Qadr topgan qadrlilarim…

“Siyosiy qatag'on qurbonlarini yod etish haftaligi”
Har yilning 31 avgust sanasi — Qatag'on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanib kelinardi. Bu yil ham O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qatag'on qurbonlariga hurmat bajo keltirib, mazkur marosimda endilikda har yili oktyabr oyining birinchi haftasini siyosiy qatag'on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash haqida ma'lum qildi.
Mazkur jarayonda Prezidentimiz yurtimiz istiqloli uchun qatag'on qilinganlar xotirasi haqida shunday fikrlarni qayd etdi:
— Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko'rsatish biz uchun ham qarz, ham farz. Shu bois dunyodan o'tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson — aziz, xotira — muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olayapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etayapmiz. Ma'rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o'tkazilmoqda. Mana, so'nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag'on qurbonlarining nomini oqladik.
Bu nimani anglatadi? Bu — adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar o'zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o'qilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Cho'lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilar, Germaniyada o'qib kelgan ilg'or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo'lgan. Eng dahshatli tomoni — ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5 oktyabrda chiqarilgan.
— Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qayg'uli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda o'tkazishimiz kerak, — deya ta'kidladi Prezident.
Xo'sh, qatag'on qurbonlarini yod etish, hurmatini joyiga qo'yish kabi amallar joylarda qanday amalga oshirilmoqda?
Yaqinda, eng ulug', eng aziz bayramimiz arafasida xorazmlik bir guruh jurnalist va yozuvchilar Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrif buyurishdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi hamda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda vohaning taniqli ijodkorlari qatag'on qurbonlariga bag'ishlangan kitoblarini muzey fondiga tuhfa etdi.
Muzey xonalarini aylanarkanmiz, o'tmishdan hikoya qiluvchi osori atiqalar, uy-ro'zg'or buyumlari, qatag'on qilingan shaxslar haqida ma'lumotlar, hujjatlar, yurtimizning asl farzandlarini olib ketgan mash'um yuk mashinasining surati diqqatni tortadi.
— O'sha mash'um yillarda bu mashinani yerlik aholi “qora quzg'un”, “qora qarg'a”, “ajal arava” deb aytishgan ekan. Axir mashinaning g'ildiraklarini qarang, qip-qizil qonga bo'yalgan, — dedi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari, shoira Gavharjon Ibodullayeva. — O'sha mashinaga mingan odam borki, omon qolmagan, uyiga qaytib kelmagan. Mening bobom ham qatag'onga uchragan ekanlar…
Shoiramizning ma'noli ko'zlarida g'am yoshlari aylanadi…
Yoshgina o'g'lonlarni, Vatanning asl farzandlarini olib ketgan mashinaga nafrat bilan boqamiz. Yuragimiz o'rtanadi. Prezidentimiz aytgan fikrlar quloqlarimizda aylanadi, begunoh bobolarimizning ohlari o'tmish qa'ridan eshitilgandek bo'ladi…
Muzeyda juda ko'p ma'lumotlarga ega bo'lasiz. Mash'um kunlarning gunohlari, begunohlarning faryodlari o'tmishning qora kunlarini eslatadi…
Muzey rahbari, tarix fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim, Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Yulduzxon Rahmonova bilan qisqacha suhbatlashdik.
— Yulduzxon, qatag'on qurbonlari xotirasi uchun tashkil qilingan muzey haqida qanday fikrlarni bildirasiz? Faoliyatingizni bilishni istardik…
— Ushbu muzeyimiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan o'z faoliyatini boshlagan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil noyabrdagi 936-sonli qarori bor. Ushbu qaror Toshkent shahrida joylashgan qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyi faoliyatini takomillashtirish va hududiy muzeylarni tashkil qilishdan iborat edi. Prezidentimiz qatag'on qurbonlari xotira muzeyiga borganlarida: “Bu muzey muzeylarning muzeyi bo'libdi. Nega bu muzey faqat birgina bo'lishi kerak? Muzey barcha viloyatlarda bo'lishi, viloyat ahli, yoshlar Vatan ozodligi yo'lida jon fido qilgan shaxslar haqida to'liq ma'lumotlarga va bilimlarga ega bo'lishlari kerak, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash lozim”, degan fikrlarni bildirgan edi.
