Sun'iy intellekt imkoniyatlari

yoki jurnalistlarning texnologik savodxonligi va
raqamli dunyo bilan uyg'unlashuvi
Bugun sun'iy intellekt jamiyatning turli sohalariga jadal kirib bormoqda. Elektron ommaviy axborot vositalari esa allaqachon bu tizim imkoniyatlarini ishga solib, samarali natijalar olishga ham ulgurdi. Ayniqsa, AI (artificial intelligence) — sun'iy intellekt sohasi insoniyat kelajagini butunlay o'zgartirib yuborishi tobora oydinlashib bormoqda.
Sun'iy intellekt nima, undan ijtimoiy hayot sohalarida qanday foydalaniladi? Qanday afzalliklarga ega? Bu juda mukammal dasturlar ekanligini ko'pchilik anglab yetdi. Sun'iy intellekt — informatikaning alohida sohasi bo'lib, odatda, inson ongi bilan bog'liq imkoniyatlar: tilni tushunish, o'rgatish, muhokama qilish, masalani yechish, tarjima va shu kabi imkoniyatlarga ega kompyuter tizimlarini yaratish bilan shug'ullanadi. Bugungi kunda ko'pchilik foydalanayotgan sun'iy intellekt dasturlaridan bir bu — “ChatGPT”. Bu — matn yozish, rasm yaratish, savollarga javob berish, hattoki suhbatlashish imkoniyatlarini ham beradi.
Elektron ommaviy axborot vositalari esa allaqachon bu tizim imkoniyatlarini ishga solib, samarali natijalar olishga ulgurdi. Ayni kunda bosma nashrlarda ham sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga kirishilmoqda.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Namangan va Sirdaryo viloyati bo'limlari hamkorligida Namangan viloyati Pop tumanining Chodak qishlog'idagi 26-umumta'lim maktabida “Milliy kontent yaratish va sun'iy intellekt texnologiyalari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo'ldi. Qiziqarli tadbirda sun'iy intellekt imkoniyatlaridan nafaqat ilm-fan va texnologiyada, balki ommaviy axborot vositalari, ta'lim, biznes, hatto kundalik hayotda ham samarali foydalanish imkoniyatlari haqida batafsil so'z bordi.
Ilmiy-amaliy seminarni O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Namangan viloyati bo'limi raisi Nosirjon Dehqonov olib bordi. U ushbu tadbir gazeta va jurnallarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarning sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo'yicha bilim va malakalarini oshirishda, yoshlarni kelajak kasblarga tayyorlashda, ularning texnologik savodxonligini oshirish hamda raqamli dunyo bilan uyg'un yashashga o'rgatishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlab o'tdi.
Seminarda O'zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. X.Salimov, uyushmaning Sirdaryo viloyati bo'limi raisi B.Abdullayev, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bosh muharriri B.Boymurodov, Namangan viloyatining Uchqo'rg'on tumani “Yorqin hayot” gazetasi muharriri J.To'xtasinov, “Namangan International School” va “Namangan AI” maktablari asoschisi, O'zbekiston Respublikasi Nodavlat ta'lim muassasalari assotsiatsiyasining Farg'ona vodiysi bo'yicha boshqarma rahbari M.Yo'ldoshev, To'raqo'rg'on tumani “Davr” gazetasi bosh muharriri Z.Kenjayeva hamda viloyatlardan tashrif buyurgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar ishtirok etishdi.
Tadbirda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Sun'iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi”da belgilab berilgan vazifalar, bosma OAVda sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali ish sifati va samaradorligini oshirish yo'llari xususida so'z yuritdi. “Milliy kontent yaratish va sun'iy intellekt texnologiyalari” mavzusida ma'ruza qildi.
— Ilg'or texnologiyalar kun sayin hayotimizni egallab bormoqda. Bu — zamon talabi. Agar zamon bilan hamnafas yurmoqchi bo'lsak, sun'iy intellektni o'rganishimiz kerak, — deydi Xolmurod Salimov. — Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida media sohaga, milliy kontent yaratish va sun'iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e'tibor qaratilishi bejizga emas, albatta. Sun'iy intellekt bu — aqlli tizim yaratgan kontent yanglish yoki bir tomonlama bo'lmasligi uchun inson nazorati kerakligi, yaratilgan kontent mualliflik huquqlarini buzmasligi lozimligi, sun'iy intellekt yordamida soxta ma'lumotlar ham tarqatish mumkinligi sababli, axborotning haqqoniyligini ta'minlash muhimligi va shuningdek, jurnalistikada sun'iy intellektdan foydalanish axloqiy tamoyillarga muvofiq bo'lishi kerak.
Shuningdek, seminar doirasida Uyushmaning Namangan viloyat bo'limi tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmon va qarorlariga binoan Chodak qishlog'ida turizmni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida sayohat uyushtirildi. Chodakda bo'lgan ommaviy axborot vositalari vakillari qishloqning yuqori qismida joylashgan, “Chir-chir momo ko'z yoshlari” nomi bilan mashhur bo'lgan ziyoratgoh — shajarasi ulug' mutafakkir Ahmad Yassaviy hazratlari bilan bog'liq bo'lgan Ismoil Atoiy qadamjosini ziyorat qildilar.
Tadbirlar davomida ikki viloyat jurnalistlari o'rtasida do'stona ruhda shaxmat-shashka musobaqalari ham o'tkazildi. Seminar yakunida tadbirlarda faol ishtirok etgan “Yangi Sirdaryo” gazetasi bosh muharriri B.Boymurodov, Sirdaryo viloyatida jurnalistika sohasida ko'p yillik ibratli mehnati bilan tanilgan, II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni sohibasi, ustoz jurnalist B.Xolbekova, Namangan viloyatida jurnalistika maktabining fidoyilaridan sanalgan, “Do'stlik” ordeni sohibi, ustoz jurnalist Z.Kenjayeva, Namangan viloyati “Yosh jurnalistlar kengashi” rahbari, iqtidorli va fidoiy jurnalist, “Yorqin hayot” gazetasi muxbiri J.To'xtasinovlar jurnalistik faoliyatidagi alohida xizmatlari uchun O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining tashakkurnoma va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandilar.
Uyushmaning hududiy bo'limlari hamkorligida ikki kun davom etgan mazkur ilmiy-amaliy seminar qiziqarli va samarali kechdi.
Keldiyor TO'LIYEV,
jurnalist.