Bir azim daryo edi

Tilshunos olim, jurnalistlar ustozi Anvar ShOMAQSUDOVni yod etib

Ustoz Anvar Shotursunovich Shomaqsudov 1925 yili Toshkent shahrida Sag'bon mahallasida dunyoga kelgan. Hayotning har turli kunlarini ko'rib chiniqqan, urush va mehnat faxriysi, tilshunos olim, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Anvar aka hayot bo'lganlarida shu kunlarda yuz yoshga to'lardi.

Ikkinchi jahon urushidan nogiron bo'lib qaytgach, hozirgi O'zbekiston Milliy universitetida o'qib, so'ng shu dargohda uzoq yillar faoliyat ko'rsatdi. Yarim asrdan ortiq o'zbek filologiyasi hamda jurnalistika fakultetlarining dekani bo'lib xizmat qildi. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent unvoniga sazovor bo'ldi. “Muqimiy satirasining tili” monografiyasi, “O'zbek tili stilistikasi” darsligi va qator qo'llanmalari chop etilgan.

Ha, Anvar Shomaqsudov Ikkinchi jahon urushi janggohlarida jasorat ko'rsatib, Ukraina, Ruminiya, Bolgariya, Chexoslovakiya, Vengriya, Avstriyani fashistlardan ozod qilishda qatnashadi. Avstriya poytaxti Venani ozod qilishda matonat ko'rsatib, og'ir yarador bo'lib, bir qo'lidan ajralgan edi. So'ng harbiy shifoxonalarda davolanib, ona yurtimizga qaytib keladi.

Anvar aka kamtarligi, talabchanligi, odamlarga mehr-oqibati, adolatli ish tutishi bilan hamkasblari va talabalar o'rtasida katta obro'-e'tibor qozondi. U kishi izlanuvchan olim sifatida yoshlar qalbi va ongini bilim nuri bilan charog'on etar edi. Bolarilar shirali gul ustida g'ujg'on bo'lganlaridek, talabalar uni o'z mehribon otalaridek ko'rib, maslahatlar so'rashardilar. Ilmga intiluvchan talabalarni juda hurmat qilardi. Kimgadir moddiy yordam ko'rsatish, kimnidir yotoqxona bilan ta'minlash, boshqa bir talabani stipendiyaga ilintirish yoki safarga kuzatish — bularning hammasi domlamizning diqqat markazida turar, hech bir muammo paysalga solinmay, o'z vaqtida ijobiy hal etilar edi. Shuning uchun ham shogirdlar oradan bir necha o'n yillar vaqt o'tsa-da, Anvar Shomaqsudovning mehr-muruvvatini eslab yurishadi.

Shunday e'tiroflardan birida quyidagilarni o'qiymiz:

“Qadrli ustoz! Siz biz shogirdlar uchun bamisoli to'lib, mavjlanib oqayotgan ­daryo­­­siz. Bu azim daryo dahshatli urushning jangu janggohlarida toblanib, omon chiqqan. Uning ilm-fan, mudarrisligu murabbiylik sohasida samarali pedagogik faoliyati qadrdon dorilfununimiz tarixi bilan uzviy bog'liqdir.

Jurnalistika fakultetining tashkil topishi va takomillashuvida, o'zbek uslubiyati ilmining shakllanishi va rivojlanishida mana shu ustoz faoliyatining salmoqli hissasi bor. Ushbu ijodiy faollik samarasi o'laroq, ilmiy tadqiqotlar, darslik va qo'llanmalar bilimga chanqoq qalblarni ilm ziyosi bilan munavvar etib kelgan. Ha, bu azim daryo yoshlar shuurida odamiylik daraxtini gullatib-yashnatdi. Bu daryo bag'rikenglik, halollik va axloqiy komillikning ibrat timsoli hamdir…”

Anvar Shomaqsudov ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga rahbarlik qilgan yillarda uning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, Jurnalistlar uyushmasi, turdosh fakultet, kafedralar bilan mustahkam ilmiy-amaliy aloqalar o'rnatildi.

O'tgan asrning 70-80-yillarida Toshkent dorilfununida Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari uchun ham yuqori malakali jurnalistlar tayyorlandi. Bir qator o'quv qo'llanmalar, darsliklar, monografiyalar yaratildi. Fakultet o'quv gazetasi muntazam chiqib turdi. Qator o'quv radioeshittirishlari, televizion ko'rsatuvlar tayyorlandi. Universitetning taniqli akademik-professorlari haqida hujjatli filmlar yaratildi.

Ustoz ko'rinishlaridan o'ta jiddiy taassurot uyg'otsalarda, aslida nihoyatda kamtarin, mehridaryo kishi edi. Yaxshilik qilishni istardi hammaga.

Domlaning kaminaga qilgan bir yaxshiligi yodimdan chiqmaydi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning tinglovchisi sifatida tayyorlov bo'limini tugatib, 1983 yili jurnalistika fakultetining talabasiga aylandim. Sentyabr oyining boshlari barcha talabalar qatori men ham Sirdaryo viloyatiga paxtaga borishim kerak edi. O'zimga bog'liq bo'lmagan sabab bilan avtobuslar ketishi paytiga ulgurmay qoldim. Fakultet dekani, dotsent Anvar aka Shomaqsudovga uchrab, qo'rqa-pisa kechikkanim sababini tushuntirdim. Chehrasidan nur yog'ilib turgan domlamiz urishish o'rniga: “Hechqisi yo'q, uch kundan so'ng senga o'xshab ulgurmagan talabalar uchun qo'shimcha avtobus ajratiladi, soat 10 dan kechikmay kelsang, ulgurasan, shunaqa holatlar ham uchrab turadi”, deya mayingina ovoz bilan tasalli bergan edilar.

Shu-shu otalardek mehribon, yumshoq tabiatli domlamizga bo'lgan mehrim oshdi. Keyin bilsam, bu fidoyi ustoz qo'l ostida xizmat qilayotgan fakultet professor-o'qituvchilari va talabalarga ham hamisha shunday iliq munosabatda bo'lar ekanlar. Shu bois bu tabarruk zotni nafaqat “jurfak”dagilar, balki butun universitet ahli hurmat qilardi.

Yana bir voqea. Fakultetning kunduzgi bo'limida tahsil olayotgan kezlarimda farzandli bo'ldim. Ro'zg'orning zalvorli yuki yelkamda. Talabalik stipendiyasi va turmush o'rtog'imning aspiranturadan olayotgan puli oilani tebratishga yetmas edi. O'qishimni kechki yoki sirtqi bo'limga o'tkazishga harakat qildim. Rosa yelib-yugurdim, natija chiqmadi. Jurnalistika fakultetining o'sha paytdagi kechki va sirtqi bo'limlari bo'yicha dekan muovini avvaliga ochiqdan-ochiq qarshilik ko'rsatdi. Keyin vaqt o'tgach, “Arizang yo'qolib qoldi, kelasi yil yana ariza bilan murojaat etasan, o'ylab ko'ramiz”, deb bahona qildi.

Shu voqea sabab bo'lib dekanimiz qabuliga ariza ko'tarib kirdim. Domla so'zimni e'tibor bilan tinglab, arizamni olib qoldi. Oradan ko'p o'tmay, buyruq tayyor bo'ldi, kechki bo'limda o'qishimga imkon yaratildi. Rahmatli domlamiz ana shunday bag'rikeng, fidoyi inson edi.

Ustozning sharofati bilan kunduzi “Yosh leninchi” (“Turkiston”, hozirgi “Yoshlar ovozi”) hamda shu ilm dargohining nashri bo'lgan “Toshkent universiteti” gazetasi tahririyatlarida ishlab, ancha tajriba orttirdim. Ko'pgina yozgan maqolalarim hisobga olinib, talabalik chog'imdayoq Jurnalistlar uyushmasi a'zosi bo'lishga ham sazavor bo'ldim.

Taniqli olim va publitsist Mahmud Sattorov Anvar akaning g'oyat fidoyilik, odamoxunlik xislatlari xususida “Taqdirimni belgilagan uchrashuv” maqolasida bunday hikoya qiladi:

“…Paxtadan orttirgan g'amlamamiz bilan birinchi semestrni ham eson-omon yakunlab oldik. Ikkita imtihondan “besh” olib, a'lochi talabalar safiga kirdim. Biroq “Yotib yeganga tog' ham chidamaydi”, deganlaridek, paxtada ishlab topgan pulimiz tugab, ijara haqi to'lashga ham chog'im kelmay qoldi. Oxiri bo'lmagach, kursdosh hamxonam Akram Aminovning maslahati bilan o'qishni tashlaydigan, yanagi yil qaytadan ToshDUga kiradigan bo'ldim.

