Yaqin sharq mamlakatlarining yetakchi ommaviy axborot vositalarida O'zbekiston mavzusi

Yaqin Sharq mamlakatlaridagi yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi o'rtasidagi munosabatlarga bag'ishlangan turkum maqolalarni e'lon qildi.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Al Harir” gazetasi saytida “O'zbekiston Prezidenti Rossiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi” sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 aprel kuni Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo'lib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani xabar qilingan.

“Suhbatda O'zbekiston-Rossiya do'stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi”, – deb yozilgan maqolada.

Saudiyaning “Wrkaa News” gazetasida bosilgan “O'zbekiston Prezidenti “INNOPROM” xalqaro ko'rgazmasini borib ko'rdi” sarlavhali maqolada ma'lum qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni Toshkent shahrida ish boshlagan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” beshinchi xalqaro sanoat ko'rgazmasiga tashrif buyurdi. “O'zbekiston rahbari davra suhbatida ishtirok etdi. Unda O'zbekiston-Rossiya hududlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha aniq rejalarni taqdimot qildilar”, – deb ta'kidlangan.

“Watan News” va “Al Harir” gazetalari BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan O'rmonzorlashtirish va o'rmonlarni tiklash dekadasi haqidagi rezolyutsiyani qabul qilganiga doir materiallarni e'lon qildi. Nashrlarda Rezolyutsiya Amazondan keyin dunyodagi ikkinchi eng katta tropik o'rmonga ega bo'lgan Kongo Respublikasi bilan birgalikda ilgari surilgani qayd etilgan.

“Hujjat asosini O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda “Markaziy Osiyoning “yashil” belbog'i” ko'chat ekish aksiyasi tashkil etadi”, – deb yozgan Saudiya OAV.

Ushbu mamlakatning “An Nahar News” gazetasi saytida “O'zbekiston tarixida ilk marta BMT Statistika Komissiyasiga bir ovozdan saylandi” sarlavhali maqola ham joylashtirildi. “O'zbekistonning ushbu organ a'zosi etib saylanishi mamlakatda Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning xalqaro miqyosda tan olinganligini va mamlakatning global jarayonlardagi o'sib borayotgan rolini ko'rsatadi”, deyiladi nashrda.

“Nabd Al Hadas” gazetasi saytida e'lon qilingan “Jizzax – 2025”: uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish platformasi” sarlavhali maqolada esa O'zbekiston tashqi ishlar vazirligi tomonidan Zomin tumanida o'tkazilgan biznes-forum haqidagi ma'lumotlar qalamga olingan.

Shuningdek, “An Nahar News” va “Arab News” nashrlari Markaziy Osiyo va Ko'rfaz arab hamkorlik kengashi davlatlari o'rtasidagi hamorlik tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida yozdi.

“Dunyo” AA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + six =