Odam izlagan shoir

Bahodir Isoni taniganlar, uning she'rlarini o'qiganlar o'zbek adabiyotining iste'dotli va kamtarin ijodkorini ko'z oldiga keltirishlari aniq. U o'sib ulg'aygan Rishtonning Dutir qishlog'ini juda yaxshi ko'rardi. Shuning uchunmi, unchalik uzoq bo'lmagan Qo'qonga ham, Farg'onaga ham borib ishlagisi kelmadi. Poytaxtdagi qizg'in hayotni ham xushlamadi. Uni yaqindan bilganlar yaxshi inson va yaxshi shoir deb baho berardilar.

Yaqinda ko'zlarda yosh bilan uni so'nggi manzilga kuzatdik. Dutirda bunchalar ko'pchilik qatnashgan dafn marosimi avval bo'lmagan. Suyukli insonni yo'qotish oson emas. Na iloj, o'lim haq.

Bahodir bilan 1976 yili tanishgandim. O'shanda yozuvchi Omon Jarqinboyevnikida  tongotar suhbat qurgandik. Rahmatli Yo'ldosh Sulaymon uni: “Katta shoir bo'ladigan, ko'p biladigan, kam gapiradigan, kamtar ukamiz”, deb tanishtirgandi. Yo'ldosh aka haq gapni aytgan ekan. U katta shoir bo'ldi. Salmoqli ijod qildi, kamtarona yashadi.

U bilan so'nggi marta Farg'onaning yana bir iste'dodli farzandi, yozuvchi Alisher Ibodinovning yubileyida ko'rishib, suhbatlashgandik. Nimagadir avvalgi Bahodirga o'xshamasdi. Onasini esladi. “Onam siz olib borgan “Oqshom to'lqinlarida” eshittirishingizni tinglab, keyin uyquga ketardilar”, dedi. U kun ham xotiraga aylandi.

— Bahodirjon, siz o'zi ham, ijodi ham baland shoirsiz. O'zingizni asrang, uka.

Bu gaplarimni eshitgach, yuzida beg'ubor kulgi paydo bo'ldi.

— Aka, qishloqda yashab yuribmiz-da…

Bir necha kun o'tib, yozuvchi Nosir Zohiddan: “Bahodirni ko'rib keldim, tobi yo'q”, degan gaplarni eshitganimda, o'lim deganlari uni kutib turganini xayolimga keltirmagandim. Kutilmaganda internetda Alisher Ibodinovning “Shoirim, nega shoshildingiz?” deb boshlangan satrlarini o'qib, adabiyotimiz katta iqtidor egasi bo'lgan shoiridan ayrilganini angladim. Do'stimning ayriliq azobi aks etgan satrlaridagi dardiga o'z dardim ham qo'shilganday bo'ldi.

Ha, Bahodir zo'r shoir bo'libgina qolmay, uncha-muncha kuloldan ham qolishmasdi. Rassomligiga uning ijodini ko'rganlar tan berishar, haykaltaroshligidan hayratlanishardi. She'rlarini o'qigan kishi o'ziga haykal qo'ygan yirik iste'dod egasini ko'rib, hayajonini yashira olmay qolardi. Rassomlar hayoti, dunyosi boshqacharoq bo'ladi, deyishadi. Ko'pincha shoir Bahodir Iso rassom Bahodir Iso bo'lib yashaganday. Shoirlik yuki tarozi pallasini bosib ketganligi aniq.

Bahodirning “Sharq” nashriyotida chop etilgan bir to'plami “Yaxshilar bor, yaxshiyam” deb nomlangan. She'rlarini o'qigan kitobxon “yaxshiyam” so'zi nega ta'kidlanganligini darrov sezadi. Shoir hayotga o'ziga xos sinchkovlik bilan qaraydi. Kuzatuvchan. U bugungi kunda dunyoda mehr qahat bo'lib qolganligidan kuyinadi, lekin tushkunlikdan uzoqroq yashash uchun yaxshilar borligiga ham o'quvchini ishontiradi, ko'z oldiga keltirib qo'yadi.

