Samimiyat ifori

taniqli shoir Odil Hotamni
Nazar Shukurni bir marta ko'rganman. Ikkimiz baqamti atigi bir necha daqiqa suhbat qurganmiz. Ana shu bir necha daqiqa menda o'chmas taassurot qoldirgan. Poytaxtdan kelib, Odil Hotam bilan uchrashganimda, aytib bergan birinchi taassurotim Nazar Shukurni o'zimcha kashf etganim bo'ldi. U shunday sodda, beg'ubor, samimiy ediki, to'g'risi, shu paytgacha shunday ochiqko'ngil odamni uchratmagandim.
“Ko'kdagi umr” kitobidagi she'rlarini o'qib chiqdim. Jismu jonidagi soddalik, samimiyat she'rlaridagi teran falsafiylik bilan yanada to'lishib, shoir siymosini ko'z oldimda ulug'vor qilib gavdalantirdi.
Ammo ko'p o'tmay, mudhish fojia yuz berdi. O'sha kunlari Odil akaga dalda beruvchi biror so'z aytolmadim. Ayriliq iztirobini juda og'ir kechirdi. Nazar Shukur haqida gap ketganida ko'p bora ko'ziga yosh olganini, aytmoqchi bo'lgan gaplari bo'g'ziga tiqilganligini ko'rganman. Poytaxtda o'qib yurgan kezlari ikkalasi o'rtasida chinakam jigargo'shalardek aka-ukalik munosabati qaror topganligiga amin bo'ldim.
Oradan yillar o'tdi. Vaqt — malham. G'am-g'ussa, musibatlar ham unutiladi. Ammo Nazar Shukur haqidagi xotiralar Odil akani hech qachon tark etmadi. Har gal u haqda gap ochilsa, ma'yus tortib qolar, iztirob va alam bilan shoirni xotirlar, uning pok ruhini e'zozlash maqsadida qilingan har bir xayrli ishni quvonch bilan kutib olardi. O'zi o'qigan maktabga shoir nomi berilgani haqida xabar eshitganda, terisiga sig'may, suyungan edi.
Shoir tug'ilib-o'sgan Chiroqchiga ko'p karra borib keldi. Shoirning ukasi O'roz Haydar bilan doimiy aloqada bo'lib turdi. Ikkalasi bir-biriga xat yozib turishni kanda qilishmasdi. Odil aka o'zi ham yaxshigina shoir, adib bo'lib shakllangan O'rozga shoir akasidan bevaqt ajralib qolganidan so'ng ko'ngli o'ksimasligi uchun butun vujudi bilan akalik mehrini baxsh etardi.
“Yuksakdagi daraxt” xotira-essesini o'qiyapman-u o'sha olis yillar ko'z o'ngimda qayta jonlandi. Unda har bir satr samimiyat bilan yozilgan. U shunchaki qog'oz qoralash uchun yozilmagan. Satrlar qa'rida yuksak tog'lar zalvori kabi sog'inch, eng yaqin do'st hijronidan cheksiz alam, dard to'lqini suzadi, yillar sinovida toblangan sadoqat tuyg'usidan tug'ilgan shukronalik, nekbinlikka qorilgan sabr-qanoat, umid va ishonch yolqinlari ko'ngilni g'oyat ravshan qiladi. Yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida Odil akaning har bir she'ri tug'ilishiga guvoh bo'lganman. Kitobni o'qish jarayonida men vaqtida ilg'amagan, anglamagan, mohiyatiga to'la yetmagan holatlarni ham ko'rdim va bu Nazar Shukurning shaxsiyati, ijodkor sifatidagi siymosi, she'rlarining bugungi kun uchun ham daxldorligini qayta kashf etishimga yordam berdi. Esimda, gazetamizda (o'sha paytda “Kommunizm uchun”, hozirgi “Karmana ovozi” gazetasida xizmat qilardim. D.M.) uning “Nishon akaning etigi” degan she'rini e'lon qilgandik. Gazetadan bir nusxa shoirga yuborildi. Ko'p o'tmay, undan Odil akaning nomiga minnatdorlik xati keldi. Unda: “Hech yerda bosilmagan, bosishni xohlashmagan she'rimni chiqaribsizlar, rahmat”, deyilgandi.