Qarorga ko'ra muzeylar oliy ta'lim tuzilmalarida tashkil etilishi lozim edi. Xorazm viloyatida bu vazifa Urganch davlat universiteti zimmasiga yuklatildi va menga topshirildi. O'sha paytda men Urganch davlat universitetining doktoranturasida tahsil olayotgandim. Muzeyni tashkil qilish vazifasi topshirilganidan juda mamnun bo'ldim. Chunki Xorazm Ma'mun akademiyasi muzey ekspozitsiyasini tashkil qilishda hamda Urganch shahridagi Al-Xorazmiy va Al-Beruniy yodgorlik majmualari tematik ekspozitsion rejalarini tuzishda ishtirok etganman. Bu sohada ozgina tajribam bo'lganligi uchunmi, menga ishonishdi.
Shu kundan boshlab halovatim yo'qoldi. Chunki muzey uchun binoni viloyat bo'ylab izlaganmiz. Qaysi hududda, qaysi binoda muzey tashkil qilish kerakligi bo'yicha topshiriq olganmiz va viloyatdagi ko'pgina binolarni borib ko'rdik. Ko'p o'tmay, hokimliklarga Vazirlar Mahkamasining topshirig'i keldi va viloyat hokimligi ushbu binoni muzey uchun ajratib berishdi. Bu hashamatli, pishgan g'ishtdan bunyod etilgan imorat qadimda katta savdogar bo'lgan aka-uka Salimjonovlarning uyi bo'lgan ekan. Biz kelgan paytimizda bino yangigina ta'mirdan chiqarilgan edi. To'rt devorni qabul qilib oldik. Ammo muzey uchun hech nima yo'q, zero, faoliyatimiz davomida ekspozitsiya tashkil qilishimiz kerak edi.
Qaergaki mash'um davr qurbonlari hayotini o'rganish uchun borgan bo'lsak, biz borgan xonadondagilar muzey uchun eksponatlarni topishga yordam berishgan, o'tmishning buyumlarini hadya qilganlar. Gurlan, Urganch, Xiva, Hazorasp, Xonqa tumanlaridan eksponatlarni yig'ib to'plaganmiz. O'zim uzoq yillar davomida arxiv tadqiqotlarini olib borganligim sababli mazkur hujjatlar orasida ham qatag'onga oid ma'lumotlarni ajratib topishga muvaffaq bo'lganman.
Faoliyatimiz davomida arxiv tadqiqotlarini ham davom ettirdik. O'zbekiston milliy arxivi, Qatag'on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi arxivi, Xorazm viloyat davlat arxivi hamda O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi devonxona bo'limining Xorazm viloyat bo'limi hamda O'zbekiston Bosh prokuraturasi arxivlarida tadqiqot ishlari olib borildi.
Nihoyat, 2018 yilning 31 avgust sanasi — Qatag'on qurbonlarini yod etish kunida muzeyni ochishga muvaffaq bo'ldik. Muzeyimiz tashkil etilganiga ko'p vaqt bo'lmagan bo'lsa ham, bugungi kunda 5300 dan ortiq eksponatlar, hujjatlar jamlangan. Ushbu hujjatlarda xorazmlik yurtdoshlarimizning 2 imperiya — Rossiya imperiyasi va sovet imperiyasi davrida nohaq qatag'on bo'lganliklari hamda ozodlik yo'lida kurashgan vatandoshlarimizning tarixi aks etadi.
1937-1953 yillarda O'zbekistondan 100 ming kishi qatag'on qilingan bo'lib, ulardan 13 ming nafari otib tashlangan. Lekin ushbu raqamlar yanada kengayishi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 100 ming kishining barchasining ism-shariflarini aniqlash bo'yicha topshiriq berganlar. Ushbu topshiriq bo'yicha muhim bo'lgan farmoyish 2020 yil 8 oktyabrda e'lon qilindi va ishchi guruh tuzildi. Mana shu ishchi guruhdaman. Tadqiqotlarimiz natijasida Xorazm viloyatining “Xotira kitobi” yaratildi. Bu kitobga 3 ming nafarga yaqin bo'lgan xorazmliklarning ismi-shariflari kiritildi. Ularning barchasining shaxslari haqidagi ma'lumotlar arxiv hujjatlariga asoslagan. Lekin 6 mingga yaqin shaxs haqida to'liq ma'lumotga ega bo'lmagan bo'lsak ham, 4 ming nafarining ma'lumotlari aniq deb ayta olamiz.
