Dalli xayollarning jilovin tortma

Ochil TOHIR

Muallif haqida:

Ochil TOHIR — 1955 yili Koson tumanida tug'ilgan. 1979 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Mehnat faoliyati davomida “Qishloq haqiqati” (hozirgi “Qishloq hayoti”), Muborak tumanidagi “Do'stlik bayrog'i” gazetalari va O'zbekiston teleradiokompaniyasida turli vazifalarda xizmat qilgan.

Shoirning “Qarz”, “Sog'inch sohili”, “Ko'nglim bilan suhbat”, “Shaklsiz odam”, “Vaqt ushoqlari” singari o'ndan ortiq she'riy to'plamlari nashr etilgan. Asarlari bir qancha tillarga tarjima qilingan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

ONAM

Salomday qutlug'dir onamning so'zi,

Kalomday muqaddas onamning o'zi.

Oftobday nurlidir onamning yuzi,

Oy, quyosh, yulduzli osmonim onam,

Duogo'y, mehribon insonim onam.

 

Oq oydin tonglarga beshikdir allang,

Bezavol ulg'aysa bag'ringda bolang,

Munavvar ko'rinar ko'zingga olam,

Mehribonim, jonim — jahonim onam,

Ko'nglimning suyanchi — sarbonim onam.

 

Aytganingday, bu dunyoga qo'noqmiz,

Hayotda goh miskin, goho quvnoqmiz,

Mehring tufayli biz doim inoqmiz,

Qiblamda ka'bamsan, darbonim onam,

Qanoat bog'ida bog'bonim onam.

 

Ona, ko'p ranjitdim nozik ko'nglingni,

Kechirding hamisha sarkash o'g'lingni,

Yuzlarimga bosay qadoq qo'lingni,

Allohning eng buyuk ehsoni onam,

Mening duogo'yim — posbonim onam.

 

TAAJJUB

Bu ko'ngil to'lmaydi, nedir kam,

To'lsa ham, mehrga muhtoj-zor.

Taajjubim, ahli qavm odam —

Biri-biridan bezor.

 

U beparvo, u loqayd, baxil,

Ong-tafakkur faqat unda bor.

Ammo yuz-ko'ziga hukmron jahl,

Gugurt yanglig' yonishga tayyor.

 

Bu ko'ngil to'lmaydi, to'ymaydi,

O'zicha hayvondan qilar or.

Hayvonlar bir-birin so'ymaydi,

Ularga g'irromlik emas kasbi-kor.

 

Ming taajjub, odam o'ylamas

Yotishini tuproqni quchib,

Bilar o'zi farishta emas,

Lekin yurar osmonda uchib.

 

YoLG'IZ BOSh

Yolg'iz bosh yostig'in yarmi bo'sh bo'lar,

Sho'rlik ko'ngli yaralangan qush bo'lar,

Orzu ham yarimdir, yarmi xo'sh bo'lar,

Javzoda ham ko'rgan kuni qish bo'lar.

 

Hammaga ham birdek yoqmas bu so'zim,

Yolg'izga Allohim bersin-ey to'zim,

Ichimdan o'tganin bilaman o'zim,

Majruh ruhga yupanch sarob, tush bo'lar.

 

Bedorlik ne, so'ra ko'ngli bedordan,

Qo'sh tor bois sado chiqar dutordan,

Juftlar ketar, sho'rlik qolar qatordan,

G'ussalar domida u behush bo'lar.

 

Toqlik va tanholik Tangriga xosdir,

Bandasiga bunday yashash abasdir,

Shoir, yurak bu dasturxon emasdir,

Aytaversang, diydang qonli yosh bo'lar.

 

OZOD QUSh

Qunishib o'ltirar yolg'iz mitti qush,

Balki, olis manzillarni ko'rar tush,

O'z shakliga o'xshash qovjiroq bargga

Goho qarab qo'yar o'ychanu xomush.

 

Sen bir zarif sirli xilqat —

mitti jon,

Ajablanib atrofingga qaraysan.

Mol-dunyomas, kerak bir kaftgina don,

Qushcham, mendan yo'q narsani so'raysan?

 

Jismonan ojizsan, ammo mag'rursan,

Bilmaysan, nima u aldov, xiyonat.

Erka qushim, baxting: erkinsan-hursan,

Unutma, ozodlik — ulug' inoyat…

 

ULAR HAM TIRIK JON

Qushlar ham tirik jon, suhbat qurarlar,

Yurak kechinmasin qilishar izhor.

Juft-juft bo'lib, birga yashab yurarlar,

Odamday qavmiga yetkazmas ozor.

 

G'iybat qilmas, garchi tinmay sayrashar,

Ular charchamaslar yonib suyishdan,

Ikki qalb sirin muqaddas sanashar,

Qo'rqar, bir-birin yo'qotib qo'yishdan.

 

BOShDAN ShUNDAY

Hasad emas, havasga

Yuragimdan topdim joy.

Qulluq qilib har kasga,

Bo'lmayman, deb patak-poy,

Xandaqlarda tepdim loy.

 

Qaddimni misli terak

Tik tutdim, bukilmadim,

Seni qiynadim, yurak,

Tullak kimsalar misol,

Har kimga yukunmadim.

 

Kimdir bo'p iskabtopar,

Der, o'zicha qotirdim,

Men qo'pol, betgachopar,

Degan nomni orttirdim.

O'ychan tonglar orttirdim.

 

Vo ajab, bukrilar ham

Sozlabdi o'z qaddini.

Nima qilay, qaysar dil

Bilmas sira haddini,

Ichda saqlar dardini.

 

Qorinqullar alishdi

Qorin-nafsga qadrini,

Ham bir-birin sotishdi.

…Telba ko'nglim satrini

O'qib hayron qolishdi.

 

Shoir doim shoir-da,

Kor qilmaydi tazyiqlar.

Aytsam manglay taqdir-da,

Ko'pdir egri chiziqlar,

Boshdan shunday yozuqlar!..

 

BIZ YaNA

1

Biz yana birgamiz!

Pichirlar labing:

“Chiqaylik qirga biz”,

Hapriqar qalbing.

Qahri qahhor qishning

Jilovin tortib,

Boychechak chiqishi

Tabiiy tartib.

 

2

O, boychechak qalblim,

Chekinmoqda qish.

Ishva-nozday halim,

Shirin jilmayish,

Akslanar aksi

Dudoq-labingda.

Qaldirg'ochlarning

Boshlanar raqsi

Mening qalbimda.

 

3

Bu hamal-ko'klamdan,

Mujda-xushxabar.

Aynan shu damdan

Boshlanar bahor.

Dilga takror-takror

Solar bir otash.

Muhabbat va bahor

Tomirdosh, tutash.

 

TASKIN SO'Z

Olislarga tikil, uzoqdan-uzoq,

Dalli xayollarning jilovin tortma.

Hur yoding sor-burgut qo'ymagin tuzoq.

Erkalagin, chap ko'ksingni og'ritma.

 

Yillar oyoq yalang boladay chopar,

Ko'zgudan tikilar mo'ysafid nigoh.

Shivirlab qo'y, hali oldda deb bahor,

Taskin so'z sanalmas yolg'on yo gunoh.

 

ODAMLARNI ORALAB

O'zimizda ne bo'lsa borin

O'rtamizda ko'ramiz baham,

Bizga tashvish solmas nafs-qorin

Va azobkush katta boylik ham.

 

Qalbimiz shamolday erkin, hur,

Yo'limizni to'solmas g'anim,

Guzarlardan o'tamiz masrur,

Odamlarni oralab, jonim.

 

Qoshqovog'in uysa uyibdi,

Sen ularga qilmagin parvo.

Kimdir kimni dildan suyibdi,

Chin baxt shudir qismatiy tuhfa.

 

TAZARRU

Somon suvoq tomda — lolaqizg'aldoq

Jilmayar, beg'ubor bir quchoq sog'inch.

Samimiy tuyg'uga o'gaydir aldoq,

Soddalik rishtasi — uzilmas bog'ich.

 

Vaqtda jilov yo'qdir, umrda tizgin,

Yillar po'rtanasi — yugurik, o'zgir…

Mening yuragimdan so'ramas izn,

Xayol joyidamas, o'ylarim to'zg'ir.

 

Eslasam… tobora sog'inchim ortar,

Suvoqlari ko'chgan paxsa devor uy.

Yillarga bo'y bermay bag'riga tortar,

Ruhimni titratib sog'inch degan kuy.

 

O'sdim. Yolg'on tinglab, yolg'onlar aytib,

Qiyofasi ODAM katta qavm aro.

Bolaligim, senga qarayman qaytib,

Oh, sening oldingda yuzlarim qora.

