Tavallud sanasiga tuhfa kitob

Har bir ijodkor tavallud sanasiga birinchi navbatda o'zi tuhfa tayyorlashi kerak. Taniqli ijodkor Mahmudxon Toirovning 70 yillik qutlug' yoshi munosabati bilan tayyorlagan matbaa nuqtai nazaridan chiroyli muqovalangan “Hikmatga yo'g'rilgan hayot” kitobini varaqlasangiz, ajoyib tarzda sahifalangani, maqolalarning kerakli o'rinlariga did bilan suratlar joylashtirilgani va muallifning umr yo'li aks ettirilgan rangli rasmli qo'shimcha varaqlar qo'yilganini ko'rganingizda ko'zingiz quvnaydi. Kitobdagi muallifning publitsistik maqolalarini, she'rlarini, fikrat durdonalarini, zamondoshlarimizning dil izhorlarini o'qiganingizda dilingiz yorishadi. Chindan ham bunday kitob tavallud sanasiga munosib tuhfa.
Kitobga mahliyo bo'lib turganingizda, muallifning quyidagi so'zlari sizni sergak torttiradi: “Barcha aktyorlar Shukur Burhonovdek iste'dodga ega bo'la olmaganidek, hamma ijodkorlardan “Xamsa” darajasidagi asarni kutish to'g'ri emas”. Shundan keyin kitobni boshidan diqqat bilan o'qishga kirishasiz. Mahmudxon Toirov publitsistikasining muvaffaqiyati nimada? Uning maqolalari o'zi bilgan kishilar, ko'rgan voqealari haqida oddiy va samimiy tarzda yozilganida. Bu o'zbek xalqining asl farzandi, atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli yozuvchi va shoir, otashin publitsist va notiq, chorak asr O'zbekistonga rahbarlik qilgan Sharof Rashidovga bag'ishlangan xotiralarida yaqqol ko'rinadi. Siz beixtiyor bu esdaliklarni faqat Mahmudxon aka yozishi mumkin edi, degan xulosaga kelasiz.
Umuman olganda, uning publitsistikasini “Ulug'lar davrasidagi unutilmas lahzalar” degan sarlavha ostiga birlashtirsa bo'ladi. Chunki maqolalarida xalqimizga ko'p yillik mehnati singgan taniqli kishilar haqida yozgan. Siz ularning nomlarini o'qishingiz bilan darhol taniysiz: Oqil Salimov, Mirzamahmud Musaxonov, Abdulhamid Saidxo'jayev, Po'lat Abdurahmonov, Temur Alimov, Turob Xoltoyev, Abduxoliq Aydarqulov, Ne'matulla Xudoyberganov. Mahmudxon aka ularning ko'pchilik biladigan xizmatlarini eslab o'tishi barobarida har birining o'zi guvoh bo'lgan fazilatlariga to'xtaladi. Bu maqolalarning qimmatini oshirgan.
U qalamga olgan mashhur olimlarning nomlariga ko'zingiz tushishi bilan Mahmudxon akaga havasingiz keladi: Hamid Sulaymon, Mahmud Mirzayev, Shavkat Akmalxonov, Erkin Shayxov, Sayyora Rashidova, Shavkat Vohidov, Shodmon Namozov. Har biri o'z sohasining bilimdonlari. Mahmudxon akaning baxti shundaki, ular bilan yuzma-yuz uchrashgan, suhbatlashgan. Maqolalarida ularning ilmiy va jamoat ishlari haqida yozishi bilan bir qatorda hammamizga ibrat bo'ladigan insoniy xislatlari to'g'risida ham fikr yuritgan.
Ijod kishisining qalam ahli haqida yozmasligi mumkin emas. Uning Shuhrat, Erkin Vohidov, Orif Odilxonov kabi adiblarimiz, taniqli jurnalistlarimiz Anvar Jo'raboyev, Safar Ostonov, Farmon Toshev to'g'risidagi esdaliklari o'ziga xosligi bilan e'tiboringizni qozonadi.
