Boqiylik saodati

Samarqand shahar hokimligi muassisligidagi “Samarqand” gazetasida muharrir bo'lib ishlayotgan paytimda, 2008 yilning o'rtalarida bir jurnal bosh muharriri tahririyatga kelib qoldi. Gazetada chop qilingan hajviya, pamfletlarimni o'qigan ekan, shunga meni izlab kelibdi. “Sizni jurnalga bosh muharrir o'rinbosari qilib olaman, yuring Toshkentga”, dedi. Men ham gapiga laqqa ishonib, ishdan bo'shadim. Ikki oy ishlagach, to'satdan, he yo'q, be yo'q, bosh muharrir kabinetiga chaqirib: “Aka, ishdan bo'shang, yo'q desangiz, qisqartirishga tashlab, bo'shattirvoraman”, deb qoldi. Nimaga bunday qildi, surishtirib o'tirmadim. 2 oy muhlat so'radim, keyin ariza yozib ishdan bo'shadim.
O'g'lim xorijda ishlab kelib, yengil mashina olib bergandi. Shu bilan bir muddat kirakashlik qildim. Bir kuni mijozni “Matbuot uyi” yonidagi “Poytaxt savdo”ga olib borishga to'g'ri kelib qoldi. Aniq esimda, 2014 yilning 19 dekabr kuni edi. Mijozni mashinadan tushirgach, Safar Ostonov bilan bir salomlashib ketish uchun “O'zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatiga kirdim. Har qalay, begona emas, meni iliq qarshi oldi Safar aka.
— Qaerlarda, nima qilib yuribsan? — deb so'radi.
— Bir jurnalda nashr uchun mas'ul edim, hozir kirakashlik qilayapman, — deb ochig'ini aytib qo'ya qoldim.
— Bunday yurma, ko'rganlar nima deydi? Tahririyat iqtisodiyot bo'limi mudirligi o'rni bo'sh, shunga nima deysan?
— Yo'q, bu bo'limni tortolmayman…
— Bo'lmasa, ma'naviyat-ma'rifat bo'limi mudirligiga o'tasan, arizangni yoz!
Vallohu a'lam, shunday qilib, ko'chadan “Matbuot uyi”ga kirgan kirakash u yerdan “O'zbekiston ovozi” gazetasining bo'lim mudiri bo'lib chiqdi. Kadrlar bo'limi mudiri Dildora Imomova bir soat ichida barcha hujjatlarni tayyorladi, Safar aka arizaga imzo qo'ydi.
Bir hafta-o'n kun bo'ynim ishga yor bermay yurdi. Buning ustiga, osmondan tushganday, tuppatalosdan ishga qabul qilingan kamina bilan tahririyat xodimlari juda ehtiyot bo'lib gaplashadi. Buning sababini keyinchalik bildim. Bo'limda ishlaydigan Abdusalim Mahmudov “Safar aka akangizmi?” deb so'raganida, “ha” deb qo'ya qolgandim. Bu gapga hamma chippa-chin ishonibdi. Uch oylarcha vaqt o'tib, “sirim” fosh bo'ldi.
Bir kuni xonamizga bir yigit keldi. Salomlashib, biz bilan ko'rishdi. Men ham salomlashib, ishimni qilaverdim. Bir payt qarasam, Abdusalim og'zini ochgancha menga hayratomuz tikilib turibdi. “Nima gap?” deb so'radim.
— Jiyan bilan ham shunday ko'rishadimi?
— Qanaqa jiyan?
O'sha paytda bu savolim bilan qovun tushirib qo'ygan ekanman.
— Axir bu Safar akaning o'g'li Sanjar-ku, tanimayapsizmi?
— E, tanimay qolibman, kel, boshqatdan ko'rishaylik, — deb quchoqlashib ko'rishdim. Lekin sir fosh bo'lgan edi.
