Naim Karimovning xazinasi

Bu olim bilan ko'p ko'rishganman. Igna bilan quduq qazigan, o'quvchini o'ylantiradigan, ba'zan kayfiyatni tushirib yuboradigan, murakkab taqdirga ega qatag'on qurbonlari haqidagi maqolalarini o'qiganman. Minbarga chiqqanida, uni tushunadiganlar davrasida sokin, mayin ovozda so'z boshlaganlarida, turgan-bitgani ilm bo'lgan, odamlarni adabiyot olamiga olib kirib qo'yadigan mazmunli ma'ruzalarini eshitganman. Alam qiladigani, biror marta turmush tashvishlarini bir chetga qo'yib, “keling, domlajon”, deb dildan suhbatlashmaganman.

Axir efir, diktofon deganlari orqali bemalol olimning oltindan qimmat bebaho so'zlarini yozib olish imkoniyati ayrim jurnalistlardan ko'ra menda ko'proq ekanligi ma'lum edi. Lekin ana shu haqiqatni o'zim bilmaganman. Aniqrog'i, befarqlik qilganman. Bugun tortinchoqligim pand berganligini ham tan olmay ilojim yo'q.

Hechdan ko'ra kech, deganlaridek, yaqinda Naim domla degan bu ulug' alloma bilan suhbatlashdim. Shu yerda o'quvchilar hayron bo'lishi mumkin, “Axir, Naim aka bu foniy dunyoni tark etganiga ancha vaqt bo'ldi-ku”, deyishlari turgan gap. Ha, shunday. Ustozni Alloh rahmatiga olgan bo'lsin!

Domla bilan suhbatlashganimga izoh shuki, shu yangi 2025 yilni kutib olish bahonasida, ya'ni bayram kunlaridan unumli foydalanib, Naim Karimovning “Tanlangan asarlar”i bilan tanishdim. Shu paytgacha shunday kitobni o'qimay yurganimga ko'p afsus chekdim. Ana shu kunlari domla bilan miriqib suhbatlashdim, ulug' olimning gaplarini bo'lmay jim tingladim. Mutolaa zavqidan bahramand bo'lib, bir necha kun alloma bilan gurung qildim. O'zimcha bahslashmoqchi ham bo'ldim.

Shunchalar katta olim bilan ham bahslashib bo'larmikan, deyishingiz ham mumkin. Yashirmayman, o'zimcha millat buyuklari hayoti haqida yozganda ayrim jihatlarni chetlab o'tsa bo'lmasmikan, degan gaplarni aytishga og'iz ochganimda, Naim domla, “yo'q” deb turib olganday bo'ldi va bu bahs oxirida qisqagina: “Axir beayb parvardigor” deydilar, degan gaplari bilan ko'nglimga kelgan ojiz e'tirozlarimga  javob berib qo'ygandek bo'ldi.

Haqiqiy olim uchun haqiqat ustun turishini isbotlab qo'ydi bu gaplari bilan!

Xullas, yaxshi kitob yaxshi suhbatdosh ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildim va bir o'quvchi sifatida ushbu kitobdan olgan taassurotlarimni, mulohazalarimni siz azizlar bilan o'rtoqlashmoq, baham ko'rmoqni niyat qildim.

Mavrida kelganda, avvalo, bir so'zni aytmog'im shart. Akademik Naim Karimovning muborak tavallud sanasi munosabati bilan chop etilgan kitob loyihasi rahbari, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri, senator Sirojiddin Sayyid, kitobni nashrga tayyorlovchilar Shuhrat Rizayev va Jabbor Eshonqullarga har bir o'qirman minnatdorlik bildirsa arziydi.

