Yangi O'zbekistonning gullar diyori

Namanganda ochilgan 64-xalqaro gullar bayramidan reportaj

Ahli Namangan bu shodiyonaga astoydil hozirlik ko'ribdi. Ko'chalar ravon, atroflari gulzor. Gulzorlarga tutashgan yashillik go'yo uzukka ko'z qo'ygandek. Bu go'zallikka nigohingiz tushgan zahoti ko'zingiz quvonadi, dilingiz yayrab ketadi.

25 may, yakshanba. Quyosh bosh ko'tarib atrofga nur taratayotgan chog'. Namangan ko'chalari har kungidan-da yanada jozibaliroq, sokinroq. Qatnov qisman cheklangani boisidanmi, shovqin-suron ham yo'q, tirbandligu tartibsiz harakatlarni ko'rmaysiz. Mehmonxonadan shahar markazidagi Zahiriddin Muhammad Bobur bog'iga olib borayotgan haydovchi ham serqatnov ko'chalardagi tirbandliklardan bezgan, shekilli, “Qani edi, yo'llar har kuni shunday bo'lsa”, deb men tomonga yuzlanib qo'yadi.

Ob-havo qanday kelishi – tabiatning ishi. Bu yil aprelning o'rtalaridan mayning shu kunigacha ob-havo xuddi yozdagidek bo'ldi. Mutaxassislarning bildirishicha, keyingi yetmish yilda ilk bor may oyida qirq daraja issiq bo'lishi qayd etilibdi. Shunday sharoitda gullar ekib gulzorlar qilishning, ko'chatlar ekib bog'lar yaratishning o'zi bo'ladimi! Ammo Namanganni gullarga burkab, elu yurtimizni, butun dunyo ahlini lol qoldirayotgan azizlarning mashaqqatli mehnatiga, shaxtu shijoatiga qoyil!

Bobur bog'ining Nodirabegim kutubxonasi yonida ertalabki soat o'nda ochiladigan gullar festivaliga ko'plab davlatlarning diplomatik korpus vakillari, xorijiy davlat delegatsiyalari, chet el kompaniyalari va investorlar, nufuzli mehmonlar, madaniyat va san'at namoyandalari, xalqaro hamkorlar, sayyohlar va mahalliy mehmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurishgan.

Soat millari 10:00 ni ko'rsatganida festival ochilishini e'lon qilgan boshlovchining tantanavor ovozi yangradi. Sahnada o'nlab ustoz-shogird doirachilarning dumbra-dumiga “Yo'l bo'lsin-a, yo'l bo'lsin, bosgan izlaringiz gul bo'lsin!” deya boshlanadigan qo'shiq ulanib ketdi. Shirali va jarangdor ovozlari bilan boshlovchilar Namanganni gullar diyori, gullarga kon oshyon, Yangi O'zbekistonimizning durdonasi deya madh etishmoqda.

Ushbu festivalga Ozarbayjon, Belarus, Bolgariya, Xitoy, Misr Arab Respublikasi, Fransiya, Vengriya, Hindiston, Eron, Iordaniya, Qozog'iston, Saudiya Arabistoni, Qirg'iziston, Quvayt, Malayziya, Mo'g'uliston, Pokiston, Qatar, Rossiya Federatsiyasi, Koreya Respublikasi, Slovakiya, Germaniya, Tojikiston, Turkiya, AQSh, Chexiya Respublikasi va albatta O'zbekiston vakillari o'zlarining davlat bayroqlarini baland ko'tarib, milliy liboslarda, musiqa sadolari ostida kirib kelishdi. Ha, bugun festivalu bayramlar, gulu gulzorlar yarashadigan, tinch va farovon Yangi O'zbekistonimizning go'zal va maftunkor Namangani zaminida dunyo bayroqlari hilpiramoqda.

Tabrik so'zi uchun Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a'zosi Shavkat Abdurazzoqov taklif etildi. Hokim “Gullar diyori Namanganga xush kelibsiz!”, deya barcha ishtirokchilarni tabrikladi. U mazkur festival Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018 yildan boshlab xalqaro maqomga ega bo'lganligini ta'kidladi.

“Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta'biri bilan aytganda, bu bayram namanganliklar hayotiga singib, yaxshi an'anaga aylanib qolgani bejiz emas. Nega deganda, gulu rayhonni, go'zallikni yaxshi ko'radigan va shu obodlikni o'z qo'li bilan yaratadigan odamlarning qalbi ham go'zal bo'ladi”, – dedi Sh.Abdurazzoqov o'z so'zida. Go'zallik yaratayotgan Namangan xalqiga bo'lgan yuksak ishonch, e'tirof va oqilona ta'rif aytilganida, ishtirokchilarning gulduros qarsaklari yangradi.

