“Har bir she'rim — kimlargadir xat”

2022 yilning 21 iyun kuni sadoqatli do'stimiz, dilbar shoir, zabardast jurnalist Ahmadjon Toshxo'jayevni so'nggi yo'lga kuzatdik. Shoirning Toshkent shahar Darxon mahallasidagi uyida bo'lib o'tgan ta'ziya marosimida u bilan bog'liq voqealarni, yozgan she'rlarini, eng yaxshi fazilatlarini yodga oldik.
Ma'rakani yakunlab, xayrlashayotganimizda o'g'li Zohir: “Otamning “Barak” degan she'ri bor ekan”, deb aytib qoldi. Tushundimki, bu she'r xech qaerda chop etilmagan bo'lsa kerak. Ana shu fikr qo'limga qalam olishga undadi.
Avvaldan aytib qo'ya qolay. Ahmadjon Toshxo'jayevning har bir she'ri chindan ham kimlargadir yozilgan xat kabi edi. Bu haqda o'zi shunday yozgan edi:
Mening she'rim — kimlargadir xat,
O'qiganda bo'lmangiz hayron.
“Barak” deb nomlangan yarim hazil, yarim chin satirik she'ri ham Ahmadjon Toshxo'jayevning o'tgan asr talabalari nomidan bugungi kun yoshlariga yozilgan xat, desak, yanglishmagan bo'lamiz.
Ahmadjon Toshxo'jayev bilan kursdosh edik. 1969 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirdik. O'shanda bir o'ringa 8 da'vogar bo'lgan. Namanganning Shahand qishlog'idan kelgan Ahmadjon Toshxo'jayev kirish imtihonlarida eng yuqori ko'rsatkichga erishib, mandat komissiyasi tomonidan munosib e'tirof etilgan edi.
Keyinchalik suhbatlarimizdan ayon bo'ldiki, Ahmadjon Toshxo'jayev maktabda o'quvchilik paytidayoq ancha mashhur bo'lgan ekan. Uning she'rlari respublika matbuotida e'lon qilingan, hatto “Gulxan” jurnalida chop etilgan “Maktab bog'i” nomli she'ri respublika miqyosidagi tanlovlarning birida juda yuqori baholanib, unga dam olish uchun “Artek”ka yo'llanma ham berilgan ekan.
Ma'lumot uchun: “Artek” Qrimning janubiy sohillarida joylashgan bo'lib, sobiq Ittifoqdagi eng nufuzli xalqaro bolalar oromgohi hisoblangan. U yerda dam olish o'sha davr bolalari uchun eng katta rag'bat edi. “Artekka yo'llanma” bo'lajak shoirning katta yutug'i bo'lsa-da, u bu haqda maqtanishni o'ziga ep bilmasdi. Chunki kursdoshlar orasida o'ta kamtari va kamgapi edi. Jurnalist degan kasb egasining bir oz bo'rttiribroq gapirishi nazarda tutilsa, uning bu fazilatlari g'ayritabiiydek ko'rinardi.
Birinchi kursda hali bir oy o'qib o'qimay, Mirzacho'lga paxta hashariga otlandik. Borsa kelmas, deganlari o'sha manzillar bo'lsa kerak. Chor-atrof paxtazor. Aholi punktlari ko'rinmaydi. Ular juda olisda. Dala o'rtasida yordamchilar uchun maxsus barak qurilgan.
Barak deganlari otxonadek gap. Eshigi bor, derazasi yo'q. Birinchi va ikkinchi kurs talabalari rus guruhlari hamda o'qituvchilar bilan hisoblaganda, taxminan yuzdan ortiq talaba bir tom ostiga joylashganmiz. Uzun binoga jami to'rt qator ikki qavatli taxtadan yotoq yasalgan. Ana shu maxsus o'rindiqda yashaganmiz. Ikki qatoriga o'g'il bolalar, qolganiga qizlar joylashgan. Oraliq qanor matosi bilan to'silgan. Qanor degani qop tikish uchun mo'ljallangan dag'al mato. O'sha parda qiz va o'g'il bolalar yotog'ini ajratib turadi.
Ba'zi-ba'zida ana shu parda choklari so'kilib qoladi. Bu ataylab qilinadimi yoki tabiiy holmidi, aqlimiz yetmasdi. Har holda, qizlar igna ip bilan yana tikib-chatib qo'yishardi. Xafagarchilik bo'lmasdi. Ahil-inoq yashaganmiz.
Kun bo'yi paxta teramiz. Belgilangan rejani bajara olmaganlarni kechqurun “shtab”ga chaqirishadi. “Shtab” deganimiz – dashnom beradigan, “o'qishdan haydayman”, deya qo'rqitiladigan o'qituvchilar xonasi. Bu yerdagi dag'dag'a va dashnomlar kun bo'yi qilgan mehnatingdan ham og'irroq bo'lardi. Holatga siyosiy tus berilardi. Xullas, o'zingni o'ldir, planni to'ldir, deganlaridek.