* * *
Safar aka hammabop odam edi. O'zidan kattami-kichikmi, hamma bilan birdek til topishib ketaverardi. Birorta odam ishi tushib kelsa, hamma ishini tashlab, uning muammosini hal qilishga kirishib ketardi. Yosh boladek hammaning gapiga ishonaverardi. Agar birov aldaganini bilib qolsa, o'sha odam bilan muomala qilishni yig'ishtirib qo'ya qolardi. Tinimsiz ishlardi, tinimsiz mutolaa qilardi. Gazetaning har bir soniga bitta yangilik kiritmasa, ko'ngli joyiga tushmasdi. Kabinetiga biror kishi kirsa, bir-ikki soatsiz chiqib ketmasdi.
Buning ustiga, Safar aka tushlikka chiqmasdan, eshikni ichkaridan qulflab olib, gazetaning navbatdagi soniga beriladigan maqolalarni tahrir qilardi. Toki hamma materiallarni ko'rib chiqmagunicha, ko'ngli joyiga tushmasdi. Oqibatda “tushlik” kechga qolib ketardi. Kech soat 4-5 larda haydovchi jiyani Hasan olib kelgan ikkita somsa bilan tamaddi qilib olardi. Vaqt yarim tundan o'tganida, ishni yakunlab, uyiga ketardi…
Safar aka uchun bayram, shanba-yakshanba degan gap yo'q edi. Har oy, hech bo'lmasa, dolzarb mavzuda ikki marta bir sahifadan maqola tayyorlardi. Esimda, Orol dengizining suvi qurib qolgan hududlariga sho'rga chidamli bo'lgan saksovul navini ekish maqsadida 500 dan ortiq eng kuchli texnikalar, bir necha ming kishi jalb etildi. Shunda shaxsan Safar aka Qoraqalpog'istonga borib, “Mo'ynoqda yangi tong otmoqda” sarlavhali bir sahifalik maqola tayyorladi. Yoki Sardobada ro'y bergan ofatning ertasi kuni o'sha yerga borib, bir sahifalik material tayyorlab qaytdi. U tinimsiz o'z ustida ishlardi, izlanardi, boshqalardan ham shuni talab qilardi. “Shanba-yakshanba kunlari uyda sasib yotavermasdan, ishga kelib, birorta yaxshiroq maqola tayyorlasalaring bo'lmaydimi?” derdi doim. Xodimlar uning gaplarini jimgina tinglashardi, lekin qaysi ahmoq dam olish kunlarini ishxonada o'tkazardi?
Men esa ana shu doimiy aytilgan gaplar ta'siridanmi, yo boshqadanmi, dam olish kunlari ham maqola tayyorlash uchun ishxonaga boradigan bo'ldim. Safar aka ko'pincha sudlangan, lekin sud hukmidan norozi bo'lib, tahririyatga najot izlab kelgan kishilarning dardini tinglab, maqola tayyorlash uchun barcha hujjatlari bilan menga jo'natardi. Ularni o'rganib chiqib, tahliliy-tanqidiy maqola tayyorlashning o'zi bo'lmasdi — buning uchun kamida bir hafta ketardi. Vaqtni qizg'anib, dam olish kunlari ham tahririyatga borib, shu maqola ustida ishlashga to'g'ri kelardi. Maqolani tayyor qilib topshirgach, Safar aka dushanbagacha uni tahrirlardi, seshanba kuni gazetada bir sahifa bo'lib bosilib chiqardi. Ana shunday tanqidiy maqolalar bois, ko'pchilik nohaq sudlanganlarning ishi Oliy sud tomonidan qayta ko'rib chiqilib, ular oqlandi yoki sud qarorlari bekor qilinib, qayta ko'rib chiqishga yuborildi. Shu bilan birga, chop etilgan har bir maqoladan keyin mening ustimdan qilingan shikoyat asosida huquq-tartibot idorasiga chaqirishib, savol-javob qilishardi. Men “ayb”ni Safar akaga to'nkardim, ya'ni: “Maqola Safar Ostonovning topshirig'i bo'yicha yozilgan, e'tirozlar bo'lsa, o'ziga aytasizlar”, deb qutulardim.