Ikki oyog'i nogiron, qo'ltiqtayoqda yuradigan, yaxshi she'rlar yozadigan, farg'onalik To'lqin aka Matmusayev degan kursdoshimiz juda odamshavanda, mehribon, g'amxo'r inson edi. Shu kishi meni fikrimdan qaytardi: “Siz — iqtidorli yigitsiz. Ne azoblar bilan universitetga kirgansiz. Bu yil o'qishga kirishning o'zi bo'lgani yo'q. He yo'q, be yo'q, o'qishni tashlab ketaverasizmi?! Rektorimizni ko'p yaxshi odam deb eshitganman, bir qabullariga kirib, oldilaridan o'ting. Istasangiz, o'zim birga olib boraman”, — deb qoldi. Ertasi kuni To'lqin akaning “pat-pat” aravasi — nogironlik mashinasida xiyobondagi (hozirgi Toshkent yuridik universiteti binosi) rektorning qabulxonasiga keldik.

Ikkinchi qavatga ko'tarilib, rahbarning xonasiga chiqsam, istarasi issiq, bodomqovoq bir kishi qo'lidagi kalitni kiyim ilgichga osib, tashqariga otlanyapti. Bo'sag'ada meni ko'rgach: “E, keling, o'g'lim, keling, — deb kalitni qayta joyiga olib, kabinet eshigini ochdi. — Marhamat!”

Men — talabaning nazarimda xona hayhotdek katta, to'rda rahbarning stoli, unga ulanib ketgan uzun, katta stol, yonida qator stullar joy olgan edi. “Rektor shu odam ekan-da”, degan xulosaga keldim. U kishi eng poygakdagi stulga cho'kib, meni ro'paralariga o'tqazdilar va “Qani, gapiring, o'g'lim, nima gaplar?” dedi.

Men filologiya fakultetining 1-kursida o'qiyotganim, otam yo'qligi, yolg'izgina onam ishlamasligi, nafaqa ham olmasligi, o'zim a'lo o'qiganim bilan stipendiya olmasligim, ijara puliga ham zor qolib, oqibatda o'qishni tashlab ketmoqchiligimni, yanagi yil baxtimni qayta sinab ko'rmoqchiligimni aytdim.

— Hay-hay, — dedilar rektorimiz, — uzoq oblastimizdan kelib, shunday og'ir yilda tanlovlardan o'tib, universitetga kiribsiz, endi tashlab ketsangiz uvol bo'ladi-ku. O'qishni davom ettirasiz, bir ilojini qilamiz, — dedilar.

Shu payt, Xudoning marhamati bilan osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, eshik ohista ochilib, bo'sag'ada qulog'ida mo''jaz eshitish apparati, o'ng qo'l — protezda, to'lqinli sochlari o'ziga yarashgan — ingliz lordlarini eslatadigan dekanimiz Anvar Shomaqsudov paydo bo'ldi.

— E, keling, Anvar aka, o'zi sizni kutib turgan edim. Hamma dekanlar pastda to'planib turishibdi. Bugun Oybek domlaning tug'ilgan kunlari. Peshinda hammamiz u kishinikiga ziyoratga boramiz, — dedi, so'ng menga yuzlanib: — Bu yigitcha sizning talabangiz ekan, — deb so'z boshlaganlarida, Anvar aka:

— Bilaman, birinchi kurs, kitoblik bola, — deb javob berdi.

— “Moddiy chamam kelmayapti. Oilaviy sharoitim og'ir, o'qishni tashlab ketaman”, deyapti-ku! Bunga yo'l qo'yolmaymiz.

Anvar aka masalaning mohiyatini tushunib tursa-da, rektorning xulosasini bilish uchun yelka qisdi.

— Anvar aka, — deb o'z qarorini bayon qildi rektor, — byudjet imkoniyati mushkul bo'lsa-da, istisno tariqasida bu yigitchaning stipendiyasini beraylik. A'lo o'qirkan. Imkonini qilsangiz, yotoqdanmi, biror yaqin oiladanmi yashash joyi ham to'g'rilang. Bu bolalar viloyatlarimiz, respublikamizning oltin fondlari, qo'ldan chiqarib yuborsak, kelajakda yaxshi kadrlarimizdan ajralib qolamiz.

— Yordam beramiz. Albatta, o'qishini davom ettiradi, — deb va'da qildi Anvar aka rektor Sa'di Hasanovich Sirojiddinovga yuzlanib.

