O'zbekiston Prezidenti: Markaziy Osiyo endi tarixning chetida emas, balki o'z strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda

O'zbekiston Prezidentining “Euronews”ga bergan intervyusi ko'plab nufuzli xorijiy OAV tomonidan ham e'lon qilindi
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4 aprel kuni Samarqandda bo'lib o'tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti oldidan “Euronews”ga 1 aprel kuni bergan eksklyuziv intervyusi yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalarida keng rezonansga sabab bo'ldi.
Ko'plab xorijiy bosma va elektron nashrlar o'z sahifalarida O'zbekiston rahbarining “Euronews” savollariga bergan javoblarining to'liq matnini turli tillarda e'lon qildi va bu bilan Yangi O'zbekistonning mintaqaviy va xalqaro kun tartibining asosiy masalalari bo'yicha pozitsiyasiga katta qiziqish borligini tasdiqladi.
Xususan, davlatimiz rahbarining intervyusi, Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri – “Diplomacy Journal” jurnali, Pokistonning “Diplomatic News Agency – DNA” axborot agentligi, “Daily Islamabad Post” va “The Daily Big Digit” gazetalari tomonidan e'lon qilindi. Bundan tashqari, mazkur intervyu “Infozakon” va “Kursiv” (Qozog'iston), “Q8 Press” (Kuvayt), “Industriya Yevrazii” va Kommersant'” (Rossiya) kabi elektron nashrlar, shuningdek, “Theasiatoday”, “Ekoavrasya”, “Ankasam” (Turkiya) onlayn platformalari tomonidan tarqatildi. Shuningdek, mamlakatimiz yetakchisining intervyusi bilan Turkmanistonning “News Central Asia” yangiliklar portalida, Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnalida ingliz va ukrain tillarida, Saudiya Arabistonining “Wrkaa News”, Belgiyaning yetakchi “EU Reporter” nashrlarida tanishish mumkin. O'zbekiston Prezidentining intervyusiga bo'lgan qiziqishni, shuningdek, Britaniyaning “London Post” yangiliklar portali, Xitoyning “Kitay” jurnali, Misrning “Sada al-Balad” axborot agentligi va boshqa nashrlar ham tasdiqlaydi.
Jahon ommaviy axborot vositalari O'zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlardagi ijobiy dinamika haqidagi so'zlarini alohida ta'kidlagan. Qayd etilganidek, so'nggi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi to'rt barobar oshib, 54 milliard yevroga yetdi. Bu holat mintaqaning Yevropa mamlakatlari uchun istiqbolli hamkor sifatidagi roli oshib borayotganidan dalolat beradi.
Mashhur nashrlar, shuningdek, Prezidentimizning Samarqandning savdo, ilm-fan va diplomatiyaning tarixiy markazi sifatidagi o'rni haqidagi fikrlariga e'tibor qaratgan. “Uning ulug'vorligi turli madaniyatlar, xalqlar va g'oyalarni birlashtira olganida, – deya Prezident Shavkat Mirziyoyev so'zlaridan iqtibos keltirilgan. – Bugun u yana Yevropa va Markaziy Osiyo zamonamizning asosiy muammolarini muhokama qilishi mumkin bo'lgan muloqot maydoniga aylanmoqda”.
So'nggi yillarda Markaziy Osiyoda amalga oshirilgan o'zgarishlar ham yuqori baholandi. Nashrlar O'zbekiston Prezidentining Markaziy Osiyo mintaqasi haqidagi savolga bergan javobdan misol keltirgan: “So'nggi yillarda Markaziy Osiyo tubdan o'zgardi, yangi qiyofa kasb etdi — konstruktiv muloqot, ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylandi. Bu esa mamlakatlarimiz yetakchilarining umumiy siyosiy irodasi tufayli amalga oshdi. Bugun biz bu jarayonning ortga qaytmasligi haqida ishonch bilan ayta olamiz”.
O'zbekiston Prezidentining afg'on masalasi bo'yicha pozitsiyasiga alohida urg'u berilgan. Xorijiy ommaviy axborot vositalari davlatimiz rahbarining O'zbekistonning Afg'onistonga nisbatan yondashuvi har doim pragmatik va uzoq muddatli strategik tamoyillarga asoslanib kelgani haqidagi bayonotiga e'tibor qaratdi. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev qo'shni Afg'onistondagi vaziyat haqidagi savolga javob berar ekan, quyidagilarni ta'kidladi: “Hozirgi rahbariyat Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga, o'z resurslarini aeroportlar, ichki temir yo'l tarmoqlari, suv-energetika infratuzilmasini rivojlantirishga va ko'knor maydonlarini qisqartirishga yo'naltirishga muvaffaq bo'ldi. BMT ma'lumotlariga ko'ra, “Tolibon” 2023 yilda giyohvand moddalar savdosini taqiqlaganidan so'ng, Afg'onistonda ko'knor yetishtiriladigan yerlar 95 foizga kamaygan. Afg'onistonda ko'knordan xoli kelajak barpo etish maqsadida qishloq aholisiga yordam ko'rsatilmoqda, qishloq xo'jaligining muqobil yo'nalishlari rivojlantirilyapti”.
Nashrlarda ta'kidlanganidek, bo'lajak “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitining muhim natijalaridan biri tomonlarning strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatishga bo'lgan mushtarak istagini aks ettiruvchi Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi bo'ladi. “Deklaratsiya nafaqat erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi, balki mintaqalarimiz o'rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun asos yaratadi, – dedi O'zbekiston Prezidenti. – Biz investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qo'shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalar va raqamli yechimlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha aniq kelishuvlarga erishishdan umidvormiz”.
Nufuzli xorijiy OAV, shuningdek, O'zbekistonning konstruktiv muloqot va o'zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga sodiqligini ta'kidlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlarini iqtibos o'rnida keltirgan: “Biz barqaror rivojlanish va xalqlarimizning farovonligini oshirishga xizmat qiladigan, o'zaro manfaat va ishonchga asoslangan konstruktiv hamkorlik tarafdorimiz”.
“Dunyo” AA