O'zbekning o'zbekligi adlu adolatdadir

Orif HOJI

Muallif haqida:

Orif HOJI — 1966 yili Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tavallud topgan. O'n yetti yoshidan boshlab qariyb qirq yil Samarqand shahrida yashadi, ijod qildi.

Uning “Bandi ruh” (1994), “Ozod ruh” (1994), “Yangi ohanglar” (2001), “Samarqand sayqali” (2007), “Qirq hadis va bir rivoyat” (2008), “Onalar oyog'i ostida jannat” (2011), “Ishq yo'li” (2012) nomli she'riy, “Oppoqqina qushginam” (2009), “Oq tulpor” (2010) nomli hikoyalar to'plamlari chop etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

O'ZBEK

O'zbekcha so'ylash bilan o'zbek bo'lmaydi odam,

O'zbekka bag'rikenglik meros Odam Atodan.

 

O'zbekning o'zbekligi adlu adolatdadir,

O'zbekning o'zbekligi xayru saxovatdadir.

 

Mehru oqibat bilan o'zbek o'zbek bo'ladi,

Urf bilan, odat bilan o'zbek o'zbek bo'ladi.

 

O'zbek orini sotmas, sotsa, sotar otini,

Besh barmog'iday bilar o'zbek yetti zotini.

 

Ardoqlar ajdodini, pirim der ustodini,

Qorday musaffo bo'lar asl o'zbek botini.

 

Non deb yashamas o'zbek, o'zbek shon deb yashaydi,

Etti yashar o'g'lini xon-sulton deb yashaydi.

 

Kamsitmaydi bir-birin, ulug'laydi hamisha,

O'zbek yaxshi biladi: kishining ko'ngli shisha.

 

Ardoqlar Navro'zini, ayamas non-tuzini,

Otasining so'zini farmon deb yashar o'zbek.

 

O'zbek yot-yog'iyga ham yaxshilik sog'inadi,

Zaminni onam, deydi, Xudoga sig'inadi.

 

O'ziga tilamasdan, el-yurtga tilar o'zbek,

Qo'shnisidan qarz olib, xudoyi qilar o'zbek.

 

Bunyodkorlik qonida, misoldir Sohibqiron,

Qo'lidan obod bo'ldi, arabu hindu eron.

 

Ishonmasang, Agraga borib ko'r Tojmahalni,

Binolardan xalqiga qo'yib ketgan haykalni.

 

Shohrux Eron-Turonni qirq yil obod ayladi,

Ulug'bek osimonni “Zich”lab mahkam boyladi.

 

Xayru hasanot qilgan o'zbekning bobolari,

Hirotni Hirot qilgan o'zbekning bobolari.

 

Navoiyning himmati bir davlatdan boy edi,

O'ngida Xurosonu so'lida Xitoy edi.

 

Yeru ko'k orasida nek niyatdir o'zbegim,

Yomonlikni o'ylamoq ayb-uyat, der o'zbegim.

 

Qancha yomonlik ko'rsa, o'zbek ichga yutadi,

Hattoki dushmandan ham bir ezgulik kutadi.

 

Sanab bir-bir barchasin vaqtingizni olmayman,

O'zbek bunyodkor bo'lar, degan so'zdan qolmayman.

 

Kimki buzmakor bo'lsa, o'zbek emasdir mutloq,

O'zbekman, deb aldagan Ultontozday besiyoq.

 

O'zbekning o'ng qo'lida saxovat kafgiri bor,

Uning Yalang'och ota — nazarkarda piri bor.

 

Gar Iskandar bo'lsa ham hech pirsiz yurmas o'zbek,

Yiqilganni tepmaydi, yetimni urmas o'zbek.

 

Uch yuz oltmish tomiri haq deb urar o'zbekning,

O'g'lonlari kunduzi yulduz ko'rar o'zbekning.

 

KITOB O'QI    

(Nabiram Abdulloga)

Polvon bolam, sulton bolam, xon bolam,

Mullo bolam, tillo bolam, jon bolam.

 

Temurbekdan qolgan g'ayrat, jur'ating,

Ko'kturklardan kelgan toza qon bolam.

 

O'g'uzxonning qo'shinida bor eding,

Buvraxonga ishda madadkor eding.

 

Yov qush bo'lsa, bamisli shunqor eding,

Qiyo boqmay o'tding, ko'rsang don, bolam.

 

Nafsi shayton qutqusiga uchmading,

Matlab edi senga mudom shon, bolam,

 

Ulug'laring xislatlari qoningda,

Unutmagil zinhor-zinhor, jon bolam.

 

Nomardlaru nokaslardan uzoq yur,

Bo'lgin mudom sen Haqiqat yon, bolam.

 

Bu dunyoning arzimas matohiga,

Aldanmagin, aldanish  yomon, bolam.

 

Haqni  zikr et, Haqni yod et har nafas,

G'ofil bo'lma Haqdan biror on, bolam.

 

Parvo qilma, Shayton gar zug'um qilsa,

Haq bilan bo'l, Haq bo'lar qalqon, bolam.

 

Kitob o'qi, kitob yodla, bilgilki,

Kitoblarning onasi Qur'on, bolam.

SAMARQAND

Falakka tirgagingdurlar minorlar,

Qadimdan-da qadim bunda chinorlar,

 

Shifobaxsh suvlaringga tashna lablar,

Etishsam, deb kezar qancha diyorlar.

 

Azizlar xokidin bunyod zamining

Ko'ziga to'tiyo aylar bemorlar.

 

Tikarlar molu holu jismu jonin,

Sanga tufroq bo'lay deb shahriyorlar.

 

Samarqandim, samar, qandim, Samar, Qand —

Vafoga jonfido vafoli yorlar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + 16 =