Muzeyning ekspozitsiyasini tashkil qilishda men qatag'on qurbonlarini izlab ularning uylariga bordim. Maryam Sultonmurodova Urganch tumanining “Chondirqiyot” qishlog'ida istiqomat qilgan. Hozir ham u yashagan xonadon mavjud. Maryam Sultonmurodovaning kelini Shirin opa bilan suhbat qildik. Shirin opa Maryam opaga oid bo'lgan barcha shaxsiy arxiv hujjatlarini, albomlarini, suratlarini taqdim qildilar. Aytish joizki, muzeyda eng katta va boy ma'lumotlar Maryam Sultonmurodovaga tegishli.
Bugungi kunga qadar Maryam opaga doir hujjatlarni to'plagan olimlar — Naim Karimov, Sherali Turdiyev, Bahrom Irzayev va boshqalar tadqiq qilganlar. Biz ham shu ulug'lar qatorida Maryam opaning ijodiy merosini o'rgandik. Bu borada hujjatli filmlar ham ishlangan. Qatag'on qurboni bo'lgan xorazmliklarga bag'ishlangan 30 dan ortiq hujjatli filmlar yaratildi. Ularni yaratishda ishtirok qilganligimdan mamnunman.
Muzeyimiz qisqa muddat ichida gavjum ziyoratgohlardan biriga aylandi. Bu dargohda maktab o'quvchilari, talabalar, faxriylar, ziyolilar, harbiylarni uchratasiz.
Harbiy maktablarda bolalarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muzey ekspozitsiyasidan keng foydalanib, ayrim darslar muzeyda o'tiladi. Umumta'lim maktablarining tarix fani o'qituvchilari ham ochiq darslarni bu yerda o'tadilar. Talabalar amaliyotlarini o'taydilar. Shu jarayonda qatag'on qurbonlari bo'lgan xorazmliklar xususida bilimlarini yanada boyitib, shular haqida turli tillarda videoroliklar ishlab, ijtimoiy tarmoqlarda targ'ib qiladilar. Bu yutuqli jihatlardan biridir.
Bugungi kunda qatag'on qurbonlariga bag'ishlangan ilmiy izlanishlar samarali olib borilmoqda. Azamat Nurullayev ismli shogirdim Xorazm viloyati misolida sovet davrida qatag'on qilingan shaxslarni, arxiv hujjatlari asosida aholining turli qatlamlarining nohaq jabrlanganliklarini o'rganayapti. Azamat Ichki ishlar vazirligida mas'ul lavozimda xizmat qiladi. U Ichki ishlar vazirligi arxivini o'rganib chiqdi. Shu bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshirilgan loyihada ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 40-sonli farmoyishi asosida prokuratura tizimidan qatag'on bo'lgan shaxslarning taqdirini, yopiq, maxfiy hujjatlarni o'rgandi. Natijada “Tarixiy xotira beqiyos” deb nomlangan 2 jildlik kitob nashrdan chiqdi. Mana shu 1- va 2-jildlarni tayyorlashda ham qatnashdim. Bu juda murakkab jarayon bo'ldi. Xorazmdagi arxivlarning barcha hujjatlarini birma-bir varaqlab o'rganib chiqib, ularning ichidan qatag'on bo'lgan prokurorlarni izladik. Ayniqsa, Qoraqapog'iston Respublikasi hududida huquq tizimiga oid bo'lgan juda ko'p shaxslar aniqlandi. Ular orasida xorazmliklar ham bor ekan.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan ham bu mavzuda kitob chop etildi. “Tarixiy saboqlar va xulosalar” deb nomlangan kitobning ilk nusxasi kecha nashrdan chiqqanligi haqidagi xabar juda quvontirdi meni. Ushbu kitobda ichki ishlar tizimidan sovet davrida qatag'on bo'lgan shaxslar haqida hamda Xorazm Respublikasining tashkil topishi, militsiya tizimining faoliyat yuritishi va vohada qatag'on qilinganlar haqida yoziladi. Viloyatimizdan Masharif Qoriyev, Xorazmda xizmat qilgan Minglixo'ja Inialiyev, Nazar Sholikorovlarning qismati haqida ma'lumotlarga ega bo'lasiz.
Muzeylarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar aniq hujjatlarga asoslanadi. Biz og'zaki tarix materiallarini yig'ish bilan xam shug'ullanamiz. Aholidan “Sizning bobongiz qatag'on bo'lganmi?” degan so'rovnoma o'tkazamiz. Yaqinda Xiva shahridagi “Kaptarxona” mahallasida ilmiy ekspeditsiya ishlarini amalga oshirdik. Bu yerda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi Adliya vaziri lavozimida ishlagan, Urganch muhofaza bo'limi boshlig'i bo'lgan, “Ichonqal'a” muzey qo'riqxonasi rahbari, Qur'onni yoddan bilgan qori Sulton Jumaniyozovning qatag'on bo'lganligi bo'yicha maxfiy hujjatlarni o'rganishga muvaffaq bo'ldim. Uning oilasini izlab topdim. Uch nafar og'a-ini bir ko'chada, “Kaptarxona” mahallasida yashaganlar. Uning o'g'li Komilning farzandlari bilan suhbatlashdik. Bu yerda nomlari hali ma'lum bo'lmagan shaxslar haqida faktlarni yig'ishda davom etdik.
Biz har yili o'zimizning tadqiqotlarimizni nashr qilib boramiz. Muzey tashkil qilinganidan buyon muzeyimiz nomidan 7 ta kitob nashr etildi. Birinchi kitobim — “Xiva shahri tarixi: an'ana va o'zgarishlar. XVI-XX asr boshlari” deb ataladi. Ushbu kitobimda ham XX asr boshida Xorazmdagi o'zgarishlarni va “Yosh xivaliklar” harakati, Jadidchilik harakati faollarining davlat boshqaruvi xususidagi fikr-mulohazalarini, Xorazm jadidlarini yoritib berganman. Shu asarning rus tilidagi nusxasi ham chop etildi. Uchinchi kitob “Xiva tarixidan lavhalar” deb nomlandi. Ushbu asarda ham qatag'on tarixiga oid materiallar o'rin olgan. “Karvak xotirasi kitobi” nashrdan chiqdi. Hazorasp tumanida joylashgan Karvak elati — ulug' ulamolar qishlog'i bo'lgan. Ushbu kitobni jurnalist Karimboy Ollaquliyev bilan birga yaratdik. U kishi muzeyimizga tashrif buyurganlarida: “Bizning hududdan ham bir qishloq ahli qatag'on bo'lgan”, dedi. Mening o'zim ham Hazoraspga borib ilmiy ekspeditsiyalarda ishtirok etdim. “Karvak xotira kitobi”ni Hazorasp tumanidan qatag'on bo'lganlarga bag'ishlangan xotira kitobi deyish mumkin. Xorazm viloyatining sud tarixiga oid “Kecha. Bugun” deb ataluvchi kitob chop etishga berildi. Bu kitob yozilishida turkum materiallar bilan bir qatorda qatag'on bo'lgan sudyalar, adolat posbonlari haqidagi materiallarim bilan ishtirok etdim. Sud tizimining hozirgi davrdagi tarixi yoritildi. Bu bizning ilmiy tadqiqotlarimizning bir parchasi hisoblanadi. Har kuni arxiv hujjatlarini yig'ib olib kelayapmiz.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 270-sonli qarori siyosiy qatag'on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga bag'ishlangan. Ushbu qaror bo'yicha respublika ishchi guruhi tuzildi va bu ishchi guruhga rahbarlik qilish Mudofaa vazirligiga yuklatildi. Bizning muzeyga ham Mudofaa vazirligi xodimlaridan 2 nafari kelib, arxiv materiallarining nusxalarini olishda yordamlashyaptilar. Shu faktlar asosida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiryapman.
Muzeyning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda tinimsiz izlanishlar olib boryapmiz. Turkiyaning TIKA tashkilotiga grant loyihasi chiqardim. Ushbu loyiha “Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi qatag'on qurbonlari xotirasi muzeyining moddiy texnik bazasini mustahkamlash” deb ataladi. Shu loyiha fond tomonidan ma'qullangach, Turkiyaning Toshkentdagi vakolatxonasi Anqaraga bu materiallarni jo'natdi. Ularga ham bu loyiha ma'qul tushdi va bizning muzeyimizga shu fonddan beg'araz yordam ko'rsatildi. Bizga 7 ta zamonaviy kompyuter, 6 ta lazerli printer, 2 ta rangli printer, 5 ta “Smart”-televizor, katta “Smart”-doska va 10 ta katta infokiosk va yana bitta katta infokiosk, sensorli stol, fotoapparat, mebel to'plamlari, mikrofon va boshqa texnik jihozlar taqdim etildi. Bu orqali biz tashrifchilarimiz uchun qiziqarli ma'lumotlar tayyorladik va axborot texnologiyalari vositasida xalqimizga qatag'on qurbonlarining dahshatli musibatlari xususida materiallarni berishda davom etmoqdamiz.
