Ko'ngil hayratlari

yoki munavvarlik saodati

Ijodkor uchun ko'ngil hayratlari, dil holatlari, hayot saboqlari muhim. Ijodkor uchun mitti chumoli fildan katta ko'rinadi; bepoyon osmon kaftiga sig'adi. Ijodkor o'zini taftish etadi. O'zi bilan o'zi kurashadi. O'zini shod etadi, o'zini g'am-alamga botiradi. “O'zimga o'zim”da, bir vujudda do'st ham, dushman ham istiqomat qiladi. Shunday xayollar bilan Munavvara Usmonova yozgan asarlarni o'qiy boshladim.

Munavvara Usmonova she'rlarida ko'pincha ona obrazi yetakchilik qiladi. Shoira onasi bilan dardlashadi, onasiga ko'nglini yoradi, ota-onasiga bag'ishlangan she'rlarida “Sizlardan keyin qanday yashayman?” degan dil izhorlarini bitadi. Kelish va ketish — dunyo shudir.

 

Onasiga murojaatlar doimiy, ayni paytda oradan yillar o'tib, ona obrazi o'rnida endi shoiraning o'zi paydo bo'ladi.

 

Bolam, kelsang qay mahal,

Ko'zim yo'lingga mahtal,

Qoshiga kelib har gal,

Ona, men keldim, degin!

 

Bir she'rida “bolam”, desa, keyinroq “nabiram” deydi.

Baharnav, shoira she'rlari umr yo'llari va bu yo'llarning fayzli bekatlaridan darak beradi. She'r — aslida, shoirning badiiy so'zga ko'chgan tarjimai holidir. Fasohat bilan kuzatilsa, she'rda muallifning borlig'i, jonu jahoni aks etadi. She'r ijodkor insonning hayot yo'llarida qolgan izlarga mengzaladi. Ortiga qaragan shoira shu izlarda yal-yal ochilgan gullarni, “oyga sirdosh, quyoshga maftun” damlarni, yashnagan ko'ngillarni, “vaqt bilan jang qilgan” jasoratli odamni, hovuchdagi xavotirli yurakni, ming bir ezgu tilakni, orzulariga umidlaridan zakot bergan kunlarni ko'radi. She'rga ko'chgan hayot shudir.

 

Bilaman, yozilgan qazoi qadar,

Avval bu, keyin u dunyoga safar.

Lekin alam qilar daryoga tomgan

Tomchiday iz solmay yo'qolib ketsam.

 

O'zini, o'zligini, olam va odam holini, savob va gunohning savol-javobini, munavvar umr mazmunini, boqiy va foniy hayot mohiyatini anglagan inson saodatlidir. “Shuncha yil kim uchun yashadim?” — bunday so'rovlar izidan har o'tgan kunining sarhisobini qilib: “Savobim bormikin bitta ko'lmakcha”, deganicha xavfu rajoda turadi. Gohida tazarru ko'chasiga burilib, “hayot sahnasidagi xatolari”ni o'ylab: “Egam, seni anglashdan oldin Men o'zimni topmog'im kerak”, deb yozish saodatmand insonga xosdir. Zotan, o'z borlig'iga nazar solgan odam Yaratguvchini anglaydi, albatta. Olti asr muqaddam Hazrat Navoiy bu voqelikni, ya'ni o'zni, o'zlikni topish hodisasining badiiy talqinini qushlar jamoasi zimmasiga yuklagan edi. “Men o'zimni topmog'im kerak” — bu orzu-istak va jahd Hazrat qushlaridan merosdir bizga.

She'r sog'inchdan, hayratdan, zavqdan, alamdan bunyod bo'ladi. Aslida, shoirlar dunyoni anglash uchun, o'zidan g'amlarni aritish uchun she'rlar bitadi. Ba'zan o'zini yulduzlar yonida ko'radi, osmoni falaklarda kezinadi. Ammo oyog'i yerdan uzilmaydi, o'zidan ketmaydi. O'z ko'ngli bilan tortishadi, talashadi. Gohida ko'ngli “ishq osmonida bamisoli bir hilol” bo'lsa, boshqa bir pallada: “Qaysar ko'ngil, asli sendan bezib ketdim…”, deydigan ham ular.