Endi “TANLANGAN ASARLAR”ni varaqlasak. Kitobning dastlabki sahifalaridayoq domla o'quvchini buyuk adib Abdulla Qodiriy sabab o'sha davr Toshkent adabiy muhiti sari yetaklaydi. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Toshkentda adabiy-madaniy hayot, asosan, madrasalarda, hujralarda, hatto  choyxonalarda bo'lganligini tasvirlaydi. Bugun Ko'kaldosh madrasasi oldidan o'tadigan o'quvchi shu maskanda Qo'qondan kelib Furqat, Muqimiylar boshpana topganini, o'sha ulug'lar suhbatiga ko'plar sherik bo'lganligini bilib olishadi. Yana bu yerdagi hujralarda Shayx Sa'diyning “Guliston” asarini o'zbekchaga o'girgan Murodxo'ja domla nomlariga duch kelamiz. Naim domlaning kitobini o'qiganidan so'ng, avvallari Ko'kaldosh madrasasi oldidan beparvo o'tib ketadigan o'quvchi mavlono Muqimiy, Furqat, Xislat, Kamiy domlalar qadami yetgan, she'riyat, adabiyot haqida erta tonggacha o'tgan go'zal kechalar, kunlarini qisqa davr bo'lsa-da o'tkazgan tarixdan so'zlovchi binoga boshqacha qarashlari turgan gap. Ulug'larning izlari qolgan bu muazzam madrasalar tariximizning, ma'naviyat beshiklarining  bir ustuni bo'lganligini unutishga hech kimning haqqi yo'q. Buni bugun ham millat farzandlari bilishlari shart.

“Tanlangan asarlar”da Naim domlaning Abdulla Qodiriy, Cho'lpon va Oybek hayoti hamda ijodiga bag'ishlangan “Uch buyuk siymo” kitobi, O'zbekiston xalq shoiri Mirtemir hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi ma'rifiy-biografik romani kiritilgan.

Akademik Naim Karimov Qodiriy yashagan davr haqida yozib: “Shu davrda O'rta Osiyoda xalq va mamlakatimiz mushkul ahvolini o'zgartira oladigan biror kuch yo'q edi. Ammo ko'p o'tmay, bunday kuchning borligi ma'lum bo'ldi. Bu xalqni g'aflatdan, mudroq holatdan uyg'ota oluvchi SO'Z edi. Bu xalqning yuragiga yetib boruvchi SO'Z, uning ayanchli hayotini ko'zgu bo'lib ko'rsata oluvchi SO'Z, uni uyg'ota oluvchi SO'Z, uni erk va hurriyat yo'lida birlashtira oluvchi SO'Z edi. Ana shu SO'Z milliy uyg'onish davri o'zbek adabiyoti namoyandalari uchun qudratli qurol bo'ldi”, — degan haqqoniy xulosaga keladi.

Olimning bu fikrlari naqadar haq ekanligini isbotlashning hojati yo'q. Bu qarashning dolzarbligi shundaki, bugun milliy o'zlikni tanish, “Men kimman?”, “Biz kimmiz?” degan savollar har qadamda paydo bo'lyapti. “So'zday qudratli quroldan kim qanday foydalanyapti?” — degan savollar bor. Olim so'z qudratidan Qodiriy qanday foydalanganligiga javobni uning o'lmas asarlaridan topadi. Misol uchun, barchaga tanish: “Yusufbek hojining: “Biz shu holda ketadurgan, bir-birimizning tegimizga suv quyadurg'an bo'lsak, yaqindirki, o'ris istebdodi o'zining iflos oyog'i bilan Turkistonimizni bulg'atar…”, degan so'zlarni o'qib, buyuk adibning so'z qudratidan qay darajada foydalanganligini yana bir karra his qilishimiz mumkin.

