Xalqlar döstligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Qadrli vatandoşlar!
Mamlakatimizda yagona va ahil oila bölib yaşab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari bölgan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda köpmillatli butun xalqimizni 30 iyul – Xalqlar döstligi kuni bilan çin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barçangizga özimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Heç şubhasiz, yurtimiz zaminida qadimgi davrlardan buyon davom etib kelayotgan etnik xilma-xillik noyob ijtimoiy hodisa bölib, bugun – Yangi Özbekiston şaroitida yangiça maʼno-mazmun va anʼanalarga ega bölib borayotgani diqqatga sazovordir.
Barçamiz uçun aziz va möʼtabar bölgan Vatanimiz aynan şu asosda inson qadri va baxti uluğlanadigan tom maʼnodagi tinçlik, döstlik va mehr-oqibat diyoriga aylanib bormoqda, desam, öylaymanki, sizlar ham bu fikrga qöşilasiz.
Muhtaram döstlar!
Mamlakatimizdagi tinçlik va barqarorlikning muhim omili bölgan millatlararo munosabatlarni rivojlantirişni biz yurtimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etişning ustuvor yönalişi sifatida belgilab oldik va bu borada ulkan işlarni amalga oşirib kelmoqdamiz.
Avvalo, sohaga doir davlat siyosati tubdan takomillaştirilib, uning huquqiy va institutsional asoslari mustahkamlandi.
Eng muhimi, bu yönalişda davlat va nodavlat taşkilotlari örtasida samarali hamkorlik örnatilib, ularning imkoniyatlari birlaştirilib, tizimli va keng miqyosda iş olib borilmoqda.
Birgina misol – mamlakatimizda faoliyat körsatayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz, 42 ta döstlik jamiyati va xorijdagi 100 dan ortiq vatandoşlar jamoat birlaşmalari davlat taşkilotlari bilan hamkorlikda yurtimizda döstlik va bağrikenglik muhiti, milliy va umumbaşariy qadriyatlar uyğunligini mustahkamlaş, çet ellar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalar, xalq diplomatiyasini har tomonlama rivojlantiriş böyiça köplab ijobiy natijalarga erişmoqda.
Biz özining halol mehnati, vatanparvarlik fazilatlari bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oşirişga beqiyos hissa qöşib kelayotgan turli millatga mansub yurtdoşlarimiz bilan haqli ravişda faxrlanamiz. Ular davlat va jamoat taşkilotlarida turli masʼul lavozimlarda çin dildan mehnat qilişmoqda, fidokorona xizmatlari uçun Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bölişmoqda. Ularning orasida deputat va senatorlar, taniqli işlab çiqariş vakillari, tadbirkorlar, taʼlim, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat, adabiyot, sanʼat va sport namoyandalari borligini barçamiz yaxşi bilamiz.
Öz taqdiri va kelajagini Özbekiston bilan boğlagan bunday olijanob yurtdoşlarimiz tarixiy vatanlari bilan mamlakatimiz örtasida döstlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlaşda ham alohida namuna körsatişmoqda.
Milliy-madaniy markazlarning barçamiz uçun umumxalq bayramlariga, gözal qadriyatlarga aylanib ketgan Navröz va Mustaqillik tantanalari, boşqa ommaviy tadbirlarni ötkazişda doimo faol iştirok etib kelişayotgani ham tahsinga loyiqdir.
Barçamiz birgalikda nişonlayotgan bugungi bayram – Xalqlar döstligi kuni ham xalqimizning tinçlik, döstlik va ezgulik ğoyalari mujassam bölgan boy madaniyati, urf-odat va anʼanalarini yaqqol namoyiş etiş uçun yana bir katta imkoniyat ekanini taʼkidlaş lozim.
Sönggi yillarda qatʼiy siyosiy irodamiz bilan mintaqamizdagi qardoş davlatlar bilan döstona aloqalarimiz yangi bosqiçga kötarilib, dunyo siyosatida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora va voqelik paydo bölgani barçamizning umumiy yutuğimiz, desak, töğri böladi. Bu haqda gapirganda, şu yil mart oyida Özbekiston – Qirğiziston – Tojikiston çegaralari özaro tutaşgan nuqtada “Döstlik” stelasi örnatilgani örtamizdagi yaxşi qöşniçilik va strategik şeriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganidan yana bir yorqin dalolatdir.
Hurmatli yurtdoşlar!
Dunyoning turli mintaqalarida milliy va diniy asosda turli nizolar davom etayotgan hozirgi öta tahlikali şaroitda yagona Özbekiston ğoyasi asosida eng katta boyligimiz – yurtimizdagi osoyiştalik va barqarorlik, özaro hurmat va totuvlik muhitini yanada mustahkamlaş, yoşlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bilim-maʼrifat, kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalaş, inklyuzivlik tamoyillarini çuqurlaştiriş borasidagi işlarimizni kelgusida ham izçil davom ettiramiz.
Özbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadigan barça millat va konfessiyalar vakillari hamda xorijdagi vatandoşlarimizning huquq va manfaatlarini Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari asosida hamma joyda qatʼiy himoya qiliş uçun bor kuç va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Siz, azizlar Vatanimizning iqtisodiy va ijtimoiy qudratini oşiriş, xalqaro miqyosdagi obrö-eʼtiborini yuksaltiriş yölida bundan buyon ham fidokorona mehnat qilib, butun kuç-ğayratingiz, bilim va tajribangiz, isteʼdod va mahoratingizni, kasbiy va insoniy salohiyatingizni töla namoyon etasizlar, deb işonaman.
Barçangizni bugungi şukuhli bayram bilan yana bir bor qizğin tabriklayman.
Sizlarga mustahkam soğlik, mamlakatimiz ravnaqi yölidagi olijanob faoliyatingizda yangi zafarlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Barçamiz uçun yagona Vatan bölgan jonajon Özbekistonimiz doimo omon bölsin, hamişa gullab-yaşnasin!
Şavkat Mirziyoyev,
Özbekiston Respublikasi
Prezidenti