Safar akaning gapi bilan ana shunday tanqidiy maqolalarni jamlab, “Oltin qalam” tanloviga topshirdim. Tahririyatning sud-huquq bo'limi xodimi Ravshan Shodiyev ham tanlovga hujjat topshirgan ekan, mening bundan xabarim bo'lmagan. “Eng kuchli yozilgan” maqolalari uchun “Oltin qalam” mukofoti unga nasib etdi. “Manga qara, tanlov g'olibi bo'lishingni oldinroq aytsang bo'lmasmidi, hujjat ham topshirib o'tirmasdim”, desam, kuladi.
Safar aka hammasini oldindan bilar ekan, shekilli, hecham ajablangani yo'q. “Ko'p kuyinma, bu dunyo yugurganniki emas, gaplashganniki”, deganga o'xshash gap qildi. Uning bu mulohazalari menga saboq bo'ldi. Shu-shu bunday o'yinlarga ishonmay qo'ydim.
“Do'sting kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman”, degan qanotli hikmat bor el ichida. Safar aka O'zbekiston Qahramoni, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripov bilan juda qadrdon edi, boks bo'yicha jahon chempioni Rufat Risqiyev bilan do'st-birodar edi. Polvonlar, kurashchilar, sportchilar, shoirlar, baxshilar, sozanda-yu xonandalar, fermerlar, tadbirkorlar, olimlar — hammasi bilan yaqin edi. “Ko'chaning odam”lari ham Safar akaning mardligi, favqulodda jasorati uchun hurmat qilishardi. “Paxta ishi” niqobi ostida ko'plab begunoh o'zbeklarning umriga zomin bo'lgan Gdlyan bilan Ivanov degan nobakorlarni jazoga tortish uchun hujjat to'plab, chop qilganida, uni jismonan yo'q qilish uchun tayyorlangan va maxsus jo'natilgan yollanma qotillardan ham qo'rqmagan Safar aka. “Mard bo'lsang, birga-bir chiq”, deb ochiq-oshkora chaqirgan. Safar aka hatto yollanma qotillar kimligini ham bilardi. Lekin hech kimga ularning ismini oshkor qilmadi. Hatto dushmanini ham sotmadi! Ana shunday inson edi u.
Safar akaning shogirdlari ham o'ziga o'xshash. O'xshatmasdan uchratmas, deganlariday, ularning fe'l-atvoriga ham Safar akaning ta'lim-tarbiyasi singgan. Bag'ri keng, ko'ngli ochiq, bilimli, qaerda qanday harakat qilishni biladigan serg'ayrat, tajribali insonlar. Ularni ko'rsam, Safar akani ko'rganday bo'laman. Demak, Safar Ostonovning ishi ishonchli qo'llarda, deb o'ylab qo'yaman ba'zida.
* * *
2018 yilda Safar Ostonov 70 yoshga kirdi. Og'aynilari, qadrdonlari: “Yubileyingizni qilib beramiz”, deyishdi, ko'nmadi. “Jamiyatimizning barcha sohalarida islohotlar avj olayotgan bir davrda men yubiley qilib o'tirsam, uyat bo'ladi”, dedi. O'shanda uning tug'ilgan kuniga bag'ishlab yozgan she'rni stoliga tashlab ketdim. Keyinchalik bu she'rning nusxasini bisotimdan izlab topolmadim. Safar akaning arxivida bo'lsa kerak. “O'zbekiston ovozi” (“Qizil O'zbekiston” — “Sovet O'zbekistoni”) gazetasining 100 yilligi ham o'tkazilmadi — kommunistlarning gazetasi bo'lgan ekan u. Nima bo'lganda ham bu tarix, millat gazetasining tarixi, deyilsa ham, ko'nmadi. O'shanda ham shu sanaga bag'ishlab she'r yozganman. Lekin uni ham gazetaga chiqarishmadi. Mana shu she'r:
“O'ZBEKISTON OVOZI”
(gazetaning 100 yilligiga)
Bu ochunda bir asr
Ko'z ochib-yumgunchadir,
Lekin inson sharafi
Dunyolar turgunchadir.
