Yoshlarning bo'sh vaqti ko'paysa…

Shu yurtning farzandi sifatida mamlakatimiz hayotidagi keng ko'lamli islohotlarga befarq qarab turish imkonsiz. Ayniqsa, ta'lim sohasi vakili sifatida yoshlar tarbiyasi va ularning kamoloti bilan bog'liq masalalar doimo diqqat markazimizda. Joriy yil 15 may kuni Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan maktab ta'limi yuzasidan videoselektor yig'ilishida yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar va ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat ta'lim sohasi vakillari, balki butun jamiyatimiz uchun dasturilamal bo'lgulik ahamiyatga ega.

Mazkur yig'ilishda yosh avlodning bo'sh vaqtini foydali o'tkazishini ta'minlash maqsadida mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish zarurligi alohida ta'kidlandi. Xususan, 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlardagi 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh hamda 2 mingdan ortiq turizm ob'yektlarining salohiyatini bu borada to'liq ishga solish ko'zda tutilayotgani e'tiborga molik. Bu raqamlarning o'ziyoq ushbu masalaga nechog'li jiddiy e'tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Bu, shubhasiz, yoshlarning ma'naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning jismonan sog'lom va barkamol bo'lib voyaga yetishi uchun misli ko'rilmagan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Mutasaddilarga joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari uyushtirish, madaniyat va istirohat bog'larida san'at ko'rgazmalari, she'riyat kechalari va intellektual o'yinlar tashkil etish yuzasidan berilgan topshiriqlar madaniy hayotimizga ayricha ko'rk bag'ishlashi bilan ahamiyatli. Poytaxtimizdagi “Yangi O'zbekiston” bog'i va boshqa istirohat maskanlarida har kuni ochiq osmon ostida konsertlarning tashkil etilishi esa madaniyat va san'atning xalqqa yanada yaqinlashuvini, uning kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanishini ta'minlaydi. Bunday tadbirlar yoshlarning estetik didini tarbiyalash, ularning dunyoqarashini kengaytirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmatini oshirishda muhim o'rin tutadi. Zero, san'at va madaniyat inson ruhiyatiga eng kuchli ta'sir etuvchi vositalardan biridir. Muntazam o'tkaziladigan she'riyat kechalari yoshlarni so'z san'atiga oshno etadi, ularning nutq madaniyatini boyitadi, badiiy tafakkurini o'stiradi. Intellektual o'yinlar esa ularning zehnini charxlab, mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, bilimga bo'lgan intilishini kuchaytiradi.

Bu boradagi ishlarning ko'lami nafaqat madaniyat va ma'rifat, balki sport sohasini ham qamrab olayotgani va 6 million nafar yoshni jalb etish maqsad qilib qo'yilgani, ayniqsa, tahsinga sazovor. Ommaviy sportning rivojlanishi yoshlarning salomatligini mustahkamlash, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, zararli odatlardan yiroq bo'lishini ta'minlashda beqiyos ahamiyatga ega. Minglab maydonchalarning hududlarda barpo etilishi chekka-chekka joylardagi yoshlarning ham sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun zamin yaratadi. Sport nafaqat jismoniy chiniqish, balki irodani toblash, maqsad sari intilish, jamoaviylik ruhini shakllantirish kabi muhim sifatlarni ham tarbiyalaydi. Bu esa o'z navbatida, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga, ularning jamiyatda o'z o'rnini topishiga ko'maklashadi.

Ikki mingdan ortiq turizm ob'yektlari imkoniyatlaridan yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishda foydalanish rejasi ham e'tiborni tortadi. Bu, bir tomondan, yoshlarning o'z yurti tarixi, madaniyati, betakror tabiati bilan yaqindan tanishishiga, ularda vatanparvarlik tuyg'ularini yuksaltirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ichki turizmni rivojlantirishga ham salmoqli hissa qo'shadi. Oromgohlarning faoliyatini jonlantirish esa yozgi ta'til davrida o'quvchi-yoshlarning dam olishini maroqli o'tkazish uchun qulay sharoit yaratadi.

Biroq bunday keng ko'lamli vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bir qator muhim jihatlarga bog'liq ekanligini ham nazardan qochirmaslik lozim. Birinchi navbatda, bu tadbirlarning sifat darajasiga alohida e'tibor qaratish zarur. Tashkil etilayotgan konsertlar, ko'rgazmalar, sport musobaqalari yoshlarning yoshi, qiziqishlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, yuksak badiiy-estetik saviyada bo'lishi shart. Buning uchun soha mutaxassislarining, tajribali pedagoglar, psixologlar, san'atshunoslar va sport ustalarining jalb etilishi maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, bu tadbirlarning formal tus olib qolishiga yo'l qo'ymaslik kerak. Asosiy maqsad – yoshlarning chinakam qiziqishini uyg'otish, ularni faol ishtirokchiga aylantirishdan iborat bo'lmog'i lozim.

Ikkinchidan, bu imkoniyatlardan barcha yoshlar, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari, imkoniyati cheklangan yoshlar ham teng foydalana olishini ta'minlash muhim. Madaniy-ma'rifiy va sport inshootlarining joylashuvi, ularga borish imkoniyatlari, tadbirlarning o'tkazilish vaqti kabi masalalar puxta o'ylanishi kerak. Balki, ayrim hollarda maxsus transport qatnovini yo'lga qo'yish yoki ko'chma madaniy va sport tadbirlarini tashkil etish zarurati ham tug'ilar.

Uchinchidan, bunday ulkan loyihalarning uzluksizligi va barqarorligini ta'minlash masalasi ham dolzarbdir. Mavjud infratuzilmani saqlash, uni doimiy ravishda yangilab borish, tadbirlarni moliyalashtirishning ishonchli mexanizmlarini yaratish lozim. Bunda davlat byudjeti mablag'lari bilan bir qatorda homiylik, ijtimoiy sheriklik kabi manbalardan ham unumli foydalanish mumkin. Ayniqsa, mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari va tadbirkorlik sub'yektlarining bu boradagi tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash muhim.

Shuningdek, bu jarayonlarda yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash g'oyat muhim. Tadbirlar “yuqoridan pastga” tamoyili asosida emas, balki yoshlarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda, ular bilan hamkorlikda tashkil etilsa, samaradorlik bir necha barobar oshadi. Yoshlar o'zlari ishtirok etgan, o'zlari hissa qo'shgan loyihalarga daxldorlik hissi bilan yondashadilar.

Mohir XALIMOV,

Nizomiy nomidagi

 O'zbekiston milliy pedagogika

universiteti dotsenti.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =