U biz uchun hamisha tirikday…

yoxud ko'pchilikka “Jo'ra!” yoki “Otaginam!” deb murojaat qilgan taniqli jurnalist Qurbon Eshmatovni eslab…

Jurnalistlarning sevimli go'shalari

Toshkentning qoq markazida o'ziga xos tashqi ko'rinishi, me'moriy tuzilishi, ko'rki va salobati bilan alohida ajralib turadigan ikkita muhtasham bino bor.

Birinchisi o'n olti qavatli va tepasiga uzoqlardan ko'rinib turadigan soatlar o'rnatilgan bo'lib, O'zbekiston tarixi davlat muzeyi yonida, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri va sobiq “Toshkent” mehmonxonasi yaqinida qad rostlagan. Mutaxassislar e'tiroficha, u ko'hna va azim shahrimizning tarixiy arxitekturasini, jumladan, o'ta muhim “modernizm” yodgorligi qiyofasini aks ettiradi va roppa-rosa yarim asrdan buyon poytaxtimiz ramzi sanaladi.

Sal naridagi Amir Temir xiyoboniga tutash yerda joylashgan yetti qavatli ikkinchi imorat esa Matbuot uyi, jurnalistlar tilida “Gazetalar majmuasi” deyiladi. Zero, unda 40 yildan buyon kundalik va haftalik turli bosma nashrlar tahririyatlari faoliyat yuritib kelayotgan edi.

“Kelayotgan edi” deb o'tgan zamon davom fe'lida aytayotganimiz bejiz emas. “Matbuotchilar uyi” bugun ta'mirlashda. 7 qavatli ulkan majmuada joylashgan tahririyatlar esa turli joylardan qo'nim topishgan. Qaydam, vaqt-soati kelib “Gazetalar majmuasi”da yana hayot qaynar. Salkam 103 yillik tarixga ega bo'lgan, o'tgan asr o'rtalarida respublika gazetalarining birlashgan nashriyoti, Mustaqillik davrida dastlab “Sharq” nashriyot-matbaa konserni, hozirgi paytda O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zA joylashgan 16 qavatli binoda ham bir paytlardagidek gazeta-jurnal tahririyatlari faoliyat yuritmaydi.

Mayli, bu gaplar o'z yo'liga. Ushbu binolarning kelgusi taqdiri qanday kechishidan qat'i nazar, har ikkala inshoot ham o'zbekistonlik jurnalistlar uchun o'ta qadrli hisoblanadi va uzoq yillar odamlarning xotirasida saqlanib qoladi. Chunki ular juda ko'plab katta-kichik qalamkashlar uchun tom ma'noda sevimli go'shaga aylangandi. Jumladan, Matbuot uyida respublika miqyosida chiqadigan ko'plab gazetalarning, shuningdek, Toshkent shahri va viloyati nashrlarining tahririyatlari joylashgandi. Ularda ishlaydigan yuzlab jurnalistlar har kuni bir eshikdan kirib chiqishar, to'rtta liftdan foydalanishar, yonboshda joylashgan oshxonalarda ovqatlanishardi. Bundan tashqari, ish jarayonida xoh xonalarida, xoh dahliz yoki hovlida bo'lsin, o'zaro gurunglashar va jiddiy masalalar yuzasidan maslahatlashardilar. Bir-birlarining to'y-ma'rakalarida ham qatnashib, shodligu quvonchlarini o'zaro baham ko'rardilar. Alqissa, garchi turli tahririyatlarda ishlasalar-da, bir jamoa a'zolaridek, ta'bir joiz bo'lsa, bamisoli tug'ishgan aka-uka va opa-singillardek ahil-inoq bo'lib ketishgandi.

Eng muhimi, ushbu tabarruk dargohlar tom ma'noda milliy jurnalistikamizning o'chog'iga — betakror maktabiga aylandi. Inchunin, har ikkala binoda joylashgan tahririyatlarda o'tgan davr mobaynida minglab kishilar mehnat qildi. Ular orasidan zahmatli va halol mehnati ila elga tanilgan talay zabardast jurnalistlar, taniqli shoir-yozuvchilar, hatto olimlar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Sirasini aytganda, bu binolarda umri o'tganlarning aksariyati milliy matbuotimiz rivojiga katta hissa qo'shdilar.

“Bizkim, teng qavat egalari…”

Omadimiz kulib boqqanini qarangki, Qurbon Eshmatov va menga ham o'sha ulug' dargohlarda ne-ne ulug' ustozlardan jurnalistika sir-asrorlarini o'rganish, so'ngra ularning etagidan mahkam tutib, o'zimizga bildirilgan ishonchini oqlash maqsadida astoydil ishlash va muayyan yutuqlarga erishish baxti nasib etdi.

Men Qurbon Eshmatni o'tgan asrning saksoninchi yillari boshidan tanirdim. O'shanda u soatli binoning 13-qavatidagi “Yosh leninchi” (keyinchalik “Turkiston”, “Yoshlar ovozi”), men esa bir qavat yuqoridagi “Toshkent haqiqati” gazetasi tahririyatida ishlardim. Birimiz Sir sohilidagi, ikkinchimiz tog'li hududdagi qishloqda tug'ilib o'sganimiz uchunmi, o'zaro samimiy munosabatda bo'lar, doimo senlashib va ko'pincha hazillashib gaplashardik. Goho binoga kiraverishda yoki lift oldida, goho oshxona yoki zinapoyada uchrashib qolsak, Qurbon: “Hoy, yuqori qavatti balasi, qalaysan?” deb so'rardi. O'z navbatida, men ham bo'sh kelmasdim, “Pastda nima gaplar? Kamchiliklar ko'pmi? Ko'p bo'lsa, meni bezovta qilmay, o'zing hal etaver”, deb qo'yardim.

Oradan ikki yil o'tar-o'tmas, barcha gazetalar tahririyatlari yangi binoga — Matbuot uyiga ko'chib o'tdi. Bu safar ham oldingi holat takrorlandi: yoshlar gazetasiga beshinchi qavatdan, viloyat nashriga yettinchi qavatdan joy tegdi. Endi Qurbon Eshmat bilan boshqalar oldida uchrashib qolsam, u men bilan jo'rttaga chap qo'lini ko'ksiga qo'ygancha egilib ko'rishar va “O'sishing chakki emas, birdaniga mendan ikki qavat yuqoriga chiqib olding-a”, der edi. Ortidan “Faqat esingda tut: oyog'ing yerdan uzilmasin, otaginam!” deb qo'shib qo'yardi. Men ham xushtavoze bilan “Xo'p bo'ladi, bo'tam! Har qancha darding bo'lsa, tortinmasdan menga aytaver, hammasiga bir zumda chora topaman”, deya javob qaytarardim.

1985 yil yozida “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga ishga o'tdim. Bu haftalik nashr tahririyati uchinchi qavatda edi. Shundanmi, hamon beshinchi qavatda ishlayotgan Qurbonga jon kirdi. Endi u atay qaddini g'oz tutib, viqor bilan qo'l uchida ko'rishadigan va “Pastda xalqaro vaziyat qanday, jo'ra? Mabodo, mendan yordam kerakmasmi?” deydigan bo'ldi. Men ham temirni issig'ida bosish payida bo'lardim: “Shu desang, yuqori qavatda ishlayotganlar orasida bosar-tusarini bilmay qolgan ko'zoynakli bitta bola bor. Uning tanobini tortib, sal pastroqqa tushirish kerak”. Qurbon gap o'zi haqida ketayotganini bilib tursa ham, bilmaslikka olar va “Bo'lli, jo'ra! Bu masala bilan shaxsan o'zim shug'ullanaman”, der edi.

Ajabki, oradan ko'p o'tmay u “va'da”sining ustidan chiqdi, ya'ni beshinchi qavatdan “O'zbekiston ovozi” tahririyati asosiy qismini band etgan uchinchi qavatga “sho'ng'idi”. Qarabsizki, ikkimiz bitta qavatda ishlay boshladik. Endi “yuqori qavat” va “pastki qavat” degan gaplarni ishlatmaydigan, boshqalar oldida va ulfatlar davrasida o'zimizni “Bizkim, teng qavat egalari” deb ataydigan bo'ldik.