Mahmudxon aka mehnat kishilari haqida yayrab yozadi. Bu “Yusupov” nomli pomidor navini yaratgan xalq seleksioneri Karim akaga, tomorqachilik koni foyda ekanini amalda isbotlagan Abdumo'min akaga bag'ishlangan maqolalarida ko'zga tashlanadi. Nega shunday dersiz? Chunki uning otasi Abdulhaq Toirov, onasi Tohiraxon Mo'minxo'ja qizi ham mehnatsevar insonlar edi. Abdulhaq ota mehnat faoliyatini o'qituvchilikdan boshladi, keyin bir necha jamoa xo'jaligini sidqidildan boshqardi, halol xizmatlari inobatga olinib, yurtimizda birinchi marta tashkil etilgan “Qo'yliq issiqxona kombinati”ga birinchi direktor etib tayinlandi.
Uy boshlig'i yurak xurujidan bevaqt vafot etgach, oilaning katta yukini Tohiraxon ona zimmalariga oldi. “Qizil tong” fabrikasida ishlab, ikki qizini uzatdi, to'rt nafar o'g'lini el-yurt xizmatini yelkasiga oladigan ziyoli kishilar qilib tarbiyaladi. U farzandlarining uyli-joyli, uvali-juvali bo'lganini, halol xizmatlari bilan elda obro' topganlarini ko'rib, tabarruk to'qson yoshda olamdan o'tdilar.
Shu o'rinda Mahmudxon akani ham, Tohiraxon onani ham yaqindan bilgan qishloq xo'jaligi fanlari doktori, professor, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Dilorom Yormatovaning fikrlarini keltirsak: “Oddiy oilada tug'ilgan insonda shunchalar kamtarlik qaerda shakllandi ekan, deb o'yga tolaman. O'ylab-o'ylab, oxiri muhtarama onalari Tohiraxon Mo'minxo'ja qizini yodga oldim. Mahmud akaning bunday tarbiyali, kamtar, xokisor, beozor, o'ta odobli inson bo'lib voyaga yetishida, albatta, mehribon onalarining roli katta bo'lgan. Chunki oilada farzandning shakllanishida onaning roli beqiyosdir. Shunday har tomonlama mukammal, tarbiyali va bilimdon insonni, Mahmud akaday o'g'ilni tug'ib, tarbiyalab jamiyatimizga berganlari uchun bugun u onajonimizning joylari jannatda bo'lsin, deb duoga qo'l ochaman”.
Sevimli qirg'iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning ustozi bolqor shoiri Qaysin Quliyev she'riyatiga bag'ishlangan maqolasini tarjima qilish jarayonida ibratli bir xususiyatni o'zimga dastur sifatida qabul qildim. Chingiz og'a maqolasida adabiyotshunoslarga o'xshab ustoz she'rlaridan iqtibos keltirmaydi, kerakli o'rinda Qaysin og'aning she'rlarini to'lig'icha e'tiboringizga havola etadi. Axir she'rdan olingan bir parcha she'r haqida to'liq tushuncha bermaydi. Men ham Mahmudxon akaning she'rlari to'g'risida fikr yuritishdan oldin uning “Vatan uchun” she'rini to'lig'icha keltiraman.
Vatan bu dillarning haroratidir,
Shodumon kunlarning sharofatidir,
Erk degan qalblarning saodatidir,
Yulduz bo'l, osmon bo'l bu Vatan uchun,
O'g'lon bo'l, posbon bo'l bu Vatan uchun.
Yurt bag'ri rag'batu ijod ummoni,
Idroku iroda g'alaba oni,
Eng ko'hna alyorlar tutmish samoni,
Navo bo'l, qo'shiq bo'l bu Vatan uchun,
O'lguncha oshiq bo'l bu Vatan uchun.
Meni maftun etgan bu ko'hli ochun,
Tog'larga otadi gulli qulochin,
Baskim, ta'rifini kuylamay nechun,
Dengiz bo'l, to'lqin bo'l bu Vatan uchun,
Shiddat bo'l, jo'shqin bo'l bu Vatan uchun.
