To'y — namoyish emas, balki huquqiy va axloqiy kelishuvdir

(Ikkinchi davra suhbati)

Sharifa SALIMOVA:

— Aziz mushtariy! Biz to'ylarimiz haqidagi o'tgan yilgi “davra suhbatimiz”da qator olimlarimizning fikr-mulohazalarini sizlar bilan o'rtoqlashgan edik. Aslida, to'y orzusi dunyoga kelgan har bir go'dak bilan birga tug'iladi, u bilan birga o'sadi, kamolga yetadi. Ota-ona topganini to'yga sarflamoq orzusida ter to'kadi. Va nihoyat… Kumushbibi misol parivash qiz “ostonasi tillodan” uyga “Yor-yor” sadolari ostida ilk bor latif qadamlarini qo'yadi. Uni xayoldagi Otabegi kutadi. Ota-ona esa yengilgina nafas oladi: “Xudoga shukur, bolalarimning baxtini ko'rish nasib etdi!” Biroq… xayol boshqa, hayot boshqa. Demak, davra suhbatimiz yana to'ylarimiz haqida…

 

Dilbar G'ULOMOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi:

— Donishmand xalqimiz asrlar osha muqaddas oila qurayotgan yoshlarga doimo “To'y ustiga to'y bo'lsin, bosgan izlaring gul bo'lsin”, deb duo berib kelgan. 3000 yillik tariximizning o'z to'ylari bor. Bugun Prezidentimiz boshlab bergan yangi davr — Yangi O'zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham har bir inson uchun zarur bo'lgan baxt tushunchasi, inson qadrini ulug'lash, uning qonuniy manfaatlarini ta'minlash masalasi ustuvor vazifa bo'lib turibdi.

Mamlakat hayotida yuz berayotgan har qanday o'zgarish, amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, oilada namoyon bo'ladi. Shu bois ham oilalarda tinchlik va osoyishtalik, sog'lom muhit, mo''tadillikni ta'minlash oldimizda turgan eng muhim vazifalardandir. Zero, ahil va mustahkam oila — yurt tayanchi, uning ishonchi, kelajagi, millat sharafini yuksaklarga ko'taradigan mehr-muruvvat va ma'naviyat o'chog'i hisoblanadi. Oilamiz tinch bo'lsa, jamiyatimiz osoyishta, farovon bo'ladi, farzandlarimiz esa to'la-to'kis ma'naviy-ruhiy muhitda voyaga yetadi.

Shu o'rinda jamiyat taraqqiyotida ma'naviy barkamol va jismonan sog'lom avlodni tarbiyalashda oilaning o'rni muhim ekanini hisobga olib, oilaga taalluqli boy va sermazmun milliy an'analarni avaylab asrash, ularni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg'unlashtirish, oila va nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo'li bilan oilalarni mustahkamlash har bir insonning vazifasi, deb bilaman.

Zamonaviy yoshlarni oilaviy hayotga maqsadli tayyorlash taqozo etiladi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida”gi Farmoni, 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo'llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni, 2023 yil 21 dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qo'mitasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni, 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlar faolligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashning huquqiy asosini tashkil etadi.

Biroq hukumatimiz tomonidan har tomonlama ham huquqiy, ham amaliy imkoniyatlar yaratilib berilishiga qaramasdan, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashdagi dunyoga kelayotgan mavjud muammolar bundan yuz yillar avval ham millat ziyolilarini jiddiy tashvishga solib, bong urishlariga sabab bo'lgan bid'at qoldiqlari hamon taraqqiyot yo'lidagi ulkan g'ovlar ekanligini eslatib turibdi.

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira:

— Chindan ham to'y degani kimlargadir yillar davomida bergan to'yonalarni yig'ib olish maqsadida tashkil qilingan anjuman emas. To'y — yillar davomida qo'ni-qo'shni, qarindosh-urug'larning dasturxonidan yeb-ichmishlarni qaytarish uchun uyushtirilgan yig'in ham emas. O'g'il-qizlar taqdirini bog'lashda ko'pning duosini olish maqsadida rejalashtirilgan ish ham emas (garchi bularning hammasi to'yning tarkibida bo'lsa ham).