Nazarimda, barcha farzandlariga birdek mehr bergan otaga ehtirom, u zoti sharifga avliyosifat pirdek qarash, xoki-poylarini ko'zlarga surtib yashash bobida Munavvara opa har kimga saboq bera oladi. Shoira “chinorim otam” deb padari buzrukvorini ulug'laydi.

 

Kelib-ketar necha bahor, kuz,

Ilinmaydi pishsa uzumlar.

Yo'q yo'limga termilguvchi ko'z,

Chaqirmaydi endi “qizim”lab.

 

Ota o'tganidan keyin shoira yozgan bunday hazin misralar beixtiyor o'quvchini ham mahzun qiladi.

 

Ko'nglimda bir gap aylandi, qaytardim,

Dilimda bir dard aylandi, qaytardim.

Dil yozilar darding bilgan odamga,

Otam tirik bo'lganida aytardim…

 

Olti bandlik she'rning har oxirgi bandida “Otam tirik bo'lganida…” degan hasratli, o'kinchli so'z birikmasi takror keladi va shoira biror qatorida “otam o'lgan” degan ta'birni qo'llamaydi. Motam libosini kiymoq istamaydi. Shuning uchun ham “Asli shu tund matolarni suymasdim, Otam tirik bo'lganida kiymasdim” degan dardli misralar shoiraning yig'layotgan armonli ko'nglidir. She'rni o'qidim, ta'sir qildi. Beixtiyor ko'zim yoshlanib qoldi. O'z-o'zidan kutilmaganda yig'i boshlanib qoldi. Munavvara opaning she'ri bois otamni, onam rahmatlini esladim. Duo qildim. Ruhim bir yengil tortdi. Ruhiy bir tozarishga she'r yordam bersa, o'zingni, o'zligingni, kelar-ketaringni o'ylasang, badiiy adabiyotning kuchi-quvvati shudir. Nafosatshunoslik ilmida bu hodisa nomi — katartis. Bosar-tusaringni bilmaganda, osmonlarda yurganingda yerga tushirib qo'ysa, yerga cho'kib, bukilib bukchayganda qo'lingdan tutib qaddingni rostlashga yordam bersa — badiiy so'zning olamshumul qudrati shudir.

Shoira yozgan shunday ta'sirli, shunday chin she'rlar ba'zan hayot va o'lim chegarasini muhokama qiladi. O'limdan so'z ochilganida she'rning marsiyali motam pafosi sizni egallasa, yig'lab olsangiz, demak, ishoning shoira bu she'rini yig'lab yozganligiga. “Aytardim” she'ridan Munavvara Usmonovaning mayin, mahzun va shikasta bir ovozi eshitiladi. She'rga muallifning dardu dunyosi ko'chsa, shunday chin, shunday ta'sirli, shunday hayotiy yoziladi, albatta.

 

Ey, may, g'amdan senga ne foyda,

Dunyo asli yaralmish bir kam.

Eslatmaysan, axir shu oyda

Tug'ildi-ku jajji nabiram.

Seni yaxshi ko'ramiz, ey may…

 

Bu intizorlik bilan kutiladigan oyda quvonch bor edi. Ayriliq paydo bo'ldi. Umidli dunyoda, tabiiyki, tashvishlar bilan orzu, ezgu niyat va shodlik parallel davom etadi.

 

– Ona, sig'may qoldim, uyim tor.

– Mening yuragimga ko'ch, bolam!

 

Bahaybat, dang'illama qasrlarga sig'magan bola onaning mitti yuragiga sig'adi.

 

– Majolsizman, nedan bilmadim.

– Duolarim senga kuch, bolam!

– Ona, bedorlikdan charchadim…

– She'rdan, shoirlikdan kech, bolam!

