Jilg'alar haqida orzu

Chopib borayotgan vaqt O'riklisoyning suvlariga o'xshaydi go'yo. Shoshqin, toshqin, o'ynoqi… Oq salla kiygan bobolardek viqorli Zomin tog'lari bag'ridan oqib tushayotgan soyning azim qo'shiqlarini tinglash, bu bahavo tabiat qo'ynida she'rlar yozish, hikoyalar bitish  baxti, mana, yigirma sakkiz yildirki, respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchilariga nasib etib kelayotir.

Bundan yigirma yillar muqaddam azim tog'lar bag'rida kechgan seminarda ko'rganimiz, o'rganganimiz qanchalik ko'p bo'lgan bo'lsa, bilmaganimizni bilish, adabiyotning yorug' va muazzam yo'liga kirish yosh qalamkashdan nechog'liq ulkan taraddud talab etishini his etganmiz. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Usmon Azim, Azim Suyun, Muhammad Yusuf kabi ustozlarning sabog'ini tinglash, Iqbol Mirzo, Farida Afro'z, Salim Ashur, Zebo Mirzo, Sirojiddin Rauf kabi navqiron shoirlarning o'z ovozlaridan yangroq she'rlar tinglash saodatiga ham muyassar bo'lganmiz. Zomin seminari natijasi o'laroq, bugun adabiyotimizda Shodmonqul Salom, Guljamol Asqarova, Muhiddin Abdusamad, Ozoda Bekmurodova, Shuhrat Orif, Nosirjon Jo'rayev, Dilrabo Mingboyeva, Behzod Fazliddin kabi ko'plab o'rta avlod vakillari yetishib chiqdiki, ular bugun adabiyotimizda o'z yo'liga ega bo'lgan ijodkorlardir.

Seminarning bu yilgisida ham yuzdan ortiq qalbi adabiyotga oshufta yoshlar ishtirok etishdi. Ularning nazmu nasrda, publitsistika va tarjimayu bolalar she'riyatida yozganlari, izlanishlari hakamlar nazaridan o'tkazildi. Mashg'ulotlar davomida yosh ishtirokchilar ustozlarning tavsiyalari, fikrlari, maslahatlaridan bahramand bo'lishdi.

Vaqt — oliy hakam. Oradan yana o'n yil o'tar, yigirma yil kechar. She'rlarini bir quchoq guldek tutib, hayajon ichra she'r, hikoya o'qigan singillarimizdan Zulfiyaxonim, Ra'no Uzoqova, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva, Saida Zunnunovalar, ko'zi chaqnoq, qalbi uyg'oq ukalarimizdan so'z zargarlari chiqar, bu jilg'alar bir ajib daryolarga do'nar, balki… kun kelib Odil Yoqubov, Shukur Xolmirzayev, Tog'ay Murod, Xayriddin Sulton, Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyiddek yana so'z zargarlari chiqar. Bu jilg'alar bir ajib daryolarga do'nar, inshoolloh!  

Nargiza ASADOVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi mas'ul xodimi.

HAYoTIMDA IZ QOLDIRGAN ZOMIN

Zomin seminari haqida qachon eshitganim yodimda yo'q. Lekin uning ishtirokchisi bo'lishni istaganim, el sevgan shoir va yozuvchilar bilan uchrashishni orzulaganimga ancha bo'ldi. Ne baxtki, bu yilgi Zomin yosh ijodkorlari seminarida ijod maktablari o'quvchilari ichida qatnashish baxtiga musharraf bo'ldim. Uch kun Zomin tog'lari orasida kechgan seminar ijodiy faoliyatimda katta burilish yasadi, desam, yanglishmayman.

Seminarning eng ilhomli daqiqalaridan biri — sevimli shoirimiz, ustoz ijodkor Sirojiddin Sayyid bilan muloqot bo'ldi. Ustozning “Adabiyot — bu yurak kasbi. Qalbingizda og'riq bo'lmasa, qog'ozda jonli so'z tug'ilmaydi”, degan gaplari ijodkorlarning qalbiga chuqur ta'sir qildi. Jizzaxdagi yakuniy uchrashuvda ishtirokchilarning ko'zida o'zgarish, qalbida esa yangi orzular yonib turgani ayon edi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va bir qancha homiy tashkilotlar tomonidan barcha ishtirokchilarga esdalik sovg'alari topshirildi.