Naim aka shu paytgacha ko'pchilik eshitgan Abdulla Qodiriy sabab aytiladigan “O'zbek romanchiligi maktabi” degan tushunchaga ham o'z munosabatini bildiradi. U “Biz Qodiriyni o'zbek adabiyotida romanchilik maktabiga asos solgan adib sifatida e'zozlashimiz mumkin”, degan xulosaga keladi. Bu ham o'z aytar so'ziga ega olimning asosli fikrlaridan biri. Akademik, ulug' adabiyotshunos Naim Karimov buyuk adib Abdulla Qodiriyning asarlariga baho berishda o'ziga xos yondashadi. Savollar qo'yadi. Buning isboti sifatida “Abdulla Qodiriy Umarxonning kanizi haqida qanday ma'lumotlarga ega bo'lgan?”, “Madalixon o'gay onasiga uylanganmi?”, “Hayo kim bo'lgan?”, “Qodiriy qachon tug'ilgan?”, “Xolid Said kim bo'lgan?”, “Julqunboy taxallusi qanday paydo bo'lgan?” nomli maqolalarni keltirish mumkin. Savollar va savollar… Haqiqiy olimning javoblari osonlikcha paydo bo'lmaganligini his etmoq uchun, albatta, asarni o'qimoq kerak.

Naim aka tilga olgan uch buyuk siymolarning ikki buyugi — Cho'lpon va Oybek haqidagi asarlarni o'qigan kitobxon juda ko'p narsani olishi mumkin.

Birinchidan, o'quvchining bu yirik adiblar haqidagi bilimi boyibgina qolmasdan, avvalgi qarashlari ham o'zgarishi turgan gap. Cho'lpon ijodi bilan birga bu mashhur shoir shaxsi bilan tanishtiriladi. “Cho'lpon kim edi?” — degan savolga javob beriladi. Oybek haqida yozgan asarining bir bobiga “Ulug' shoir, adib va oliyjanob inson” deb sarlavha qo'yilgan. Ikkinchidan, to'plamda ana shu uch jihat yarq etib ko'rinadi. Bunday yozish uchun olim adib ijodining chuqur bilimdoni bo'lish bilan birga Oybekning shaxsini ham yaqindan o'rgangan bo'lishi lozim edi. Naim Karimov akademik Oybekning ijodiy jasoratini ham ko'zdan qochirmaydi.

Bundan tashqari, mazkur kitobda “Mirtemir” deb nomlangan ma'rifiy-biografik roman asosiy o'rinni egallagan. Bu roman haqida so'zni boshlash avvalida o'zimning shaxsiy qarashim bo'lsa-da, bir narsani ta'kidlamoqchiman: adabiyotga qiziqishi bor kitobxon bu asarni o'qiy boshlasa, uni tugatmaguncha qo'ldan qo'ymaydi, qanchalar shirin bo'lmasin, uyqusidan voz kechadi. Negaki, asar faqat Mirtemir domla haqida emas, balki ana shu shoir yashagan davr, jafokash Turkiston tarixi, odamlar taqdiri, razilliklar, yaxshilik va yomonlik o'rtasidagi kurashlar dunyosiga kiriladi. O'quvchi shoir bilan birga yuradi. Uning quvonchidan shodlanadi, ko'proq dardi, azoblariga sherik bo'ladi. Iyqon manzaralari va boshqa voqealar tilga olinganda, katta olim Naim Karimov katta va mahoratli yozuvchiga aylanadi, o'zini qiynagan, o'ylantirgan tashvishlarini ham qog'ozga tushiradi. Asarni o'qiy boshlaymiz:

“O'zbek xalqi mustaqillikka erishganidan so'ng kadrlar tayyorlash, ayniqsa, barkamol avlodni tarbiyalash masalasiga mamlakatimizda alohida e'tibor berila boshlandi. Agar xalqimizning olis va yaqin tarixiga nazar tashlasak, bu masalaning kun tartibiga bir necha bor qo'yilgani ma'lum bo'ladi. Xususan, o'tgan asrning 20-30-yillarida shu borada ozmuncha ishlar qilinmadi! Lekin o'sha davrdagi yoshlar bilan hozirgi yoshlarni o'zaro qiyoslasak, ilm-fan asoslari bilan birga turli kasb-hunarlarni egallash ular uchun hayotiy zarurat bo'lgani ma'lum. Shuning uchun ular ma'lum ma'noda barkamol avlod vakillari bo'lib yetishgan. Hozirgi avlod uchun yuqori malakali mutaxassis, keng bilimli va madaniyatli inson bo'lish emas, balki moddiy farovonlikka erishish masalasi muhim va birlamchidir. Shuning uchun hozirgi avlodni qoralash nojoiz. Zero, hozirgi ilmiy-texnik va madaniy taraqqiyot davrida ularning Pavel Korchagin bo'lib yashashlari kulgili. Shunga qaramay, 20-30-yillarning og'ir iqtisodiy va mafkuraviy sharoitida yashab, fidoyi, oliyjanob, kamtar, halol, vatanparvar va oliy toifali mutaxassis bo'lib ulg'aygan avlodni ko'proq hurmat qilging, ularga o'xshagan farzandlarni o'stirging keladi, kishi.