Bir asrki, poyidor,
Haq yo'lida parvozi —
Vatan, Millat so'zidir
“O'zbekiston ovozi”.
O'tdi qancha talotum,
Shaylandi chambaraklar.
Begunoh boshlar uzra
Aylandi zambaraklar.
Garchi dard ko'p, al'amon,
Tordir ko'krak qafasi.
Har satrida o't-isyon —
Qaynoq hayot nafasi.
Kim u, fikrat darg'asi,
Mo''tabar va donishmand?
Qaro tunga nur sochib,
To'xtamaydi yonishdan?
Qo'llagay erk ko'shkini
Qancha azizlar ruhi.
Bu mehrobning devi bor —
Asrga teng shukuhi.
Alpomishday yo'l bosib
Kelayotir, ayting, kim?
Bu — yuz yoshli oqsoqol,
Garchand hamma turar jim…
Gunoh-savob ajrini
Bilguvchi tosh-tarozi.
Yuzni urdi navqiron
“O'zbekiston ovozi”.
Yonarso'zdir, jonso'zdir,
Haq yo'linda har kalom.
Ey, zahmat jonso'zlari,
Sizga 100 yillik salom!
Bu ochunda bir asr
Ko'z ochib-yumgunchadir.
Lekin har lahza qadri
Ochilgan gulg'unchadir!
…2020 yilda mamlakatimiz boshiga koronavirus degan balo ofati yog'ilganida, ko'p aziz insonlardan ajralib qoldik. Shulardan biri Safar akaning qadrdon do'sti, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, shoir Sa'dulla Hakim edi. Safar aka uning ma'rakasidan keyin tahririyatga bir to'p niqob va qo'lga sepadigan maxsus antiseptik tarqatib chiqdi.
— Bundan buyon qo'l berib ko'rishish yo'q, — dedi. — Bir-birimizga yaqinlashmaymiz, 2 metr oraliqda masofani ushlaymiz.
Shundan keyin hammamiz niqob taqadigan, birov yolg'ondan yo'talsa, yetti chaqirim nariga qochadigan bo'ldik. Lekin taqdirdan qutulib bo'lmas ekan, 2021 yilda Safar aka Farg'onaga borganida, ortidan unda kovid chiqqani haqida xabar boradi. Biz Safar akaning bu baloga giriftor bo'lganidan xabardor emasmiz, mazasi qochib, shifoxonaga tushibdi, deb eshitganmiz. Uning haydovchisidan qaerda yotganini so'rasak, aytmadi. Ko'rishga boraylik desak, manzil aniq emas…
Xullas, Safar aka tuzalib, ishga chiqdi, gazeta materiallari tahririni yana qayta qo'liga oldi. Oradan bir oylarcha vaqt o'tib, u sog'lig'ini tiklash uchun Respublika statsionariga yotdi. Shundan keyin men tahririyat xodimi Bardam Sa'dullayev bilan Safar akani ko'rishga bordik. Shifoxona qorovuli u kishini tanimasa kerak, degan istihola bilan qaysi palatada yotganini surishtirgan edik:
— Safar Ostonovni so'rayapsizlarmi? Huv ana, bog'da, uni ko'rishga kelgan bir yigit bilan yuribdi, — dedi. — Menga qarang, bu shifoxonada juda katta amaldorlar, vazirlar yotib davolanadi, ularni ko'rishga har kuni 5-6, boringki, 10 odam keladi. Safar Ostonovni har kuni yuzlab odam ko'rishga keladi, hatto ularning ko'pchiligini akaning iltimosi bilan qaytarib yuboraman. Bilasizmi, 100 odam bilan gaplashish uchun kamida bir kun vaqt ketadi. Bu odam davolanadimi, yo ko'rgani kelgan kishilarni qabul qiladimi? Shu yerda 20 yildan buyon qorovul bo'lib ishlayman, lekin bu qadar hurmatga sazovor insonni ko'rmaganman.