 

Farzandini avaylagan ona shunday nasihat qilishi tabiiy. Ona uchun abadiyat ko'shkidan ham, tog'dek tillodan ham farzand muhim. Uni avaylashi lozim. Ammo she'r yo'liga kirgan, so'z dardiga mubtalo ko'ngil egasi bu yo'ldan to umr bo'yi kecha olmaydi. Ijod doimiy bedorlikni, ogohlikni, dardmandlikni, bemorlikni, telbalikni, hushyorlikni talab qiladigan, ko'pincha eng zukko adabiyotshunos ham bisotidagi favqulodda jahonshumul ilmiy atamalari bilan ham anglata bilmaydigan zavqli, dardli adabiy va abadiy voqelikdir. She'r sodir bo'ladi. She'r bunyod bo'ladi. Tirik she'r o'z umrboqiy joni bilan tavallud topadi. Gohida ularni sharhlashdan ko'ra o'qish maroqli. Gohida tushuntira olmaslikning o'zi zavqli. Ba'zan munaqqidlar ham shoirlarning she'rlarini sharhlab, tanqid qilgandan, qo'lidan kelsa, she'r yozib halovat topmog'i, she'rning tavallud pallalaridagi iztiroblarni boshidan o'tkazmog'i kerak.

 

Non yopamiz, rayhon ekamiz,

Tashnalikdan ariymiz, ona.

Shoirligim ne bo'lsa bo'lar,

Birgalashib qariymiz, ona…

Ona so'zi, ona tilagi, ona duosi, ona istagi she'rdan ming chandon baland. Marhamat, shoira onasiga qarab “Shoirligim ne bo'lsa bo'lar” deb turibdi. Bu manzarani tasavvur qilish qiyin emas. Ona rizosi shoirlikdan, olimlikdan benihoya yuksaklikdagi maqom.

 

Men — ulkan chinordan uzilgan yaproq,

Hayot sohilida kezgan darbadar.

Nadomat yoyidan qochib, yugurgan,

Nuh to'fonidan, Havvoga qadar…

 

Bir sahifada shu she'rga ko'zim tushdi va an'anaviy-oilaviy muhitda tetapoya bo'lgan badiiy obrazning ko'lami kengayganini kuzatdim. Shoira she'rlaridagi bunday tasvirlar, ko'chimlar, mavzu va manzaralar ko'lamini anglash uchun “Sog'inch manzili”, “Bunday elni qaydan topasan?”, “Hayot tumori” kabi she'r kitoblarini o'qimoqni tavsiya qilaman…

