Oqsoqol shoirning ohorli ohanglari…

Sakson yoshning eshigini dadil, tetik taqillatib turgan serqirra adib, adabiyotimizning obro'li oqsoqollaridan biri Farid Usmon o'tgan yilning yozida Zomin tog'larida bitgan she'riy turkumini jo'natib, “Bir ko'z tashlab qo'yarsiz!” degan kamtarona so'zlarni ilova qilibdi. Muhtaram mushtariy oldida darhol tan olib qo'ya qolaman: ancha yillar avval ajoyib shoir, iste'dodli nosir, iqtidorli essenavis Farid Usmon haqida “Muattar mehr” nomli kitobcha yozganman. Farid akaning maftunkor matnlari asosida kuylanib kelinayotgan eng dilbar qo'shiqlarni doim miriqib tinglayman.
Yaqinda ulug' shoir A.Tvardovskiyning “Novыy mir” kundaliklar-essesini varaqladim. Birinchi jildi 656, ikkinchi jildi 650 betdan iborat. Ammo hozir gap bu haqda emas. Ko'p yillar avval “Krasnaya Paxra”da bo'lganimda, moskvalik do'stlarim bir-biriga tutash ikki dala hovlini, ya'ni Aleksandr Trifonovich va Yuriy Trifonov yashagan maskanlarni ko'rsatishgan. Yuriy Valentinovich “Qo'shnim haqida xotiralar” essesida “Men Tvardovskiy bilan dala hovlida qo'shnigina emas, bir davrda yonma-yon yashadim!” deb yozgan edi. Agar ta'bir joiz bo'lsa, men ayni kunda Moskvadagi Adabiyot institutining qattiq nonini yegan qadrli ustozlarim — O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali va O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Sher, qolaversa, o'sha tabarruk oliy o'quv yurtida qanotlariga quvvat olgan atoqli so'z zargari, “Do'stlik” ordeni sohibi Farid Usmon bilan bir davrda Yangi O'zbekiston havosidan nafas olyapman, o'ttiz yildan buyon og'a-ini bo'lib kelyapman.
Farididdin akaning tarjimai holiga nazar solsangiz, doimiy mehnat hamda ijod u kishi hayotining bezagi bo'lganini ko'rasiz. Hali maktabni tugatish arafasida Andijondagi “Elektrodvigatel” zavodida ishchi bo'lib ishladi, muallimlar institutini tugatib, ikki yil sho'ro armiyasida xizmat qildi, so'ngra hunar-texnika bilim yurtida ter to'kdi. “Shonli mehnat” gazetasida musahhihu muxbir vazifasini bajardi. Andijonda Habibiy, Boqir, Ulfat domlalardan aruz sirlarini o'rgandi. Toshkentga borib, g'azallarini o'zidan 10 yosh katta ustozi Erkin Vohidovga ko'rsatdi. Ustoz mashqlarni ma'qulladi. 1983 yili Farid aka ulug' adib Sarvar Azimov imzosi bilan Yozuvchilar uyushmasining tabarruk guvohnomasini qo'liga oldi. Tavsiyanomalarni atoqli munaqqid, mohir tarjimon To'xtasin Jalolov, mashhur qo'shiqnavis shoir Normurod Narzullayev va u paytlari ijod cho'qqilarini zabt etib kelayotgan eldoshi Muhammad Ali yozib bergan edilar.