Bu lirik chekinishni navbatdagi masalaning debochasi sifatida qabul qilishingizni so'rayman, hurmatli kitobxon”, deb yozadi Naim Karimov.

Yuqoridagi so'zlar ortida katta olimning dardlari turganligini tasavvur qilish qiyin emas. Jamiyatning buguni va ertasi haqidagi o'y-tashvishlar borligi ham ma'lum. Xulosa zo'r. Haqiqiy alloma xulosasi. Kimlardir bu domlaning shaxsiy qarashlari deyishi ham mumkin. Lekin hayot haqiqatining oynadagi aksini hamma ham inkor qilavermasa kerak.

Naim domla Mirtemir domlaning azobli hayotini qanday bo'lsa, shundayligicha tasvirlaydi. Shu bilan birga olimning yozganlarida Qodiriyga bo'lgan cheksiz mehr-muhabbatini, Cho'lpon she'riyatidan hayratlanishlarini, Oybekni juda yaxshi ko'rishini, Mirtemirning quvonchidan quvonganlarini, dardi, azoblariga sherik bo'lib qo'liga qalam olganligini ko'rasiz. Olim ijodkorlarga baho berishda bir o'lchov — haqiqat tarozisini unutmaydi. Ular hayotda qanday bo'lsalar, shundayligicha ko'rsatishga harakat qiladi. Haqiqiy olim uchun bir mezon — haqiqat har narsadan ustun ekanligini isbotlaydi.

Mirtemirning dushmanlari ko'p edi. Ulardan biri Qosim Boboyev deganlari bo'lgan. U adabiyotimizga katta zarar keltirgan maqolalar yozgan. Ana shu maqolalardagi nayzalardan biri Mirtemir ko'ksiga qadaladi. Bugun Qosim Boboyev deganlari yo'q. Lekin Mirtemir bor, deb baralla aytiladi. Ammo Qosim Boboyev deganlari bir-ikki nafarmidi? Ular ko'p bo'lishgan. Ko'plashib millat oydinlarining boshiga yetganligi ham achchiq haqiqat. Ulardan qolgan o'chmas jarohat izlari-chi?

Aslida, Mirtemir domlaga hayotda yashash oson bo'lmagan.

Mirtemirning:

Daryo edim,

Zamonlarning zayli bilan soy bo'lganman,

Raso edim,

Nodonlarning mayli bilan yoy bo'lganman,

degan satrlari asarning Uchinchi faslida keltirilgan bo'lsa-da, Oltinchi faslida ham yana takrorlanadi. Mutolaa jarayonida dastlab shu takroriylik tasodifan o'tib ketgandir, degan o'yga bordim. O'zimcha xato topganday ham bo'ldim. Yo'q! To'g'ri qilingan ekan. Chunki bu satrlarda Mirtemir domlaning surati bor. Shoirning achchiq va ochiq hayot yo'li chizilgan o'lmas satrlar. Ko'zni kattaroq ochadigan maktab ham bor. Go'yo shoir: “O'zbegimning farzandlari daryoligini yo'qotib, soy bo'lib, ba'zan yoy bo'lib yurishdan saqlansin!” — deb xitob qilayotganday. Aslida, bunday o'ylab qaralsa, bugungi alg'ov-dalg'ov zamonda ham millatning har bir farzandining ko'zini ochadigan satrlar emasmi bu? Go'yo she'rni qayta o'qinglar, Mirtemirni bilmaganlar bilib qo'yinglar, deyilayotgandek…

Nohaq qamalishlar, ayriliq azoblari… Bular yetmaganday, chin yurakdan sevgan rafiqasining bir amaldorchaning o'yiniga o'ynab ketishlari… Raqqosa Halimaxon Mirtemirday xokisor, nohaq qamalgan erini kutishga yaramadi. Raqqosa rafiqaning xiyonatiga ham chidab yashagan shoirning dardlari she'rlariga ko'chdi.