Ammo yangi asr arafasida Qurbon menga nisbatan “nomardlik” qildi. Aniqrog'i, yaqinda qarshimizdagi qadimiy binodan Matbuot uyining yettinchi qavatiga ko'chirilgan “Xalq so'zi”ga ishga o'tib oldi. Lekin, tan olish kerak, bu tahririyatda ham barakali ijod qildi. Chunonchi, 1999 yil 16 fevralda Toshkent shahrida sodir etilgan portlashlar va ularning xunuk oqibatlari xususida turkum maqolalar yozdi. “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Albatta, men ham kam bo'lmadim, “Shuhrat” medali bilan mukofotlandim. Lekin baribir hali pastki qavatda bo'lganim uchun Qurbonning tili uzunroq, meniki qisiqroq edi. Axiyri bo'lmadi, 2000 yil boshida gardkamiga ish tutib, “Xalq so'zi” xodimlari safiga qo'shildim. Qarabsizki, ikkimiz yana “teng qavat egalari”ga aylandik.

Jo'shqinlikdagi to'qQiz yillik faoliyat

Men bu jamoada to'qqiz yildan ortiq ishladim. Qurbon Eshmat bilan ancha vaqt bitta bo'limda va bitta xonada faoliyat yuritdim. Xudda o'sha kezlar bu do'stimni o'zim uchun qaytadan kashf qildim. Avvallari uni sofdil, doimo quvnoq kayfiyatda yuradigan, hazil-mutoyibani yaxshi ko'radigan, dilkash suhbatlari bilan davralarga fayz kiritadigan yigit, serfarzand oila boshlig'i, g'amxo'r-mehribon ota sifatida tanirdim. Hamkorlikda ishlagan paytlarim esa bulardan boshqa yana bir talay insoniy fazilatlarga ham ega ekanligiga ishonch hosil qildim.

Qurbon, avvalo, bag'rikeng, ochiqko'ngil, dilida zarracha kiri yo'q, kattayu kichik bilan bir xil xushmuomalada bo'ladigan samimiy inson edi. Ayniqsa, haq gapni dangal aytishi, mardligi va tantiligi, sadoqatliligi va odamgarchiligi bilan ajralib turardi. Oriyatni va halollikni hamma narsadan ustun qo'yar, boshqalarga qo'lidan kelganicha ko'maklashish payida bo'lardi. Hech qachon ikkiyuzlamachilik va sotqinlik qilmas, boshiga og'ir kunlar tushgan qadrdonlarini tashlab ketmas, bo'htonlaru ta'na-malomatlarga giriftor bo'lganlaridan voz kechmas va ularni yolg'izlatib qo'ymasdi. Shu bois do'stlari ham, shogirdlari ham bisyor edi.

U jurnalist sifatida ham o'z uslubiga ega, serqirra va sermahsul, qat'iyatli va jasoratli ijodkor edi. Biror topshiriqni bajaradigan, ayniqsa, tanqidiy yoki tanqidiy-tahliliy maqola yozadigan bo'lsa, zinhor-bazinhor shoshilmas, faqat bir tomonning gap-so'zlariga ishonib, ikkinchi tomonni ko'r-ko'rona tanqid qilmasdi. Oldin o'zi tanlagan mavzuni har tomonlama chuqur o'rganar, dalil-raqamlarni qayta-qayta tekshirar, ularning to'g'riligiga qat'iy ishonch hosil qilgandan keyingina qo'liga qog'oz-qalam olardi. Fikr-mulohazalarini esa sodda va ravon tilda aniq-lo'nda qilib ifodalardi. Ana shunday sa'y-harakatlari va izlanishlari samarasi o'laroq, uning ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy-axloqiy mavzulardagi publitsistik maqolalari ham, sud ocherklari ham gazetxonlar tomonidan katta qiziqish bilan o'qilar va tahririyatimizga najot istab keluvchilar soni yanada ko'payishiga sabab bo'lardi.