Tashqariga chiqqanimizda, hamkasblari safiga qo'shilayotgan dekanimiz menga:

— Ertaga yonimga kir, stipendiyangni to'g'rilab beraman. Keyin Do'mbirobodga borasan. U yerda mening singlim turadi. Shularning oilasida bir o'g'ilday yashab turasan! — dedi.

Pastda “pat-pat”ida meni ilhaq kutib turgan To'lqin akani borib, quchoqlab oldim.

— Hammasi zo'r bo'ldi, To'lqin aka, ham o'qiydigan, ham stipendiya oladigan, ham tekin kvartiralik bo'ldim, — deb suyunchi oldim…”

Shunday. Anvar Shomaqsudov o'zganing yutug'idan quvonadigan g'amxo'r, qalbidaryo inson edi. Uch yillik kunduzgi aspiranturaga kirganimda ham mehribon domlamiz meni tabriklab, o'zlarining xayrixohligini bildirgandilar. Ustoz har gal meni fakultetda ko'rib qolganida: “Ha, o'rtoq aspirant, o'qishlaring, ilmiy ishlaring qanaqa bo'lyapti, himoyang yaqinlashib qoldimi?” deya so'rab turardilar.

Shomaqsudovlar xonadoni poytaxti azimdagi “Miskin” mahallasining namunali oilalaridan biri sanaladi. Mahalladagi yoshu keksalar bu oilaga havas bilan qarashganiga guvoh bo'lganmiz. Ilgari shu mahalla hududidan 27-sonli tramvay o'tardi. Domla universitetga ana shu yo'lovchi transport orqali qatnardi. Aytishlariga qaraganda, haydovchilar ham ustozning hurmatini qilib, hali bekatga yetib ulgurmagan domlani ko'rib qolgach, tramvayni to'xtatib yo'ldan ola ketar ekanlar.

Har yili paxta terimi mavsumida Sirdaryo viloyatiga borib, talabalar holidan xabar olib turar, biz hasharchi yoshlar xuddi padarimizni ko'rgandek xursand bo'lardik. Shaxsan kaminai kamtarin paxtani yuz kilodan kam termasdim. Domlamiz 1983 yilda (shu yili 27 dekabrgacha paxta dalasida bo'lganmiz) biz vaqtincha yotib turgan barakka kelib, barchamiz bilan samimiy so'rashdilar. Menga qarab: “Sen paxtani yaxshi terarkansan, rahmat, bolam”, degani kechagiday esimda.

Bir-birini quvib kunlar, yillar o'tadi. Biroq o'tmishdagi shirin xotiralar bir umrga muhrlanib qolaverar ekan.

Ustoz bir qiz, uch o'g'ilni tarbiyalab o'qitdi. Farzandlarning hammasi oliy ma'lumotga ega bo'lib, turli lavozimlarda xizmat faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Rafiqasi Mastura aya bir umr turmush o'rtog'iga hamdam, suyanchiq bo'ldi. Ularning ahil-inoq, tinch-totuvlikda salkam oltmish yil umrguzaronlik qilgani ko'pchilikka ibrat.

— Adam hech qachon oilada baland ovozda gapirmas edilar, — dedi ustozning kenja farzandi Sanjar Shomaqsudov. — Har qanday gapni yotig'i bilan tushuntirishga harakat qilardilar.

— Joriy yil adajonimizning tavalludiga yuz yil to'lishi munosabati bilan xotira kitobini nashrga tayyorlash maqsadida u kishi haqida hamkasblari, shogirdlari tomonidan yozilgan materiallarni jamlashga kirishganmiz. Kim nima yozsa, marhamat, to'plamga kiritar edik, — dedi domlamizning kenja kelini, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent Saodatxon Shomaqsudova.

Har safar yangi bir maqolaga so'nggi nuqtani qo'yayotganimda ustoz Anvar Shomaqsudov, u kishining menga bergan saboqlari beixtiyor yodga tushadi. Stolim ustida turgan ustozning “Dildan tilga ko'chgan qissalar” (2004 yil), “Olovli yillar xotirasi” (2005 yil), “Yugurik umrda ko'rgan, bilganlarim” (2007 yil), “Asr bilan tenglashayotgan umr” (2008 yil), “Umr shukronasi” (2012 yil) nomli asarlarini varaqlayman. Dilim yorishib ketadi…

Azamat SUYuNOV,

“Muhofaza” jurnali va “Vaziyat” gazetasi birlashgan tahririyati

bosh muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + seven =