Mirtemirning ko'plar yod biladigan bir she'ridan parcha:

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,

Shu kungacha o'zni men cheklab bo'ldim.

Majnuntol tagiga o'tqazing meni,

Men uchun yig'lasin, men yig'lab bo'ldim.

Naim Karimov “Bu she'rning har bir satri va har bir hujayrasidan hayotdan dod deb ketayotgan shoir qalbi zarb berib turadi”, — degan mulohazani bildiradi.

Mirtemir domla yig'lab charchagan ekan, Naim domla-chi? Bu yorug' dunyodan dod deb ketganlarning achchiq alamli qismatini yozish qanchalar og'irligini tasavvur qilmoqning o'zi azob. Bu azobga ham chidamoq kerak. Naim domla Qodiriy, Cho'lpon, Usmon Nosir kabi minglab millat oydinlaridan ayrilgan kunlar bitilgan arxiv hujjatlarini ko'rganida, ko'z yoshlarini tiya olmaganini, yig'laganini ko'rganlar bor. Achchiq qismatlar hukmi yozilgan sarg'aygan satrlarni o'qib, yig'lamaslik uchun yurak qurg'ur toshdan bo'lishi kerak. Domla yig'lamaganda, ular haqida shunday yoza olmasdi. Buyuklardan ayrilish azobini chuqur his qilmoq uchun buyuk olim bo'lmoq kerak, degan so'zlarni aytgim keladi. Domla yig'lab-yig'lab yozganlarida sarg'aygan satrlar ustiga qancha ko'z yoshlarini to'kkani bizga qorong'i bo'lsa-da, bir haqiqatni aytmoq kerak. Haqiqiy millat farzandigina shunchalar og'ir yukni o'z bo'yniga oladi. Qatag'on qurbonlari hayotini avlodlarga yetkazish uchun juda katta, kuchli yurak kerak edi. Shuning uchun ham qabring nurga to'lgur jannati inson Naim domlaning zahmatli mehnatini o'ziga xos qahramonlik deb atash mumkin.