Mashhur Mahmud mo'ylovning Navoiy ko'chasidagi choyxonasida shoir do'stlari bilan osh yeb o'tirganida, suhbatdoshlardan biri: “Eh, Faridjon! Sizni aldab nima qildik. Hozir shoirlardan kim mashhur — Rasul Hamzatov! Adiblardan kim mashhur — Chingiz Aytmatov! Ikkisi ham Moskvadagi Adabiyot institutida o'qishgan. Osilsangiz, baland dorga osiling: o'sha institutda o'qing!” dedi. Shu gap bo'ldi-yu O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo'limida ishlab yurgan shoir 1985-1987 yillarda Maksim Gorkiy nomidagi Jahon adabiyoti institutida tahsil oldi. Bunga u paytlari Yozuvchilar uyushmasida ishlagan, bir paytlari mazkur oliy o'quv yurtida o'qigan, Sarvar Azimovdek bag'rikeng ustoz mehridan bahramand bo'lgan talantli shoir Shavkat Rahmon sababchi bo'ldi. Oliy adabiyot kursining poeziya seminarida Farid aka, proza seminarida Tog'ay Murod ta'lim oladi. “Tog'ay Murod juda kamgap edi, — deb eslaydi Farid Usmon. — Yo kitob o'qirdi, yo badiiy asar yozardi. Vaqtini boshqa o'tkinchi ehtiyojlarga sarflamas edi. Ko'p o'y o'ylardi. Menimcha, “Otamdan qolgan dalalar”ning zuvalasi o'sha Tver xiyobonida, “SDL” ya'ni Markaziy Adabiyotchilar uyi, Pushkinning o'ychan haykali qoshida yoinki Peredelkino daraxtzorlarida qorilgan bo'lsa kerak!”
Shoir Moskvadagi tahlildan oldin g'azallarini “Yoshlik bayozi”da, o'zining “Vodiy g'azallari”, “Yoshlik g'azallari” to'plamlarida e'lon qilgan edi. 1981 yili bolalarga atalgan “Boychechak” kitobchasi bosildi. Oliy adabiyot kursini tugatgach, “Gulxan” jurnalida Yozuvchilar uyushmasining badiiy adabiyotni targ'ib qilish sho''basida ishladi. Birin-ketin “Uchqur toychog'im” (1985), “Umid gulzori” (1991), “Ul qaro ko'z bo'lmasa” (1991), “Qadr kechasi” (1992), “Navosiz navo” (1994), “Men kichikmas, kattaman” (1996), “Oq oltinga ko'k chiroq” (1998), “Quyosh rasmi” (2000), “Navro'zda o'yna, kuyla!” (2003), “Jon qushi” (2005), “Husn devoni” (2006), “Muhabbat, o muhabbat!” (2007), “Ruh bulbuli” (2008), “Qaylarga qochay, Laylo?” (2010), “Meni sev” (2011), “Yangi oy” (2011), “Shaklar qo'shig'i” (2011), “Sanashni biladigan mushuk” (2012), “Shoh Bobur yulduzi” (2013), “So'zing bulbul esa bo'stonsiz qolmas” (2013), “O'shal damlar” (2014), “Sharshara” (2014), “G'ildirakli uy” (2015), “Har kimning o'z xotirasi bo'lur” (2016), “Vaqtichog'lik gullari” (2017), “Qaytish” (2017), “Parvozga shaylangan qalb” (2018), “Hayot va hayo” (2018), “Andijon yurtida to'lgan oy” (2019), “Topganlarim” (2019), “Bobur podshoh” (2020), “Bobur saltanati” (2020), “Seni sevganim rost” (2021), “Tunda chopgan oq tulpor” (2021), “Noyob iste'dod egasi” (2021), “Quridim qudug'i afsonasi” (2021), “Xonlar tarixi” (2022), “Iblisning qaytishi” (2022), “Koronavirus qichqirig'i” (2023), “Aruzni o'rganish ishtiyoqi” (2023), “Manzara” (2023), “Ruh bulbuli” (2023), “Chingizxon avlodlari” (2024), “Tarixiy esselar” (2025) “Navoiy tug'ilgan joy” (2025), “Bobur tug'ilgan uy” (2025) singari 50 dan ziyod she'riy, nasriy, publitsistik kitoblari chop etildi. 2023 yili “Qoshi kamonlar” nomli g'azallar to'plami qoraqalpoq, 2024 yili “Xonlar tarixi” essesi qirg'iz tilida nashr qilindi. “Turkiy xalqlar adabiyoti durdonalari” 100 jildligiga tarjimalari kiritildi. Ustoz asarlari asosida yaratilgan ko'plab bolalar pyesalari, multfilmlar haqida to'xtalmadik.
Ko'p yillar avval O'zbekiston radiosida O'zbekiston xalq artisti Nuriddin Hamroqulov ijrosida quyidagi samimiy satrlar yangradi:
Mubtalo etmish meni shirinliging,
shakkarliging,
Mahliyo etmish meni shirinliging,
shakkarliging.