Bir so'z bilan aytganda, seminar hayotimda o'chmas iz qoldirdi. Bu seminar menga faqat bilim emas, balki yangi tajriba, yangi do'stlar, tarjimonlikda teran fikrlash va ijodga bo'lgan muhabbatni hadya etdi. Shu o'rinda yurtimizda yoshlarga shunday imkoniyatlar eshigi ochiqligini ko'rib, shu yurtning farzandi ekanimdan faxr hissi jo'sh urdi. Do'rmondan boshlanib, Jizzaxda yakunlangan bu sayohat qalbimda abadiy iz qoldirdi. Har bir ustoz, har bir she'r, har bir so'z meni o'zgartirdi. Bu seminar meni ko'z bilan emas, yurak bilan ko'rish, qalam bilan emas, qalb bilan yozishga da'vat etdi.

Muxtasarxon ABDURAShIDOVA,

Ishoqxon Ibrat ijod maktabi o'quvchisi.

KITOB BO'LSA DO'STIMIZ

Olisdagi o'rmonda

Yurgan ekan olmaxon.

Sayohatga boruvdim,

Ko'rib qoldim nogahon.

 

Qulog'ida ziragi,

Dumchasida ko'zmunchoq.

Qo'llarida savatcha,

Oyoqlarida boshmoq.

 

Savatga gul terarkan,

O'ynab qo'shiq aytarkan.

Yashil archa tagida,

Tilla yong'oq chaqarkan.

 

Buni ko'rib birpasda,

Hang-u mang bo'lib qoldim.

Voy tavba deb, qo'limga

Bir tilla yong'oq oldim.

 

Tilla yong'oq mening ham

Ko'zlarim qamashtirdi.

Ishoning, u ham meni

Yo'limdan adashtirdi.

 

Cho'chib uyg'onib ketsam,

Hartugul, tushim ekan.

O'qiyotgan kitobim

Hamon qo'limda ekan.

 

Uyqu biram shirin-ey,

Tushlarim-chi ajoyib.

Tillolar ko'rsam ba'zan,

Ko'z ochsam bo'lar g'oyib.

 

Ammo bir narsa aniq,

Oson topilmas oltin.

Mehnat qilish kerak, bil,

G'ayrat qilib olmay tin.

 

Bunda kitob o'rtoqdir,

Do'stim, unutma shuni.

O'qib, izlansang zarni,

O'ngda ko'rasan uni.

Zuhraxon ILYoSOVA

TOG' ShAMOLI

Bir hur shamol bo'ldim, tog'ning shamoli,

Quyoshni yetaklab boryapman Haqqa.

Fasllar yuzining gardini artib,

Ruhim ko'kka tutash, o'zim tuproqqa.

 

Bir hur shamol bo'ldim, tog'ning shamoli,

Dimiqqan dashtlarga olib keldim nur.

Kumush havolarga ketgum qovushib,

Oniy lahzalarda yashamoq shudir.

Umrinisa ABDULLAYEVA

 

Qachondir ko'zingning oqi qorayar,

Yaproqlar sarg'ayar noparmon kuzda.

Shamolning sasiga raqsga tushgan

Soching iforida ketarman o'zdan.

 

Qachondir dilingda ulg'ayar sevgi,

Ko'zingdan o'padi o'tli bo'salar.

Yuzingga tikilib shodlikdan masrur

Kulgichingni ko'rsam, bir gaz o'saman!

Elyor HAYDAR

 

O'rtamizda Qizilqum

O'tday qizib yotadi.

Bu cho'ldan kim yalangbosh,

Oyoqyalang o'tadi?

Hayuuu, cho'lligul!

 

Qum ko'chadi vohaga,

Tuyam ko'zin ochirmas.

Kim sevadi ana shu

Yorini hech qochirmas!

Hayuuu, uchdi gul!

 

Ko'zlarimning yoshidan

Asli bag'ri qon cho'lning.

Qumlar oqmas — “yorim” deb

Qilgani fig'on cho'lning.

Hayuuu, ketdi gul!

 

Ohista yur, ey karvon,

Qaysim qaytib ketadi.

O'g'li bilan uyida

Layli uni kutadi.

Hayuuu, yondi gul!

 

Yo'qlab kelgan yomg'irga

Kuygan dilim tutaman.