To'yning ta'rifi, mazmun- mohiyati bu sanalganlarning hammasidan ulug'roq, muhtashamroq. To'y millatimizning asr- asrlardan buyon davrlarning baland-pastliklarida toblanib kelayotgan ruhiyatining bir suvrati, bir jonli shakli. Xotiralarimiz uchun nechog'liq qadrli bo'lmasin, biz kechagi to'ylarni kamchiqim, fayzli deb alqab, bugungi to'ylarning ustidan chiziq tortmoqchi emasmiz. Biz istaymizmi-istamaymizmi, har millatning bugunida bugungi botiniy hayoti akslanadi. Shu ma'noda bugungi to'ylarning ham zamonasiga yarasha quvontiradigan jihatlari bor. Avvallari hovlilarda o'tadigan to'ylarda mezbonlarning qo'l-oyog'i tinmasdi. Xizmatdan tinkasi qurirdi. Orzulagan yig'inida orqasi yer iskamaganlari qancha! “Bir cho'qim osh yemabman”, deganlari qancha bo'lardi. Hozir shaharlar tugul, qishloqlarda ham to'ylar to'yxonalarda o'tadi. Joy tashvishi, idish-tovoq tashvishi yo'q. Yaqin-yaqinlargacha to'y egasi qarindoshlarga dasturxon tuzash uchun “soliq” solardi. Kimdadir somsa, kimdadir patir tashvishi bo'lardi. “Ko'pga qilyapman, qandoq chiqarkan?” — deb o'zimizning ham hadik ichida uringan paytlarimiz bo'lgan. Hozir pul bo'lsa, jangalda sho'rva. Istagan taomu pishiriqlar muhayyo. Mehmon ham ataganini cho'ntagida ko'tarib, yengilgina boraveradi. Xonanda tashvishi ham yo'q. Istaganingcha hofizu hofizalar xizmatga shay. Shunday ekan, nega to'ylar borasida tez-tez fikrlashadigan bo'lib qoldik? Hatto bu masala davlatimiz siyosatining markazigacha chiqdi. Chunki biz… Biz desam, xato bo'lar-ku-ya, millatimizning ayrim qismlarining hayoti faqat to'yga bog'lanib qoldi. Go'yo bu jahon maydonida boshqa biz uchun muhim masala qolmagandek, “O'g'limni uylantirishim kerak, qizimni chiqarishim kerak. Muncha sep qilishim kerak, muncha odamga manovi to'yxonada hammaning og'zini lang ochib qo'yadigan to'y qilishim kerak”, degan maqsadlarga bog'lanib qoldik. Aynan ana shu maqsadlar “farzandimga kasb-hunar o'rgatishim zarur, o'qitishim kerak. Kelajakda o'z oilasining tashvishini o'zi gardaniga olishi kerak, hayotda o'rnini topishi kerak”, degan zaruriy masalalarga soya soldi. Va yana aynan shuning uchun ham o'rta maktabni arang tugatgan o'g'il-qizlarimiz tirikchilik vajidan dunyoning to'rt taraflariga sochilib ketdi. Hatto ularning mardikorlikda, qora ishlarda topgan mablag'larining bir chekkasi ham to'ylarga kelib tutasha boshladi.

Shuning uchun ham xalqimizning ziyoli qismidan boshlab to xalq taqdiriga mas'ul shaxslargacha — hammamiz to'ylar haqida jiddiyroq mulohaza yurita boshladik.

 

Dilbar G'ULOMOVA:

— Meni, ayniqsa, to'y-hashamlardagi isrof qattiq tashvishga soladi. Hamma narsaning uvoli bor. Xalqimiz “Nimani xor qilsang, shunga zor bo'lasan”, deb bejiz aytmagan. Isrof qilish o'rniga yolg'iz keksalar, nochor oilalarga yordam berish, o'quv-shartnoma pulini to'layolmayotgan farzandlarning boshini silash, kutubxonalar qurish, qarzga kirib qolgan bir mo'minga yordam berish savobligini qachon anglab yetamiz? Tan olishimiz kerakki, to'y-marosimlardagi isrofgarchilik, bid'at va xurofotlar ko'plab oilalarning buzilib ketishiga sabab bo'lmoqda.

Inson Alloh bergan rizqni isrof qilishi, ilmga yo'naltirmasligi xuddi kunduz kuni sham yoqib, yo'lda ketayotgan so'qirga o'xshaydi.