Bunga javoban indamadik.
Safar aka Sherzod degan tadbirkor shogirdi bilan gaplashib turgan ekan. Ozib qolgan, niqobda, nafas olishi ham maromida. Biz bilan qo'l berib ko'rishdi. “Biz darrov ketamiz, sizni urintirib qo'ymaylik”, desak ham, 40 daqiqalarcha suhbatlashib o'tirdi. Shu bilan xayrlashdik…
Oradan uch kuncha vaqt o'tdi. Yakshanba kuni edi xayolimda, hovlida kartoshka ekilgan jo'yaklarni yagana qilayotgan edim. Tushdan keyin dam olib o'tirsam, o'g'lim Oybek qo'ng'iroq qilib qoldi:
— Dada, Safar Ostonovdan xabaringiz bormi?
— Ha, uch kun burun shifoxonaga ko'rishga borgan edik, yaxshi, tetik yuribdi, — dedim. — Nimaga so'rayapsan?
— Oliy Majlis saytida bir shumxabar tarqalibdi…
Yuragim shuv etib ketdi. Darhol Safar akaning shofyori Hasanga qo'ng'iroq qildim. Afsuski, shumxabar haqiqat bo'lib chiqdi…
Safar aka ketganidan ko'p vaqt o'tmay, uning o'rniga bosh muharrirlikka tayinlangan rahbar meni chaqirdi.
— Aka, endi ahvolimizni ko'rib turibsiz, — deb oldimga bir varaq oq qog'ozni qo'ydi. Yangi muharririmiz katta o'g'lim bilan yoshi teng, tushungan, bilimli yigit. Uning ishdan bo'shash uchun ariza yoz, deyayotganini darhol fahmlab yetdim.
— Bo'ldi, qachondan yozay? — deb so'radim.
— Ertadan, 1 iyundan deb yoza qoling.
Nafsilamrini aytganda, 2 yildan buyon mehnat ta'tiliga chiqmagan edim, 2 oylik kompensatsiya degan narsalar bor… Lekin Safar akaning xotirasi hurmati, hammasidan voz kechib, ariza yozib ishdan bo'shadim. Ostonovlarning biri u yoqqa ketdi, ikkinchisini esa ketmasidan oldin ishdan bo'shatishdi. Har holda, shunga ham shukur.
Shunday insonlar bo'ladiki, tirikligida egallagan mansabi, martabasiga qarab e'zozlanadi. Vafotidan keyin uni hech kim eslamaydi. Shunday insonlar bo'ladiki, tirikligida o'z halol mehnati, odamlarga qilgan yaxshiligi, ezgu xislatlari bilan o'ziga haykal qo'yadi, oxirat zaxirasini yaratadi. Ular hayotni tark etganlarida ham elning, millatning qalbida, xotirasida abadiy barhayot bo'lib qoladi, boqiylik saodatiga erishadi. Safar Ostonov ana shunday rutbaga erishgan, mangulikka o'z muhrini qo'ygan otashin jurnalist, quyosh mehrini bag'riga singdirgan va barchaga baravar taft bergan avliyo edi.
* * *
Safar Ostonov har gal o'tkaziladigan tahririyat “letuchka”sida odamning o'ylab xayoliga kelmaydigan, hikmatli so'zlar darajasidagi shunday fikrlarni bildirardiki, ularni yozib olmasa, yoddan chiqib ketardi. Men ularni ulgurganimcha yozib olardim. “Hoy, bu aytilgan gaplarni yozib olinglar, shunga rioya qilsalaring, ikki yilda muharrirlik darajasiga yetasizlar”, deyishimga qaramasdan, xodimlarning birortasi yozib olishni xayoliga keltirmasdi. Mana, shularning ayrimlari:
15.01.2015
“Katta maqola katta mehnatni talab qiladi. Uni qip-qizil, silliq so'zlar bilan bezab bo'lmaydi. Sodda va hayotiy, eng muhimi, tahliliy fikrlar bo'lishi kerak”.