Munavvara opaning tog'asi bir kuni deydi: “Seni shoir deb yursam, yozuvchi ham bo'libsan. Qara, hikoyalaring chiqadigan gazetalarni quvib yurib topaman”. Tog'a gapining isbotini bilmoq uchun, Munavvara opaning fazilatli qalamining ayni jihatini tasavvur qilmoq uchun “Bir kuni” nomli hayotiy hikoyalari jamlangan kitobini o'qimoq lozim. Ixcham, ta'sirli, ibratlarga to'la, ortiqcha lag'vlardan xoli, muhimi, hayotiy va samimiy o'tkunchlar ekan ular. Hikoya uchun til, tasvir, odam va detal muhim. Shunda bayon qilingan voqelik esda qoladi. Men aka-singil o'rtaga olov yoqib, yuvilgan-u, ammo qurib ulgurmagan jemperning bir tarafini quritish jarayonidagi suhbatlarini tinglagandek bo'ldim. Jemper olov taftidan zaxa yedi. Insonu hayvonning o'z zurriyoti uchun kuyingani, unga mehri, achinishi, unsiz yig'lashlari, to'g'risi, bunday sentimental hodisalar ifodasi o'quvchi qalbini larzaga soladi. Tug'iliboq nobud bo'lgan buzog'idan ajralgan ona sigirning boshini tuproqqa qo'ygandagi nolasi aniq eshitiladi. Shunga monand Munavvara opaning nobud bo'lgan ukasi — norasida, begunoh go'dakni va uni qo'lida avaylab tutib turgan ota holini boshimdan kechirganman. “G'urur”da o'quvchi qiz mag'ruriyatini, “E'tiqod”da muallimning g'amxo'rona jasoratini, “Ipak qurti”da umidlari bilan oilasiga tirgak bo'lgan ona obrazini, “Hayitlik”da otaning o'zi qizi qatori yetim qo'shni qizga muruvvatini — bularning barcha-barchasini aniq tasavvur qilish mumkin. “Uy iloni” — mening ham shunga mos mavzuim bor. “Ilonlar, ayniqsa, urg'ochisi qasoskor bo'larkan”. Shu gap juda muhim. Detallashtirish nasriy asarga kuch bag'ishlaydi. Hikoyalarda “cheti uchgan piyolaga un” solgan ona yoki “ustiga qaymoq surtilgan manti”, “og'zidan chiqqan ipagini o'rolmay g'umbakka” aylangan ipak qurti va, umuman, shu kabi detallashtirilgan tasvirlar muallifning hayotni chuqur bilishidan dalolat beradi. Bir parcha chag'irtoshga surchikib, o'zini anglagan odam qaytar dunyo mazammatlariga ibrat nazari bilan qarashni o'rganadi. “Bir kuni” kitobida sho'ro zamoni manzaralari, xususan, paxta siyosati, e'tiqodiy tushunchalar, mehnatga ko'milgan va shunda “baxt topgan” odamlar hayot tarzi, maktablardagi mafkuraviy tutum yonida milliy-fidoyi muallimlar, to'g'risi, bunday voqeliklarning bayoni yaqin tarix haqiqatining nisbatan tugal ifodasi uchun xizmat qiladi. Kitobdagi hayotiy hikoyalar inson qalbida mag'ruriyat, oriyat, haqqoniyat kabi yuksak fazilatlar takomiliga yordam beradi. Odamning odamga ko'rsatilgan chin mehridan quvonasan. “Yil aylanib orzuyim ushaldi, talaba bo'ldim. Xayrlashib, duosini olgani kelgan kunim menga atlasdan chiroyli ko'ylak kiydirdi. Bag'riga bosib unsiz yig'ladi, uzoq yig'ladi…”. Tikuvchilikda tikish bilan barobar imo-ishoralar tilini ham o'rgatgan ustozi talaba qizga ko'ylak kiydirish voqeligi ustida nafaqat o'sha pokiza ko'ngil beozor ayol, balki Munavvara opaning o'zi ham duv-duv yig'lagan bo'lsa kerak.

“Ukamning belanchagini tebratish jonimga tekkanidan onamning izidan dalaga kelardim” yoki yurak shaklidagi chag'irtoshni paxta teradigan etagiga solgani kabi qator hodisalar borki, Munavvara opa yashirib, ustiga zarrin ro'mol yoki kimxob libos yopmasdan haq gapni yozadi.

Munavvara Usmonovaning she'rlarida ham, hikoyalarida ham shu zaylda o'zini, o'z qilmishlarini shafqatsiz ravishda boburona pafosda taftish etish xususiyati ham bor, azizlar.

Bir necha kun Munavvara Usmonova she'rlari, hayotiy hikoyalari ichida yashadim. Adibaning kechinmalari, tuyg'ulari, yozg'irishlari, turmushning qomusiy kitobidan o'qigan saboqlari, quvonchlari, alamlari ichida kezdim. Opa yozgan asarlar gulu gulzorni, muhtasham bog'ni eslatdi. Tog'amiz o'giticha: “Kibru havoga berilgan odamning bog'i gullamaydi”. Kamtarin adiba Munavvara opaning chechaklari, chaman-chaman ochilgan gullari — yozgan asarlari aslo zavol topmasin; yaxshilik bog'ining sarxil mevali daraxtlari mo'l hosil bersin.

Bahodir KARIM,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + sixteen =