“O'zbekiston – 2030” strategiyasida ekologiya masalasi ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida belgilangan. “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e'lon qilingan 2025 yilda o'tkazilayotgan 64-xalqaro gullar festivali ushbu g'oya va maqsadlarga hamohangligi bilan muhim ahamiyatga ega. Qarang, o'tgan yili festival doirasida viloyat markazida 45 million tup gul ko'chati o'tqazilgan ekan. Bu yil esa 100 million tup gul ekilgan. Mingga yaqin gul kompozitsiyalari shaharni mubolag'asiz gullar galereyasiga aylantirdi. Festivalda besh ming nafardan ortiq gulchi, hunarmand va tadbirkorlar o'z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Shubhasiz, “Eko-gullar”, “Landshaft dizayni”, “Yosh gulchilar” kabi yangi yo'nalishlar keng jamoatchilik e'tiborini tortadi.

Namangan xalqaro aeroporti oldidan start olgan festivalning gullar bilan bezatilgan an'anaviy avtomobillar paradini tomosha qilish uchun o'n minglab odamlar yo'l bo'ylariga chiqishdi. Uch oy avval viloyatda ilk marotaba tashkil etilgan “Xalqaro avto tyuning” festivali g'oliblari va ishtirokchilari ham ushbu avtomobillar paradida qatnashayotir. Bu yilgi festival doirasida bir yuz ellikdan ortiq xalqaro, respublika va mahalliy miqyosdagi forumlar, madaniy-ma'rifiy, ommaviy sport va boshqa turdagi tadbirlar o'tkaziladi. Mehmonlar Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog'i hamda “Afsonalar vodiysi” tematik parkida yaratilgan betakror va maftunkor gul kompozitsiyalaridan zavq olishlari mumkin. “Yangi O'zbekiston” bog'ining 60 gektar maydonida ham gullar bilan bezatilgan kompozitsiyalar qiziqish uyg'otishi tabiiy.

Qirq kun davom etadigan festival kunlari O'zbekiston milliy simfonik orkestrining ochiq osmon ostidagi konsert dasturi, “Namangan 2-xalqaro hunarmandchilik ko'rgazmalari, Jahon estrada yulduzlari ishtirokida konsert tomoshasi, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etiladi.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovning ta'kidlashicha, festivalning viloyat iqtisodiyotidagi salmog'i ham yildan-yilga ortib bormoqda. Chunki ushbu festival aholi daromadlarini oshirish, bandligini ta'minlash, kambag'allikni qisqartirishda ham hissa qo'shmoqda. O'tgan yilgi gullar festivalida savdo va xizmatlar aylanmasi 4 trillion 600 milliardga teng bo'lsa, bu yil bu ko'rsatkichni 8 trillionga yetkazish maqsad qilingan. Ko'rinib turibdiki, bu xalqaro tadbir daromad keltirish, ish o'rni va eksport salohiyatini oshirishda ham yangi yondashuvdir.

Prezidentimizning “Yaqin qo'shni — qadrli qo'shni” tamoyiliga asoslangan ochiqlik siyosati natijasida qo'shni davlatlar bilan aloqalar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. O'tgan yili sentyabr oyida qayta ochilgan “Uchqo'rg'on-Kengsoy” chegara posti orqali kuniga minglab xorijlik sayyohlar Namanganga kelishmoqda. Joriy yilda festivalga 750 ming xorijiy, 5 millionga yaqin mahalliy sayyohlar tashrifi kutilmoqda. Bir yildayoq ko'rsatkichlarning ikki baravarga ortishi festival mavqeining yil sayin keng quloch yoyishidan dalolatdir.

Osmonga tinchlik ramzi bo'lgan kabutarlar uchirildi. “Yangi O'zbekiston — mening O'zbekistonim!”, “Qadding baland tog' bo'lsin, Yurtboshimiz sog' bo'lsin!” misralari bilan aytiladigan qo'shiqlar yangradi. Qirg'iz og'alarimiz “Do'mbirasiz sen qayda, do'mbirasiz men qayda” deya kuylamoqda. Xitoycha qo'shiq yangraganida mahobatli monitoringda o'rmonli tog'lar oralab qurilgan Buyuk Xitoy devori namoyish etildi. Tojik qo'shnilar kuylaganida esa betakror tabiat qo'ynidagi tog'lar yoqalab sharqirab oqayotgan soylarni ko'rib dil yayraydi. Qozog'imning duldul otli pahlavon chavandozlari qo'lidagi burgutlar qanotlarini yozib ko'kka parvoz qilishga oshiqayotgan manzaralarni ko'rib orzulanasan. Rusning chestushkalari yangraganida beixtiyor raqsga tushging kelaveradi. Darhaqiqat, O'zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova “Kishi dili nozikligi shunchami, gul degani ochilmagan g'unchami?” deya xonish qilganida xorijlik mehmonlar ham o'yinga tushib ketishdi.

Atrof shodlik va quvonchlarga to'lgan. Zarhal harflar bilan festival nomi yozilgan mahobatli havo shari osmonlarga uchib ketaman deydi, Namangan gullari chiroyini samolarga olib chiqaman deydi. Ha, bu gullarni ko'rganlar bor, ko'rmaganlar bor…

Beixtiyor namanganlik shoir do'stimizning misrasi yodga tushdi: “Namangan, men uchun barhayot gulsan!”