 

Sharifa SALIMOVA:

— Shu o'rinda ulug' ma'rifatparvar Mahmudxo'ja Behbudiyning 110 yillar avval “Oyina” jurnalining 1914 yilgi 21-sonida e'lon qilingan “Yoshlarg'a murojaat” maqolasidagi yoniq xitobi yodga tushadi: “…Hamvatanlarimiz mulkini sotib to'y qilganidek, siz-da, hatto, lozim bo'lganda mulkingizni sotsangiz-da o'g'lingizni zamoncha o'qumoqig'a sa'y qilsangiz. To'yga isrof qilinaturgon oqchalarni o'qumoq yo'lig'a sarf qilsangiz!..” Bu bashorat edimi yoki millatni ogohlantirish?

 

Munavvara USMONOVA,

Saodat” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoira:

— Shu o'rinda bir voqeani aytib beray. Yaqin bir tanishimiz qiz uzatdi. Hamma tashvish to'y arafasida boshlandi. O'zi aytgan vaqtga to'y kunini belgilagan yigitning onasi bo'lajak qudalaridan hol so'ragan bo'lib, kelin tushadigan uylarning o'lchamini olganligini aytib, bozorda jihozlarni birga tanlashganida, qiz tomon to'yonayu barcha yig'ib-terganini jamlaganda ham tanlangan jihozlarning yarmiga yetmasligi ayon bo'lgan. Olovlangan er: “Hech qanaqa to'y bo'lmaydi, fotihani buzamiz. Unga kelin emas, jihoz kerak ekan. Biror boyning qizini kelin qila qolsin. Qiz boqib, balog'atga yetkazib, ilmu hunar o'rgatib, hayotga tayyorlab: “Olib ketavering, bolam endi sizniki”, deb qo'liga tutqazar ekanmiz-u, yana bizga sharti bor ekanmi? Ertagayoq lash-lushlarini qaytarib yubor, oramizda hech narsa qolmasligi kerak. O'zimizga o'xshagan oddiy odamlar topilib qolar”, — deydi.

Ayol unga yolvorib: “Fotihasi qaytgan qiz nomini oladimi, dadasi? Keyin eshikdan birov so'rab kelmaydi-ku! Bo'y yetib turgan bir emas, ikki singlisining taqdiri nima bo'ladi?”

Shunda er-xotin yuz o'y, ming andisha bilan yashab turgan uylarini sotuvga qo'yishadi. Qaynonasining ko'nglidagidek sarpolar bilan kirib borgan kelinchak o'z baxtidan masrur edi. Ammo…

Kunlar ketidan kunlar o'tib, qizining oy-kuni yaqinlashib borayotgani sari onaning ko'nglidagi g'ashlik ortib borardi. Bir tomoni ranglari sarg'ayib, holsizlanib, ozib-to'zib ketgan qizining sog'lig'idan xavotir olsa, bir tomoni…

Yomon tush ko'rib, cho'chib uyg'ongan ayol sim qoqib, qizidan hol-ahvol so'radi. “Oyi, ahvolim yaxshi emas. Qonim kam, qon bosimim ko'tarilib, yuragim tinmay o'ynaydi. Kecha tekshiruvdan o'tdim, “davolanishga yoting”, deyishdi. Ammo oyijon ruxsat bermayaptilar”, — dedi. “O'zim borib, uyingdagilardan ruxsat olaman, xarajatlarini o'zimiz to'laymiz”, deganiga qizgina ko'nmadi.

UZI tekshiruvidan so'ng homila o'g'il ekan, deyilganini eshitgan qaynona kelinchakka: “Kelinposhsha, uyingizdagilarga ayting, baribir yetti kunda aqiqa qilib qo'y so'yiladi. Onangiz besh-oltita xotinni boshlab kelsa, men ham ikki ovora bo'lmay, gapimdagi ulfatlarimni chaqirib olaman. Baribir bir kamingizni qilishadi, kattaroq televizor olishsa, zalga qo'yib, yarashig'ini qilib qo'yardim. Keraksiz buyum olib qo'yishmasidan ertaroq aytsangiz, harakatini qilishadi”, — dedi.

Kelinchak uyidagilarga aytishga botinmadi. “Turmush degani yoshgina jonga jazo degani ekan, o'sha paytda ajrashib ketsam bo'larkan. Oilam yaxshi bo'lishi uchun shuncha sarf-xarajat qilib o'tirgan ota-onam uchun singillarim, ukamni o'qitib, uyli-joyli qilish ham katta muammo. Endi nima bo'ladi?” degan so'zlar aylanardi xayolida.

