik fazilatlari, sodda va o'zbekona, betakror tuyg'u va yoshlik kechinmalari, ishq va muhabbatning nafis navolari muxlislarini yaqinlashtirib qo'yar ekan.

Yozganlarida musiqiy ravonlik borligi bois, taniqli xonandalar Muhammad Yusufning ko'plab she'rlarini qo'shiq qilib aytishardi. Oxunjon Madaliyev, G'iyos Boytoyev kabi qo'shiqchilar va shoirning muxlislari bilan o'tkazgan ijodiy kechalarida ko'p marta  ishtirok etganman.

Ayniqsa, Andijonning Ulug'noridagi to'yda bo'lgan voqea hecham yodimdan chiqmaydi. Sovet davrida cho'lni obod qilish uchun Marhamat tumanida yashovchi shoirning hamqishloqlari bu yerga ko'chib kelishgan ekan. Asli marhamatlik Murodjon o'g'lining sunnat to'yiga qo'shiqchi G'iyos Boytoyevni shoir orqali taklif qildi.

To'yni olib boruvchi topilmagach, o'rtani olib borishni mendan iltimos qilishdi. Mustaqillikning dastlabki yillari ham “ko'cha”ning zo'ravonlari o'zlarini ko'rsatib turishar edi. To'y ayni avjiga chiqqanida, bir badmast erkak qo'shig'ini endi tugatgan G'iyos Boytoyevning yoniga kelib: “Onam yig'lar” qo'shig'ini yana aytasan!” deb qoldi. Muhammad Yusufning har bir bandi “Onam yig'lar, onam yig'lar, onam u” degan misralar bilan yakunlanuvchi she'rini hofiz chindan ham juda maromiga keltirib aytgan edi. Qo'shiq tugagunicha haligi kishi o'rtada tinglab turaverdi.

Davradagi shinavanda “Onam yig'lar”ni yana bir marta ayttirdi. Orada bir kishi kelib qulog'imga: “Bu pichoqbozlik qilib, bir necha marta qamalib chiqqan odam, ehtiyot bo'linglar”, deb ketdi. Qarangki, diydasi qotib ketgan shunday odam ham she'r, qo'shiq qudrati ta'sirida yig'lab turardi. Uchinchi marta bu qo'shiqni aytib bo'lgach, G'iyos Boytoyev menga: “Dilmurod aka, bir yo'lini topib, yordam bermasangiz bo'lmaydi, bu odam meni tinch qo'ymasa kerak”, dedi. G'oyibdan bir kuch kelib, mikrofonni qo'limga oldim-da, haligi kishining yelkasiga qo'limni qo'yib: “Onasini sizchalik yaxshi ko'radigan odam kam bo'lmaydi, rahmat sizga, qoyilman! Bu qo'shiq she'rini kim yozganini bilasizmi?” — deya qo'lidan ushlab, davradan olib chiqib ketdim. Biroz gaplashdik. Yodimda qolgani, u qamoqdaligida onasi olamdan o'tgan ekan…

Ha, hayotda har qanday voqealar bo'ladi. Muhammad Yusuf el ichida ko'p bo'lar edi. Yuqoridagi kabi voqea-hodisalardan ranjimas, aksincha har bir kishining ko'ngliga qarar, samimiy, beg'ubor qalb sohibi edi.

O'ylayman, agar shunday toza qalbli odam bo'lmaganida u Muhammad Yusuf bo'la olarmidi, xalq qalbiga singib ketadigan she'rlar yoza olarmidi?! Yo'q, albatta.

…Shoir haqidagi jamiki xotiralarni qog'ozga tushirsam, bir kitobga sig'masa kerak. Muhammad Yusuf desalar hamisha, favqulodda mard va to'g'riso'z, sodda va samimiy, mehr-shafqatli inson, haqiqiy Xalq shoiri ko'z o'ngimda gavdalanaveradi.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 12 =