Muzeyimizga nafaqat ichki sayyohlar, balki dunyoning turli mintaqalaridan mehmonlar, sayohatchilar Xitoy, Turkiya, Rossiya, Finlandiya, Ispaniya, Italiya, Indoneziya va boshqa davlatlardan tashrif buyurishadi. Ular gohida rasmiy delegatsiyalar tarkibida kelishsa, ba'zida sayyoh bo'lib Xorazmga kelib, virtual karta orqali muzey joylashgan hududni bilib, eshikdan kirib keladilar.
Endilikda xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'ydik. Muzeyimiz tarixidagi materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boramiz. Muzey telegram guruhi faoliyat yuritmoqda. Bu yerda obunachilarga muqaddas dargohimizdagi yangiliklar va qatag'on bo'lgan shaxslarning fojiali taqdirlari va ularning avlodlari xususidagi materiallarni hamda “O'zbekiston tarixi” kanalida Vatanimiz tarixiga oid bo'lgan voqealarni keng yoyishda faol ishtirok etamiz. Muntazam ravishda OAV, respublika va xorij konferensiyalarida ma'ruzalarim bilan qatnashaman.
Maqsadimiz — muzeyda kutubxona tashkil etish. XIX asr Rossiya imperiyasi bosqini davridan boshlanadi. Lekin, aslida, V.Cherkasskiy ekspeditsiyasi 1717 yildan boshlanadi. O'sha davrga oid Xorazm xonligiga doir bo'lgan noyob osori atiqalar ham bizning muzeyimizda joylashishini istayman. Chunki muzeyimiz Xorazmda faoliyat yuritmoqda. Viloyatimiz qadimiy buyumlarga nihoyatda boy bo'lgan. Bizning qo'lyozma kitoblarimiz, toshbosma kitoblarimiz hamda aholining qo'lida nodir eksponatlar bor. Ularni olib kelib muzeylarga joylashtirish kerak. Muzeyga tashrif buyurganlar har bir eksponatga qarab olam-olam ma'nolarni, tarixini o'rganadilar va bu siyosiy qatag'onlar davri bilan bog'liq bo'lgan ekspozitsiyani boyitishga ruhan his qilishga yordam beradi. Maxfiy arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarning tezroq ochilishini va bizga taqdim qilinishini, men u yerdan jadidlarimizning suratlarini olib chiqishni, ularni ekspozitsiyaga joylashtirishni va qatag'on qurbonlarining to'liq rasmlarini ham shakllantirishni niyat qilganman.
Yaqinda Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamova Xorazmda yashagan buyuk ayollar timsollarini yaratish haqida topshiriq berdilar. Prezidentimiz tashrifi arafasida Xorazm tarixida muhim iz qoldirgan ayollar, ularning suratlari va ma'lumotlarini taqdim qildik. Bu o'rnak bo'ladigan ayollar umumta'lim maktablariga qo'yilishi rejalashtirilgan.
Ota-onam o'qituvchi bo'lishgan. Men kitoblar dunyosida yashaganman. Jurnalist bo'lishni orzu qilganman. Maktabda o'qigan paytimda gazetalarga maqolalar jo'natganman. Xiva pedagogika bilim yurtiga o'qishga kirib, qizil diplomga bitkazib, Urganch davlat universiteti tarix fakultetiga o'qishga kirganman. 2009 yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix instituti huzuridagi ixtisoslashgan Kengashda “XVI-XX asr boshlarida Xiva shahrining ijtimoiy-siyosiy hayoti: an'ana va o'zgarishlar” mavzusidagi dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. Katta ilmiy xodim unvonini oldim. Xalqaro Amir Temur jamoat fondi ko'krak nishoni bilan taqdirlandim.
— Suhbatingiz uchun katta rahmat.
Qatag'on qurbonlari tarixini o'rganish, o'tganlarning ulug' ishlarini ro'yobga chiqarishda fidoyilik bilan faoliyat olib borayotgan Yulduzxon Rahmonovaning muborak niyatlari ushalishiga tilak bildirdik.
Ilohim, o'tganlarning ruhlari qo'llasin!
Feruza TANGRIBERGANOVA.