Hamma narsa taxt. Hali tug'ilmagan chaqaloqqa olingan kiyimlar orasida maktab yoshiga yetganida kiysa bo'ladiganiyam bor. Kuyov, quda-anda degandek, hammasiga atalgan sarpolar tugunlarga joylangan, faqat tunu kun yaxshi xabar kutishadi. Homilador kelinchakning esa kundan-kunga rangi za'faron tus olib, holi abgor bo'lib borardi…

Darmonsizlikdan sillasi qurib qolsa ham uyidagilarga lom-mim demaydi. U ota-onasining hurmati, chekkan zahmati uchun ham shu oilada yashashi, barchasiga ko'nishi, chidashi kerak edi…

Yarim tunda eshik qo'ng'irog'idan cho'chib uyg'ongan onaning yuragi hapriqdi. Eshik yonida ko'zlari yig'idan qizargan kuyovi titrab turardi. “Voy, keling, bolam, nima gap? Nega xafasiz? Chaqaloqqa biror gap bo'ldimi-a? Hozir yuragim yorilib ketadi, gapiring…”

Kuyovning: “Qizingiz jonlantirish bo'limida…” — degan xabari onani hushidan ayirayozdi…

Men bu voqeani hozir qisqagina bayon qildim. Ammo qog'ozga tushirgan iztiroblarim, bilmadim, necha varaqni tashkil qiladi? To'y qilib qiz uzatish yoki o'g'il uylash barcha ota-onaning zimmasidagi burch. Ammo to'ydan keyingi “to'y”larni kim o'ylab topgan? Kelin-kuyov ko'rish baxtiga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytib, duo qilib o'tirish o'rniga kiyimu buyum tashvishida bozorma-bozor yugursak, bu nima degan gap?

 

Sharifa SALIMOVA:

— Yuqoridagi voqea Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasida to'y qilaman, deb katta qarz olgan Solihning fojiaviy taqdiri bilan uyqashib ketgan. Mana, yuz yildan so'ng er-xotin farzandini baxtli qilish uchun tayyor uy-joyini sotdi. Ilmdan uzoq, kibrli, bid'at bosimini haqiqat deb bilgan kimsalarga guldek qizining hayotini topshirdi va juvonmarg qildi. “Baxtsiz kuyov”da ham fojia sababi ellikboshining so'zlarida o'z ifodasini topgan: “O'shal vaqtda men sizg'a aytdim, bekor isrof qilmang, kuyovingizdan ko'p oqcha so'ramang, yurtka obro' qilaman deb, osh-non berub, Xudo va rasulining buyrug'idan chiqmang, dedim. Siz mening so'zimni quloqg'a olmadingiz va shariatga bo'ysunmadingiz va meni beobro' qildingiz, mana, kuyovingiz qarzdor bo'lgan ekan, mulk-ashyodan va shirin jondan ajrabdur. Siz ham joningizdan shirin qizingizdin ajraldingiz”.

 

Shohistaxon O'LJAYEVA,

tarix fanlari doktori, professor:

— Aslida, xalqimiz to'ylari qadimdan ma'naviy boylik, jamoaviylik va kamxarjlik asosida o'tkazilgan. To'ylar urug'lar va oilalar o'rtasidagi ijtimoiy kelishuv vazifasini bajargan. Nikoh va to'y orqali oilalarning aloqasi mustahkamlanib, mahalla va qo'ni-qo'shnilar orasida bahamjihatlik yuzaga kelgan. Barcha marosimlar mahalla jamoasi bilan birga amalga oshirilgan. Oila va mahalla oqsoqollari to'ydagi barcha masalalarni kelishib, adolatli va hamma uchun manfaatli qarorlar qabul qilgan. Bu jarayon xalqimizda sharqona demokratiya belgisi sifatida qaralgan: har bir qaror yakka shaxs yoki boyning xohishi bilan emas, balki jamoa fikri va an'anasi asosida qabul qilingan. Qadimgi Xorazm, Baqtriya va Davan davlatlarida to'ylar nafaqat ikki yoshning ittifoqi, balki urug'lar va oilalar o'rtasidagi ijtimoiy kelishuv sifatida ham ahamiyatga ega bo'lgan. Nikoh va to'y masalasida ota-onalar va oila oqsoqollarining roziligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Kuyov tomonidan qizga berilgan qalin nikohning muqaddasligini va oilaviy kelishuvini belgilagan. Barcha ishlar to'liq jamoaviy kelishuv va qo'l mehnati bilan amalga oshirilgan. Maslahat oshi — to'y oldidan barcha xarajatlar, necha kishi to'yga aytilishi-yu, to'yni qanday o'tkazish kengashib olingan. Insoniyat tarixini nikoh institutisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Nikoh — bu faqat ikki yoshning oila qurishi emas, balki jamiyatda inson qadri, ayol sha'ni, mas'uliyat va huquqiy madaniyat qay darajada ekanligini ko'rsatuvchi mezondir. Qadimgi manbalarga nazar tashlasak, bu masala bugungidan kam emas, balki ayrim jihatlarda ota-bobolarimiz bizdan ko'ra ancha puxta va insoniy yechim topganini ko'ramiz.

