Ijod sahnasidagi umr

(Jurnalist va adib Hamid Tojiboyevni yod etib…)

…1976 yil. Ro'zg'orimiz katta edi. Oilada yetti farzand. Dadam rahmatli kunduzi “Chortoq” temir yo'l stansiyasi qarshisidagi choyxonada ishlasalar, tunda shu atrofdagi dehqon bozorida qorovullik qilardilar. O'rtancha akam bilan dadamga yordam berar edik. Kunlarning birida dadam bir kishi bilan suhbatlashib turardi. “Kel, o'g'lim, bu amaking bilan tanishib ol!” — deya meni yonida turgan to'lachadan kelgan, shlyapali kishi bilan tanishtirdilar.

— Hamidxon uka, sizga havas qilganmiz. Bu — kenja o'g'lim! O'zingiz ustozlik qilib o'qitasiz-da.. Maktabni tugatib, Toshkentga boradi, — dedi dadam.

Hamid aka yelkamga qo'lini qo'yib:

— Nechanchi sinfni bitirding, o'g'lim? — deya yuzlandi.

— Beshinchi sinfni, — deya iymanibgina javob berdim.

— Yaxshi o'qigin, jiyanim! Maktabni tugatgach, albatta, Toshkentga bor! — deya Hamid aka alqab, erkalab bag'riga bosdi. Ko'p o'tmay, oppoq “Volga” kelib, u kishini olib ketdi…

Otam rahmatli og'ir xastalikdan so'ng vafot etdilar.

…1980 yil akam va kelinoyim bilan Toshkentga — Hamid akaning xonadoniga mehmonga bordik. Chiroyli jihozlangan xonada javonlardagi kitoblar, stol ustidagi chiroq yonidagi yozuv mashinkasi va qo'lyozmalar. “Skripka” va “Gulasal” nomli kitob ham bor edi. Tushungandek bo'ldim. Bu — jurnalist, tarjimon va yozuvchi Hamid Tojiboyevning ijodxonasi edi.

Maktabni tamomlab, poligrafiya texnikumiga o'qishga kirdim. O'shanda Hamid akaning Ziyo Said ko'chasidagi hovlisida yashadim. Har tong nonushtaga qadar Hamid aka ijodxonasida nimadir yozardi. Unga havas va ishtiyoqim ortib boraverdi. Shirin orzular ijod yo'lini tutishga turtki bergandi. Bu xonadonga atoqli shoir Husniddin Sharipov oilasi bilan, domla Hamidulla Akbarov, Shuhrat Qosimov, chortoqlik bolalar shoiri Jo'ra Rahim kabi qalam sohiblari kelib turishardi. Ular davrasidagi adabiyot, ijodga doir bahs-munozaralar esa meni o'ziga ohanrabodek tortib bo'lgandi. Taniqli adib Nusrat Rahmatning “Men redaksiyadanman” kitobini o'qib, jurnalistlik kasbiga qiziqishim yanada ortdi. Texnikumni tashlab, jurnalistikaga o'qishga kirmoqchi ham bo'ldim. Shunda Hamid aka menga:

— O'g'lim, (ustozning o'g'li bo'lmagani uchunmi meni shunday o'ziga yaqin olardi) ko'pam shoshilma. Texnikumni tugatib, armiyada xizmat qil. Keyin ko'ramiz. Bir narsaning hisobini ham unutma: jurnalistning noni shirin, mehnati qattiq bo'ladi. Yaxshilab o'ylab ko'rgin, — deya ogohlantirgandek bo'ldilar.

— Hamid aka Tojiboyev asli chortoqlik. Qalami o'tkir jurnalist bo'libgina qolmay, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, samimiy inson ham edi. Biz u kishi bilan tez-tez ko'rishib turardik. Ijodiy ish bilan shug'ullanardilar, ocherk, hajviya va hikoyalar yozardilar. Bir necha kitoblari ham chiqqan. Namanganlik Hamid Nuriy bilan yaqin edilar, — deya xotirlaydi filologiya fanlari doktori, taniqli yozuvchi Muxtor Xudoyqulov.

— Hamid akani yaxshi eslayman. U kishi O'zbekiston davlat teleradiosi Yoshlik radioeshittirishlar muharririyatining “Jasorat” harbiy-vatanparvarlik eshittirishi bosh muharriri edi. Ustoz-shogird faoliyat olib borganmiz. Juda samimiy, ochiq ko'ngil hamda serqirra ijodkor edilar, — deya esladi Namangan viloyat teleradiokompaniyasi direktori, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Muhammadjon Maqsudov. — Esimda, Hamid aka Yangiqo'rg'on tumanining “Mehnat bayrog'i” gazetasida chop etilgan hikoyamga samimiy tilaklari bilan oq yo'l tilagandilar…

Hamid Tojiboyev “Qizil O'zbekiston” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasida adabiy kotib, “Fizkulturnik Uzbekistana” gazetasida muharrir o'rinbosari, muharrir, “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi “O'zbekiston ovozi”) gazetasi va “Mushtum” jurnalida adabiy xodim, bo'lim mudiri bo'lib ijod qildi. O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi boshqaruvi kotibi, O'zbekiston davlat teleradiosida bosh muharrir va boshqa qator vazirlik hamda respublikaning nufuzli idoralarida mas'ul vazifalarda faoliyat yuritgan chog'larida ham ijoddan to'xtamadi. U — “Skripka”, “Gulasal”, “Partizan Kazbek”, “Saidani izlab”, “Oq turna”, “G'oliblarga ta'zim” kabi bir qator asarlar muallifi. Ko'plab hajviy asarlari esa Respublika Televizion miniatyuralar teatri orqali teletomoshabinlar e'tiboriga havola etilgan.

Oddiy oilada tavallud topgan harbiy yozuvchi va jurnalist, publitsist Hamid Tojiboyev nafaqaga chiqqach ham ijodini davom ettiradi. Umrining oxirigacha tarjimonlik bilan mashg'ul bo'ldi. Rahmatli Hamid aka shu kunlarda hayot bo'lganida yuz yoshga to'lgan bo'lardi.

Ha, ustozning pand-nasihatlari, ibratli hayoti umr yo'llarimda g'oyatda asqatgan. Jamiyatda o'rnimni topishimda u kishining o'rni katta. Ota-onang ham, ustozlaring ham g'animat ekan. Hayotda ustozlardan, ular ko'rsatgan yo'llardan borib duolar olish hammaga ham nasib etavermaydigan ne'mat ekan. Bugun ustozning haqqiga duo qilib, yozganlarini xotirlab u haqida shirin xotira yozayotganimning o'zi ham meni baxtiyor etmoqda.

Zero, bugun ustoz Hamid Tojiboyev bosib o'tgan yo'liga bir nazar tashladik xolos.

Odiljon INOMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + eight =