Lekin o'sha befayz, betartib maskanning maqtovga loyiq, fayzli jihatlari ham bo'lardi. Biz e'zozlaydigan “shoirtepa” deb nomlaganimiz shular jumlasidandir. Ana shu ramziy minbarda, ya'ni “shoirtepa”da kunda she'rxonlik yoki boshqa madaniy-ma'naviy tadbirlar tashkil qilardik. Qoraqalpoq qizlari Gulchehra Rahimova, Zubayda Ishmanova, parkentlik Sharifa Salimova, kasbilik Ikrom Otamurodov, payariqlik Sayyora Jumaqulova, buxorolik Shodmon Nurmatov va boshqalar bir-birlari bilan navbat talashib, she'r o'qishar edilar. Ularning har birlarining o'z uslubi, aytar so'zlari bor edi, albatta. O'sha davralarda eng ko'p olqish olgan Ahmadjon Toshxo'jayev bo'lgan desam, ishonavering.
Faqat talabalar emas, ustozlar ham shu minbarga ko'tarilib turardilar. Biz birinchi marta jadid adabiyoti vakillari haqida, xususan, Cho'lpon haqida ana shu tepada eshitganmiz. Uning she'rlaridan zavqlanardik. O'qituvchimiz Boybo'ta Do'stqorayev (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) mayin, yarim siniq ovozda kunora Cho'lpondan she'r o'qirdi:
Qorong'u kechada ko'kka ko'z tikib,
Eng yorug' yulduzdan seni so'raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: men uni tushda ko'ramen.
Tushimda ko'ramen — shunchalar go'zal,
Bizdan-da go'zaldir, oydan-da go'zal!
O'sha vaqtlarda “Topqirlar va zukkolar klubi”, ya'ni “KVN” degan bahslashuv rosa ommalashgan edi. Ikkinchi kurs talabalari bilan ana shu musobaqani tashkillashtirdik. Musobaqa shartlari orasida paxtadagi holatimizni aks ettiruvchi hajviy she'r yozish uyga vazifa sifatida belgilangandi. Kursboshimiz, ya'ni oqsoqolimiz Ahmadjon Meliboyev boshchiligida ana shu tadbirga yarim tungacha sham yoqib tayyorlanganmiz.
Sham, yarim tun kabi iboralar yana bir voqeani esga soldi. O'sha yili yozuvchi O'lmas Umarbekovning “Odam bo'lish qiyin” nomli asari kitob shaklida chop etilgandi. Kimdir Toshkentdan ana shu kitobdan bir dona olib keldi. Navbat bilan o'qiganmiz. Bir kunda to'rt talaba o'qishi kerak. Sutkani 6 soatdan bo'lib olganmiz. Menga kechasi soat 12 dan ertalabki 6 gacha muddat tekkan. Mendan keyin esa Ahmadjon o'qishi lozim edi. Yostig'imning tepasida soat beshdan turib olib, “bo'l-bo'l” qilgani hali-hanuz yodimda. Mana buni kitobga muhabbat desa bo'ladi.
Endi tadbirga qaytamiz. Raqib jamoa vakillari orasida iqtidorlilari anchagina edi. Hozirda nomlari ma'lum va mashhur Xurshid Do'stmuhammad, Namoz Sa'dullayev, O'rol O'tayev, Muhammadjon Obidov, Ra'no Zaripova kabilar bizdan bir kurs yuqori o'qishgan. Ular G'afur G'ulomning “Sen yetim emassan” she'riga taqlid qilib, bizlarning ustimizdan kulishganday bo'lishdi, ayni vaqtda nasihat ham qilishgan:
Bel og'riq nimadir, bizlardan so'ra,
Yalangbosh, qalamqosh qizlardan so'ra.
Kattamiz Ahmadjon aka Meliboyev bu shartni bajarishni Ahmadjon Toshxo'jayevga topshirgandi. Ahmadjon odob-axloqi, bilimga chanqoqligi, mas'uliyatni chuqur his etishi, tafakkur tarzi va eng muhimi, qalamining charxlanganligi bilan boshqalardan ajralib turardi. U hech kimni yordamga chaqirmadi, birovdan maslahat so'ramadi. Musobaqa shartining bajarilishini sir tutdi.
U Abdulla Oripovning “O'zbekiston” she'riga o'xshatma tayyorlagandi. “Baragim” deb nomlangan bitikni muallifning o'zi o'qidi. Uning she'rlarida ham, she'r o'qish uslubida ham o'ziga xoslik bo'lardi. She'rlaridagi qofiyalarga, alohida yalt etgan fikrlariga nafaqat ovoz bilan, ayni vaqtda gavdasining, qo'llarining harakatlari bilan urg'u berardi. Uning o'ng qo'li yelkasi bilan she'r qofiyasiga mos ravishda oldi-orqaga borib kelaverardi. Bu holat unga juda yarashardi. Buni muallif o'z ash'orining ich-ichiga kirib ketishidan dalolat, deb izohlar edik.
She'r shunday boshlanar edi:
Barak, senga she'r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Atrofingda kezarkan quyun,
Xaroblikda ekansan tanho.