So'g'dcha nikoh shartnomasi orqali biz davlat, jamiyat va shaxsning huquq va erkinliklarini, oila huquqi, oila munosabatlari va qadriyatlarini tushunib olamiz. So'g'dcha nikoh guvohnomasida inson qadri va oilaviy huquqlar aniq belgilab berilgan. So'g'd davlati huquqiy madaniyatida nikoh oddiy oilaviy marosim emas, balki ikki tomonning huquq va burchlarini aniq belgilab beruvchi rasmiy shartnoma sifatida qaralgan. Buni so'g'dcha nikoh guvohnomasining mazmuni yaqqol tasdiqlaydi. Ushbu hujjatda inson qadri, ayniqsa, ayolning huquqiy va ijtimoiy mavqei yuksak darajada e'tirof etilgan.

Haqiqatan ham, xalqimiz to'ylari nafaqat ma'naviy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan, balki iqtisodiy jihatdan ham jamoaviylikni ko'rsatgan. Bugungi kunda esa to'ylar ko'pincha dabdabali va katta xarajatlar bilan o'tkazilmoqda.

Aslida inson ozgina taom bilan to'yadi, oddiy uyda ham yashab ulg'ayadi. Bugun oilaviy kundalik xarajatlar qolib, katta-katta aqlga sig'mas darajadagi dabdabalarga berilib ketmoqdamiz. Shu ma'noda ko'pchilik kredit bilan to'y qilyapti va uni to'lay olmay, qon bosimi oshyapti. Bizning mamlakatda inson qadri oliy qadriyat deb e'lon qilindi. Insonga umrni Alloh bergan. Uni xafa qilish, keng dunyoni ko'ziga toraytirib qo'yish bizning demokratik jamiyatda to'g'rimi? Bugun to'yni orzu-havas deb ortiqcha dabdabaga aylantirayotgan, tushunchalari tor, kibrli, kunda yangi-yangi narsalar o'ylab topadigan kimsalarning nag'malariga o'ynash mutlaqo mumkin emas!

Ilgari to'ylar milliy qadriyatlar, jamoaviylik va xursandchilik beshigi bo'lgan. Har bir taom, har bir qadam xalqimizning ma'naviy boyligini, mehnat va ixlosini aks ettirgan. Bugungi kunda esa ortiqcha xarajatlar va dabdaba ko'pligi insonlarni tashvishga solmoqda. Shu bois ularni qisqartirib, kamxarj qilish dolzarb masalaga aylandi. Yoshlarga hamma narsalarni qilib berish shart emas. Hayoti uchun kerakli bo'lgan qimmatbaho narsalarni yoshlar o'zlari ishlab topsin, mehnat qilsin, kerak bo'lsa, bizga o'xshab moddiy qiyinchiliklar sinovidan o'tsin. Halollikni, mehnat qilishni, sabrni, adolatni, insoniylikni o'rgansin. Biz kattalar yoshlarda ba'zan uchrab turadigan kamchiliklar uchun mas'ulmiz. Agar biz to'ylarni dabdababozlikdan yiroq tarzda o'tkazishga qaytsak, davlat va jamiyatni qiynab kelayotgan yarim muammolar yechilishi mumkin.

 

Sharifa SALIMOVA:

— Ortiqcha isrofgarchilik, milliy qadriyatlardan uzoqlashish, shuncha imkoniyatga qaramay, turli bid'atlarni o'ylab topish va urfga kirgizishga barham berish uchun hammamizga beriladigan savol: shaxsan biz bugun nimalardan voz kechishni istagan bo'lardik?

 

Qutlibeka RAHIMBOYEVA:

— Shaxsan men bugun nimalardan voz kechishni istagan bo'lardim?