10.02.2015
“Gazetani olgan gazetxon nimani o'qiydi? Shu haqda o'ylash kerak. Har bir sonida samimiy, odamlarning ko'ngliga yaqin mavzular bo'lmasa, uni hech kim o'qimay qo'yadi.
Jurnalist hech qachon o'z ishidan qoniqmasligi, har bir savolga o'zi javob topib, o'zi xulosa chiqarishi kerak”.
24.02.2015
“Har bir maqolani juda chuqur, jiddiy o'ylab, mulohaza qilib, kallada pishitib, keyin yozish kerak. Ba'zan maqolaga mos tushadigan bitta so'zni topish uchun bir soat, bir kun ketishi mumkin.
Chet ellardagi tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari O'zbekistonda faoliyat ko'rsatayotgan OAVga baho berib, “matbuotda jimjitlik” demoqda. Shuning uchun voqealardan doim xabardor, hatto ulardan sal ustunroq bo'lishimiz zarur.
Maqolalar noyob taqdirlar, g'aroyib odamlar haqida, ko'pchilik o'qiydigan bo'lishi kerak. Masalan, sifatsiz qo'shiqlar, bema'no kliplar milliy g'oya, yoshlar mafkurasini susaytiradi. Musiqashunos olimlar, san'atkorlar bor fikr bildiradigan. Diplomatiya, me'yor, yaxshi gaplar bilan uzib-uzib oladigan maqola tayyorlash kerak”.
“Bugun ommaviy madaniyat yoshlar va bolalarning qalbini zabt etayotgani kuzatilmoqda. Ularni bunday xavf-xatardan saqlash bugunning vazifasi. Bugun dunyoda ro'y berayotgan xavf-xatarlardan, balo-qazolardan yoshlarni qanday asrash kerak? Kurashning qanday izchil, ta'sirchan vositalaridan foydalanish kerak? Buning uchun o'sha xavf-xatar mohiyatini o'rganish, anglab olish kerak.
Telefonni ochsangiz, odam ko'rsa uyaladigan narsalar kelib chiqadi. Nima, bularni yoshlar ko'rmayaptimi? Bu behayo narsalar bolalar, yoshlar, kerak bo'lsa, millat xarakterini o'zgartirib yuborayapti. To'g'ri, kiyimi, basharasi o'zbek, ammo qalbi sotilib, o'lib bo'lgan. Ularni bu balo-falokatlardan qanday asrash, himoya qilish kerak?”
22.12.2015
“Yil yakuni bo'yicha kim nima karomat ko'rsatdi va jamiyatga nima berdi? Ana shu va hech kim kutmagan, hech kimning xayoliga kelmagan mavzular yoritilishi kerak”.
19.03.2021
Safar Ostonovning oxirgi yig'ilish o'tkazishi, shuni ham yozib qo'ygan ekanman.
“Gazetaning navbatdagi sonida chiqadigan materiallar haftaning juma kunigacha taqdim qilinishi kerak. Ishga hurmatsizlik — gazetaga, o'ziga hurmatsizlik. Hozir jamiyatimizda tarbiyasiz, mas'uliyatsiz, savodsiz, chalajon, o'zining qobig'iga o'ralib yashaydigan betayin jurnalistlar avlodi paydo bo'ldi. Ilgari juda ko'p gazetalarni o'qirdik, o'rganardik. Hozir o'rganadigan manbaning o'zi yo'q, hech narsadan bexabarmiz. Jurnalistlar tayyorlaydigan universitet ham o'ziga yarasha bo'lib qoldi.
Men gazetada beriladigan maqolalardagi hamma xatolarni ushlab qololmayman. Shuning uchun ularni pishiq-puxta qilib tayyorlash kerak, bo'lmasa, hammadan o'tib ketadi…”
Bu yig'ilish tahririyat xodimlarining Safar Ostonov bilan so'nggi uchrashuvi sifatida xotirasiga muhrlanib qoldi…
Nurulloh OSTONOV