Do'st bo'lib qoldim senga,
tanho qadrdonim o'zing,
Oshino etmish meni shirinliging,
shakkarliging…
Ertasiga hofiz Andijonga, do'sti Farid akaga qo'ng'iroq qilib: “Meni kechiring. “Shirinliging, shakkarliging”ni fonotekaga boshqa bir shoir she'ri deb yozdirishga majbur bo'ldim. Xudo xohlasa, ko'p she'rlaringizni qo'shiq qilib “Farid Usmon so'zi” deb yozdiraman!” dedi. Hofiz o'z so'zida turdi: shoir she'rlari bilan “Sendadur”, “Sochlaringda tun uyqusi”, “Kumushim deymu seni” qo'shiqlarini yaratdi. Ko'p o'tmasdan radio va oynai jahonda “Oqqush” qo'shig'i jarangladi:
Oqqush, Oqqush! Qanotingni yoz!
Og'ushingga ol meni, etaylik parvoz!
Oqqush, Oqqush!
Bir-birimizni etaylik e'zoz…
Farid Usmon — mashhur qo'shiqnavis shoir. Ayni kunda millionlab muxlislar uning quyidagi go'zal satrlarini O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Yahyoxon Mo'minov ijrosi (shu nom bilan televidenieda maxsus ko'rsatuv berilmoqda)da tinglamoqda:
Qani ul sen bilan o'tgan o'shal damlar,
o'shal damlar,
Faqat qolganga o'xshaydi u damlardan
alam, g'amlar…
…Hamisha qaytsa tayyorman,
Farid, jonimni bermoqqa,
Agar bir lahza,
bir fursat o'shal damlar, o'shal damlar.
Yangi O'zbekiston nafaqat kitobni, kitobxonlarni, balki kitob yozuvchilarni ham qo'llab-quvvatlamoqda. Ko'p yillik ijodiy faoliyati uchun ustoz Farid Usmon muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yili imzolagan Farmonga binoan “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Tabarruk yosh arafasida ustoz shoir yanada ilhom bilan to'lib-toshib ijod qilmoqda. Quyidagi she'rlar turkumi fikrimizning yorqin dalili bo'la oladi.
Yangiboy QO'ChQOROV,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.
Farid USMON
Shamolga peshvoz yurdim…
(turkum)
“ZOMIN” SIHATGOHIDA
Quyosh tog' bag'ridan o'zgacha chiqar,
Oftobdan cho'qqiga to'shaladi zar.
Mamnun iliqlikka quchog'in ochar,
Tog'lar og'ushida o'sgan archalar.
Teraklar cho'qqidan o'zib ketsam deb,
Go'yoki shoshilib bo'y cho'zar ko'kka.
Bunaqa nazokat, bunday nurli zeb,
Chiroy baxsh etadi har tongda ko'kka.
Salqin xush havoning sehri lol etar,
Nurli cho'qqilarga boqarkanman jim.
Oybek domla yozgan nodir bu so'zlar,
Idrokimda bir zum bo'ladi hokim:
“Bir o'lkaki, tuprog'ida oltin gullaydi,
Bir o'lkaki, qishlarida shivirlar bahor…”
2024 yil 10 avgust.
Zomin.
* * *
Xazon yaprog'idan kim kuy eshitmas? Aslida hech kim…
Xazon yaprog'iga termilganimcha o'ylagayman jim…
Xazon yaprog'i yanglig' chehralar sarg'aydi deb Bobur,
“O'zimni yaxshi-yu hamda yomondin, dedi, o'tkardim”.
Dedim o'zimga o'zim: men yomon ham yaxshi ko'rdimmu,
Hayotimda ko'ringan har yomon yaxshini o'ylardim.
Hayotimda kezib sarsonu sargardon demish Bobur,
“Xazon yaprog'i yanglig' gul yuzining hajrida sarg'ardim”.
Fikr etsam, odam umri xazon yaprog'iga ermish,
Shu holatdan xazon yaproqlari so'zlar edi bildim:
Farid tonggi sabolarda shitirlab yaproq aytganday,
“Xazon yaprog'idan kim kuy eshitmas?! Aslida hech kim…”.
2024 yil 12 avgust.
Zomin.