 

Tavba-tazarrumi, ne deb atayin,

Nomini bilmayman, chin iqror so'zim.

Bir kun maqsadingga yetishing tayin,

Kibor yuragim sen — jallod, beto'zim.

 

KO'NGLIMSAN

O'zini har ko'yga solar bu ko'ngil,

Goh o'zin shoh sanar, goho faqir-qul,

Uchsa teng kelolmas qanotli duldul,

Sen ko'ngilsan, axir ko'nglimsan.

 

Go'dakday injiqsan, bitmas xarxashang,

Gohida xokisor, gohida bashang,

Qanday oshkor qilay elga tomoshang,

Sen ko'ngilsan, axir ko'nglimsan.

 

Mening oq ko'nglimsan, qora ko'nglimsan,

Tantisan, qalb aro sara ko'nglimsan,

Qizg'anchiqsan, rashkdan yara ko'nglimsan,

Sen shundaysan, axir ko'nglimsan.

 

O'zgacha dunyomsan, tanho yagona.

El ichra nomimiz sarkash, devona,

Devona, el aro mudom afsona,

Sharhi dostonimsan, axir ko'nglimsan.

 

Yashaymiz dunyoda ko'milib sirga,

Payti kelsa ta'zim qilgancha yerga,

Birga tug'ilgandik, ketarmiz birga,

Gulmisan, toshmisan, mening ko'nglimsan.

 

BUYuK TIMSOL

Zirvasida oppoq dastori,

Turar boqib haybatli tog'lar.

Doim bir xil rangi-atvori,

Dog'lasa ham ko'ksini dog'lar.

 

Andisha kuchlidir fe'lingda,

Tog'san, qadrlaysan nomingni.

Sirlar titrab turar tilingda,

Biroq chiqarmaysan damingni.

 

Olmos cho'qqi — purviqor tog'lar,

Boshin qo'yar to'shingga bulut.

Yurak yutib kelolmas zog'lar,

Zog'lar qachon bo'libdi burgut.

 

Tog'lar, tog'lar, qoyil qolaman,

Maydalikdan tamoman xoli.

Rosti, qalbdan havas qilaman,

Irodaning buyuk timsoli.

 

QOLDIRMAS O'RIN

Sabrim daraxtining barglari sarg'ish,

Yoki zuvalamni qorganmi tashvish?

Istaymanmi-yo'qmi, bo'ladigan ish

Bo'ladi, gumonga qoldirmas o'rin.

 

Sen xohla-xohlama, qadring bir chaqa,

Kuyinib, kuchanib qo'y yirtma yoqa.

Oqim surib tashlar, bir o'zing yakka

Qolasan, “yomon”ga qoldirmas o'rin.

 

Xolissan, holingga achinmas birov,

Aksincha, ortadi tanbehu burov,

Faqat erta tushar sochingga qirov,

So'zlashga zabonga qoldirmas o'rin.

 

Nasihatmas, aytaman kuyganimdan,

Bilib-bilmay yaxshiga yo'yganimdan,

Men gapirdim jonimdan to'yganimdan,

Johillar iymonga qoldirmas o'rin.

 

BU KO'NGIL

Kampirning ortidan tikildi bir zum,

Nogoh sakrab ketdi ko'ksida ohu,

“Suqsurday qiz edi! — yonardi ko'zim…”

Tiklanar bag'rida junbishli tuyg'u.

 

Hayajonli titroq, mo''jiza, tilsim…

Bosim berar hisga andisha, hadik.

Tilga tushov tushar, atrofda hech kim

Yo'q bo'lsa ham, uni no'xtalar qattiq.

 

Qani… chapdast yoshlik, qirq o'rim soch qiz

Tag'in ko'z o'ngida bo'larkan paydo,

U kalovlanar, so'z topolmay hargiz,

Pichirlar… bu ko'ngil qiladi ado!..

 

JAVOB

Kattalar izlar qadr, qalbida kibor,

Girdi toza, ichi qurumlab ketgan,

Ular bolalarga bermas e'tibor,

Bolalik ham ularni unutgan.

 

IDROK

Idrokimda o'sar bir daraxt,

Bo'yi-basti savol shaklida.

Xomxayoldan boshqa emas baxt,

Umid-yupanch inson ahliga.

 

Naqli ishqda sehr-imo ko'p,

Ahli oshiq tuygaydir buni,

Bog' bo'lganmi, qurib qolgan cho'p?

Ko'zni achishtirar tutuni…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 9 =