Ayrim viloyatlarimizda hali ham “to'y stolida aroqni oqizish” obro' hisoblanadi. Dunyodagi taloto'plar, bir millat orasidagi tushunmovchiliklar odamzodni aqldan ozdiray deb turgan bir paytda sarxush qiluvchi ichimlik ichib, aqldan ozish g'irt nodonlik emasmi? Ichganning ham kuchi ketadi, ham aqli. Zamon oldimizga qo'yayotgan maqsadlar har doimgidan o'n chandon aqlli bo'lishni talab qilib turgan zamonda pul to'lab aqlni yo'qotish…

To'ylar fonogramma ashulalarga raqs tushiladigan diskotekaga aylandi. O'rtada jazavaga tushib o'ynayotgan olomonga qarab, ba'zan vahimaga tushasan. Shovqin-suron… Ashulaning biror so'zini tushunmaysan, eshitmaysan… Gurs- gurs sas qulog'ingga tepadi… “Ko'ngli o'ldimikan bularning?” deysan. “Dilxiroj”ga qulochini keng yozib raqs tushadigan serzavq ajdodning avlodlarimi shular rostdan?” deysan…

Avvallari bir-ikkita bo'lsayam o'rtada tabrik aytilardi. Ko'pni ko'rganlar yoshlarga ikki og'izgina nasihat qilardi. “To'y majlis emas”, deb tabriklarga ham barham berildi. Mayli, o'yin-kulgi bo'lsin, ammo o'zimizga yarashiqli bo'lsin. “Quralay, ko'zi quralay, hali beraman dodingni”, degan hayo liboslarini yechib tashlagan ashulaga ham o'ynaydimi ayol kishi?.. Hozir “islomiy to'y” degan yana bir to'y shakli amalda. Hech kim hech kimning e'tiqodiga daxl qilolmaydi. Jamiyatimiz demokratiyaga qarab ketayotgan ekan, e'tiqod masalasi ixtiyoriy. Ammo bunday shakldagi to'ylarda butunlay o'yin-kulgidan voz kechish, menimcha, u qadar to'g'ri emas. Ayniqsa, nikoh to'ylarida yoshlar hayotida bir marta bo'ladigan hodisani azadek jim o'tirib, yeb- ichish bilan o'tkazish ularning unutilmas lahzalariga nisbatan hurmatsizlikday ko'rinadi menga. Ba'zi viloyatlarimizda hali ham FHDYo bo'limida nikohdan o'tilgach, yo'lda mashinalar poygasi qilish, mashina kapoti ustida shampan shishalarini urishtirib ichish kabi nokerak odatlar saqlanib qolgan.

To'ydan avval sevgi izhor qilish marosimining turli-tuman shakllari paydo bo'lyaptiki, bu mablag' bilan bog'liq yangiliklar, ehtimol, qo'li uzunroq oilalar uchun bilinmayotgandir. Lekin eplab-seplab to'y qilayotgan oilalarga yuk bo'lib tushayotgani sir emas. Tog'larga borib, osma ko'prikda sevgi izhor qilish, Turkiyaga borib, kemada muhabbatini aytish… Bularni ko'rgach, bundayroq oilaning yigitlari ham chiranadi, qizlarning oldida past ketgisi kelmaydi. Ana qarzu, mana qarz…

Xullas, so'zliklarimizda “me'yor” degan chiroyli bir so'z bor. Har bir millatni hayotda millat sifatida ushlab turadigan me'yorlar bor. Unutganlarga shu kunlarda turli vositalar bilan takror-takror uqtirilyapti. Har qanday me'yorsizlik kishini xunuk ko'rsatganidek, millatning ham husniga soya soladi. Ehtimol, qaysidir bir istalmagan narsalardan voz kechish insonning o'z qo'lida emasdir, ammo to'ylar bilan bog'liq noxushliklardan voz kechish o'z qo'limizda. Bu ishni o'zimizni bir silkitib, qilsak bo'ladi. Shunday ekan, qiyinchilik bilan topgan mablag'larimizni ajdahoday yeb yotgan, millat sifatida yana ham yuksalishimizga to'siq bo'layotgan illatlardan kechaylik. Bir martaga kechib ko'raylik, foydasini ana o'shanda ko'ramiz.

 

Sharifa SALIMOVA:

— Statistik ma'lumotlarga qaraganda, O'zbekistonda bir yilda o'rtacha 300 ming atrofida to'ylar o'tkazilib, ularning umumiy sarf-xarajati qariyb 3 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda. Bu qay bir kichikroq davlatning byudjeti degani. Aynan mana shu xarajatlarning taxminan 20 foizi davlat g'aznasiga soliqlar orqali tushar ekan. Xulosa o'zingizdan.

Sharifa SALIMOVA yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − 6 =