Menimcha, shu o'rinda yana bir muhim gapni eslatib o'tish joiz. “Xalq so'zi”da ishlagan yillarimiz aksariyat jamoadoshlarimiz singari Qurbon ikkimiz ham rang-barang mavzularda qalam tebratdik. Shuningdek, ayrim hamkasblarimiz qatori o'sha kezlar milliy matbuotimizda paydo bo'lgan va jadal rivojlana boshlagan “Jurnalist surishtiruvi” janrida maqolalar yozishga kirishdik. Ayni yo'nalishdagi chiqishlar esa, nohaqlikka uchragan kishilarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani, tahlillarga boyligi bilan boshqa maqolalardan keskin farqlanardi. Mohiyatan odamlarni jamiyatda ro'y berayotgan voqealardan vaqtida boxabar qilish va fikrlashga da'vat etish, aholining dunyoqarashi yuksalishi, haqiqat qaror topishi, mamlakatimiz obro'-e'tiborini oshirish va millatimiz nufuzini mustahkamlash uchun xizmat qilardi. Bu, o'z navbatida, surishtiruv olib boradigan jurnalistlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklar edi. Aniqrog'i, ularning oldiga teran fikrlay olish qobiliyatiga va boy tajribaga ega bo'lish, shoshma-shosharlik va biryoqlamalikka yo'l qo'ymaslik, sabr-toqat bilan xolisona ish yuritish, har qanday holatlarga shay turish talabini qo'yardi.

Tabiiyki, biz ham tahririyatga kelgan shikoyat xatlari asosida tekshirishlar o'tkazib, tanqidiy maqolalar tayyorlashda ana shu tamoyillarga qat'iy rioya qildik. Ularda mutasaddi tashkilot-idoralarning ayrim xodimlari yo'l qo'yilgan xato-kamchiliklar va qonunbuzarliklarni, turli sohalarda ro'y bergan adolatsizliklarni imkon qadar fosh etishga urindik. Natijada adolatsizlik qurboniga aylangan bir qancha kishilarga yordamimiz tegdi. Qay birlari oqlanib ozodlikka chiqishiga, qay birlari o'ziga tegishli mol-mulkini qaytarib olishiga yoki ishiga tiklanishiga, ozmi-ko'pmi, hissa qo'shdik. Evaziga ko'pincha rahmatlar eshitib rosa quvongan, ba'zan esa maqolamizda tanqid qilinganlarning asosli-asossiz e'tirozlari girdobida qolgan, yozganlarimiz to'g'riligini isbotlash uchun tegishli idoralaru sudlarga qatnab, haftalab-oylab qattiq iztirob chekkan paytlarimiz ham ko'p bo'ldi.

Suv tog'ni yemiradi, tuhmat — odamni

Bir safar ancha muqaddam nojo'ya ishlari gazetamizda fosh etilgan sobiq amaldor “Men o'zim haqimda tanqidiy maqola yozmasligi uchun Eshmatovga birov orqali pul berganman”, deb arz qildi. Bu masala bilan shug'ullanish kaminaga topshirildi. Men masalani atroflicha o'rganib chiqib, bir nechta savolni o'rtaga ko'ndalang qo'ydim.

Birinchidan, agar o'sha kishi aybi bo'lmasa, nima uchun gazetada tanqid qilinishidan qo'rqdi va nega maqolani chiqarmaslik uchun jurnalistga pul berdi? Ikkinchidan, kimdandir manfaat ko'rib, og'zi moylangan muxbir nufuzli nashrda uning qilmishlari haqida tanqidiy chiqish qilishi mantiqqa to'g'ri keladimi? Uchinchidan, o'sha odam ne sabab maqola chop etilgan paytda emas, oradan bir necha oy o'tib, aniqrog'i, tahririyatimizning takroriy ogohlantirishidan so'ng masala mutasaddi tashkilotlar tomonidan muhokama qilinib, ishdan haydalgach, shikoyat yozdi? Eng ajablanarlisi, bu xususda oldin ham, keyin ham nega tegishli huquq-tartibot organlariga murojaat qilmadi? Yoki u pora bergan va olgan ham, o'rtadagi vositachi ham javobgarlikka tortilishini, yuzaga kelgan holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni vaqtida xabardor qilgan shaxs esa jazolanmasligini bilmasmidi?

Yuzma-yuz suhbatimiz chog'i shikoyatchi bu savollarning birortasiga ham tayinli javob berolmadi. Loaqal pora sifatida qachon, qaerda, kimning vositachiligida va qancha miqdorda pul berganini aniq-tiniq aytolmadi. Tuhmat qilgani uchun jurnalist va tahririyat uni sudga berishi ham mumkinligini eshitgach, ilkis hushyor tortdi. Pirovardida alamzadalik his-tuyg'ulariga berilib, adashganini tan oldi. Bizdan uzr so'rab, shikoyat xatini hisobdan chiqarishimiz to'g'risida tilxat yozib berdi. Ana shundan so'nggina bir necha haftadan buyon asabiylashib va hafsalasi pir bo'lib, qo'li ishga bormay yurgan Qurbon jo'ram qaytadan qaddini rostladi.

Yomonlik — har kishidan, yaxshilik — er kishidan

Buni qarangki, mavridi kelib, Qurbonni qiynagan mojaroga o'xshash tashvish o'zimning ham boshimga tushdi. Bu malomat toshi tashqaridan emas, ichkaridan otildi. Biz bilan bitta binoda ishlaydigan hamkasblarimizdan biri “Olis viloyatda yashovchi yosh bolali kelishgan ayol bu yigitning oldiga ja-a serqatnov bo'lib qoldi. O'rtada nimadir bor-ov…” mazmunida fikr bildirib, o'zicha meni tamagirga yo'yibdi. Bu gap bizning jamoadoshlarimiz qulog'iga ham chalinibdi.

To'g'ri, men o'sha ayolni tanirdim. Uning yoshgina eri o'zi atigi bir oygina ishlagan korxona rahbarlari va bir necha hamkasbi bilan birga sudlanib, muayyan muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Men o'sha ishni sinchiklab o'rganib, adolatsizlik sodir bo'lganini aniqlagan va shu asosda maqola tayyorlayotgandim. Mahkumning turmush o'rtog'i esa shu vaqt oralig'ida ikki bor poytaxtdagi nufuzli idoralar mas'ullari qabulida bo'ldi. Ulardan qoniqarli javob ololmagach, tahririyatimizga kelib, “Erimning ishi nima bo'layapti?” deb so'radi. Men to'rt yashar bolasi bilan yolg'iz qolgan, boquvchisi yo'qligi tufayli moddiy ahvoli ancha tanglashgan bu juvonning ilinjini ham, ahvolini ham tushundim. Shu bois ikkala safar ham hammasi joyida bo'lishini aytib, ko'nglini ko'tarishga harakat qildim. Azbaroyi achinganimda pastga tushib o'g'ilchasiga ul-bul shirinliklar olib berdim va ikkisini taksiga o'tirgizib kuzatib qo'ydim.

Ajabki, qaysidir g'alamis kimsa beg'araz niyatdagi bu ishimni teskari talqin qilibdi. Ustiga-ustak, doimo bizning ishimizdan xato izlab yuradigan bir hamkasbimiz go'yoki menga yon bosgandek bo'lib, u aytgan gaplarni oqizmay-tomizmay o'zimga yetkazdi.

Xullas, o'sha kuni ertalab favqulodda “yangilik”dan ogoh topib, ishxonada jig'ibiyron bo'lib o'tirgandim. Bir mahal Qurbon Eshmat kirib keldi. Men bilan so'rashib, joyiga cho'kar-cho'kmas, “Ha, tinchlikmi, o'rtoq Haydar-ov?” dedi (u hazillashib mening familiyamni shunday talaffuz qilardi, men esa unga “Eshmat-op” deb murojaat qilardim). Bo'lgan voqeani aytgandim, astoydil jahli chiqib, “Uh, ablah!” deya stolni qattiq mushtladi. So'ngra shaxt bilan o'rnidan turdi-da, to'g'ri Bosh muharririmiz Abbosxon Usmonovning kabinetiga yo'l oldi. Men uning ortidan hoyhoylagancha qolaverdim.

Keyin eshitishimcha, Qurbon Abbosxon akaning huzuriga kirib, bor gapni ro'yirost aytibdi. “Men bu jo'ramning hamma xatti-harakatidan ipidan-ignasigacha xabardorman, o'sha ayol bilan xonamizda nima haqda gaplashganini ham bilaman. Agar u tamagir bo'lganida, odmigina kostyum-shimda va bir necha yillik tuflida yurarmidi? Shu gapni aytganlarga o'xshab bashang kiyinmasmidi? Aslida, uning o'ziga g'irt begona o'sha nochor ayolga va bolasiga himmat ko'rsatib, ularni kuzatib qo'yishi odamgarchilikka kiradi-ku!” debdi.