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Elga manfaatli, dunyoga dovruqli

Ayni kunlarda Namanganda gullardan gilam to'shaldi. Bu turfa xil, rang-barang gullar go'zallikka oshufta, nafosat shaydolarini Namanganga chorlamoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatda o'tkazilib kelinayotgan gullar bayramiga 2018 yildan xalqaro gullar festivali maqomi berilib, tobora nufuzi ortib bormoqda. Chunonchi, bundan 2 yil avvalgi tantanalarda mamlakatimizdan 4,2 million nafar, 52 ta chet mamlakatdan 154 mingdan ortiq sayyohlar qatnashgan bo'lsa, bu yil xalqaro sayilgohga aylangan gullar shahriga 5 million mahalliy va 750 ming  xorijiy sayohlar tashrifi kutilmoqda.

25 maydan 29 iyungacha o'tkazilayotgan 64-xalqaro gullar festivaliga xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizdagi vakillari, diplomatik korpus, qo'shni respublikalar hudud rahbarlarining tashriflari nafaqat bayram nufuzini, balki qo'li qadoq, mehnatkash, hunarmandu tadbirkor Namangan ahlining dovrug'ini dunyoga tanitmoqda.

— O'zim bilan yuzlab yevropalik say­yohlarni olib kelyapman, – dedi Namanganning Germaniyadagi turizm elchisi, “Numa” agentligi rahbari Dalya Altuntepe xonim. — Namanganga kelib, nafosat va go'zallik bayramidan bahramand bo'lganimdan baxtiyorman. Gullar diyori Yevropa uchun yangi lokatsiya. 2026 yilda Berlin ko'rgazmasida festivalning alohida ekspozitsiyasini tashkil etamiz.

Taraddud jarayonida qariyb 17 gektar maydonni egallagan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida yangidan 10 milliard so'mlik sug'orish tizimi ishga tushirildi. Shahar bo'ylab, xiyobonu bog'larda, yo'l yoqalariga kishiga o'zgacha zavq beradigan salkam 80 turdagi 100 million tup gullar turli ko'rinishda, turfa xil kompozitsiyalarda ekildi. E'tiborlisi, har bir kompozitsiyada rayhon gullarni uyg'unligi  o'zgacha ifor taratmoqda.

Bugunga kunga kelib Gollandiya dun­yoda gulchilikda birinchi o'ringa da'vogarlik qilayotgan bo'lsa, namanganlik nafosat shaydolari jahonda ikkinchi o'rinda e'tirof etilmoqda.

Albatta, ushbu  e'tirofga erishishning o'zi bo'lgani yo'q. Viloyatda 12 gektarlik gulchilik markazi tashkil etilib, 45 ta mahalla gulchilikka ixtisoslashtirildi. Bu bilan salkam 21 ming nafar aholi vakilining doimiy bandligi ta'minlandi.

Har yilgi an'anaga ko'ra, tantanali ochilish marosimida 200 dan ziyod har xil rusumli avtomashinalar karvoni Namangan xalqaro aeroportidan markaziy ko'chalar bo'ylab 10 kilometrdan ortiq masofani bosib o'tdi.

Odatda, avvallari festival faqat markaziy bog'da o'tkazilgan bo'lsa, endilikdi “Afsonalar vodiysi” tematik parki, 65 gektarlik “Yangi O'zbekiston” bog'i hamda Axsikent tarixiy majmuasi mehmonlar bilan gavjum. Qolaversa,  gastronomik turizm yo'nalishida ming nafardan ortiq xodim xizmat qilayotgan Chust bog'ida “Chust oshi” tayyorlanadi. Uchqo'rg'onda esa diametri 30 metr bo'lgan havo sharida sayr qilish imkoniyati yaratilgan.

Festival doirasida turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, sport musobaqalari, ko'ngilochar shoular, teatr va sirk tomoshalari, gala konsertlar, modalar haftaligi, sanoat yarmarkasi va boshqa ko'ngilochar tadbirlar o'tkaziladi.

Shu kunlarda viloyat markazida 125 ta zamonaviy avtobusning 15 kilometrgacha bo'lgan masofaga 3 ming so'mdan qatnovi yo'lga qo'yildi. 36 ta mehmonxona, xostel va uy mehmonxonalar sayyohlar ixtiyorida.

Albatta, shuncha urinishlar, intilishlar natija berishi tayin.  O'tgan yili 4 trillion 600 milliard so'mlik xizmat ko'rsatish va servisdan daromad ko'rilgan bo'lsa,  bu yil dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda,  ushbu ko'rsatkich 8 milliard so'mdan ziyodni tashkil etishi kutilmoqda.

Ha, darvoqe, agar turfa xil gullar husn-tarovatidan, iforidan zavq olmoqchi bo'lsangiz, marhamat!

Albatta, Namanganga, 64-xalqaro gullar festivaliga keling!

Hasanboy XOJAYEV,

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

Namangan viloyati kengashi raisi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 14 =