Shoir raqiblarimiz singari aql o'rgatmadi, hayotimizni bor butunligicha ko'rsatib berishga intildi va bunga erishdi.
Ana shu tarzda kundalik hayotimizning bayoni boshlanadi. Rus guruhida o'qiydigan, yoshi bizlarga nisbatan kattaroq Kolbin degan beshafqat talaba brigadirlik qilardi. Uning quloqni qomatga keltiradigan mirshab hushtagidan har tong asabiylashib uyg'onardik:
Men Kolbinning hushtagi bilan
Uyqusirab o'rnimdan turdim,
Botinkamni topolmadim man,
Boshginamni taxtaga urdim.
Boshimdagi g'urragim manim,
O, beshafqat Baragim manim!
Shoir paxtadagi hayot tarzimizni ana shu zaylda davom ettiraveradi. Kuygan ovqat tanovul qilganligi ham, onasiga yozgan xatlariga javob olmayotgani ham, kunora kechki shtabda izza bo'layotgani ham satira ostiga olinadi. Lekin har bir yomonlikning yaxshi tomoni ham bo'ladi. Baragimiz ham bundan mustasno emasdi:
…Unda yashar men sevgan dildor.
Kelar qizlar tomon qaragim manim,
Ko'zimga ziyo ber, Baragim manim!
Har bir oltilikdan keyin hayqiriq, olqishlar yangrab turardi. Shu kuni g'oliblikni qo'lga kiritishimizda mazkur she'rning o'rni katta bo'ldi. Bu Ahmadjon Toshxo'jayevga katta hurmat, e'tibor olib keldi va mazkur e'tirof umrining oxirigacha uni tark etmadi.
O'sha yili paxtada 100 kundan oshiq bo'lganmiz. Dekabrning 27-sanasida paxtazordan qaytganmiz. Sovuq, qor. Dalada paxta qolmagan. Isinish uchun dalada gulxan yoqamiz desak, quruq g'o'zapoya topilmaydi. Norozilik kayfiyatini izhor qilishga cho'chiganmiz. Axir paxta iqtisodgina emas, siyosat ham edi. Ana shunday qiyinchilikda “paxta siyosati uchun” dalada sovuq qotib yashaganmiz. Chunki bizning yoshimizdagilar maktabning boshlang'ich sinfidanoq o'qimay paxta tergan.
Bularning barchasi bugungi avlodga cho'pchakdek tuyulsa kerak. Yaratganga shukurlar bo'lsinki, bugungi talaba paxta nima ekanligini deyarli bilmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning sa'y-harakatlari bilan mamlakatimiz paxta qaramligidan xalos bo'ldi. Paxtachilik klaster va fermerlarning ishi ekanligiga bugun hamma tushunib yetdi. Buning uchun Yurtboshimizga minnatdorlik izhor qilib, shukronalik tuyg'ulari bilan yashamog'imiz lozim.
Darhaqiqat, Ahmad Xo'janing har bir she'ri kimlargadir xat. Uning she'rlarini o'qigan har bir muxlis bunga qat'iy ishonch hosil qiladi. Shoirning turli yillarda chop etilgan “Yulduzlar sehri”, “Saboq”, “Biz ikki dunyomiz”, “Sadoqat chashmasi”, “Sarbon va karvon”, “Saylanma” kabi kitoblarida bu kabi she'rlar — kimlargadir yozilgan maktublarni juda ko'plab uchratish mumkin. Ularning ko'pchiligi el sevib eshitadigan mumtoz qo'shiqlarga aylandi.
Har qanday jamoaga moslasha olish, u yerda o'z so'zini ayta olish, vaziyatni xolis baholash, adolatparvarlik, kirishimlilik va boshqa qator ijobiy fazilatlar unga bir umr hamroh bo'ldi. U qaerda va qaysi lavozimda ishlamasin, o'zining ibratli tomonlarini ko'rsata bildi. Shu bois el-yurt hurmatiga sazovor bo'ldi, o'ziga ishonib topshirilgan vazifalarni sadoqat bilan bajardi. Kursdoshlarimiz orasida unga birinchilar qatorida “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” faxriy unvonining berilishi ham fikrimizning dalilidir.
Ahmadjon o'z kasbiga nisbatan hamisha sadoqat namunalarini ko'rsatib yashadi. Hatto universitetni tugatganidan so'ng ikki yil zobit sifatida harbiy xizmatni o'tagan yillarida ham, tahririyatlarda mehnat qilgan kezlarida ham, mamlakatimizning eng nufuzli idorasida ishlagan vaqtlarida ham, O'zbekiston Axborot agentligida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan pallalarda ham bir zum ijoddan to'xtamadi. U namunali hayot va ijod yo'lini bosib o'tdi.
Ahmadjon Toshxo'jayevning ijodini o'rganish, tahlil va tadqiq qilish o'ta dolzarb mavzu. Ishonamizki, yosh tadqiqotchilar bu ishga astoydil yeng shimaradilar.
Rahmatilla ShERALIYEV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan
yoshlar murabbiysi.