Kitobni varaqlayman. Satrlar orasidan Nazar Shukur kulib qarab turgandek bo'ladi. Tabiatan u shunday edi. Umrida ko'rmagan odami bo'lsa ham, ko'p yillik qadrdonlarday munosabatda bo'lar, uning uchun birovlarning ko'nglini olish, ko'nglini ko'tarish, ko'ngillarga yaqin bo'lish fazilati mujassam edi. Bu hol she'rlarida ham o'z ifodasini topgan. Xotira-esseda keltirilgan she'rlarni o'qib, bunga amin bo'lishingiz mumkin. Uning she'rlarida samimiyat ufurib turadi. Zo'rma-zo'rakilik, soxtalik, havoyilik yo'q. Samimiy insonlar bu foniy dunyodan o'tib ketgandan so'ng ham samimiylik bilan xotirlanadi. “Yuksakdagi daraxt” ana shunday samimiyat bilan yo'g'rilgan, Nazar Shukur shaxsi, ijodiy yo'li haqida bildirilgan fikrlarning barchasi samimiylik bilan aytilgan. Menimcha, kitobning qimmati ham mana shunda.
* * *
Vaqt — yugurik. Kechagina bir-birimizni ko'rsak¸ bir zumda dunyoning u boshidan kirib, bu boshidan chiqardik. Suhbatimiz ijod haqida, ilhom shavqi-yu qiynoqlari haqida bo'lardi. Kitobi chiqqan bo'lsa, albatta, dastxat yozib, bir nusxani menga berardi. “Quyosh siyohdoni” to'plami nashr qilingan yili uchrashib qolganimizda, kitob tarqalib ketib, hatto o'zida ham qolmaganligini xijolatomuz aytdi, qayta-qayta uzr so'radi, imkoni topilib qolsa, albatta, bir nusxa keltirib berishini va'da qildi. Oradan ko'p o'tmay, “Xirmon” chop etildi. Odil aka qo'ltig'ida yostiqday kitob bilan uyimga kirib keldi. Shu yerda o'tirib, dastxat yozdi. Titroq qo'llari bilan ancha qiynalib yozdi. “Uzr, ancha vaqtingizni olaman, yozishga qiynaladigan bo'lib qolganman”, dedi. Ustoz menga taqdim etadigan kitobga shunday dastxat yozib berdi: “Ko'p yillik qadrdon hamkasbim, ajoyib ijodkor, qo'shnim Doston Mavlonovga ezgu tilaklar bilan taqdim etaman. Ijodingizga baraka, sog' bo'ling! Ehtirom bilan Odil Hotamov. 06.09.2022. Karmana”.
Odil akaning dastxatini har qanday holatda men o'qiy olaman. Axir yigirma yil bir joyda yelkama-elka, yonma-yon turib ishladik. Mening gazetaga ishga kelishimga ham aynan Odil aka sababchi bo'lgandi. Ishga keldim. Odil aka bo'lim mudiri, men oddiy muxbirman. Odil aka topshiriq beradi, men bajaraman. Gazetaning qanday mashaqqatlar bilan yaralishini shunda bildim. To gazetxon qo'liga yetib borguncha gazeta o'n martalab o'qilishi, yuz martalab xato-kamchiliklari tuzatilishi xayolimga kelmagandi. Shunda ham ba'zan xato o'tib ketar, ertasi kuni kimni ayblashni bilmay jig'ibiyron bo'lib o'tirardik. O'sha paytda ko'kda uchib yurardim. Gazetani chinakam ijod maydoni bilib, she'r, hikoya, badiiy lavha, qatralar, etyudlarga hamma yerni to'ldirib tashlardim. Reportaj, felyeton kabi gazetaning faol janrlarini shu yerda o'rgandim. Odil aka menga ijodiy turtki berar, yozganlarimni muntazam o'qib borar, maslahatlar berardi. O'zi ham tinmay ijod qilardi. O'sha paytlarda Moskvada chop etiladigan gazeta-jurnallardan ko'plab tarjimalar qildi. Ulardan gazetamizga mos keladiganlari e'lon qilinardi. “Literaturnaya gazeta”, “Knijnoe obozrenie”, “Novыy mir”, “Roman gazeta” kabi gazeta-jurnallarga muntazam obuna bo'lardi. M.Zoshchenko, B.Pasternak, M.Bulgakov, M.Shaginyan singari rus yozuvchilari haqida dastlabki ma'lumotlarni Odil aka aytib bergan. L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, I.Bunin, A.Kuprin, A.Soljenitsin singari ijodkorlarning fojiaviy taqdirlari haqida sir tutib kelingan ma'lumotlarni ham Odil akadan eshitganman. Keyin bu yozuvchilar yaratgan asarlarni goh asliyatda, goh tarjimada o'qib chiqdim. Yigirma yil davomida bir joyda birga ishlab, Odil akadan olgan saboqlar uchun minnatdorman va ruhlari oldida hamisha bosh egaman.