Uni ko'rgan yantoqni

Ko'zlarimga surtaman.

Hayuuu, o'ldi gul!

 

Va so'ngida shu cho'lning

Menda ko'ngli bor emish.

Istasam, har saksovul

Ming Majnunga dor emish!

Hayuuu, rozi gul!

 

Xon qiziga yarashgay

Yorim shu deb kerilish!

Xorazmni sevganga

Qizilqumning o'zi ishq!

Hayuuu, baxtli gul!

Komila QAMAR

XAYoLIMGA ChIQASAN EGA

Yuragimni quvnatar hayrat,

Tonglar oshiq bo'ldim mahliyo.

Nigohimni g'ashlatgan surat,

Endi senga boqmayman qiyo.

 

Yoningda jim o'tib boraman,

Ma'yusliging tortadi nega?

Xayollarda yakkash qolaman,

Xayolimga chiqasan ega.

 

Nari burib sendan yuzimni,

Varaqlayman

kitobimdan bet.

Mavzusisan

har bir kunimning,

Botqoqlikka tortma, internet.

Nihola ABDUMALIKOVA

TURKONA

Qanotim yoqishga usta quyoshning,

Etagida sarosar kezindim,

Yuragim o'tidan chiqqan ko'z yoshning

Qatra tomchisida isindim…

 

Tushlarimga ko'chgandek umrim,

Dunyosiga kelaverdim tor…

O'yimdagi rango-ranglik

sim —

Siyohlikka aylandi yakbor!

 

Titrab ketdi asriy tavorix,

Gardanimda ko'hna azim burch,

Hislarimga sanchilar og'riq,

Tomirimda momomeros kuch!

 

Men To'maris mardi maydonda!

Oybarchinman kokillari dor!

Qaldirg'ochman jussasi mayda,

Yuragida dunyolari bor!

 

To tonggacha tebratib beshik,

To tungacha kashta to'qiyman,

Qadrim qadar qaddim yoy, egik,

Men onaman! Men — Vatan, iymon!

 

Ayol deb atalgan kitobning

Sabr-bardosh bobida kezdim,

Shuurimga singishdi yoding,

Ona, senga aylandim, sezdim…

 

Tandirdagi olovdek yondim,

G'ururim sindirdim o'tindek…

O'choq kullaridek sovrilaverdim,

Onam, sabring ekan metindek!

 

Bu turmushning mushtlari og'ir,

Tog'orasi eski va chuqur,

Chakki o'tgan tomida g'ir-g'ir

Aylanadi o'ylarim qurg'ur!

 

Orzularim kirlardek to'p-to'p,

O'z qo'limda yuvib, silkiyman…

Dunyo, mendan noliyverma ko'p,

Temurlarni tuqqan Turkiyman!

Latofat AMIROVA

TILAK

Vatan — tuprog'ingga sochilib ketsam,

Kuzakda sepilgan bug'doy misoli.

Ko'klamda ko'karib, bo'y cho'zib o'ssam,

Hosildan uyulib to'lsa xirmoning!

RIZQ

Qoyada o'rmalar bir to'p chumoli,

Shu azim qoyadan rizqin tergali.

Xulosa qilishga shoshilma hali,

Chumolixo'r yedi — chumoli qani?

ChIZGI

Tuman tunda ketayotib yiqildi,

Ko'zyoshlari shabnam bo'lib to'kildi.

Rahmi kelib unga guvoh maysaning

Yaproqlari ma'yusgina bukildi.

IQROR

Sen kelding — tunlarim yorishib ketdi,

Qishlarim ko'klamga qorishib ketdi!

Bir kelding — mudragan hislarim yorib,

Shodlikdan yuragim uvishib ketdi!

Abdulla MUHAMMAD

ALLA

Qumsoatning zarralariday

To'kildim-u, o'lmadim, bolam!

Shamollarga uchdi hislarim,

Ayozlarda so'lmadim, bolam.

Tilanganim tillolar emas,

Yaqin bo'ldi dildan yiroqlar.

Bugun gullar nazm chorbog'i,

Tanim yorib chiqdi titroqlar.

Hayot o'yin, hayot ko'pkari,

Ko'zlaringdek yop-yorug' o'ylar.

Yuragimni yedirmam g'amga,

Bolam, hali qilamiz to'ylar!

Oh! Bolam-a, ko'ksim tumori,

Jaholatning ko'ksini o'ygum.