 

 

Bu beshafqat dunyoda

Yaxshilar bor, yaxshiyam.

Mehr qahat dunyoda

Yaxshilar bor, yaxshiyam.

 

Mard ishonar ahdiga,

Gado rizo naqdiga.

Bahodirning baxtiga,

Yaxshilar bor, yaxshiyam.

 

Bahodir o'zi yaxshi inson edi. Shuning uchun shoir baxtiga yaxshilar borligini ishonch bilan aytadi. Bahodirning she'rlarida o'zini qanday bilsa, shundayligicha ko'rsatishga harakat qiladi. She'rlarida shoir o'z shaxsini aslo ayab o'tirmaydi. Xolis, tanqidiy yondashadi. Hammaning ham qo'lidan kelavermaydigan holat bor. Axir inson zotida ko'pincha o'ziga baho berganda “men yaxshiman, men hammadan zo'rman” degan qarashlar borligi ham sir emas. Shu yerda Bahodirning she'rlarini o'qiymiz:

 

Meni yaxshi ko'rganlar ko'p, to'g'ri, biroq

Jini suymay yurganlar ham undan ko'proq.

 

Demak, yomon odamman deb kuyunmay ham,

Juda yaxshi odamman deb suyunmay ham.

 

Taroziga qo'yilganda faqat amal,

Yaxshiligim og'ir kelsa bo'ldi sal-pal...

 

Kamtarlik ham shuncha bo'larmi? Yashashdan maqsad ne? Hisob-kitobli dunyo deydilar. Shoir o'z satrlarida odam har bir harakati uchun javob beradi deya hushyorlikka undaydi. Ming afsus, ana shu haqiqatni unutayotganlar har qadamda bor.

 

Tushgach umr kitobimga so'nggi nuqta,

Hammangizni tark etaman xuddi yo'qday…

 

Ha, shunaqa,

Mendan sira hadik olmang…

Gap — shu.

Boring,

Endi siz ham,

Yo'ldan qolmang!

 

Bahodirjon dunyodan o'tgan kunlari Qobiljon aka degan haydovchi tanishim uyga qaytayotganimizda menga qarab: “Kecha bir she'rni eshitib ketdingiz. Xayolingiz, kayfiyatingiz boshqacha edi. O'sha she'rni yozib berolmaysizmi?” — deb qoldi.

“Bo'ladi, telefonimdan ko'chirib, yozib beraman…”

O'sha kech uyqum qochib ketdi. Uyga qaytishda Bahodirning o'zi o'qigan she'rni ijtimoiy tarmoqdan ko'zda yosh bilan tinglab ketgandim. Aka ham men bilan birga tinglaganiga e'tibor bermabman. Qobil aka nega Bahodirni, uning she'rini so'rab qoldi? Axir xozir kitob o'qiydiganlar kamaygan, ko'chada kitob ko'tarib yurganlar ustidan kuladiganlar ko'paygan bir davrda she'r eshitadigan, uni yozib olmoqchi bo'lgan, yana, kimsan, vaqti tig'iz haydovchini uchratish… Demak, hali she'riyatni tushunadigan yuraklar kam emas ekan. Mana o'sha she'rdan parcha:

 

Uni sizladim men,

Buni sizladim.

Odamlar ichidan odam izladim.

Shaytonlarga uchrab, kuydim, muzladim,

Odamlar ichidan odam izladim…

 

Qashqirlar quturdi,

Ko'ppaklar hurdi…

Chayonlar chaqay deb izimdan yurdi…

O'rgimchak inini ko'zimga qurdi,

Odamlar ichidan odam izladim…

 

Menga odam kerak!

Haqiqiy odam!

Topsam, yuragimdan quvilar motam…

Oyoqyalang qo'yib cho'g'larga qadam,

Odamlar ichidan odam izladim…

 

Haqiqiy odam izlash uchun cho'g'larga oyoqyalang qadam qo'yishga rozi bo'lgan shoir  jigarim Bahodir Iso. Yaratgan egamdan duo bilan so'raymiz, iloho joylari jannat bog'laridan bo'lsin!

Anvar ABDUVALIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =