Barqaror taraqqiyot sari qadam

Buxoro davlat texnika universitetida barqaror rivojlanish talablariga javob beradigan “yashil universitet” konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish bo'yicha aniq vazifalar belgilandi

Bugungi kunda butun dunyo ekomuhit va iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq muammolarga qarshi kurashish yo'lida faol harakat qilmoqda. 2025 yilga kelib, global hamjamiyat barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etishning yangi bosqichiga qadam qo'ymoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yurtimizda 2025 yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e'lon qilinishi mamlakatimizda ekologik masalalarga davlat darajasida e'tibor kuchayganini yana bir bor ko'rsatdi. Bunday tarixiy qaror — har bir sohada, jumladan, oliy ta'lim muassasalarida ham “yashil” yondashuvni joriy etish zarurligini anglatadi.

Gap shundaki, bugun oliy ta'lim faqat kasb egalarini tayyorlab beruvchi tizim emas, balki jamiyatni ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantiruvchi kuchli platformaga aylanishi zarur. Aynan shu nuqtai nazardan, Prezidentimizning 2025 yil 24 yanvardagi 22-sonli qaroriga muvofiq, Buxoro davlat texnika universiteti oldida barqaror rivojlanish talablariga javob beradigan “yashil universitet” konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish bo'yicha aniq vazifalar belgilandi. Yashil universitet — bu kelajak, bu ekologik barqarorlik prinsiplariga amal qiladigan, atrof-muhitga minimal salbiy ta'sir ko'rsatadigan va ekologik ongli avlodni tarbiyalashga intiladigan oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. Unga hozirdanoq qadam tashlash esa bizning eng to'g'ri tanlovimizdir.

Yashil universitet — bu faqatgina “ko'kalamzorlashtirish” yoki chiqindilarni ajratish bilan cheklanib qolmaydi. Yashil universitet modeli — ta'lim, ilm-fan, boshqaruv va infratuzilma tizimlarining ekologik barqarorlik mezonlari asosida qayta ko'rib chiqilishini nazarda tutadi. 2025 yil global ekologik kun tartibida “burilish davri” bo'lib xizmat qilmoqda. Iqlim o'zgarishi, havo ifloslanishi, suv resurslarining tanqisligi, bioxilma-xillikning yo'qolishi kabi tahdidlar nafaqat tabiatga, balki jamiyatning har bir qatlamiga bevosita ta'sir ko'rsatmoqda. Oliy ta'lim muassasalari bu tahdidlarni tahlil qilish, ularga ilmiy yechimlar taklif etish va ekologik ongli yoshlarni tarbiyalash markaziga aylanishi zarur.

Yashil universitetga aylanish orqali oliy o'quv yurtlari quyidagi jihatlar bo'yicha o'z rolini mustahkamlashi lozim:

Barqaror infratuzilma: energiya samaradorligi yuqori bo'lgan binolar, quyosh panellari, yomg'ir suvlarini yig'ish tizimlari orqali kampuslar ekologik jihatdan toza va tejamkor bo'ladi.

Atrof-muhitga mas'uliyatli boshqaruv: resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash, karbon izini kamaytirish choralari orqali universitet ekologik mas'uliyatini namoyish etadi.

Ekologik ta'lim: har bir yo'nalishda o'qiyotgan talabalar tabiatni asrash, iqlim muammolari va barqaror rivojlanish haqida chuqur bilimga ega bo'lishadi.

Innovatsiyalar markazi sifatida xizmat qilish: yashil texnologiyalar, ekologik startaplar va ilmiy tadqiqotlar orqali universitet jamiyat uchun real ekologik yechimlar ishlab chiqadi.

Yashil universitetlarda o'quv dasturlariga ekologik fanlar, barqaror rivojlanish tamoyillari kiritilishi orqali talabalar nafaqat kasb egasi, balki atrof-muhit himoyachisi sifatida shakllanadi. Bundan tashqari, talabalarni ekologik loyihalarda ishtirok etishga jalb qilish, “yashil” tadbirlar tashkil qilish, volontyorlik harakatlari orqali ular amaliy tajribaga ega bo'lishadi.

Universitetlar faqat bilim beruvchi emas, balki jamiyat uchun yo'l ko'rsatuvchi yetakchi tashkilotdir. Shu sababli, “Yashil universitet modeli” orqali OTMlar o'z jamoasi, shahri va butun mamlakat miqyosida ekologik madaniyatni shakllantirishda muhim rol o'ynashi mumkin. Ular nafaqat talabalar va professor-o'qituvchilar, balki atrofdagi aholining ham ekologik ongini oshirishga xizmat qiladi.

Yashil universitet — bu shunchaki zamonaviy trend emas, balki zaruratdir. 2025 yil bizdan ekologik jihatdan mas'uliyatli va innovatsion qarorlarni kutmoqda. Har bir oliy o'quv yurti o'z infratuzilmasini, ta'lim tizimini, boshqaruvini va madaniyatini ekologik mezonlar asosida qayta ko'rib chiqishi lozim. Bu esa nafaqat bugungi kunni, balki kelajak avlodlar uchun ham sog'lom va barqaror hayotni ta'minlashga xizmat qiladi.

Yashil universitet modeli bu — energiya samaradorligi, chiqindilarni qayta ishlash, tabiat resurslarini tejash hamda ekologik ongli yoshlarni tarbiyalashga yo'naltirilgan oliy ta'lim modeli hisoblanadi. Bunday universitetlarda nafaqat dars o'qitiladi, balki har bir binosi, yondashuvi va boshqaruvi orqali ekologik mas'uliyat va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi. Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyot tamoyillari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kengaymoqda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi orqali millionlab daraxtlar ekilmoqda. Bu jarayonda universitetlar oldida ikki tomonlama vazifa turibdi: bir tomondan — o'zlarining ekologik zararini kamaytirish, ikkinchi tomondan — ekologik madaniyatli, ongli va mas'uliyatli avlodni tarbiyalash.

Xalqaro hamkorlik — yashil taraqqiyotga yo'l. Xalqaro darajada tan olingan “UI GreenMetric World University Rankings” mezonlariga ko'ra, yashil universitet 6 asosiy yo'nalish, ya'ni infratuzilma va atrof-muhitni boshqarish, energiya va iqlim o'zgarishiga qarshi chora-tadbirlar, chiqindilarni boshqarish, suvdan foydalanish, transport tizimi, ta'lim va tadqiqot faoliyati bo'yicha baholanadi. Bu ko'rsatkichlarni sifatli joriy etish uchun esa xalqaro tajribani o'rganish, ilg'or universitetlar bilan hamkorlik qilish zarur bo'ladi. Turli mamlakatlarning ilg'or universitetlari o'zida to'plagan muvaffaqiyatli “yashil” amaliyotlar, texnologik yechimlar va boshqaruv tizimlari orqali boshqa universitetlarga tayanch bo'la oladi. Masalan, Malayziya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, AQSh va boshqa davlatlarning universitetlari bu borada sezilarli natijalarga erishgan.

Buxoro davlat texnika universiteti bugungi kunda o'zining ilmiy salohiyati, innovatsion yondashuvi va keng qamrovli xalqaro hamkorliklari bilan mamlakatimizda “yashil universitet” sifatida e'tirof etilmoqda. “Yashil universitet” ko'rsatkichlarini joriy etish bo'yicha Buxoro davlat texnika universitetiga Malayziyaning Sultan Idris universiteti professori, “Yashil universitet” reytingi (“GreenMetric”) bo'yicha xalqaro ekspert Zalina Zulkifli boshchiligidagi ekspertlar jalb etildi. Tashrifdan ko'zlangan asosiy maqsad — qisqa muddat ichida universitetda yashil texnologiyalarni tatbiq etish bo'yicha aniq taklif va loyihalarni ishlab chiqishdan iborat. Professor Zulkifli universitet rahbariyati va tegishli bo'lim vakillaridan iborat ishchi guruh bilan birgalikda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan yechimlar ishlab chiqish, “GreenMetric” ko'rsatkichlari bo'yicha universitet reytingini oshirish yo'nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Universitetda “Yashil tadqiqotlar” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya tejamkorligini ta'minlash va ekologik xavfsizlik bo'yicha tizimli ishlar yo'lga qo'yildi. Ushbu markaz orqali universitet nafaqat nazariy-ilmiy faoliyat bilan, balki amaliy loyihalar asosida real muammolarga yechimlar ishlab chiqishga intilmoqda.

Universitetda olib borilayotgan ishlar yosh avlodda ekologik tafakkur va barqarorlik qadriyatlarini shakllantirish, “yashil” texnologiyalarni ilmiy asosda ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish orqali o'z samarasini bermoqda. Bu nafaqat universitet imijini oshiradi, balki ekologik mas'uliyatli kadrlar tayyorlash orqali butun mamlakatning kelajak ekologik xavfsizligiga xizmat qiladi.

Kelajakda Buxoro davlat texnika universiteti “Yashil universitet” tamoyillarini yanada chuqurlashtirib, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni kengaytirishi, ekologik ongli va mas'uliyatli mutaxassislarni tayyorlashda yetakchi markazga aylanishi shubhasizdir. Chunki har bir yosh avlod o'z yurtiga sevgi va hurmat bilan qarashi, vatanparvarlik ruhini yuragidan tuyishi lozim. Vatanparvarlik — bu faqat bayrog'imizga sadoqatli bo'lish yoki davlatimizning tarixini o'rganish emas, balki tabiatni asrab-avaylash hamdir. Tabiat — bu bizning hayot muhitimiz, kelajak avlodlarga qoldirishimiz kerak bo'lgan eng qadrli va katta boylikdir. Yoshlar tabiatni asrashga mas'uliyat bilan yondashganida, ular vatanparvarlikni haqiqiy ma'noda ifoda etgan bo'ladilar. Har bir sabza daraxt, toza suv manbalari va havo bizga faqat hozirgi vaqtda emas, kelajakda ham sog'lom va farovon hayot qurishda yordam beradi.

Buxoro davlat texnika universitetining ushbu ekologik tashabbuslari nafaqat universitetning o'ziga, balki butun mamlakatimizga, hatto butun dunyoga global ekologik muammolarni yechishda muhim hissa qo'shish uchun doimiy izlanishdadir. Bu yo'lda universitetning faol ishtiroki O'zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ekologik sog'lom kelajagi uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.

Sadoqat SIDDIQOVA,

Buxoro davlat texnika

universiteti rektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 16 =