Hayal o'tmay, Abbosxon aka meni huzuriga chorlab: “Bunaqa gap-so'zlarga parvo qilmang. Huda-behuda asabiylashib, ko'nglingizni cho'ktirmang. Biz siz qanday inson ekanligingizni juda yaxshi bilamiz, uka!” dedi.

Bu taskin-tasallidan ko'nglim tog'dek ko'tarildi. Masalaga odilona yondashgani va menga nisbatan ishonchini yo'qotmagani uchun rahbarimizga minnatdorchilik bildirdim-da, uning xonasidan yaxshilikka yaxshilik ila javob qaytargan Qurbon bilan qo'ltiqlashib chiqib ketdim. Ammo shu tobda ko'zlarimga yosh qalqiganini hech kimga sezdirmadim…

Do'stimning ushalmay qolgan orzusi

Vaqti-soati kelib, rahbariyat yangilandi, vaziyat o'zgardi. Jurnalist surishtiruvi janri chetga surildi. Alal-oqibat, taqdir taqozosi bilan oldin Qurbon, so'ngra men ishdan ketdim. Lekin, Xudoga shukur, ko'chada qolmadik. Debochasiga birimiz o'sha majmuadagi “Soliq va dunyo”, birimiz “Suhbatdosh” gazetasiga bosh muharrirlik qildik. Shuningdek, qo'shni binolarda joylashgan “Inson va qonun” gazetasida hamda “Mushtum” jurnalida mehnat qildik. Keyin esa o'nlab ustozlar, shogirdlar va do'stlar orttirgan, umrimizning salkam o'ttiz yili o'tgan, yaxshi-yomon kunlarimizning shohidi bo'lgan, o'z uyimizdek muqaddas go'shaga aylanib qolgan dargohni tark etdik. U “Fermer” jurnalida, men “Iste'molchi” gazetasida ishlay boshladim. Bu nashrlar tahririyatlari Navoiy ko'chasida joylashgan, oralaridagi masofa atigi 400-450 qadam edi. Binobarin, ikkovlon tez-tez uchrashib va suhbatlashib turardik.

“Iste'molchi” gazetasi, asosan, sobiq davlat mulk qo'mitasi faoliyatini yoritadigan “Birja” hamda “Mening mulkim” gazetalariga qo'shib yuborilgach, biz avvaliga o'sha tashkilot joylashgan Islom Karimov ko'chasidagi 51-uyga, so'ngra Amir Temur ko'chasidagi 6-uyga ko'chib o'tdik. Shunda ham Qurbon bilan aloqamiz davom etdi. Koronavirus balosi rosa quturgan paytlarda esa tez-tez telefonlashib turdik. Ammo…

2020 yil avgust oyi oxirlarida qo'ng'iroq qilgandim, u o'zi tug'ilib o'sgan Ommag'on qishlog'iga borib xastalikka chalinib qolganini va ilk muolajani Shahrisabzda olganini, ayni damlarda Qarshi shahridagi shifoxonada davolanayotganini aytdi. So'nggi bor xabarlashganimda esa allanechuk xushkayfiyatda va baland-o'ktam ovozda “Ahvolim ancha yaxshi! Xudo xohlasa, erta-indin shifoxonadan chiqaman”, dedi.

Afsus, uning bu orzusi ushalmadi. Ikki kundan keyin kechki payt “Qurbon Eshmatov 62 yoshida vafot etdi. Janozasi Toshkentda o'qiladi, u hayotdan juda erta ko'z yumgan qizining qabri yoniga dafn etiladi” degan noxush xabardan toshdek qotdim. Ertasi kuni ertalab ming bir g'am-g'ussaga botib, qabriston sari otlandim…

Mana, o'shandan buyon oradan to'rt yildan ortiq vaqt o'tdi. Lekin, mening nazarimda, Qurbon o'lmaganday, hamon tirikday. Qachonki, ikkimizga yaqin bo'lgan do'stlarimiz bilan uchrashib va suhbatlashib qolsam, u ham shundoqqina ro'paramizda hech kimning ko'ngliga qattiq botmaydigan beg'araz va beozor hazil-huzullari bilan davramizga fayz kiritib o'tirganday tuyulaveradi. Va ishonchim komilki, to tirik ekanmiz, bundan keyin ham biz uchun shunday bo'lib qolaveradi…

Abdunabi HAYDAROV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 9 =