Cho'qqili, qo'l yetmas tog'lari bordir,
Rizqu ro'z bo'lguvchi bog'lari bordir,
Jannatda topilmas chog'lari bordir,
Bag'rida yulduz bo'l bu Vatan uchun,
Teran bo'l, ildiz bo'l bu Vatan uchun.
Fikrimizni muxtasar aytadigan bo'lsak, uning she'rlari Vatanni sevgan, tabiatni, insonni, ayolni, qadriyatlarni, hayotni, adabiyotni sevgan samimiy qalbining ilhomlaridir.
Rivoyatlarda yozilishicha, samodan bir fikr, g'oya birdaniga oltmish kishiga yo'naltiriladi, lekin ulardan bittasigina shu fikr, g'oyani qabul qilar ekan. Mahmudxon aka qanday mas'ul lavozimlarda ishlamasin, o'zi tomon yo'naltirilgan ana shunday fikr, g'oyalarni daftariga yozib bordi va ularni “Fikrat durdonalari” sarlavhali turkumiga to'pladi:
“Siring oshkor bo'lmasin desang, uning sirtmog'ini qattiqroq bog'la”, “Jumlalari jumboq, qarashlari topishmoq edi”, “Hovlingdagi daraxtning soyasi ham qo'shningga xalal bermasin”, “Ayolning dardini mo''jazgina dastro'moldan boshqa narsa ko'tara olmasa kerak”, “O'zbek ayolining allasi bor ekan, Alpomishlar tug'ilaveradi”, “Boyligingga emas, borligingga shukur qil”, “Bilimga tashna, donoga oshna bo'l”, “Ta'lim olayotganda taslim bo'lma”, “Haqiqat — ayovsiz janglarning natijasidir”, “Yosh bolaning qalbi oppoq qog'ozga o'xshaydi, nimani yozsang, shuni o'qiysan”, “Har bir davrning o'z davrasi, har bir davraning o'z davri bo'ladi”, “Kimdir tarixni o'rganadi, kimdir tarixda qoladi, yana kimdir tarixni yaratadi”, “Xalqingga oid tariqdek tarixning qiymati ham baland”, “Eshak minganning hammasi Xo'ja Nasriddin, ot minganning barchasi chavandoz emas”, “Odamzod ilm-fan rivojlanishi orqali yangi yulduzlarni qanchalik ko'p kashf etmasin, Mirzo Ulug'bek yagonaligicha qolaveradi”, “Onang tayyorlagan taomning qirmochi ham mazali”, “O'zingning ham, boshqaning ham vaqtini qadrla”. Biz ham oxirgi naqlga amal qilgan holda iqtibos keltirishni to'xtatamiz.
Kitobning “Zamondoshlar dil izhorlari” bo'limida ijodkor do'stlarining maqolalarida Mahmudxon akaning biror yangi fazilati bayon qilinadi yoki uning umriga oid ibratli ma'lumotlar beriladi. Biz yuqorida shunday xotiralarning biridan iqtibos keltirdik. Fikrimizni to'ldirish maqsadida chinozlik do'sti Fayzulla Tojiqulov maqolasidan bir nurli lavhani havola etamiz: “Mahmudjon bilan tanishganimizga qariyb o'ttiz besh yil bo'lgan bo'lsa, hozirgi kungacha mening yaxshi-yomon kunlarda yonimda turganini alohida ta'kidlayman”. Ishonchim komil, do'stlikni, do'stlarni qadrlaydigan Mahmudxon aka haqidagi bu fikrlarni shu bo'lim uchun dil so'zlarini yozgan barcha mualliflar mamnuniyat bilan ma'qullashadi.
So'zimizni Sharof Rashidov haqidagi xotiralar bilan boshlagandik. Xulosa o'rnida Sharof Rashidovning bir hikmatini yodingizga solmoqchimiz: “Yo'lning intihosini ko'ray deganlar uni bosib o'tishlari lozimdir”. Darhaqiqat, Mahmudxon Toirovning “Hikmatga yo'g'rilgan hayot” kitobidan zavq-shavq tuyishingiz uchun uni o'zingiz mutolaa qilishingiz kerak.
Asror MO'MIN,
shoir va tarjimon,
O'zbekistonda xizmat
ko'rsatgan jurnalist.