Odil aka fenomen shaxs edi. Bunday odamlar hayotda juda kamdan-kam uchraydi. Uning xarakteriga xos xususiyatlar: nihoyatda xokisor, sokin, vazmin, osoyishta odam edi. Past ovozda so'zlardi, nihoyatda ehtiyotkor, hushyor ko'rinardi. Kamtarligi, kamsuqumligi tillarda doston bo'lgandi. Haqoratli so'zlarni og'ziga olmasdi, so'kinmasdi, kimdandir qattiq ranjisa, “Astag'firulloh! Astag'firulloh!” derdi. Takalluf, mulozamat, hurmat-ehtirom kabi odob me'yorlarini keragidan ham oshirib yuborardi. Shu qadar ehtiyotkor ediki, bu odatini ilk bor ko'rgan odam yo hayratga tushardi, yo dod deb yuborardi. Xotirada saqlanishi lozim bo'lgan har qanday so'z, fikr, gap bo'lsin, yon daftarchasiga qayd etib qo'yardi. Birovga yetkazishi zarur bo'lgan topshiriqmi, iltimosmi, albatta, daftarchada qayd qilinar va aytilgan muddatda shu ish bajo etilardi. Uyining yo ishxonaning kaliti bo'ladimi, albatta, bir parcha qog'oz topib, hafsala bilan o'raydi-da, cho'ntagiga ehtiyotlab solib qo'yadi. Odil akaning bu qadar har bir ishga erinmay vaqt ajratishi, biz ahamiyatsiz deb bilgan mayda-chuyda ehtiyot choralarini hech qachon nazardan qochirmasligi hayratlanarli edi. Rosti, ba'zan men betoqatlanib, tegajog'lik qilardim. “Avaylagan ko'zga cho'p tushadi, deyishadi, bunchalik ham ehtiyotkorlik nega kerak?” desam, Odil aka ohista miyig'ida kulib qo'yar va har doimgidek ehtiyotkorlik choralarini ko'rishda davom etardi. Odil akadagi ehtiyotkorlik menda bo'lmagani sababli qancha-qancha kalit yo'qotdim, kimlardir noyob kitoblarimni o'qiyman deb olib, bermay ketdi, necha bir topshiriqni unutib yuborib, pand yedim. Odil aka muntazam kundalik yuritardi, shogirdlariga ham kundalik yuritishni odat qilish haqida o'git berardi.
Odil aka haqida o'ylaganimda, har gal shunday iste'dodli shoirning umri tuman gazetasida o'tib ketganiga afsuslanaman. Chunki tuman gazetasi har qanday iste'dodni o'zining tor qobig'idan chiqarib yubormaydi. Gazeta ijodkorni qayraydi, deyishadi, ammo yozuvchi yoki shoirni emas, jurnalistni, gazetachini charxlaydi. Badiiy ijodda iste'dodi namoyon bo'lsa, uning katta adabiy davralar, qaynoq ijodiy muhit hukmron bo'lgan poytaxtda kamol topishi haqida qayg'urish lozim. Odil aka respublika radiosida ishladi, “Guliston” jurnalida she'rlari e'lon qilinib, o'z davrining yetuk shoirlari, adabiyotshunos olimlar e'tirofiga sazovor bo'ldi. Ammo ona qishlog'iga bo'lgan muhabbat, uzoq yillar undan olisda yurganligining sog'inchi taqdirini tuman gazetasi bilan bog'ladi. Uylanib, bola-chaqali bo'lgach, Muqimiydek Karmanani tashlab ketolmadi. Tabiiyki, uning bag'ri o'sha paytda ijod shavqi bilan to'lib-toshgan qalbiga torlik qildi. Katta iste'dod egasining umri tuman gazetasining biqiq muhitida sokin, osoyishta, muammolarga to'la kechdi. Ijodidagi ayrim cheklanishlar, kamchiliklar, chekinishlar sababini ana shu hol bilan izohlash mumkin. Shoir baxtiyorligining bir sababi shu ediki, u bor bilimi, tajribasi, badiiy ijoddagi mahorat sirlarini shogirdlariga singdirishga harakat qildi. Shuning uchun undan bir og'iz maslahat olgan, o'gitiga quloq tutgan ijodkorlar bugun minnatdordir. Undagi shogirdparvarlik fazilati chindan havas qilsa arziydigan bir maktabdir.
Ko'p umri gazeta muammolarini hal etish, gazeta atrofida bo'ladigan asabbuzarliklarga chidash, gazetaga hukmini o'tkazishga o'rgangan amaldorlarning buyruqlarini bajarish, maza-matrasiz yig'ilishlar, uzundan-uzoq majlislarda toqat qilib o'tirish, na o'ziga, na o'zgaga foydasi tegmaydigan jamoat ishlarini bajarish bilan o'tdi. Bir kuni xunob bo'lib o'tirganini ko'rdim. Kamdan-kam hollarda shunday bo'lardi. Qandaydir bir jamiyat tuzilibdi, unga Odil akani mas'ul kotib etib saylashibdi. Endi uning Nizomini, rejasini ishlab chiqish lozim ekan. Ruhan toliqqan Odil aka sokingina: “Endi faqat kalamush tutarlar jamiyatiga a'zo bo'lishim qoldi-da”, dedi. “Balki shu tashvishlar bo'lmaganida, Shoir bo'larmidim ancha ulug'vor”, deb yozganida Abdulla Oripov Odil aka singari ijodiy iste'dodi mayda tashvishlar girdobida ko'milib qolganlar haqida achinib aytgandir. Odil aka poytaxtda yashaganida va ijod qilganida bugungi kunda adabiyotimizning zabardast vakili bo'lib tanilardi. Holbuki, qancha-qancha iste'dodi haminqadarlar adabiyotga zarracha foydasi tegmagan bo'lsa ham ko'kragiga urib yuribdi. Hatto bundaylar Odil akaning tushiga ham kirmagan, orzu ham qilmagan mukofotlar, unvonlarga erishganlar. Odil aka shogirdlariga: “Mukofot uchun yozmang, mukofot ortidan quvmang, aksincha, mukofot sizning ortingizdan quvsin”, deb o'git berardi. Odil akaga berilgan “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali uning ortidan quvib, umr bo'yi halol yashagani, mehnat qilgani, xalqimiz ma'naviy olamini boyitishga qo'shgan hissasi uchun ko'ksidan joy olgan mukofotlardir.
Ikki asr oralig'ida Navoiy viloyatidan yetishib chiqqan eng iste'dodli shoir Odil Hotam hayot bo'lganida shu kunlarda 75 yoshni qarshilar edi. Afsuski, bu kunlar ustozga nasib etmadi. Bir yupanch shuki, Odil aka adabiyot muhiblari, ijodkorlar, ziyolilar qalbidan chuqur joy oldi, hayotligida yozgan she'rlari bilan hamisha xalqimizga kamarbasta bo'lib qoladi. Bu samimiy inson qalamidan to'kilgan nazmiy tuyg'ular xalqimizning ma'naviy hayotida yashab, shoir abadiyligini ta'minlashiga ishonaman. Zero, ustoz she'rlarida samimiyat ifor taratib turadi.
Doston MAVLONOV.