Domla Naim Karimov Mirtemir shaxsi, insoniy fazilatlari haqida yozarkan: “Shoirning o'ta darajada kamtarligi, hatto uyatchanligi meni hayratga solar, ba'zan uning oldida o'zimni qanday tutishni bilmay qolardim”, — degan fikrlarni bildiradi. O'zlari-chi? Naim aka haqida gap ketsa, uni bilganlarning barchasi shunchalar katta olimning o'ta kamtarligi haqida so'z yuritishadi. Chindan ham akademik Naim Karimov o'zining kamtarligi bilan ham kamolga erishgan ulug' olim edilar. Bunday o'ylab qaralsa, haqiqiy, asl olimlarga o'ta kamtarlik fazilati “yuqqan dard” bo'larmikan? Ko'z oldimga Izzat Sulton, Matyoqub Qo'shjonov, Azizxon Qayumov, Ozod Sharafiddinov kabi alloma insonlarni keltiraman. Ular kibrdan butunlay xoli, o'zlarining bu o'tkinchi hayotda odamni hayratga soladigan darajadagi kamtarliklari bilan ham maktab yaratib ketgandilar. Ana shu ulug'lar qatoridan munosib joy oladigan olimlar haqida gapiriladigan bo'lsa, Naim Karimov nomini hech ikkilanmasdan faxr bilan ular safiga qo'yish adolatdan bo'ladi. Naim akaning qatag'on qurbonlaridan tortib, adabiyotimizning buguni va ertasi haqidagi yozganlarini tarozi pallasiga qo'ysa qancha bo'larkan? Har bir jumla ustidagi mehnat, uyqusiz tunlar, ijod, ilmiy jasorat, o'z umrini ilmga baxshida etish… Shunday insonni tirikligida qay darajada qadrladik, degan savollar ham paydo bo'lib qoladi. To'g'ri, umrining oxirgi yillari ko'plab olimlar qatori Naim akaning ham mehnati qadr topdi. Bularning bari Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning ilm ahliga bo'lgan yuksak e'tibori samarasi deyish mumkin. Lekin baribir bir narsani unutmasligimiz kerak. Naim akadek o'z sohasining haqiqiy fidoyilari, millat ertasi uchun umrini baxshida etadiganlar har kuni ham dunyoga kelavermas ekan. Kimu kim, bizlar uchun katta saboq bor. Naim aka yozgan millat qahramonlari tirikligida xo'rlandilar, azoblandilar, qatag'on qurboni bo'ldilar. Ular millat peshonasiga bitgan baxt edi. O'sha baxt qushlari qaro yer bag'riga ko'mildilar. Shuning uchun ham Naim akaning asarlari orqali ular taqdiri haqida bitilgan hujjatlarni varaqlamoqning o'zi qanchalar og'ir bo'lganligini tasavvur etmoq uchun, ehtimol, faqat Naim domla bo'lib tug'ilmoq kerakdir.

Rost, xazina topib oldim. Kitobning so'nggi sahifalarini o'qib tugatgach, shunday xulosaga keldim. Bu asar — haqiqiy xazina edi. Ayrim yoshlarni ko'z oldimga keltiraman. Ular bugun Naim domla va boshqa haqiqiy ilm odamlari bo'lmish olimlarni qay darajada bilishadi? Katta merosni o'qishyaptimi? Birgina Naim akaning avlodlarga qoldirgan xazinasidan bahramand bo'lib, qay darajada hayratlanadilar?

Naim domla ham ayrimlarga o'xshab: “Shuncha qilgan mehnatim yetarli, endi yonboshlab yotib, qarilik gashtini sursam bo'lar”, degan o'yga borganmikan? Yo'q! Domla tinmadi. Yozdi. Avlodlar oldidagi qarzini uzmasa bo'lmaydigandek, umrining so'nggi kunlarigacha xazina qoldirmoq uchun ko'z nurini, bor kuchini, sog'lig'ini ayamay mehnat qildi. Shuning uchun ham olimning umri davom etyapti. Domla o'zidan katta xazina qoldirib ketdi. Ushbu o'ylar so'ngida ham so'z aytish navbatini Naim akaga bersak:

“Hozir Mirtemirning ikkinchi hayoti davom etyapti. Bu hayot avvalgisiga nisbatan baxtli kechadimi yo yo'qmi, bu, kelgusi avlodlarga bog'liq. Avlodlar o'z xalqi bilan birga nafas olib, uning mungli kunlarida yig'lagan, baxtli kunlarida esa oltin rubobidan taralgan kuylar bilan ularga quvonch ulashgan shoir asarlarini ixlos bilan o'qiydilarmi, uning xotirasini yod etib e'zozlaydilarmi, bu bizga qorong'i. Ammo shu narsa ravshanki, agar kelgusi avlodlar nafis so'z san'atini hurmat qiluvchi, sevuvchi, ma'rifatli avlod bo'lsalargina O'zbekistonning kelajagi buyuk bo'ladi”.

Bu jumlalar ortida Naim Karimovning o'zi turganday. Chunki uning ilmiga, ijodiga tegishli gaplar ham bor. Bu katta olimning avlodlarga vasiyatimi, dardimi, tashvish yo hadigimi, yo… Nima bo'lganda ham, akademikning, umrini ilmga, ijodga bag'ishlagan millat fidoyisining xulosasiga qo'shilmasdan iloj yo'q.

Anvar ABDUVALIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − one =