* * *
Tog'lar bag'rida orom,
Tog'lar bag'rida rohat.
Shaharlik tog' bag'rida
Doim topar farog'at.
Bunda havo musaffo,
Bunda yoz payti so'lim.
Bunda dardga bor davo,
Bahrasiz qolmas hech kim.
Bunda dam olish maskan,
Bunda talay sihatgoh.
Bandamga deb tog'larni
Yaratib qo'ygan Alloh!
Tog'lar bag'rida orom…
2024 yil 10 avgust.
Zomin.
* * *
Vo ajabo, negadir,
— Cho'qqiga chiq, — der yurak.
Jism der:
— Cho'qqida ne qilasan?
Axir men pastga kerak.
Pastda bari odam,
Pastda bari olomon.
Cho'qqi uchirvorishi mumkin,
Past saqlar omon.
Odam ersang, odamlar
Ichida tinch yuraver,
Xudo bergan xush damlar,
Hayot zavqin suraver!
2024 yil 10 avgust.
Zomin.
* * *
Maydonchada yosh bola,
U yon, bu yon sho'x chopar.
Shu chopqillash ichidan
U nimanidir topar.
Nima u, biz bilmaymiz,
Bizga bu hol noayon.
Bilar faqat bolakay —
Bilar faqat chopag'on.
Mushtdekkina bu jonning
Chopmog'ida kashfiyot
Sezilib turganini
Anglagaymiz biz faqat.
Unda ko'p ixtirolar,
Yangiliklar mujassam.
Chunki yurib-yugurib,
Dunyoni bilgan Odam.
Maydonchada sho'x bola,
U yon, bu yon sho'x chopar…
2024 yil 11 avgust.
Zomin.
ZOMIN TONGI
Shabboda pastga oqar,
Quyosh cho'qqidan boqar.
Odamlarga shu yoqar,
Zominda tong xush otar.
Esar shifobaxsh shamol,
Borliqqa bermay malol.
Tong shundan sohibjamol,
Zominda tong xush otar.
Archalar tong bezagi,
Tiniq tongning jarangi.
Har tong shu tog' ohangi,
Zominda tong xush otar.
Shamol qadrini bildim,
Shamolga peshvoz yurdim.
Odamlarga ilindim…
Zominda tong xush otar.
2024 yil 13 avgust.
Zomin.
* * *
Zomin degan manzilda,
Tog'larda havo toza.
Atroflarga bu tog'lar,
Tozalikda andoza.
Cho'qqiga chiqqan sayin,
Mayinlashar havolar.
Poyonsiz archazorlar,
Dilga yoqar ma'volar.
Olis yonbag'irlarda,
Oppoq qorlar yotadi.
Quyosh qorli cho'qqilar
Orqasiga botadi.
Na issiq, na sovuq bor,
Tog' bag'ri jon rohati.
Ortar odam bolasin
Tog'larga muhabbati.
Zomin degan manzilda,
Tog'larda havo toza.
2024 yil 14 avgust.
Zomin.
* * *
Tog'dan oqar suvlarni
Sharshara deb ataymiz.
Sharsharani ko'rgani
Borgan edik atay biz.
Cho'qqilarga sakragan
Suv oqardi qoyadan.
Qildik uni tomosha,
O'tirgancha soyada.
Archalarning soyasi
Jonga huzurbaxsh edi.
Sharshara tog' bag'riga
Muhrlangan naqsh edi.
2024 yil 16 avgust.
Zomin.
* * *
Xush havo Zomin, go'zaldir tog'laring,
Archazorlar ostida o'tloqlaring.
Qoyalardan qoyaga sakrab chopar,
Tip-tiniq sho'x suvlaring-quvnoqlaring.
Tip-tiniq sutni simirgandek bo'lar,
Bor ekan toza havong — qaymoqlaring.
Necha kundir ko'nglimni xush ayladi,
Cho'qqidan irg'ib chopar irmoqlaring.
Xush havo jar ustida ko'prik, ajib,
Menga ham etdi nasib ko'rmoqlarim.
El-ulus yayrar, Farid ham yayradi,
Bo'lmasin kam, Zomin-o, ardoqlaring.
2024 yil 17 avgust.
Zomin.