Hurlik deb çöğlaniş baxt degan jonlar
Zamira RÖZIYEVA
Muallif haqida:
Zamira RÖZIYEVA — Andijon şahrida tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi Özbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Şoiraning “Oftobjamol”, “Atirgulga aylanaman”, “Hayratning suvrati”, “Umid boği”, “Sarçaşma”, “Taşnadil”, “Dilçiroq”, “Röşnolik” kabi öndan ortiq kitoblari naşr etilgan.
“Şuhrat” medali bilan taqdirlangan. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
QATAĞON QURBONLARIGA
Gunohingiz — VATAN desa yonib tani,
Zulmat içra könglingiz nur istagani.
Najot sörab “najot” degan alamiga,
Yuragini tökkan zotsiz qalamiga.
Gunohingiz — ozodlikning totin tilab,
Tongu şomda orziqqança tamşangan lab.
Jon qutqarar talvasada öz döstingiz
Sizni sotib kun körganin bilmasdingiz.
Jon berdingiz, netong Vatan ğamini yeb,
Men xalqimga duşman emas, dilbandman deb.
Siz istagan nur içradir sizning xotir,
Nur ilinib bugun quyoş yiğlayotir.
* * *
Ilm dunyoning izzatidur.
Abdulla Avloniy
1.
Tafakkurga tavsif uşbu hikmatda,
Ğuborlardan xoli dunyo husni bor.
Ğoliblikning mağzi bor maʼrifatda,
Tik tuğlarda Ozodlikning ismi bor.
Allomalar umrin yoniq çiroği,
Olam uyin şuʼlalarga burkadi.
Eʼtirofdir ming yilliklar saboği,
Jaholatlar bu şuʼladan qörqadi.
Gumrohlikning osmonida uçmas quş,
Tuproğida urçigaydir xoinlik.
Tarix kördi nedan paydo padarkuş,
Qanday ortar mömin elga zolimlik.
Olimlari köp el oqil, bardavom,
Bosqinçi yov bu gap mağzin çaqibdir.
Turkiy tarix bağrin ezgan “qatli om”,
Ğofillarga qul yorliğin taqibdir.
Ilm istagan bizning jadid bobolar,
Yoğiy uçun qörquv böldi eng ulkan.
Yaşab tursa ilmlilar, daholar,
Buyuk elning bukilganin kim körgan?
Hoyi havas quli bölma ey köngil,
Nafs köçasin çangini qoq imondan,
Avloniylar hikmatiga böysungil,
Gul hidlagin ilm degan böstondan.
2.
Gul — dunyoning husni, har daraxt — körki,
Bu yangliğ taşbehlar, taʼriflar ming-ming.
Jadid bobom aytgan eʼtirof şulki,
Ilmdir — izzati dunyoning.
Topildiq ğaznadur dur töla ummon,
Kaşf etolsang toğlar sinoat xati.
Söz ketsa ezgulik mehrobi tomon,
Ilmdir dunyoning izzati.
Feʼlu fazilatdan borlik, yöqlik ham,
Oqillik — omonlik, johillik — zulm,
Toza tafakkurdan bezangay olam,
Izzatidur dunyoning ilm.
Nodonga noayon yurt himoyasi,
Orin uyğotmagay qullik qismati.
Odamiylik bölsa hayot ğoyasi,
Ilmdir dunyoning izzati.
Bedor dilni kutgay jannatiy xilqat,
Gumrohlik — zamonni xunuklatgan kir.
Avloniy könglidan tökilgan hikmat:
“Dunyoning izzati — ilmdir”.
EVRILIŞ
Orzu içra yaşillanib borgan dunyo,
Orzu içra fasl husni şunça zebo.
Orzu içra möʼjizaviy xazinalar
Çorlovmidi, olovmidi, jadid bobo?
Hasratidan çanglar çiqqan davr kördim,
Bosqin qöldan boşga tuşgan jabr kördim,
Mömin elda qörquvli… jim sabr kördim.
Toşmidi bu, közyoşmidi… jadid bobo?
Ilmmidi, zehnmidi yaşil maʼvo,
Kunlaringiz soçmişmidi yurtga ziyo,
Bugun mendan nima ravo, nima ravo,
Uyğonişmi, uyğotişmi… jadid bobo?
* * *
Toza tafakkurga, hur tasavvurga,
Imonlar ilhaqdir, vijdon ilhaqdir.
Oşno bölolgankim ziyoga, nurga,
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
Urçigan yolğonga qarşi köngillar,
Haqiqat yölida baxşi köngillar,
Mardlar maydonining naqşi köngillar
Jamlansa millatdir, jamlansa xalqdir.
Tobelikka qarşi dod, qaldiroqlar,
Zulmat töfonlarin yenggan çiroqlar,
Yoğiyning adabin bergan Şiroqlar
Jamlansa millatdir,
jamlansa xalqdir.
Xudbinu loqaydlik zahri “mustabid”,
Kemirgay har siçqon, tişlagay har it,
Maʼrifatsiz ERK yöq degan har
jadid —
Jamlansa millatdir,
jamlansa xalqdir.
Men, men… degan nafsin ötlarga otib,
Noçorning kuniga yarab, asqotib,
Kuysakim mudragan qavmin uyğotib —
Jamlansa millatdir,
jamlansa xalqdir.
Hurlik deb çöğlaniş baxt degan jonlar,
Soğiniş, yöqlaniş baxt degan jonlar,
Vatanda uyğoniş baxt degan jonlar,
Jamlansa millatdir,
jamlansa xalqdir.