Onalarning faryodi tutgan

Dunyosini allalab qo'ygum.

Yovga sochim dor etib osgum,

Barmoqlarim burdalar xavfni,

Bolam, yurtga boqqan baloga

Tug'ib bergum yengilmas Alpni!

Sen, dilbandim, jilmay, quvongin,

Jonim nisor, umrim ertasi.

Men she'r aytay, endi uxlama,

Uyg'on, bolam, ilhom erkasi!

Alla aytar Zomin tog'lari,

Yaproqchalar boshingga soya,

Qara, bizni imlab turibdi,

Olqor o'pgan muhtasham qoya.

Andijonga qaytamiz, qizim,

Sevinch degan bayroqni olib.

Vatan degan jannatiy yurtda,

Bolam, bugun Onalar g'olib!

Bolam, bugun Onalar g'olib!

Mohinurxon TURSUNOVA

TIPRA VA TIKAN

Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim zamonlarda bir o'rmonda Tipra degan hayvon bor ekan. Uning ikki ko'zi ko'zmunchoqdek qora, burunchasi uzun va rangi kulrang ekan. U bir kuni qo'ziqorin terishga chiqqan ekan. Qo'ziqorinlarni terib bo'lgach, uyiga qaytib ketayotsa, qarshisidan ayyor Tulkivoy chiqibdi. Unga tashlanib, yemoqchi bo'libdi. Ammo qayoqdandir Bo'rivoy kelib, Tulkivoyning boplab adabini beribdi. U arang qochib qutulibdi. Shunda Tipra Bo'rivoyga:

— Sizdan minnatdorman, Janob. Agarda siz bo'lmaganingizda, allaqachon asfalasofilinga ravona bo'lar edim. Shunaqa-da hayot o'zi: kuchli hayvonlar kuchsiz, zaif hayvonlarning ustidan doimo g'alaba qozongan, — debdi.

— Men bilan do'st bo'lasanmi? — degan taklifni aytibdi Bo'rivoy.

— Ha, mayli, sizdek himoyachi do'stim bo'lsa, “yo'q” demasdim, — debdi.

Shunday qilib, ikkalasi bir umrga do'st bo'lib qolishga qasam ichishibdi. Bo'rivoy Tiprani yelkasiga o'tqazib, qo'ziqorinlarni uning qo'lchasiga tutqazib, uyiga eltib qo'yibdi. Tipra Bo'rivoydan juda minnatdor bo'libdi.

Bir necha haftadan so'ng esa bizning Tipra tug'ilgan kunini nishonlabdi. Uning uyiga barcha qarindoshlari, o'rtoqlari kelishibdi. Ammo Bo'rivoydan dom-darak yo'q ekan. Tug'ilgan kunni nishonlash maqsadida kelganlar bir-biridan ajoyib sovg'alarni olib kelishibdi. Tipra endigina do'stining kelmaganidan xafa bo'lib o'tirgan ekan, eshik ochilib, qo'lida qizil qutichani ko'targancha Bo'rivoy kirib kelibdi:

— Do'stim Tipra, tug'ilgan kuningga kech qolganim uchun uzr. Mana bu senga. Tug'ilgan kuning muborak bo'lsin! Dunyodagi eng ezgu va yaxshi tilaklarni senga tilayman, — deb qo'lidagi qizil rangli qutichani uzatibdi. Tipra u qutichani olib, ochib qarasa, ichida tikanli chopon bor ekan. Tug'ilgan kunni nishonlashga tashrif buyurgan mehmonlar ham hayron bo'lishibdi, ham xandon otib kulishibdi. Shunda Bo'rivoy:

— Mana shu choponni kiyib ol! Zero, mening do'stimga hech bir yovuzning qo'li tegmasin. Senga ozor berisholmasin. Ziyon yetkazishmoqchi bo'lganlarning o'zlari ziyon ko'rsin! — debdi.

Uning haqiqiy do'stligiga hamma qoyil qolibdi. Tipra esa uni mahkam quchoqlab, yig'lab yuboribdi. So'ng ko'ylagiga shu tikanlarni qadab qo'yibdi va umuman egnidan tashlamabdi.

Shu-shu, unga hech kim ziyon-zahmat yetkaza olmas va uning ismi esa endi Tipra emas, Tipratikan ekan.

Madina USMONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − three =