Registonda yangragan “Sharq taronalari”

Shu kunlarda turli xalqlar vakillari va madaniyatlar uchrashgan manzil – Samarqandda qo'shaloq bayram shukuhi kezmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami va “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga ko'rilgan puxta tayyorgarlik qadim va hamisha navqiron shaharga o'zgacha fayz va chiroy baxsh etgan.
So'lim bog' va xiyobonlar, nurafshon ko'chalar tarovati, turfa gullar ifori har qanday kishiga yanada ko'tarinkilik bag'ishlaydi. Jahonning turli mintaqalaridan kelgan turfa odamlar chehrasidagi mamnunlik, o'zaro samimiy munosabat Samarqandda katta bayram boshlanayotganidan darak beradi.
Qadim va navqiron Samarqandda 26 avgust kuni “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
San'at – odamlarning orzu-havasi, quvonchu shodligi, armon va iztiroblari, ichki kechinmalarini ifoda etadigan vosita. Musiqa xalqlarni, turli millat va elatlarni bir-biriga tanitadi, qalban yaqinlashtiradi.
Bugun Samarqandga kelgan kishi ana shunday bayramona, do'stona muhitning guvohi bo'lmoqda.
Samarqandning Registon maydonidagi Sherdor, Tillakori, Mirzo Ulug'bek madrasalari gulgun shafaq yog'dusida yanada go'zal va salobatli ko'rinadi. Betakror amfiteatr hosil qilgan bu muhtasham obidalar anjumanga o'zgacha ruh, ulug'vorlik bag'ishlagan. Maydon “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimiga yig'ilgan tomoshabinlar bilan gavjum. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, san'at ixlosmandlari, musiqashunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.
Festival ishtirokchilari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qarsaklar bilan kutib oldi.
Davlatimiz rahbari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari va mehmonlarini qutlar ekan, mazkur festivalning mazmun-mohiyati, jahonda tinchlik va millatlararo totuvlikni ta'minlashdagi ahamiyatiga to'xtaldi.
– O'n uchinchi bor o'tkazilayotgan ushbu anjuman garchi “Sharq taronalari” deb atalsa-da, bugungi kunda u mohiyat-e'tiboriga ko'ra, “Jahon taronalari” festivaliga aylanganiga barchamiz guvohmiz. Bu haqiqatni birinchi festivalda 31 ta mamlakat vakillari qatnashgan bo'lsa, bu yil barcha qit'alardagi 80 ga yaqin davlatdan 400 nafardan ziyod san'atkor va olimlar ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi, – dedi Davlatimiz rahbari.
Ta'kidlanganidek, bugungi notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo'lib bormoqda. Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san'at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo'lib maydonga chiqishi zarur.
Shu nuqtai nazardan, “Sharq taronalari”ning dunyoviy shuhrat topishi va e'tirof etilishi bejiz emas. Binobarin, yurtimizda madaniyat, san'at rivoji bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi va bugungi musiqa anjumanlari, festival va tadbirlar ana shu azaliy tomirlardan oziqlanadi, kuch oladi.
…Xalqaro musiqa festivalining ochilishiga bag'ishlangan teatrlashtirilgan konsert dasturi boshlanadi. Maydon uzra sehrli kuy taraladi. Ohang sekin-asta butun vujudingizga kirib boradi. Bu oroyishning qiyosi yo'q. Musiqa izmidasiz. Sehrli ohang ta'sirida iliq xotiralar yodga tushadi, ba'zan umringiz bino bo'lib bormagan maskanlarni tasavvuringizda gavdalantiradi. Bu kuy sehri, ohang zavqi, musiqa qudratidir.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali mamlakatimizda madaniyat va san'atga qaratilayotgan alohida e'tiborning jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilgan yuksak namunasidir.
Festivalning nufuzi ortib, ishtirokchilari geografiyasi tobora kengayib bormoqda. Ko'plab mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, mashhur san'at namoyandalari unda qatnashishni o'zlari uchun sharaf, deb biladi. 1997 yilda o'tkazilgan birinchi festivalda 31 mamlakat vakillari qatnashgan bo'lsa, bu yilgi anjumanga 80 ga yaqin davlat san'atkorlari tashrif buyurdi. Festival YuNESKO shafeligida o'tkazilayotgani ham anjumanning yuksak maqom va nufuzini ko'rsatadi.
To'g'ri, yer yuzida tan olingan va keng e'tirof etilgan o'nlab xalqaro musiqa festivallari bor. Ammo ular orasida “Sharq taronalari” alohida mavqega ega. Chunki boshqa xalqaro miqyosdagi musiqa festivallari san'atning muayyan turiga ixtisoslashgan. Ya'ni, ayrimlarida faqat qo'shiq kuylansa, boshqasida musiqa ijro etiladi yoki raqs tushiladi. “Sharq taronalari” esa san'atning barcha ko'rinishlarini o'zida mujassam etgan. Buni boshqa xalqaro musiqa festivallari qatnashchilari ham keng e'tirof etmoqda. Ushbu festivalda dunyoning barcha qit'alaridan san'atkorlar qatnashayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
27-29 avgust kunlari xalqaro musiqa festivali ishtirokchilarining ko'rik-tanlovda chiqishlari namoyish etiladi. Ularning dasturlari xalqaro hay'at tomonidan professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qo'shiq yo'nalishi hamda zamonaviy musiqa va qo'shiq yo'nalishi bo'yicha baholanadi. 30 avgust kuni festival g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi va ular ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi.
An'anaga ko'ra, festival doirasida “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg'unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o'tkaziladi.
Unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqa yo'nalishidagi oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari hamda tadqiqotchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, festival ishtirokchilari va mehmonlar Samarqandning noyob tarixiy obidalarini ziyorat qilish, ona diyorimizda yetishtirilgan turfa noz-ne'matlar bilan to'la bozorlarimizni ko'rish, so'nggi yillarda xalqimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan ulkan yutuq va marralar, amalga oshirilayotgan keng ko'lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.
O'z muxbirimiz.